Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:45

Hisobot: Xitoy va Rossiya propaganda masalasida har qachongidan ko‘proq hamkorlik qilmoqda


Xitoyliklar Xanchjoudagi savdo markaziga o‘rnatilgan ekranda Rossiya-Ukraina urushi haqidagi lavhani tomosha qilyapti. 25-fevral, 2022
Xitoyliklar Xanchjoudagi savdo markaziga o‘rnatilgan ekranda Rossiya-Ukraina urushi haqidagi lavhani tomosha qilyapti. 25-fevral, 2022

Ukrainadagi bir yillik urushdan so‘ng, Xitoy va Rossiya propagandada birlashdi va G‘arbga qarshi kengroq strategiya doirasida bir-birlarining xabarlarini tarqata boshladi, deyiladi yangi hisobotda.

Germaniyaning Marshall jamg‘armasi qoshidagi “Demokratiya uchun alyans” amalga oshirgan bir yillik tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bosqin boshlangandan keyin Xitoy rasmiylari va ommaviy axborot vositalari Pekinning rasman neytralitet pozitsiyasiga qaramay, Kreml qarashlarini ko‘proq “yoritish”ga harakat qila boshlagan.

"Albatta, rossiyaparast uyg‘unlashuv bor edi va Xitoy urush boshidan buyon rossiyaparast lisonda so‘zlab keladi, kamiga, Rossiyaning urush jinoyatlarini kamaytirib, rus ovoziga e’tibor qaratmoqda", deydi “Demokratiya uchun alyans” hisoboti mualliflaridan biri Etyen Soula “Ozodlik”ka.

Россия босқинига бир йил тўлди. Уруш хроникаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:53 0:00

24-fevral kuni e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, “Xitoyning G‘arbga putur yetkazish uchun o‘zining global ta’sir tarmog‘idan foydalanishi” Global Janubdagi G‘arbga ittifoqchi bo‘lmagan davlatlardagi kayfiyatga ta’sir qilishi mumkin.

"G‘arb va uning ittifoqchilarini zaiflashtirish uchun Xitoy Global Janubdan ularni uzoqlashtirishga harakat qilmoqda", deyiladi hisobotda. "Ukrainadagi urush manzarasida Xitoy OAVlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarni ikkiyuzlamachi va dunyoning qolgan qismiga befarq ekanligini ta’kidlashga urinib keladi."

Urushning bir yili

Xitoyning qattiq nazorat ostidagi OAVlari urushni bosqinchilik deb atashdan o‘zini tiymoqda va buning o‘rniga Kreml terminologiyasidan foydalanib, uni “maxsus harbiy operatsiya” deb atayapti. Xitoy OAVlari AQShning Ukrainada biologik qurol laboratoriyalari borligi va Rossiya kuchlari Bucha shahrida tinch aholini sudsiz o‘ldirgani yolg‘onligi haqidagi dezinformatsiya va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik milliarder Jorj Soros nazorati ostida ekani haqidagi fitna nazariyalarini Rossiya davlat kanallaridan olib tarqatdi.

G‘arbga qarshi qariyb o‘n yillik propaganda bilan kuchaytirilgan Xitoy ommaviy axborot vositalari Kremlning urush haqidagi versiyasini keng ommaga targ‘ib qilishga yordam bermoqda.

Hisobot tahliliga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda bu pozitsiya namoyon bo‘lib turibdi.

2022-yilning 24-fevralidan 2023-yilning 23-yanvariga qadar Xitoyning diplomatik va davlat ommaviy axborot vositalari Twitter'da Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlarini ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kulebanikidan ko‘ra “uch baravar ko‘proq” iqtibos keltirgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Zelenskiydan sakkiz baravar ko‘proq eslangan.

Xitoy OAVlarining Rossiya versiyasini takrorlashi AQShni qoralash va Pekinning AQSh tashqi siyosatiga oid uzoq yillik mavqeini qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi hisobotda.

Urushning birinchi yilida Xitoyning diplomatik va davlat OAVlari Twitter'da «urush» haqida gapirganda Qo‘shma Shtatlarni Rossiyadan ikki baravar ko‘p tilga oldi va NATOga ko‘proq e’tibor qaratdi, urushdan ilgari Xitoy OAVlari bu tashkilotga bunchalik e’tibor bermas edi.

