Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 11:02

Haaga sudi Putinni hibsga olishga order berdi. Bu nima degani?


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belova. Moskva, 16-fevral, 2023
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belova. Moskva, 16-fevral, 2023

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hamda Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Bu ikkisi harbiy jinoyatlarda, aniqrog‘i Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlaridan aholini, xususan, bolalarni majburiy deportatsiya qilish va ko‘chirishda gumonlanmoqda. Xalqaro huquq ushbu jinoyatlarni genotsid deb baholashi mumkin.

Sud saytida ta’kidlanishicha, Putinni ehtimoliy jinoyatlar uchun shaxsan javobgar deb hisoblashga mantiqiy asoslar mavjud.

Xo‘sh, Putin so‘roq berishi uchun sud qarshisiga keltiriladimi? Uni hibs etishga order berilishi ortidan qanday voqealarni kutish mumkin?

– Order berilishi bu – Xalqaro jinoyat sudi statuti ishtirokchisi bo‘lmish davlatlar hibsga olish qarorida nazarda tutilgan shaxs ularning hududiga kirganida uni qo‘lga olib, Haagadagi Xalqaro jinoyat sudiga topshirishga majburligini bildiradi, – deydi AGORA huquqbonlik guruhi a’zosi, xalqaro yurist Kirill Koroteyev.

Quyida uning Ozodlik rus xizmatiga bergan intervyusi e’tiboringizga havola qilinmoqda.

- Ushbu statutga qo‘shilgan va nazariy jihatdan, Vladimir Putinni hatto u rasmiy tashrif bilan kelgan taqdirda ham hibsga olishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ayni paytda nechta?

Kirill Koroteyev: Adashmasam, 123 ta. Sobiq SSSR tarkibiga kirgan respublikalardan, yanglishmayotgan bo‘lsam, Boltiq mamlakatlari, Gruziya va Tojikiston ushbu statutni ratifikatsiya qilgan. Ukraina Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasini 2014-yil voqealaridan keyingina tan oldi. Ya’ni, ratifikatsiya qilmasdan yurisdiksiyasini tan oldi – shunaqasi ham bo‘ladi.

Biroq hibsga olish orderi avtomatik tarzda ishlamaydi. Masalan, Sudan prezidenti Umar al-Bashir order berilganiga qaramay, statutni ratifikatsiya qilgan davlatlarga bemalol borib kelgan. To‘g‘ri, Janubiy Afrikada muammo tug‘ilgan edi, lekin Janubiy Afrika Respublikasi sudining al-Bashirni qamoqqa olish haqidagi qarori u jo‘nab ketganidan keyin chiqdi, aniqrog‘i, ataylab kechiktirildi. Xullas, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hatto statut ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar orderni har doim ham ijro qilavermaydi.

- Shunday bo‘lsa ham, Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan Anqaraga yoki biron xalqaro sammitga, masalan, ShHT yig‘iniga bordi, deb tasavvur qilaylik. Mamlakat prezidenti maqomida bordi. Statut ishtirokchisi bo‘lgan mamlakat rahbariyatining siyosiy irodasi yetsa, uni shu order bo‘yicha hibs qilishlari mumkinmi?

Kirill Koroteyev: Bu aslida siyosiy iroda emas, balki yuridik majburiyat masalasidir. Shu ma’noda Tojikiston ham yoki, masalan, Chexiya Respublikasi ham Putinni qo‘lga olib, Haagaga topshirishga birdek burchli. Biroq real hayotda, tabiiyki, siyosiy omillar amal qiladi. Boshqa tarafdan, Xalqaro jinoyat sudi statuti davlat rahbari immunitetini tan olmaydi, binobarin Vladimir Putin davlat rahbari sifatida rasman biron davlatga tashrif buyurgan taqdirda ham bu uni hibsga olishga to‘siq bo‘lmasligi kerak. Putin so‘nggi yillarda xorijga juda kam chiqadigan bo‘lib qolgan edi, bu voqeadan keyin butunlay to‘xtatib qo‘yadimi, yo‘qmi, bilmayman, ammo endilikda Rossiya tomoni mezbon mamlakatlarning xalqaro yuridik majburiyatlariga juda jiddiy qaray boshlashi aniq.

- Xitoy XJS statuti ishtirokchisimi, yo‘qmi?

Kirill Koroteyev: Yo‘q. Xitoy, AQSh, Isroil va yana taxminan yetmishtacha davlat statutga qo‘shilmagan.

- U holda Vladimir Putin hibsga olishlaridan qo‘rqmasdan bu mamlakatlarga borishi mumkinmi?

Kirill Koroteyev: Takror aytaman, hatto statut ishtirokchisi bo‘lgan davlatlarga borish ham hammavaqt xavfli bo‘lavermaydi. Ana, Umar al-Bashir statutni ratifikatsiya qilgan mamlakatlarni emin-erkin kezib yurganu oxir-oqibat o‘z yurti Sudanda isyonchilar tomonidan qo‘lga olingan. Biroq, har holda statut ishtirokchisi bo‘lmagan davlatlar nomiga order yozilgan odamni hibs qilib, Haagaga topshirishga majbur emas.

