Isroil armiyasi 1-oktyabr oqshomida Eron Isroil hududiga raketalar bilan zarba bergani haqida ma’lum qildi. Tinch aholi vakillariga pana joylarga yashirinish buyurilgan.
“Bir muddat oldin Erondan Isroil davlati tomonga raketalar uchirilgan. Qo‘mondonlik mamlakatning turli hududlarida aholini qutqarish uchun qo‘llanma tarqatdi. SAXAL tinch aholi himoyasi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rmoqda”, deyilgan Isroil harbiylari tomonidan yoyinlangan ilk xabarnomalardan birida.
Eron davlat televideniyesi tomonidan yoyinlangan Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) bayonotida Isroil tarafiga “o‘nlab raketa” uchirilgani, zarba nishoni Tel-Aviv atrofidagi uchta harbiy baza ekani aytilgan. IIPK, agar Isroil bu hujumga javob bergudek bo‘lsa, Tehron yangi hujumni amalga oshirishidan ogohlantirgan. Eronlik yuqori lavozimli mulozim Reuters agentligiga raketa otish haqidagi buyruq mamlakat oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy tomonidan berilganini bildirgan. “Uning o‘zi xavfsiz yerda”, deya qo‘shimcha qilgan Reuters suhbatdoshi.
Eron rahbariyati Isroilga berilgan raketa zarbasini AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan G‘azodagi HAMAS guruhi hamda Livandagi “Hizbulloh” guruhi liderlari o‘limi uchun qasos deb atagan. “Hizbulloh” qurolli guruh bo‘lish bilan birga siyosiy partiya ham bo‘lib hisoblanib, u Livan janubidagi shia mazhabiga mansub aholi yashovchi hududning katta qismini nazorat qiladi.
SAXAL (Isroil armiyasi) vakili Daniel Xagari harbiylar “mudofaa uchun ham, hujum uchun ham yuksak jangovar hozirlik holatida” ekanini bildirgan.
Bu hujumga javob qaytarilishini qayd etgan Xagari: “Bizda rejalar bor, biz qayerda va qachon zarur deb bilsak, o‘sha yerda va o‘sha paytda harakatga kirishamiz”, deya urg‘ulagan. U Isroil harbiy-havo kuchlari Yaqin Sharq mintaqasida “to‘la quvvat bilan harakat qilib, shiddatli zarbalar berish”da davom etishini qo‘shimcha qilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu raketa zarbalari haqida gapira turib, Eron “katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun tovon to‘laydi”, deya bildirgan.
“Biz o‘zimiz belgilagan qoidalarga rioya qilamiz: kim bizga hujum qilsa, biz ham unga hujum qilamiz”, degan Netanyahu chorshanbaga o‘tar kechasi Isroil hukumati majlisini ocha turib.
Eronning ISNA axborot agentligi 1-oktyabr oqshomida Eron Isroilga hujum ortidan Tehron uzra havo hududini yopib qo‘ygani haqida xabar qildi. Eron poytaxti aeroportidagi reyslar chorshanba kuni soat 10 gacha bekor qilingan.
Isroil armiyasi radiosi ma’lumotiga ko‘ra, Erondan Isroilga jami 200 ga yaqin raketa uchirilgan. Keyinroq SAXAL Isroil tomonidan taqriban 180 ta raketa otilganini qayd etgan. Iddaoga ko‘ra, raketalarning katta qismi Isroil kuchlari tomonidan AQSH qo‘mondonligi bilan hamkorlikda urib tushirilgan. Yaqin Sharq mintaqasida qo‘nim topgan AQSH esminetslari yaqinlanib kelayotgan Eron raketalariga qarshi tutuvchi raketalar uchirib, Isroil mudofaasini dastakladi, deya ma’lum qilgan AQSH hukumati.
Ishlayotgan havoga qarshi mudofaa tizimi ovozlari Quddus, Tel-Aviv, Ashkelon va boshqa shaharlarda eshitilib turgan.
Reuters agentligining Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi ma’lumotiga tayangan holda xabar qilishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar Qurolli kuchlariga Eron raketalaridan himoyalanishda Isroilga yordam berish va Isroilga yo‘nalgan raketalarni urib tushirish haqida topshiriq bergan.
Eronning raketa hujumlari davom etayotgan paytda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi bu mamlakatda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarga “tezkor ehtiyot choralarini ko‘rish” tavsiyasi bilan chiqdi.
Elchixona Isroildagi o‘zbekistonliklarga, jumladan raketa hujumlari paytida tezlik bilan bomba boshpanalariga kirish, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borish, Isroil frontorti qo‘mondonligi bildirishnomalari va ogohlantirishlariga amal qilish, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston elchixonasining aloqa ma’lumotlarini doimo o‘zi olib yurishni tavsiya qilgan.
Keyinroq SAXAL raketa hujumi tugagani haqida xabar tarqatgan. “Vaziyatni baholash yakunlariga ko‘ra aholiga butun mamlakat bo‘ylab himoyalangan boshpanalarni tark etishga ruxsat berishga qaror qilingan”, deya qayd etgan Isroil qo‘mondonligi.
Isroil tezkor xizmatlariga ko‘ra, Eron tomonidan uyushtirilgan raketa zarbalari natijasida biror-bir kishining jiddiy jarohat olganiga oid ma’lumot kelib tushmagan. Isroil milliy tibbiy xizmati vakillari Tel-Avivda ikki kishi yengil jarohat olgani, yana bir necha fuqaro pana joyga ketish yo‘lida xavfli bo‘lmagan jarohatlar olganini ma’lum qilishgan.
Bungacha AQSH prezidenti ma’muriyatidagi manba Vashington Eron tomonidan Isroilga ballistik raketa zarbasi berishga hozirlanayotgani haqida ma’lumotlar borligini bildirgan edi. AQSH ma’muriyativakillari Isroil hududiga bevosita harbiy hujum Tehron uchun jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishini urg‘ulashgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Eron Isroilga raketalar otganidan keyin qilgan chiqishida “eskalatsiya ortidan eskalatsiya”ni qoralashini aytgan.
“Bu bas qilinishi kerak. Bizga otashkesim mutlaqo zarur”, deya urg‘ulagan Guterrish.
Isroilga qarshi hujum Yevropa Ittifoqi rahbariyati tomonidan ham qoralangan. Yevrokomissiya raisining o‘rinbosari Jozep Borrel YI Eronning Isroilga qarshi zarbasini “qat’iyan” qoralashini urg‘ulagan.
“Hujumlar va qasoslarning xatarli davrasi nazoratdan chiqib ketishi mumkin. Butun mintaqa bo‘ylab zudlik bilan o‘t ochish to‘xtatilishi zarur”, deya qo‘shimcha qilgan Borrel X ijtimoiy tarmog‘i orqali yoyinlangan postida.