Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:52

"Har bir qadamim kuzatuvda". Saylov oldidan siyosiy faollarga bosim kuchaydi


Mirziyoyevning maxfiy "Shovvozsoy" qarorgohini fosh qilgan Aleksey Garshin shu yil iyulida siyosiy partiya tuzish rejasini e’lon qilganidan buyon qattiq nazoratga olinganini aytmoqda.
Mirziyoyevning maxfiy "Shovvozsoy" qarorgohini fosh qilgan Aleksey Garshin shu yil iyulida siyosiy partiya tuzish rejasini e’lon qilganidan buyon qattiq nazoratga olinganini aytmoqda.

O‘zbekistonda prezident sayloviga bir haftadan kam vaqt qolarkan, mamlakatdagi siyosiy muxolifat hamda fuqaro jamiyati faollari o‘zlariga nisbatan bosim kuchayganini aytishmoqda. 18 - oktabr kuni Ozodlik suhbatlashgan deyarli barcha faollar nazorat ostiga olingani va turli ko‘rinishdagi bosimlar bo‘layotgani haqida gapirishdi.

O‘zbekiston hukumati shu yil boshida prezident saylovida qatnashishini e’lon qilgan muxolif faollarning mustaqil siyosiy partiyalarni ro‘yxatga o‘tkazish harakatlariga to‘sqinlik qilgan, tashabbus guruhlari rahbarlari turli bosimlar va hujumlarga uchragandi.

Shu yil iyulida O‘zbekiston Adliya vazirligi mustaqil "Haqiqat va taraqqiyot" partiyasining ro‘yxatdan o‘tish haqidagi so‘rovini imzo to‘plashdagi kamchiliklar vajidan rad etdi. Avvalroq mamlakatdagi birinchi muxolif siyosiy partiya bo‘lgan "Erk" demokratik partiyasining o‘z faoliyatini qayta tiklash urinishlari shaxsan Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning qarshiligiga uchragan edi. 2020 - yil yanvarida bir guruh "Erk" faollari bilan uchrashgan Davletov "Erk" partiyasi tarixda qolganini aytib, uning faoliyatiga izn berilmasligini aytgan edi.

Ayni paytda amaldagi prezident va O‘zLiDep nomzodi Shavkat Mirziyoyev doxil saylovda qatnashayotgan besh partiya nomzodlarining "ishonchli vakillari" 19 - oktabr kuni davlat televideniyesida o‘zlarining birinchi saylovoldi munozarasini o‘tkazishi e’lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi nima uchun saylovoldi debatlari nomzodlarning o‘zlari emas, balki ishonchli vakillar o‘rtasida o‘tkazilayotganiga izoh bergani yo‘q.

Munozara Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining saylovni kuzatish missiyasi "saylov ishtirokchilari orasida mazmunli muloqot yo‘q" degan hisoboti ortidan o‘tkazilmoqda.

Tashkilot o‘zining 8 - oktabr kuni e’lon qilgan oraliq hisobotida mustaqil siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etish urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganini qayd etgan.

Hisobotda shuningdek, saylovoldi targ‘ibotlarida raqobat yo‘qligi, hukumat saylovchilarning huquqlarini cheklashda davom etayotgani va mustaqil nomzodlar ishtirokiga yo‘l ochish borasidagi tavsiyalar bajarilmagani ta’kidlanadi.

Hisobotda tilga olingan kamchiliklarga qaramasdan, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekistondagi prezident saylovini kuzatish missiyasi rahbari Ouen Myorfi Ozodlik bilan suhbatda Toshkentga to‘laqonli kuzatuvchilar guruhini yuborish qarorini himoya qildi.

Jahongir Otajonov O‘zbekistondan chiqarilmadi

Shu yilning 17 - oktabr kuni muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ilgari surgan va keyinchalik o‘zi va yaqinlariga bosimlar ortidan faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishini aytgan Jahongir Otajonov Urganch aeroportidan chiqarilmadi.

