Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:26

COVID-19: Xitoy vakili mahalliy vaksinalar samaradorligi pastligini tan oldi


Xitoyning vaksina ishlab chiqishga ixtisoslashgan CanSino Biologics Inc kompaniyasi-17 - avgust, 2020
Xitoyning vaksina ishlab chiqishga ixtisoslashgan CanSino Biologics Inc kompaniyasi-17 - avgust, 2020

Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining direktori Gao Fu mamlakatda koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan vaksinalar samaradorligi pastligini tan oldi va hukumat ularni takomillashtirish uchun turli vaksinalar imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Xitoy vaksinalari hozirga qadar xorij davlatlariga yuz millionlab dozada tarqatildi. Qolaversa, mamlakatdagi ommaviy emlash kampaniyasida ham mahalliy vaksinalardan istifoda etilmoqda.

Gao mahalliy vaksinalar samaradorligi haqida Chendu shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda, immunizatsiya strategiyalari xususidagi chiqishida gapirgan.

“Hozirgi vaksinalar bemorlarni to‘laqonli himoya qilmayotganidan xabardormiz. Ushbu masalani hal etish uchun emlash jarayonida turli xil texnik liniyalardagi vaksinalardan foydalanish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda”, – degan Xitoy kasalliklarni nazorat qilish idorasi rahbari.

Shuningdek, u mRNA vaksinasini ijobiy baholagan. “Moderna” va “Pfizer” vaksinalari aynan ushbu texnologiya asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning samaradorligi ancha yuqoridir.

Gao anjumandan keyin “Assoshieyted Press” agentligiga yozgan maktubida faqat Xitoy emas, balki dunyodagi barcha vaksinalar samaradorligi haqida gapirganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u aynan qaysi vaksinalarni nazarda tutgani haqidagi qo‘shimcha savolga javob bermagan.

Mutaxassislarga ko‘ra, vaksinalarni uyg‘unlashtirish emlash samaradorligini oshirishi mumkin. Britaniyalik tadqiqotchilar bir bemorni birdaniga “Pfizer-BioNTech” va “AstraZeneca” vaksinalari yordamida emlashni tajriba qilmoqdalar.

Xitoydagi ommaviy emlash kampaniyasida beshta vaksinadan foydalanilmoqda. “Sinovac” va “Sinopharm” shirkatlari uch turdagi inaktiv virusli vaksinani ishlab chiqqan. “CanSino” kompaniyasi va Gao yetakchiligidagi olimlar jamoasi ham “Anhui Zhifei Longcom” shirkati bilan hamkorlikda vaksinalar hozirlagan. Ishlab chiquvchilar so‘zlariga ko‘ra, ushbu vaksinalar samaradorligi 50-79 foizni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, “Moderna” va “Pfizer-BioNTech” vaksinalarining samaradorligi 95 foizga yaqindir.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 - aprel holati bo‘yicha Xitoyda 34 millionga yaqin odam to‘liq emlangan, ya’ni ikki doza vaksina olgan, 65 millionga yaqin aholi esa birinchi dozani qabul qilgan.

Global miqyosda sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislar samaradorligi 50% dan yuqori bo‘lgan vaksina foydali ekanini aytib keladilar. Ko‘plab hukumatlar xitoy vaksinalarini olishga oshiqmoqda. Chunki “Pfizer” va “Moderna” vaksinalarini boy mamlakatlar oldindan buyurtma asosida xarid qilmoqda.

O‘tgan hafta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus boy mamlakatlarda har to‘rt kishidan biri emlangan bo‘lsa, kambag‘al o‘lkalarda 500 kishidan faqat bittasi emlanganini ma’lum qildi.

Xitoyning “Sinovac” xususiy kompaniyasi va “Sinopharm” davlat firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaktsinalar Meksika, Turkiya, Indoneziya, Vengriya, Braziliya va Turkiya singari o‘nlab mamlakatga tarqatilgan. Ammo mazkur shirkatlar o‘z vaksinalarining so‘nggi bosqich klinik sinovlari haqida nufuzli ilmiy jurnallarda ma’lumot chop etmagani uchun tanqidga uchradi. Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan sinovlar “Sinovac” vaksinasi samaradorligi 50% dan 83% gacha o‘zgarishini ko‘rsatdi.

27 - mart kuni O‘zbekistonga Xitoydan 1 million doza Xitoy—O‘zbekiston ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelingan.

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari yaratgan va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

U o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlari olib borilgan koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinadir.

Xitoy O‘zbekistonni mazkur vaksina hammuallifi deb e’lon qilgan va vaktsinaga ZF-UZ-VAC2001 deb nom berilgan.

XS
SM
MD
LG