Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 10:10

Feyk chaqaloqlar va haqiqiy dahshat: G‘azo urushi sun’iy intellekt haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi


G‘azoning vayron bo‘lgan ko‘chalarida olingan ayrim suratlar odamni dahshatga soladi.
G‘azoning vayron bo‘lgan ko‘chalarida olingan ayrim suratlar odamni dahshatga soladi.

G‘azodagi bombalangan uylar va vayron bo‘lgan ko‘chalar aks etgan suratlar orasidan ba’zilari dahshatlilik darajasi bilan ajralib turadi: qonga belangan va tashlab ketilgan chaqaloqlar. Urush boshlangandan beri millionlab odam ko‘rgan bu suratlar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dipfeyklardir. Diqqat bilan qarasangiz, belgilarini ko‘rasiz: beo‘xshov shaklda bukilgan barmoqlar, notabiiy nur qalqib turgan ko‘zlar – bularning bari feyk suratlarda uchraydigan belgilar sanaladi.

Ammo bu suratlar qo‘zg‘agan nafrat va g‘azab haqiqiydir.

Isroil-Hamas urushida olingan yorqin va og‘riqli suratlar propaganda vositasi sifatida sun’iy intellektning imkoniyatlarini ochib berdi. Urush boshlangandan buyon maxsus o‘zgartirilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ayrim suratlar odamlarni aslida hech qachon yuz bermagan voqea haqida aldash, qurbonlar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish uchun foydalanilmoqda.

Garchi internetda tarqalayotgan urush haqidagi yolg‘on da’volarning aksariyati uchun sun’iy intellekt yordami shart va ularni an’anaviy manbalardan kelib chiqib ham dastaklash mumkin bo‘lsa-da, texnologik taraqqiyot sur’ati jadallashib, nazoratdan chiqib ketmoqda. Bu sun’iy aqlning yangi bir qurolga aylanish potensialini aniq ko‘rsatmoqda. Bundan kelajakdagi mojarolar, saylovlar va boshqa muhim voqealar paytida nimalar bo‘lishini tasavvur qilavering.

San-Fransisko va Parijda joylashgan, onlayn da’volarning haqiqiyligini tekshirish uchun sun’iy intellektdan foydalanadigan CREOpoint texnologiya kompaniyasi bosh direktori Jan-Klod Goldenshteyn shunday deydi: "Yaxshilanishdan oldin bu holat yomonlashadi, ancha yomonlashadi”.

Kompaniya G‘azoda paydo bo‘lgan va eng keng tarqalgan dipfeyk tasvirlar bazasini yaratdi. "Tasvirlar, video va audio: Sun’iy aql ayordamida bular misli ko‘rilmagan shaklda ko‘payib boradi."

Ba’zi hollarda, boshqa urushlar yoki ofatlarda olingan fotosuratlar o‘zgartirilib, G‘azoda yuz berayotgandek qilib ko‘rsatildi. Ayrim hollarda esa sun’iy aql dasturlari tasvirlarni noldan yaratgan, masalan, urushning dastlabki kunlarida keng tarqalgan, bombalangan hududda yig‘layotgan bolaning tasviri.

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlar orasida yana Isroilning raketa zarbalari yoki vayron bo‘lgan mahallalarni aylanib o‘tayotgan tanklar yoki vayronalar orasidan omon qolganlarni qidirayotganlar aks etgan video bor.

Ko‘p hollarda, soxta tasvirlar odamlarda kuchli hissiy reaksiya qo‘zg‘atish uchun mo‘ljallangan, shu jumladan, ayniqsa bunda, chaqaloqlar, bolalar, jasadlar tasviri ko‘proq yaratilgan. Urushning qonli dastlabki kunlarida Isroil va Hamas tarafdorlari qarshi tomonni bolalar va go‘daklarni o‘ldirayotganlikda aybladi; Yig‘layotgan chaqaloqlarning dipfeyk tasvirlari tezda dalil sifatida ko‘rsatildi.

Bunday tasvirlarni yaratayotgan targ‘ibotchilar odamlarning eng chuqur impulslari va xavotirlariga kira oladi, deydi Imron Ahmad. U urush bilan bog‘liq dezinformatsiyani kuzatuvchi notijoriy tashkilot “Center for Countering Digital Hate” Bosh direktori. Bu dipfeyk chaqaloqmi yoki boshqa mojarodan olingan haqiqiy chaqaloqmi, farqi yo‘q, tomoshabinga birdek hissiy ta’sir qiladi.

Ғазо - 48-кун. Украина - 638-кун. Ғазода гаровга олинганларни озод қилиш ва оташкесим жумага қолдирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:15 0:00

Tasvir qanchalik ta’sirli bo‘lsa, ko‘rgan odam uni eslab qolishi va boshqalarga ham ko‘rsatishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Bu esa noto‘g‘ri ma’lumotni yanada kengroq tarqatadi.

