Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:31

"Dehqonning peshona terini bersin!" - Andijondagi klaster fermerlarning paxta pulini to‘lamayapti


Klasterlarning paxta pulini vaqtida bermasligi O‘zbekistonda tizimli muammo ekani aytiladi.
Klasterlarning paxta pulini vaqtida bermasligi O‘zbekistonda tizimli muammo ekani aytiladi.

Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi yagona klaster korxonasiga paxta sotgan fermer xo‘jaliklari 2020 - yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Tuman hokimligining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mulozimi klasterning fermerlardan qarzi 1 milliard so‘m atrofida ekanini aytdi.

Ozodlik paxtani fermerlardan shartnoma asosida sotib olgan “Sof Tex” MChJ klaster korxonasi rahbari bilan bog‘lana olmadi.

Korxona ish yurituvchilaridan biri pul kechikayotganiga koronavirus pandemiyasini sabab ekanini da’vo qildi.

Ulug‘nor tumanidagi “Sobitxon ota” fermer xo‘jaligi “Sof Tex” MChJ klaster korxonasiga o‘tgan yili 138 tonnadan ziyod paxta sotgan.

Olingan hosilni tolaga aylantirib sotishga mo‘ljallangan klaster korxonasi shartnoma bo‘yicha fermerlarga 2020 - yilgi hosil pulini 31 - dekabrgacha to‘lab bo‘lishi kerak edi.

“Sobitxon ota” fermer xo‘jaligi rahbari Elyorbek Hakimov klasterning 36 million so‘mlik qarzi borligini aytadi.

“Mart oyi boshlanyapti, klaster o‘tgan yilgi hosil uchun pulni to‘liq to‘lamagan. O‘tgan yil rejadagidan 10 million tonnaga ko‘p qilib sifatli paxta topshirdik. Shartnoma bo‘yicha 4520 so‘m har bir kilo paxta uchun berishi kerak. Prezident qaroriga ko‘ra, yoqilg‘i narxi ko‘tarilgani hisobiga qo‘shimcha 260 so‘mdan har kilo paxta uchun berishi kerak edi. 138 tonnadan oshiq paxta topshirgan bo‘lsak, 36 million so‘mdan ortiq pulni bermayapti. Yangi oyga o‘tdik ish boshlay olmay turibmiz. Ishchilarga avans sifatida pul berilishi kerak, oyliklarini berolmayapmiz”, - deydi Elyorbek Hakimov.

Ozodlik Ulug‘nor tumanidagi yana ikki fermer bilan gaplashdi. Ular ham hosil pulini ololmay, sarson bo‘layotganlarini aytishdi.

"Klaster o‘g‘it va sug‘urta uchun hosil pulidan ushlab qolmoqda"

“Sherdor” fermer xo‘jaligi rahbari Shoxruh Mamajonovga ko‘ra, klaster bilan bog‘liq muammo faqat hosil pulining kechikayotgani emas.

“Klaster paxtani eski narxda qolgani yetmaganday, o‘g‘it uchun hosil pulidan 7 foiz ustama ham ushlab qolyapti. Paxtamizni puli hisobidan ushlab qolyapti. Birjadan 2 ming so‘mdan olingan bo‘lsa bizga ustiga yetti foiz qo‘shilib kelyapti. Omborda, saqlaganimiz uchun, deb. Lekin, furada to‘g‘ri bizga olib keladi. Bundan tashqari sug‘urtaga, deb hosil pulidan ushlab qolyapti. Sug‘urtaga pul o‘tkazgan, qaysi sug‘uratga ketganini bilmaymiz. Arzimagan pul qolyapti, shuni ham kechiktiryapti. Yerga qo‘shimcha o‘g‘itlar solyapmiz, hosildorliki oshiryapmiz, paxtani sifatini ham yaxshilayapmiz. O‘tgan yili o‘rtacha 35 sentnerdan paxta oldik. 2019 - yilgi hosil uchun o‘tgan yili fevralgacha to‘lab bergandi, bu yil endi mana bunaqa bo‘lyapti. Pulni to‘lamasa agrotexnika ishlarini boshlay olmaymiz, ishimiz kechikadi - deydi Mamajonov.

Ismi ochiqlanishini istamagan fermerlardan biri klasterni sudga berish niyatida.

“Chunki imzolangan shartnomada agar vaqtida to‘lamasa 4 foiz penya bilan to‘laydi, degan bandi bor. Uch oy kechikyapti, bizdan 74 million qarzi bor, kuniga 4 foizdan peniya minsa hisoblayverasiz”, - dedi Ulug‘nor tumanidagi fermer xo‘jaligining ismi ochiqlanmasligini istagan rahbari.”

