Vazirga ko‘ra, aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin rasmiylar avvalo uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashi lozim.
“Uzluksiz elektr yetkazib berishni ta’minlay olsakkina, aholi uchun elektr energiyasida tabaqalashtirilgan tariflarni 2024-yilning 1-mayidan joriy qilish bo‘yicha loyihani hukumatga kiritishni rejalashtiryapmiz. Lekin bu aynan shu kundan narx oshadi, degani emas, hozircha barchasi loyiha, xolos”, degan energetika vaziri.
Mirzamahmudov “tabaqalashtirilgan tarif” degan birikmaga izoh berarkan, bunda belgilangan ijtimoiy normadan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, nisbatan boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshirish nazarda tutilayotganini bildirgan.
“Hozir aholining 15 foizi oyiga 300 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini iste’mol qiladi. 75 foiz aholining iste’moli esa 200 kVt/soatdan oshmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan energetika vaziri.
Yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi tarifi kamida 2 baravar oshirilishi kutilmoqda
Avvalroq Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qilgan edi. Loyihaga muvofiq, joriy yilning 1-oktabridan yuridik shaxslar uchun gaz va elektr energiyasi narxlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, hujjatda iste’molchilarning I va II guruhlari, ya’ni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati va uning tarkibiga kiruvchi ishlab chiqaruvchi korxonalar, byudjet tashkilotlari, shuningdek, nasos stansiyalari iste’mol qiladigan elektr energiyasining davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan qismi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxini 450 so‘mdan 1000 so‘mga, qolgan yuridik shaxslar (shirkatlar) uchun esa 900 so‘mga oshirish belgilangan.
Ayni paytda aholi uchun elektr energiyasining 1 kVt/soati narxi 295 so‘mdan, ya’ni o‘zgarishsiz qolishi urg‘ulangan. Ammo vazir Mirzamahmudov so‘zlaridan kelib chiqilsa, keyingi yil bahoridan aholi uchun ham narxlar oshishi mumkin.
Tahlilchilar: Sovetcha tizimdan voz kechish kerak
Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar o‘zbek rasmiylari energetik infratuzilmani yaxshilash uchun ommaga yoqmagan bu qadamni qo‘yishga majbur ekanini aytishmoqda.
Iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayevga ko‘ra, ayrim postsovet o‘lkalarida, xususan, O‘zbekistonda aholi o‘rtasida norozilik kuchayib ketmasligi uchun elektr va gaz narxini past darajada ushlab turishdek eski usuldan foydalanishga harakat qilingan.
“Aslida bu usul soha xodimlari, ya’ni energetiklarning oyligini cheklab qo‘yish degan gap. Buning natijasida energetika sohasida ishlaydigan odamlarda yaxshiroq ishlash, foydani ko‘proq topish, investitsiya olib kelish ishtiyoqi cheklab qo‘yiladi. Agar davlat energetika tariflarini arzonligicha ushlab tursa, ular foyda ham topolmaydi, investitsiya ham olib kelolmaydi, jihozlarini yangilolmaydi ham. Shuning uchun ular davlatdan yordam so‘rashadi. Bu esa byudjetga ortiqcha yuk bo‘ladi. Bundan faqat byudjet pullarining bir qismini cho‘ntagiga uradigan rahbarlar, korrupsionerlar yutadi, xolos”, - dedi Saparboy Jubayev.
Tahlilchiga ko‘ra, sohani rivojlantirish uchun bozor mexanizmlariga o‘tish, talab va taklif o‘rtasida balansga erishish zarur. Jubayev bu o‘rinda energetika sohasidagi monopolist tashkilotlar tomonidan suiiste’molga yo‘l qo‘yilmasligi uchun narxni shakllantirishda aksilmonopoliya qo‘mitasi kabi tashkilotlarning roli ham muhim bo‘lishini urg‘uladi.
Narxlarni erkinlashtirish nima uchun kerak?
