Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:22

Eron Ukraina uchog‘ini urib tushirganidan bir yil o‘tib qurbonlarning yaqinlari hanuz adolat o‘rnatilmaganini aytishmoqda


Oradan bir yil o‘tib Kiyevda uchoq falokati qurbonlarini yodga oldilar.
Oradan bir yil o‘tib Kiyevda uchoq falokati qurbonlarini yodga oldilar.

Eron Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi Ukraina yo‘lovchi uchog‘ini urib tushirilganidan bir yil o‘tib, qurbonlarning yaqinlari hanuz savollariga javob va adolat izlamoqdalar.

Ularning orasida Torontoda istiqomat qiluvchi Nima Neestaniy ham bo‘lib, u fojia tufayli bo‘lajak qallig‘i Shodi Jamshidiydan ayrildi.

Kanada fuqaroligini olgan Jamshidiy o‘tgan yilda Eron poytaxtiga otasini ko‘rgani borgan. Jamshidiy 2020 - yil 8 - yanvarida yozgan so‘nggi SMS xabarini Tehronning Imom Humayniy nomidagi xalqaro aeroportida turib yozgan.

Bir necha daqiqadan so‘ng Kiyevga uchgan uchoqni Eron harbiylari otgan raketa urib tushirdi. Natijada uchoq bortidagi 176 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari nobud bo‘ldi. Qurbonlarning aksariyati eronliklar va kanadaliklar edi, ammo o‘lganlar orasida bir necha afg‘on, ingliz, shved va nemis ham bor.

Boshida Eron rasmiylari uchoqni raketa urib tushirganini rad etishdi. Keyinchalik Eron armiyasi uchoq «g‘ayriixtiyoriy» ravishda urib tushirilganini tan oldi. Rasmiylar fojia haqida o‘z vaqtida ochiq ma’lumot bermagani uchun Eron bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Uchoq mintaqada Eron va AQSh o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda urib tushirildi. 2020 - yilning 3 - yanvarida AQSh qo‘shinlari Eron inqilob posbonlari korpusining sara bo‘limi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniyni Bag‘dod shahrida havodan zarba berib o‘ldirgan edi. Tehron bunga javoban 8 - yanvar kuni AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa hujumini amalga oshirdi, natijada 110 ga yaqin amerikalik askar jarohat oldi.

«Ukraina xalqaro havo yo‘llari» aviashirkatining Tehron-Kiyev yo‘nalishidagi PS752 reysi ham aynan 8 - yanvar kuni urib tushirildi.

Keyinroq Eron rasmiylari fojia uchun mas’ul bir necha kishi hibsga olinganini ma’lum qildilar, ammo ularning kimligini ochiqlamadilar. Bugunga qadar fojia ortidan birorta yuqori lavozimli xodim ishdan bo‘shatilgani yoki iste’foga chiqarilgani to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Joriy hafta boshida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy nutq so‘zlab, uchoq urib tushirilishida aybdor shaxslar jazolanishini takror va’da qildi.

O‘tgan oyda Tehron har bir qurbon oilasiga 150 ming dollar tovon puli to‘lanishini e’lon qildi, ammo taklifni Ukraina hukumati va ayrim qurbonlarning oila a’zolari rad etdi.

Ular Tehronni javobgarlikdan qochishga urinishda ayblamoqdalar.

Neestaniy va boshqalar o‘z savollariga hanuz javob izlamoqdalar. Jumladan, ular nima uchun AQSh bilan xavfli ziddiyat yuzaga kelgan bo‘lishiga qaramasdan, Tehron rasmiylari fuqaroviy reyslarni bekor qilmaganini bilishni xohlaydilar.

Bundan tashqari, ular Eronning fojiali voqealar haqidagi versiyasiga shubha bilan qaramoqdalar.

«Biz haqiqatni bilishni istaymiz», - dedi Neestaniy Farda radiosiga bergan intervyusida.

«Mustaqil tashkilot tomonidan tergov o‘tkazilishi kerak, ehtimol bunday tergov boshqa davlat tomonidan olib borilishi kerak, chunki men Eronda mustaqil idora borligiga ishonmayman», - deya qo‘shimcha qildi u.

Dekabr oyida Kanada hukumati mustaqil hisobot e’lon qilib, Eron tegishli tergov o‘tkazmayotganini, ko‘plab savollar javobsiz qolayotgani aytdi.

«Vaziyat uchun mas’ul bo‘lgan tomon yashirincha o‘zini-o‘zi tergov qilmoqda. Bu ishonch uyg‘otmaydi», deyiladi hisobotda.

Neestaniy boshqa qurbonlarning oila a’zolari bilan birlashib, yo‘lovchilarning xotiralarini saqlab qolish va uchoq urib tushirilishiga aybdor shaxslar javobgarlikka tortilishiga erishish uchun kurashmoqda.

«Ichim g‘azab, nafrat va armonga to‘la», - dedi Neestaniy Farda radiosiga bergan intervyusida.

«Shodi o‘z hayotini yaxshi ko‘rardi va ular uni hayotidan mahrum qilishdi», - deya qo‘shimcha qildi u.

7 - yanvar kuni qurbonlarning yaqinlari Humayniy aeroportida sham yoqib va gulchambar qo‘yib yaqinlarini yodga oldilar.

XS
SM
MD
LG