"Hozir odamlarga aytilmoqda, bu bolaning rasmiga qarang, – dedi Ahmad. – Dezinformatsiya sizni diqqat qaratishga majburlash uchun qilinadi."

Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan shunga o‘xshash aldamchi kontent Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin tarqala boshladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrainaliklarni taslim bo‘lishga buyruq bergani aks etgan soxta videolardan biri paydo bo‘ldi. Shunga o‘xshash da’volar o‘tgan haftada ham tarqalishda davom etdi. Bu hatto oson inkor qilingan noto‘g‘ri ma’lumotlar qayta paydo bo‘laverishini ko‘rsatdi.

Har bir yangi urush yoki saylov dezinformatsiya sotuvchilariga sun’iy aqlning so‘nggi yutuqlarini namoyish qilishi uchun yangi imkoniyatdir. Sun’iy aql bo‘yicha ko‘plab ekspertlar va siyosatshunoslar kelasi yili bir qancha mamlakatlarda, jumladan AQSH, Hindiston, Pokiston, Ukraina, Tayvan, Indoneziya va Meksikada yirik saylovlar vaqtidagi xavflar haqida ogohlantirmoqda.

Sun’iy aql va ijtimoiy tarmoqlar AQSH saylovchilari o‘rtasida yolg‘on tarqatish uchun ishlatilishi mumkinligi Vashingtondagi har ikki partiya qonun chiqaruvchilarini xavotirga solmoqda. Dipfeyk texnologiyasining xavf-xatarlari haqidagi yaqinda bo‘lib o‘tgan tinglovda Virjiniyadan demokrat vakil Gerri Konolli AQSH boshqa sun’iy aqlga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt vositalarini ishlab chiqishni moliyalashi kerakligini aytdi.

"Biz millat sifatida bunga erishishimiz kerak", dedi Konnoli.

Butun dunyo bo‘ylab bir qator startap texnologiya kompaniyalari dipfeyklarni tekshirish, har bir tasvirning manbasini ko‘rsatadigan belgilarni qo‘yish, matnlarni sun’iy aql yordamida yozilgan yoki yo‘qligini skanerlashi mumkin bo‘lgan yangi dasturlar ustida ishlamoqda.

"Sun’iy aqlning keyingi to‘lqini shunday bo‘ladi: allaqachon chiqarilgan mavjud kontentni qanday tekshirish mumkin. Noto‘g‘ri ma’lumotni qanday aniqlaymiz, matnni qanday tahlil qilamiz va uning ishonchliligini qanday tekshirishimiz mumkin?" deydi Mariya Ameli, Norvegiyaning Factiverse kompaniyasi asoschilaridan biri. Bu kompaniya boshqa sun’iy intellekt dasturlari tomonidan chiqarilgan xato va noxolis ma’lumotlarni skanerlashi mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt dasturini ishlab chiqadi.

Bunday dasturlar pedagoglar, jurnalistlar, moliyaviy tahlilchilar va yolg‘on, ko‘chirmakashlik yoki firibgarlikka qarshi kurashishni istagan boshqalar uchun qiziq bo‘lishi mumkin. Shu kabi dasturlar soxta fotosuratlar yoki videolarni aniqlash uchun ham ishlab chiqilgan.

Bu texnologiya istiqbolli bo‘lsa ham, yolg‘on tarqatish uchun sun’iy aqldan foydalanadiganlar ko‘pincha bir qadam oldinda yuradi deydi Devid Dormann. U sun’iy aql yaratadigan tasvirlarning milliy xavfsizlikka tahdidlariga javob berishga mo‘ljallangan “Defense Advanced Research Projects Agency”da yetakchi tadqiqotchidir.

Hozirda Buffalo universiteti professori bo‘lgan Dormanning ta’kidlashicha, sun’iy aql keltirib chiqaradigan siyosiy va ijtimoiy muammolarga samarali javob berish uchun yaxshi texnologiya, yaxshi boshqaruv, standartlar, odamlar haqiqatni yolg‘ondan ajrata olishiga yordam beradigan raqamli savodxonlik dasturlariga ko‘proq mablag‘ ajratish kerak bo‘ladi.

"Har safar biz yolg‘onni aniqlaydigan vosita chiqarganimizda, dushmanlarimiz o‘z izlarini yopish uchun sun’iy aqldan foydalanishlari mumkin, – deydi Dormann. – Bu narsalarni aniqlash va yo‘q qilishga urinish endi yechim emas. Biz yanada kengroq yechim topishimiz kerak”.

XS
SM
MD
LG