Energiya manbalari narxlarini erkinlashtirish, sohani xususiy sektorga o‘tkazib berish kabi masalalar ko‘p yillardan beri xalqaro moliya institutlarining ham mintaqa hukumatlari oldiga qo‘yib kelayotgan talablardan bo‘lib hisoblanadi. Mutaxassislarga ko‘ra, bu talab energetika muassasalarini davlat dotatsiyasiga qaramlikdan xalos qilish, shu orqali korrupsiyaning oldini olish, narxlarni erkinlashtirish bilan daromadni ko‘paytirish va eskirgan infratuzilmani yangilash, pirovardida tizim faoliyatidagi uzilishlarni minimumga tushirib, iqtisodiyotning bir maromda rivojlanishini ta’minlash istagi bilan bog‘liqdir. Ishonilishicha, bu kabi qadamlar energetika korxonalarining kelajakda daromadli korxonalarga aylanishiga umid uyg‘otadi va bu holat xorijlik investorlarni ham jalb qilishi mumkin.
“Mintaqa mamlakatlaridan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda energetika sohasini isloh qilishda 90-yillar oxirlaridan beri ancha ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Ming afsuski, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda eskicha usulda ishlash davom etayotgani uchun bu sohada muammolar katta bo‘lyapti”,- deydi Saparboy Jubayev.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov aytgan “tabaqalashtirilgan tarif” Qozog‘iston va Qirg‘izistonda kamida 10-15 yildan beri amalda. Ammo bu mamlakatlar ham haligacha energetik inqiroz, jumladan, elektr energiyasi defitsiti muammosidan to‘laligicha xalos bo‘lgan emaslar.
Qo‘shnilarda vaziyat qanday?
Avvalroq qirg‘izistonliklarni kelayotgan kuz-qish mavsumida elektr energiyasini tejab ishlatishga chaqirgan Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov bu muammo qurilayotgan GESlar ishga tushirilishi bilan hal bo‘lishini ta’kidlagan.
“30 yil chidadik, yana 3 yilgina chidab turaylik. Elektr energiyasini tejab ishlatib turaylik. Agar kerak bo‘lsa, qishda ko‘cha chiroqlarini ham o‘chirib turaylik. Bularning barchasiga amaldagi rasmiylar aybdor emas. Agar avvalgi hukumatlar hech bo‘lmaganda yiliga bittadan GES qurganida, 30 yil ichida 30 ta GES paydo bo‘lgan bo‘lardi”, degan Aqilbek Japarov.
Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayevning 11-sentabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, bu yilgi kuz-qish mavsumida mamlakat 17,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasiga ehtiyoj sezadi. Mulozim Qirg‘izistonda ishlab chiqarilganidan tashqari 3 mlrd 200 mln kVt/soat elektr energiyasi tanqisligi mavjudligini, shuning uchun xorijdan 3 mlrd 800 mln kVt/soat (ya’ni 600 mln kVt/soat zaxira bilan) elektr energiyasi import qilinishini bildirgan.
O‘zbek rasmiylari energetik inqiroz manzarasini to‘liq ko‘rsatuvchi raqamlarni ochiqlamayapti
Shu o‘rinda kuzatuvchilar o‘zbek rasmiylari mintaqadagi qo‘shnilardan farqli ravishda mamlakatdagi energetik ta’minot bo‘yicha to‘liq manzarani ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan raqamlarni taqdim etmayotganiga e’tibor qaratishmoqda. Xususan, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kechagi bayonotlarida bu yilgi mavsumda O‘zbekistonga qancha miqdorda elektr energiyasi zarur bo‘lishi, buning qanchasi mamlakatda ishlab chiqarilishiyu mavjud defitsit nima hisobidan qoplanishiga to‘xtalgan emas.
Buning o‘rniga mulozim mahalliy matbuotga bergan intervyusida tizimda amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlari, mamlakatda qurilayotgan IES, quyosh elektr stansiyalari va shamol stansiyasi ishga tushirilishi rejalanayotganidan bahs etgan.