Ozodlik bilan suhbatda xonanda Jahongir Otajonov Istanbulga uchib ketayotgan payt uchoqdan tushirib qoldirilganini aytdi:

- O‘g‘lim futbol o‘ynaydi – yelkasi sinib qolibdi, shunga Istanbulga uchishim kerak edi. 17 - oktabrda chiqib ketib, 27-da qaytishga bilet olgandim, operatsiya bo‘lsa oldida turay, deb. Qaytishim kerak edi – to‘ylarim bor. Chegarada attashe pasportimni olib, “5 daqiqa kutib turing!”, dedi va qaytib kelib, “Siz chiqib ketolmas ekansiz!”, dedi. Shunday muammo bo‘lishini sezsam-da, sababini so‘radim. “MIB bilan sud masalasida taqiq!”, deyishdi. MID masalasida bo‘lsa, men siyosiy faoliyatimni boshlaganimdan keyin shunday muammolar bo‘lmasin, deb alimentlarimni oldindan to‘lab qo‘yganman – har oy inspektorimga hisobot jo‘natib turaman! Yunusobod tuman MIBi ham taqiq yo‘qligini tasdiqlagandi. Majbur, qaytib ketdim", - dedi Jahongir Otajonov.

Jahongir Otajonovning 17 - oktabr ertalabki 8:30dagi HY 279 “Urganch-Istanbul” reysidan tushirib qoldirilgani sabablari to‘g‘risida uning o‘ziga taqdim etilgan aktda “Xizmat zarurati tufayli” deya yozilganini ko‘rish mumkin.

Suhbatdosh hozirda unga mamlakatdan chiqishga qo‘yilgan taqiq sabablari borasida rasmiy javob kutayotganini bildirdi.

Ayni paytda "Erk" partiyasi o‘zining yana bir faoli 26 yashar qashqadaryolik shoir Rahmiddin Abrayev ham shu yil avgustidan buyon hibsda qolayotganini aytmoqda. Shu yilning may oyida "Erk"ning Toshkentda bo‘lib o‘tgan qurultoyida qatnashgan Abrayev oradan bir necha kun o‘tib, 3 yil oldin o‘ziga nisbatan tayinlangan harakatlanishga taqiqni buzganlikda ayblanib, hibsga olingan.

“Xitoychi” Valijon Kalonov ruhiy ekspertizaga jo‘natildi

Shu yilning avgustidan buyon hibsda qolayotgan jizzaxlik bloger Valijon Kalonov esa shu kunlarda ekspertizadan o‘tish uchun majburan ruhiy shifoxonaga yuborilgan.

Amaldagi prezidentning ashaddiy tanqidchilaridan biri, “aksilxitoychi” nomi bilan tanilgan 52 yashar Valijon Kalonovning majburan ruhiy kasalliklar dispanseriga yuborilganini 18 - oktabr kuni Ozodlikka uning akasi Alijon Kalonov tasdiqladi.

- Valijonni Samarqand psixdispanseriga ekspertizaga olib borgandi. Bunga 1-2 hafta bo‘ldi. Hozir Jizzaxga KPZga (vaqtinchalik hibsda saqlash kamerasi-tahr.) olib kelgan. Endi Toshkentga jinnixonaga ekspertizaga olib borarmish. Ushlab turishgani sabablarini aytmayapti. Tergovchiga “U tentak bo‘lmasa, boshqa bo‘lmasa. Unga ukol-pukol qilmanglar”, dedim. Kecha oziq-ovqat olib borgandim, uzoqdan bo‘lsa ham ko‘ray, desam, ko‘rsatishmadi. Tergovchi ahvoli yaxshi deyapti – kim biladi, endi. Sabablarini so‘rasam, u prezidentga tuhmat qilgan, deb bahona qilishyapti. “Korrupsiya boshida o‘zingiz turibsiz!”, degani uchun ushlab turishibdi, boshqa sababi yo‘q, - dedi Alijon Kalonov.

Alijon Kalonovning aytishicha, o‘zaro suhbatda tergovchi uning ukasiga nisbatan biror jinoyat ishi ochilmagani va u faqat Internet tarmoqlaridagi siyosiy chiqishlari uchun ushlab turilganini tasdiqlagan.

Feysbukdagi so‘nggi chiqishlaridan birida Valijon Kalonov saylovchilarni amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevga ovoz bermaslikka chaqirgandi.

Shu yilning 19 - aprelida Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyat boshqarmasi Valijon Kalonovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 158-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani ma’lum bo‘lgan edi.

Rasmiy xabarda Kalonov ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Prezidentini haqoratlaydigan, uning obro‘siga putur yetkazadigan va kamsitadigan ma’lumotlarni tarqatib, tuhmat qilib kelayotgani aytilgan.

Germaniyadagi “O‘zbek forumi” inson huquqlari guruhi 2021 - yilning 21 - sentabr kuni Berlinda taqdim etgan hisobotda O‘zbekistonda hukumat tanqidchilarini majburan ruhiy shifoxonaga joylashtirish amaliyoti Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham qo‘llanilayotganini aytgan edi.

Garshin: “Har bir qadamim kuzatuvda!”