2021-yilda “Demokratiya uchun alyans” tuzgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy davlat OAVlari 1200 dan ortiq tvitida «NATO»ni tilga olgan, tashkilotning «kengayishi» esa bor-yo‘g‘i 52 ta tvitda tilga olingan. Rossiya bosqinidan beri «NATO» va «kengayish» so‘zlaridan foydalanish mos ravishda 540 va 1700 foizdan ko‘proqqa oshgan.

Tayvan – o‘tgan yilgi Rossiya bosqinidan keyin tilga olinishi ko‘paygan yana bir mavzudir. Ammo bu Xitoyni Rossiyaga media sohasida yaqinlashtirish uchun noqulay mavzu bo‘lib chiqdi.

Pekin o‘ziniki deb da’vo qiladigan orol va Ukraina haqida bir vaqtda gapirilgan tvitlar 500 martadan ko‘proq bo‘lgan, ammo bu tvitlarning aksariyatida Xitoy rasmiylari yoki OAVlari Tayvan va Ukrainani taqqoslash xato ekanini ta’kidlashga uringan. Pekin Tayvanni o‘z provinsiyasi sifatida ko‘radi va o‘zining "suvereniteti va hududiy yaxlitligi"ni hurmat qilish, Tayvan bilan mustaqil davlat sifatida muomala qilmaslikni talab qiladi.

“Xitoyning Rossiyani qo‘llab-quvvatlashi mutlaq emas. Qizil chiziq bor – nima bo‘lishidan qat’i nazar, Xitoy manfaatlari hamma narsadan ustundir, – deydi Soula. – Tayvan haqida gap ketganda, bu juda aniq seziladi, shu bois Ukraina va Tayvan bir xil maqomda emasligini ko‘rsatishga urinishadi va bunday vaqtda Rossiya versiyasi uloqtirib yuboriladi."

Xitoy va Rossiya Global Janubda

Hisobot xulosalari AQSh Davlat departamentining xorij dezinformatsiyasini “fosh qilish va unga qarshi turish” uchun tashkil etilgan Global hamkorlik markazi koordinatori Jeyms Rubinning mart oyi boshida Yevropaga safari chog‘ida aytgan gaplariga mos keladi. U G‘arb Xitoyning axborot makonida paydo bo‘lishi va bu sohada Rossiya bilan yaqin aloqalariga munosabat bildirgandi.

"Biz – AQSh va G‘arb javob berishga shoshilmayotganimiz uchun juda katta muammoga duch kelayotganimiz adolatli oqibat bo‘lyapti", dedi Rubin 28-fevral kuni jurnalistlarga. «Aloqa sohasida Rossiya va Xitoy hamkorligi deyarli qiyomiga yetgan”.

So‘nggi o‘n yil ichida Xitoy va Rossiya Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Osiyoda yangi auditoriyani jalb qilish uchun harakat qildi. Rubinning ta’kidlashicha, har ikki davlat butun dunyo bo‘ylab o‘z propagandasini kengaytirish uchun milliardlab mablag‘ sarflagan.

Xitoy davlat OAVlari Pekinning boshqa mamlakatlarga ta’sir o‘tkazish, Kommunistik partiya haqidagi ma’lumotlarni nazorat qilish va Xitoyning siyosati va dunyodagi roli haqidagi versiyalarini tarqatishda markaziy rol o‘ynaydi.

Ukrainadagi urush manzarasida bu versiyalar Global Janubda o‘ziga unumdor zamin topganga o‘xshamoqda. Fevral oyi oxirida Yevropa Tashqi aloqalar kengashi o‘tkazgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, G‘arb davlatlarida ko‘pchilik Ukrainani qo‘llab-quvvatlasa‑da, Global Janubda so‘ralganlar urushni davom ettirishni istamaydi va Moskvaga hamdard bo‘lib, G‘arbga nisbatan shubha bilan qaraydi.

Soulaning aytishicha, bu Pekin va Moskva o‘rtasidagi o‘sib borayotgan yaqinlashishni anglatadi.

“Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun Xitoyga qarshi sanksiya joriy qilish haqida hech kim gapirmayapti, – deydi u. – Bu Rossiyani xursand qiladi va Global Janubda Pekin manfaatlariga xizmat qiladi".

XS
SM
MD
LG