Vazirga ko‘ra, keyingi yil mayidan aholi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 295 so‘mdan 450-500 so‘mgacha ko‘tarilishi mumkin, “ijtimoiy norma” hajmi esa keyinroq belgilanadi.
Mirzamahmudov hozirda energiya manbalari bozor narxida sotib olinayotgani, ichki iste’molchiga esa nisbatan arzon narxda sotilayotgani, soha ehtiyojlari uchun davlat byudjetidan yiliga 3,4 mlrd dollar miqdorida subsidiya ajratilayotgani, biroq ular samara bermayotganini qayd etgan. Shuning uchun ham, vazirning aytishicha, rasmiylar tizimni bozorga moslashtirishga, jumladan yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida tariflar belgilashga qaror qilishgan.
O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz narxlari so‘nggi bor 2019-yil avgustida oshirilgan. Keyinroq rasmiylar pandemiya tufayli tariflarni oshirmay turishga qaror qilishgan. 2022-yil o‘rtalarida va joriy yil aprelida shirkatlar uchun tariflar oshirilishi aytilgan, biroq bu ish shu kungacha amalga oshirilgan emas.
O‘zbekistonda har yili kuz-qish mavsumida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar aholining norozilik chiqishlariga sabab bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach aholining gaz va elektr muammosini hal qilishga va’da bergan edi, ammo o‘tgan 6,5 yilda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmadi. So‘nggi vaqtlarda poytaxt Toshkentda ham chiroq o‘chishlari odatiy holga aylandi. Tarmoqlarda “Karimov davrida hech qursa, Toshkentda svet o‘chmasdi”, degan yozg‘irishlar paydo bo‘ldi.
Prezident Mirziyoyev shu yil 27-fevralda o‘tgan hukumat yig‘ilishida 2023-yilda hududlarda 18 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishi va elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilga qaraganda 50 foizga oshirilishini aytgan edi.
Mirziyoyevning qayd etishicha, so‘nggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilgan. Bundan tashqari 2023-yilda prezidentning 16-fevraldagi quyosh panellari to‘g‘risidagi qaroriga asosan tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
So‘nggi marta O‘zbekiston rasmiylari o‘tgan yilning kuzida kuz-qish mavsumida energetik inqirozga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida va’da bergan edi. Jumladan, Energetika vazirligi oktabr oyida qishda aholiga o‘tgan yilgidan ko‘proq elektr berishni va’da qilgan.
Energetika vazirligining rasmiy saytida kuz-qish masumida o‘zbekistonlik iste’molchilarga 34 mlrd 918 mln kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi va bu o‘tgan yilning mos davriga solishtirganda 2 mlrd 540 mln kilovatt-soatga ko‘pligi qayd etilgandi. Vazirlikka ko‘ra, aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi miqdori 10 mlrd 938 mln kilovatt-soatni tashkil etadi.
Ozodlikning shu yil fevralida e’lon qilingan surishtiruvi elektr energiyasining 80 foizini gazdan oladigan O‘zbekistonning yirik gaz konlari va energetika inshootlari maxfiy kelishuvlar orqali Kremlga yaqin oligarxlarga berilganini o‘rtaga chiqargan edi.
Joriy yilda O‘zbekiston rasman gaz eksport qiluvchi davlatdan gaz import qiluvchi davlatga aylandi, kelasi oy boshidan Rossiyadan gaz importi boshlanishi e’lon qilingan.
Hukumat Rossiya gazi importi bilan birga quyosh panellari o‘rnatish kampaniyasini boshlagan, ixtiyoriy-majburiy ravishda amalga oshilirayotgan ushbu kampaniya bu yil qishda aholining gaz va elektr muammosini yengillatishiga umid qilinmoqda.
Ammo Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar fikricha, quyosh panellari bu yil qishda energiya taqchilligi uchun mas’uliyatni aholining o‘ziga yuklash maqsadida xo‘jako‘rsinga ko‘rilayotgan choralar bo‘lishi mumkin.