Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2022, Тошкент вақти: 20:34

"Davlat sektori". Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida lavozimga tayinlandi


Саида Мирзиёева.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri lavozimiga tayinlandi.

Mirziyoyevning bu haqdagi farmoyishini 14-noyabr kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining rasmiy Telegram-kanalida e’lon qildi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Saida Mirziyoyeva egallagan lavozim Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati uchun mas’ul o‘rinbosari tizimi tarkibiga kiradi. Mirziyoyeva ijtimoiy soha, madaniyat va ta’lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qilishi aytilgan.

Prezident matbuot kotibi Saida Mirziyoyevaning muxtasar tarjimai holiga ham to‘xtalgan, jumladan uning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistraturasini bitirgani va iqtisodiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega ekanini ham ilova qilgan.

Prezident matbuot kotibi shuningdek, Mirziyoyeva faoliyati davomida so‘z erkinligini ta’minlash, vazirlik va idoralarning ochiqlik siyosati, matbuot xizmatlarini joriy etish, madaniyat sohasini rivojlantirish va gender tenglik masalalari bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirildi.

Отасининг қизи. Саида Мирзиёева ким?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:43:20 0:00

O‘zgarmagan trend

Bu oxirgi to‘rt oyda O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasidagi jamoatchilikka e’lon qilingan beshinchi tayinlovdir.

Shu yil 16-iyulida Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Prezident administratsiyasining ishdan bo‘shatilgan rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov o‘rnini egallaganidan buyon unga ikki o‘rinbosar va bir yordamchi tayinlandi. Shuningdek, prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi yangilandi.

Rasmiy xabardan anglashilgani - Saida Mirziyoyeva bundan avval Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi-AOKA hamda Mass-media fondidagi rahbari Komil Allamjonovning qo‘l ostida ishlaydi.

Allamjonov shu yilning 26-iyul kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati uchun mas’ul o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

Allamjonov va Mirziyoyeva 2020-yil 29-yanvarida, rasman "nodavlat sektorida faoliyatni davom ettirish" niyati bilan AOKAdagi lavozimlarini tark etgan edi. Allamjonov AOKA rahbarligiga 2019-yil 4-fevralida, Mirziyoyeva esa oradan 2 oydan ko‘proq o‘tib, 12-aprelda uning o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Saida Mirziyoyevaning rasmiy lavozimga qaytishi Allamjonov administratsiya rahbarining o‘rinbosari etib tayinlanganidan 3 oy o‘tib yuz bermoqda.

Hozircha Allamjonov va Mirziyoyeva oxirgi tayinlovni sharhlashgani yo‘q, ularning har ikkalasi tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida Prezident matbuot kotibi xabarini bo‘lishish bilan kifoyalandi.

38 yashar Saida Mirziyoyeva o‘zini bloger va jurnalistlar himoyachisi, shuningdek, ayollar huquqlari va o‘zbek madaniyatining targ‘ibotchisi sifatida taqdim etib keladi.

2016-yil sentabrida otasi Shavkat Mirziyoyev prezident vazifasini egallaguniga qadar Saida Mirziyoyeva hamda Mirziyoyev oilasining boshqa a’zolari haqida hech narsa ma’lum emas edi.

Mirziyoyevaning turli sohalardagi faolligi tarmoqlarda marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova shaxsi va faoliyati bilan parallellar o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan, ammo Saida Mirziyoyevaning o‘zi prezident qizi bo‘lish "imtiyoz emas, balki mas’uliyat" ekanini ta’kidlab keladi.

"Muhim ishlar bilan band"

Mass-media fondining nodavlat tashkiloti maqomi Saida Mirziyoyevaning O‘zbekistonga tashrif buyurgan yuqori martabali xorijiy mehmonlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokara olib borishiga to‘sqinlik qilmagan. U o‘tgan hafta onasi Ziroat Mirziyoyeva bilan Samarqandga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining birinchi xonimlariga ham hamrohlik qilgan edi.

O‘tgan oy O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSh davlat kotibining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elizabet Tryudo Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bilan ham uchrashgan edi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga safari natijalari haqida "Amerika ovozi" ga gapirgan AQShning yuqori martabali diplomati O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi "muhim ishlar bilan band"ligini aytgan.

"...Uning (Saida Mirziyoyevaning) tashkiloti muhim ishlar bilan band - nafaqat xotin-qizlar huquqlari, balki ayol tadbirkorlarni quvvatlash, shuningdek, matbuot erkinligi targ‘iboti- bu inson ushbu masalalar bilan sidqidildan shug‘ullanib kelayotganini bilamiz. AQSh bunday odamlar bilan uchrashib, muammolar ustida biz singari qayg‘urayotgan insonlar bilan muloqot qiladi", - degan AQSh davlat kotibining yordamchisi Elizabet Tryudo.

XS
SM
MD
LG