Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:10

“Cho‘ntakka solganim pora emas, nosqovoq edi”. Kun.uz lavhasidagi tojik shifokori Ozodlikka izoh berdi


O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi Oybek nazorat-o‘tish maskani
O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi Oybek nazorat-o‘tish maskani

O‘zbekistonning “Kun.uz” sayti Tojikiston bilan chegaradagi Fotihobod nazorat-o‘tish maskani (NO‘M)da o‘tib-qaytuvchilardan pul tama qilishayotgani haqida lavha e’lon qilganidan so‘ng Ozodlikning tojik xizmati muxbiri mazkur videoda poraxo‘r o‘laroq talqin qilingan shifokor bilan uchrashib, voqea bo‘yicha izoh oldi.

Tojik-o‘zbek chegarasidan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari “kun.uz” jurnalistiga tojik chegarachilari ularni uch soatlab navbat kutishga majbur qilgani va, boz ustiga, har bir kishidan 150-200 somoniy pul olgani haqida so‘zlab bergan. Misol sifatida videoda shifokor Abdulhamid Ibrohimov qo‘lini cho‘ntagiga suqqani ko‘rsatiladi va muxbir u hozir o‘tkinchidan undirgan 200 somoniyni yashirganini aytadi.

Matcho tumani poliklinikasi shifokori Abdulhamid Ibrohimov Ozodlik muxbiriga voqea 14 - oktabr kuni uning navbatchiligi chog‘ida sodir bo‘lganini, ammo u chegaradan o‘tuvchilardan pul talab qilmaganini bildirdi.

“Men nos chekaman, o‘sha video suratga olingan paytda yonimga har xil odamlar kelishdi, diqqatim oshib, nos otdim. Yana-tag‘in nosqovoqni doimgidek orqa cho‘ntakka emas, yon cho‘ntagimga solibman, ular esa videoda buni men go‘yoki olgan pulimni yashirgandek talqin qilishgan. Bular bari menga nisbatan tuhmat”, deydi Ibrohimov.

Uning fikricha, video qasddan olingan. Ibrohimov O‘zbekiston tarafidagi Oybek NO‘Mdagi shifokorlar bilan bir necha marta bahslashib qolgan ekan, shu bois shu qalbaki va tuhmat videoni yozishgan bo‘lsa kerak, deb hisoblaydi.

“O‘zbek shifokorlari bizning fuqarolar taqdim etgan koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni qabul qilishmayotgan ekan, men ularga ma’lumotnomalarni tayinli klinikalar berganini tushuntirishga harakat qildim. Aftidan, bu ularning jahlini chiqarib, mening obro‘yimni to‘kadigan o‘sha videoni uyushtirishgan. Ammo men, xudoga shukrki, o‘z mamlakatim va xalqimni sotmaganman va hurmatsizlik qilmaganman”, deydi yana Ibrohimov o‘z izohida.

O‘zbek saytida chiqqan video bo‘yicha Tojikiston prokuraturasi tekshiruv o‘tkazgan.

“Lavha ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgach, harbiy prokuraturadan xodim kelib mendan tushuntirish oldi. Hamma gapni ochiq aytdim. “Mayli, do‘xtir, hech qisi yo‘q, tuhmat qilishibdi”, deb ketdi”, deydi shifokor.

Aytishicha, tojik huquq‑tartibot idoralari unga nisbatan ish ochmagan va u sog‘liqni saqlash tizimida faoliyatini davom ettirmoqda. Ozodlik bu ma’lumotni bir necha rasmiy manbadan tasdiqlatdi. Ammo Ibrohimov nomi tilga olingan Fotihobod NO‘M navbatchi shifokorlari ro‘yxatidan olingan. NO‘M tibbiy nazorat bo‘limi mudiri Alijon Naimov shifokor Ibrohimov bu orda ortiq ishlamasligini aytdi.

