Eron rasmiylari bir sutkaga - payshanba tongigacha - barcha aviareyslarni bekor qilishga qaror qilishdi. Tasnim agentligining xabar qilishicha, mazkur qaror “mintaqada parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun” qabul qilingan.
Parvozlar bekor qilinganiga oid qaror Eron-Isroil mojarosi keskin kuchayib ketgani manzarasida e’lon qilindi. 1-oktyabr oqshomida Eron Isroilga qarshi raketa hujumini uyushtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha Isroil hududiga 180 ga yaqin raketa otilgan.
Tehron vakillari bu hujumning Isroilga qarshi kurashda Eron ittifoqchilari bo‘lgan HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) va “Hizbulloh” (Livanda ham qurolli qanotiga ega bo‘lgan, ham siyosiy partiya bo‘lgan bu guruh AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan) liderlarining o‘limiga javob ekanini bildirgan.
Isroil o‘z hududiga Eron tomonidan berilgan zarbaga javob berilishini va’da qilgan. Ayni paytda Isroil Livandagi “Hizbulloh” obyektlari bo‘ylab zarbalar berishni hamda bir necha kun avval Livan janubida boshlangan quruqlikdagi harbiy amaliyotni davom ettirmoqda.
Avvalroq Eronning raketa zarbalari va Isroil tomonidan muhtamal javob kutilayotgani Yaqin Sharqda, shu jumladan Fors ko‘rfazi hududidagi aviaaloqalarda jiddiy uzilishlarga olib kelgani xabar qilingan. Mojaro kuchayishi ortidan birdaniga bir necha aviashirkat o‘z aviaqatnovlari yo‘nalishlarini o‘zgartirishgan yoki reyslarni bekor qilishgan. Ular orasida Etihad Airways, Emirates Airlines, Qatar Airways, Flydubai kabi aviashirkatlar bor. Ular Iroq va Eronga yo‘nalgan barcha qatnovlarni bekor qilishgan, ayrim aviashirkatlar esa Isroil va Iordaniyaga ham reyslarni to‘xtatib qo‘yishgan.