- Vladimir Putin o‘z safarlarida uchoqdan tobora kam foydalanyapti. Shunga qaramay, yana bir vaziyatni faraz qilaylik: deylik, Putin biron do‘st mamlakatga borishni ixtiyor etib, uchoqda yo‘lga tushdi, uchoq statut ishtirokchisi bo‘lmish uchinchi mamlakatning havo hududiga kirdi. Bu mamlakat Putinning uchog‘ini majburan qo‘ndirishi mumkinmi?

Kirill Koroteyev: Yo‘nalishni belgilashda siz faraz qilgan ehtimollar hisobga olinadi, albatta. Umar al-Bashir ba’zan o‘z parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lganidan xabarimiz bor. Lekin bu vaqt va yoqilg‘i sarfi masalasi, xolos. Ayni chog‘da nazariy jihatdan uchoqni uchinchi mamlakatda majburan qo‘ndirish imkoniyati bo‘lishini istisno etmayman.

- Rossiyaning o‘zida Vladimir Putinni yoki bola huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani ushbu order bo‘yicha hibsga olishlari mumkinmi?

Kirill Koroteyev: Buni tasavvur qilish qiyin, chunki Rossiyada loaqal davlat rahbari sifatida immunitetdan foydalanadi, binobarin uni faqat Konstitutsiyada nazarda tutilgan tartib-taomillar bo‘yicha jinoiy ta’qibga olish mumkin. Lvova-Belova xonim esa ushbu holatda oddiy fuqaro – Rossiya hukumati uni Jinoyat-protsessual kodeksga rioya qilgan holda qamoqqa oldirishi mumkin. Rossiya tergovchisi yoki prokurorida Lvova-Belova xonimni ayblash uchun biron nima bor yoki yo‘qligi esa boshqa masala. Bilishimcha, hozirda uni hech kim ayblamoqchi emas.

Украинага босқин: 390-кун | Европа Иттифоқи Украинага 2 миллиард евролик ўқ-дори беришни режаламоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:51 0:00

- Rossiyaning Xalqaro jinoyat sudi oldida majburiyati bormi, u statutga qo‘shilganmi?

Kirill Koroteyev: Yo‘q, Rossiya bir paytlar uni imzolagan, lekin ko‘p yillar oldin ushbu hujjatni ratifikatsiya qilmoqchi emasligi haqida rasman bayonot bergan. Demak, Xalqaro jinoyat sudi ko‘rsatmasini bajarishga majbur emas.

- Xalqaro jinoyat sudi orderining amal qilish muddati bo‘ladimi? Ya’ni order qachongacha kuchida bo‘ladi?

Kirill Koroteyev: Xalqaro jinoyat sudi statuti yurisdiksiyasidagi jinoyatlarning hech qachon muddati o‘tib ketmaydi, binobarin, order – to u ijro etilmagunicha yoki nomiga order berilgan shaxs vafot etmaguncha amalda bo‘ladi. Yoxud Xalqaro jinoyat sudining o‘zi qarorini qayta ko‘rib chiqib, orderni bekor qildirishi mumkin, lekin bunaqa ehtimol juda kam.

- Order berilishi voqeasiga amaliy emas, balki siyosiy yoki ramziy nuqtai nazardan qaralsa, Xalqaro jinoyat sudi jahon hamjamiyati va Vladimir Putinga qanday mujda yo‘llamoqda?

Kirill Koroteyev: Men yuristman, masalaning faqat huquqiy jihatlarini izohlay olaman, siyosiy yoki ramziy jihatlarini emas. Menga Xalqaro jinoyat sudi prokurori Putinni sud qilish uchun parallel tribunal tashkil etilishi haqidagi gap-so‘zlardan katta bosim ostida qolib, boshqa hech qanaqa tribunal kerak emasligini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida order bergandek tuyulmoqda. Bu bitta omil. Boshqa tomondan, Xalqaro jinoyat sudi prokurori uni Afg‘onistondagi AQSh harbiylariga nisbatan tergovni to‘xtatgani uchun emas, katta va shov-shuvli bu ish bilan odamlar yodida qolishni istamoqda.

- Biroq xalqaro huquq nuqtai nazaridan Vladimir Putin hozircha jinoyatchi emas, balki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxs, to‘g‘rimi?

Kirill Koroteyev: Sudning kuchga kirgan hukmi yo‘q ekan, hech kim uni jinoyatchiga chiqara olmaydi. Ya’ni, bu yerda gap harbiy jinoyatlarda ayblanish haqida boryapti. Darvoqe, Xalqaro jinoyat sudi davlat rahbarlarini jazoga tortish borasida hozircha unchalik muvaffaqiyat qozongan emas. Masalan, Kot-d'Ivuar prezidenti Loran Gbagbo oqlangan edi. Keniyalik siyosatchi Uxuru Keniata esa Xalqaro jinoyat sudida oqlanganidan so‘ng Keniya prezidenti bo‘lgan.

-Demak, Putin uchun hali hammasi tugagani yo‘q?

Kirill Koroteyev: Jinoyat jarayoni yakunida sud yo ayblov hukmi, yoki oqlov hukmi chiqaradi.

XS
SM
MD
LG