BORDI-KELDI TIKLANAYOTGANI MANZARASIDA

Koronavirus epidemiyasi bir oz bosilganidan so‘ng Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida bordi-keldi tiklanmoqda. Fuqarolar endilikda mamlakat shimolidagi Fotihobod nazorat-o‘tish maskani orqali chegarani kesib o‘tishda maxsus ruxsatnoma so‘ralmayotganini aytmoqda. Bir necha kun oldin 2020 - yil martida to‘xtatib qo‘yilgan ikki tomonlama avtobus qatnovi qayta yo‘lga qo‘yildi.

Shu manzarada o‘zbek mediasi, xususan “kun.uz” qo‘shni mamlakatlarga o‘tishda O‘zbekiston fuqarolaridan pul tama qilinayotgani, bu borada eng katta “stavka” Tojikiston bilan chegaradagi Fotihobod nazorat-o‘tish maskanida qayd etilgani haqida xabar qildi.

Tojik rasmiylari o‘zbek OAVlari xabariga izoh bergani yo‘q. Ozodlik muxbiri vaziyat bilan tanishish uchun Matcho tumanidagi Fotihobod va Tursunzodadagi Paxtaobod nazorat-o‘tish maskanlarida bo‘lib, bir necha fuqaro bilan suhbatlashdi.

YO‘LOVChILAR NIMA DEYDI?

Chegarani kesib o‘tayotgan yo‘lovchilarga ko‘ra, hozirda vaziyat ancha yaxshilangan va chegaradan o‘tishda muammoga yo‘liqmaganlar. Chunonchi, O‘zbekiston fuqarosi Xayrulla Otaqo‘ziyev shunday deydi:

“Chegaradan tez o‘tdik, ilgari bunaqa emasdi. Har turli bahona topib, rad qilishardi. Hatto chet elga chiqish pasportim bo‘lsa ham”.

Fotihobod maskanidan farqli o‘laroq, Paxtaobod NO‘Mdan maxsus ruxsatnomasiz o‘tishning iloji yo‘q. Fuqarolar aytishicha, bu yerdan barcha ham o‘ta olmaydi.

Qubodiyonlik Pardaboy Jo‘rayev qarindoshining to‘yida mehmon bo‘lish uchun O‘zbekistonga bormoqchi bo‘lganida Paxtaobod postida tojik chegarachilari uni o‘tkazishmaganidan nolidi.

Yo‘lovchilarning so‘zlariga qaraganda, tojik-o‘zbek chegarasidagi aksar NO‘Mlar hanuz ochilgani yo‘q. Masalan, ilgari birgina So‘g‘d viloyatining o‘zida 10 ta o‘tish joyi bor edi, ya’ni viloyatning barcha chegaraoldi tumanlaridan qo‘shni davlatga o‘tsa bo‘lardi.

TAMAGIRLIK HOLATLARI AKS ETGAN VIDEOLAR

O‘tgan haftada Ozodlikning tojik xizmati sayti foydalanuvchisi sayt manziliga Do‘stiy nazorat-o‘tish maskanidagi tojik chegarachilarining o‘tkinchilardan pul tama qilayotgani aks etgan videoni jo‘natib, NO‘M mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini qoraladi.

Joriy yilning avgust oyida esa, ko‘plab shikoyatlardan so‘ng tojik-o‘zbek chegarasidagi Fotihobod nazorat-o‘tish maskani boshlig‘i va uning o‘rinbosari ishdan bo‘shatilgan edi.

Tojikistondan Rossiyaga aviachiptalar qimmatligi sababli ko‘plab mehnat migrantlari keyingi paytlarda O‘zbekistondan tranzit mamlakat sifatida foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.

COVID-19 pandemiyasi tufayli 2020 - yil martda o‘zbek-tojik chegarasidagi barcha o‘tish joylari yopilganidan so‘ng ancha vaqt Tojikiston fuqarolari O‘zbekistonga faqat yerusti yo‘lidan va maxsus ruxsatnoma bilan o‘tib yurishdi.

XS
SM
MD
LG