Yana bir siyosiy faol, avvalroq korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida yangi siyosiy partiya tuzish rejasini e’lon qilgan Aleksey Garshin ham qattiq nazoratga olinganini aytmoqda.

- Siyosiy partiya tashkil etishimni e’lon qilganimdan boshlab mening ustimdan qattiq nazorat o‘rnatildi. Har bir qadamimni kuzatishyapti. Men bilan aloqaga chiqqan yoki chiqmoqchi bo‘lgan faollarning hammasiga “Garshin bilan munosabatga kirishmang!”, deb ochiqchasiga tahdid qilishayotgan ekan. Birinchi qavatda yashayotgan qo‘shnim ham uyim yonida doimo mashina turganini aytdi. Biror boshqa joyga borib qolsam, darhol orqamdan topib borishyapti. Bilishimcha, telefonimni billing orqali aniqlab, qaerdaligimni topishyapti. Har qanday ortiqcha harakatim kuzatuvda ekanini his etyapman, dedi 18 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Aleksey Garshin.

O‘zbekistonlik taniqli bloger, prezident Shavkat Mirziyoyevning maxfiy “Shovvozsoy” qarorgohini fosh qilgan Aleksey Garshin “Ozod Vatan” partiyasi ta’sis qurultoyiga hozirlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan edi.

Shu yil iyulida Garshin va 20 ga yaqin faollar tez orada partiyaning ilk qurultoyini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini aytishgandi.

Ayni paytda Parijda joylashgan Markaziy Osiyoda Inson Huquqlari Assotsiatsiyasi esa toshkentlik inson huquqlari himoyachisi Klara Saxarovaning hibsga olinish ehtimolidan xavotir bildirdi.

Tashkilot Inson Huquqlari yo‘lidagi Xalqaro Hamkorlik (IPHR) guruhi bilan birgalikda e’lon qilgan bayonotda Saxarova siyosiy sabablar bilan ikki yarim yildan ko‘proq qamoqda o‘tirganidan keyin o‘tgan yilning 20 - oktabrida vafot etgan marhum siyosiy mahbus Andrey Kubatinning singlisi ekani eslatiladi.

Bayonotda aytilishicha, Klara Saxarova shu yilning 8 - oktabr kuni Toshkent shahrining 3 -sonli Bektemir tumani Ichki Ishlar Bo‘limi xodimi tomonidan "profilaktika muhokamasi" uchun militsiya bo‘limiga chaqirilgan. U yerda Saxarova avvaliga o‘zi ishlagan kompaniya ta’sarufidagi xususiy ko‘p qavatli uylar tashqarisida kerakli tozalash ishlari olib bormaganlikda, keyin esa, militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaganlikda ayblangan. Xodim Saxarovani "odamlarni g‘alayonga undashda" ham ayblagan.

"Biz O‘zbekiston hukumatini Klara Saxarovani huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyati uchun tazyiq va ta’qiblarga duchor qilinmasligini ta’minlashga, uni hibsga olgan va tahdid qilgan militsiya xodimining harakatlarini tekshirishga chaqiramiz", deyiladi tashkilot chiqargan bayonotda.

O‘tgan hafta Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonda “inson huquqlari borasidagi oxirgi muvaffaqiyatsizliklar”dan ogohlantirdi.

Inson huquqlari tashkiloti 13 - oktabr kuni chiqargan bayonotida ta’kidlanishicha, qo‘yilayotgan cheklovlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgani aytilayotgan islohotlarning “cheklanganligini ko‘rsatadi”.

Tashkilotga ko‘ra, qattiq nazorat qilinadigan O‘zbekistonda davlat OAVlarida alohida targ‘ib qilinayotgan Mirziyoyevning 24 - oktabrdagi saylovda qayta saylanishi deyarli aniq.

“O‘zbekiston islohotlarni kun tartibiga qo‘yish orqali jiddiy xalqaro e’tiborni o‘ziga jalb qildi, ammo inson huquqlari sohasidagi oxirgi ortga ketishlar va saylovda muxolif va mustaqil nomzodlarning yo‘qligi bu da’volarning cheklanganini ko‘rsatadi”, deb aytgan HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson.

PS: Ushbu maqola nashrga tayyorlanayotgan paytda Ozodlik O‘zbekistondagi faollardan biri mamlakatni tark etgani haqida xabar oldi.

Ismini va qayerda ekanini hozircha sir saqlashni so‘ragan faol saylov arafasida o‘zi va yaqinlariga nisbatan qattiq bosimlar uni mamlakatni tark etishga undaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG