Tolibon va Eron rasmiylari o‘z mamlakatlarida harbiy shaylikni oshirdi. 27-may kuni chegarada harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
To‘qnashuvda har ikki tomon bir-birini ayblamoqda. Hodisada bir Tolibon chegarachisi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralanganini aytildi. Tolibon Nimro‘z viloyatining Kang tumanidagi chegaraga hududiga og‘ir qurollarni joylashtirayotgani aks etgan videolar tarqaldi.
Eron matbuoti Seiston-Balujiston viloyatida so‘nggi ikki hafta ichida suv ta’minoti bilan bog‘liq keskinlik ortidan sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvda uch nafar chegarachi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralangani haqida xabar berdi.
“Afg‘oniston Islom amirligi har qanday muammoda muloqotni oqilona yo‘l deb biladi. Urush va noo‘rin harakatlar hech bir tomonning manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi”,dedi Tolibon Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyatulloh Xavarazmiy.
Eron milliy politsiya qo‘mondoni, brigada generali Ahmadrizo Radan o‘sha kuni “Eron Islom Respublikasi chegara qo‘shinlari har qanday chegarani buzish va bosqinchilikka qat’iy javob beradi, Afg‘onistonning amaldagi hukumati o‘ylovsiz, xalqaro tamoyillarga zid xatti-harakatlari uchun jazoga tortilishi kerak” deya keskin bayonot bilan chiqdi.
Shu bilan birga Eron rasmiylari ham diplomatik yechim zarurligini, Tehron "harbiy yo‘l"ga murojaat qilishini rad etdi.
To‘g‘on muammosi
Kajaki to‘g‘oni Afg‘onistonning janubi-g‘arbiy qismida, mamlakatning eng muhim qishloq xo‘jaligi ixtisoslashgan hududlaridan biri va Eronning asosan suv tanqis bo‘lgan janubi-sharqiy qismi o‘rtasida joylashgan.
Ammo daryoning yuqori oqimi Afg‘oniston tomonda va uni Afg‘oniston nazorat qiladi. Bu esa Tolibon uchun Tehron bilan munosabatlarda o‘ziga xos vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Afg‘onistonda qurg‘oqchilikning kuchayishi va yirik to‘g‘on loyihalari qurilishi Seiston havzasiga suv oqimini kamaytirdi.
Havzani suv bilan to‘ldirish masalasi shu oy boshida Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir-Abdullaxon va Eron prezidenti Ibrohim Raisining bayonotlaridan keyin dolzarb masalaga aylandi.
Amir-Abdullaxon Afg‘oniston hukumatidan “Afg‘oniston va Eron xalqini suv bilan ta’minlansh uchun” Kajaki to‘g‘onini ochishni talab qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Ibrohim Raisi “Afg‘onistonni Seiston-Balujiston aholisiga darhol suv berishga aks holda buning jiddiy oqibatlari bo‘lishidan” ogohlantirdi.
Bahsli suv kelishuvi
1973-yilgi shartnomaga ko‘ra, Afg‘oniston Eron bilan Hilmand daryosidan birgalikda foydalanish majburiyatini olgan.
Ammo davom etayotgan qurg‘oqchilik, Afg‘onistonda yangi to‘g‘onlar qurilishi jumladan, 2021-yilda Hilmand daryosi bo‘yida qurib bitkazilgan Kamolxon to‘g‘oni qurilishi natijasida suv sathi pasaygan.
Tolibon bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar Kobul “1973-yildagi suv shartnomasiga sodiqligini, biroq Afg‘oniston va mintaqadagi qurg‘oqchilikni ham e’tiborga olish kerakligini”, ta’kidladi.
Mazhablardagi tafovut bir paytlar ularni dushmanga aylantirgan bo‘lsa-da, so‘nggi yigirma yil ichida Afg‘onistonning G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan hukumati va Afg‘onistondagi AQSH kuchlariga qarshi turishdagi umumiy manfaatlar Tolibon va Eronni ularni yanada yaqinlashtirdi.
Tolibon hokimiyatga qaytganidan buyon Tehron bilan iqtisodiyot va xavfsizlik borasida aloqa o‘rnatishga harakat qilib keladi. Eron Tolibon boshchiligidagi hukumatni tan olmagan bo‘lsa-da, afg‘on qochqinlari va transchegaraviy narkotrafik masalalari bo‘yicha Tolibon bilan hamkorlik qilmoqda. Fevral oyida Eron Afg‘onistonning Tehrondagi elchixonasini rasman Tolibonga topshirgan edi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlil markazining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha tahlilchisi Marvin Vaynbaumga ko‘ra, “Ayni paytda hech bir davlatga mojaro kerak emas”.
"Iqtisodiy jihatdan bu har ikki davlat uchun ham muammo. To‘g‘on bo‘lmasa, Hilmand viloyatida qishloq xo‘jaligi ham bo‘lmas edi. Suvning oz qismi Eron hududiga o‘tadi. Eron janubi-sharqi esa sayyoramizning eng quruq mintaqalaridan biri ".
Vaynbaumning aytishicha, Tolibon ham, Tehron ham suv tanqisligi masalasida bo‘sh kelmoqchi emas. "Iqlim isishi esa bu muammoni yanada keskinlashtiradi", dedi u.
Ajablanarlisi, Raisining tahdidlari va Afg‘oniston yangi to‘g‘on qurishini e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib, Tolibon Mudofaa vazirligi Eron bilan mudofaa va chegara masalalarida hamkorlik qilish bo‘yicha yangi kelishuvga erishganini e’lon qildi.
Eron ham, Afg‘oniston ham to‘g‘onlar qurmoqda. Bu esa quyi oqimda suv taqchilligini keltirib chiqaradi.
"To‘g‘onlarning qurilishi, shubhasiz muammoni kuchaytiradi", deydi Vaynbaum.
Boshqa kuzatuvchilarning fikricha, Eron va Tolibon bir-birini amal qilmaslikda ayblayotgan suv kelishuvi mojaroni hal qilishda asosiy vosita.
1973-yilgi shartnomaga ko‘ra, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishi kabi ma’lum sharoitlarda Afg‘oniston tomonidan suv yetkazib berish kelishilganidan pastroq bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.