"Pandemiya sabab muammo bo‘lib qoldi"

Fermerlarga o‘tgan yilgi hosil puli kechikayotgani sababini so‘rab Ozodlik Sof Tex” klaster korxonasi rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qildi.

Korxona rahbari Iqboljon Raimjonovning ko‘l telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga kun davomida hech kim javob bermadi.

O‘zini Nodirjon deb tanishtirgan korxona ish yurituvchisi pandemiya tufayli ip-kalavaga haridor yo‘qligidan to‘lovlar kechikayotganini aytdi.

“Pandemiya sabab muammo bo‘lib qoldi, shu hafta hal bo‘ladi ”, - dedi klaster ish yurituvchisi.

Klasterning fermer xo‘jaliklaridan jami qancha? Bu savolga ish yurituvchi 10 daqiqada qayta telefon qiling, keyin aytaman, deb javob qildi.

Lekin, unga 10 daqiqa va undan keyin ham qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ulug‘nor tuman hokimligining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mulozimi klasterning fermerlardan qarzi 1 milliard so‘m atrofida ekanini aytdi.

“Biz ham bahorgi ishlarni boshlash uchun fermerlarga shu pulini undirib berishga harakat qilyapmiz. Kecha shu masalani gaplashuvdik. Ahir bularni (tahr.fermerlarni) kredit olib qo‘ygani bor, texnikadan qarzi bor”, - deydi hokimlik mulozimi.

Mirziyoyev klasteri

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarga ko‘ra, klasterlarning hosil uchun pul to‘lamasligi yoki kechikib to‘lashi tizimli muammoga aylanib ulgurgan.

“2020 - yilgi hosil puli kechikishiga pandemiya sabab bo‘lgan bo‘lsa, undan oldingi yillari nima sabab bo‘ldi ekan. Bular paxtani qayta ishlab, sotib bo‘lishgan. Shuni puli qayerda? Mehnat qilgan dehqonni peshona terisini berishi kerakku. Oldin dehqonni rozi qilishi kerak. Bu faqat bu yil bo‘layotgan narsa emas. 2019 - yilgi hosil pulini fevral oyi ohirida ikki oy kechikish bilan olgan edik, kechikkani uchun 4 foizlik penya bermagandi o‘shanda ham.. Bu birgina bizni tumanda emas, boshqa tuman va viloyatlarda ham shu ahvol. Klasterga o‘tildi, pul kechikishni boshladi. Ilgari davlatga topshirar edik, vaqtida olar edik. Pulni kechikishi keyingi hosilga ta’sir qiladi. Chunki hozir pul yo‘qligidan bahorgi ishlarni boshlay olmay turibmiz. Yerni tekislash kerak, traktorga solyarkani naqd pulga olamiz. Qo‘ldan 5 800 so‘mdan olamiz. 38 gektar yerim bor, pul bo‘lmasa traktor joyidan jilmaydi”, - deydi fermer.

O‘zbekistonda paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan uch yil avval boshlangan edi.

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslett o‘tgan yilgi tadqiqotida O‘zbekistondagi klasterlar faoliyatida shaffoflikning deyarli yo‘qligiga e’tibor qaratgandi.

“Biz klasterlarga¸ shartli ravishda uch xil rangdagi bayroq berib chiqdik. Yashil - faoliyati ochiq va shaffof ¸ zarg‘aldoq -jamoatchilik uchun ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q¸ qizil esa boshqaruv faoliyati nafaqat axloq¸ balki pul yuvish bo‘yicha gumonlarga eltuvchi jihatlar tufayli ham yomon deb topilgan klasterlarga berildi. Hayratlanarli jihati¸ O‘zbekistonda keyingi uch yil ichida tashkil etilgan klasterlarning 49 foizi zarg‘aldoq¸ 41 foizi esa¸qip-qizil bo‘lib chiqdi. 90 foiz klasterga oid ma’lumot yoki umuman yo‘q¸ yoki borlari nihoyatda shubhalidir”, - degan tadqiqotchi Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlikka muntazam xabar yo‘llayotgan o‘zbekistonlik fermerlar¸ klaster tizimi joriy qilinishi ortidan o‘zlarining yaxshi ishlov berilgan yerlari hokimiyatga yaqin shaxs va guruhlarga noqonuniy ravishda olib berilganidan shikoyat qilishgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy qilgan klaster tizimi haqidagi taxliliy maqolani bu yerda o‘qing.

XS
SM
MD
LG