Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:51

Chexiyadagi portlash va rus agentlari – Markaziy Yevropada yirik josuslik mojarosi


Rossiyaning Chexiyadagi elchixonasi oldida chex bayrog‘ini ushlab turgan namoyishchi.
Rossiyaning Chexiyadagi elchixonasi oldida chex bayrog‘ini ushlab turgan namoyishchi.

2014 - yil 16 - oktabrda Chexiyaning Slovakiya bilan chegarasi yaqinidagi o‘rmonda joylashgan o‘q-dori va qurol-yarog‘ omborida yirik portlash sodir bo‘ldi.

Omborda ishlagan ikki kishining jasadlari qariyb bir oydan keyin topildi. Oradan taxminan ikki oy o‘tgach, birinchi portlash joyidan 1 kilometr masofada yana bir portlash sodir bo‘ldi.

Ushbu voqea Chexiya hukumatini tashvishga solib qo‘ydi. Bu paytda 1 700 kilometr narida Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar va Rossiya keltirib chiqargan shiddatli harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgan edi. O‘sha paytda Chexiyadagi portlashlar va Ukraina sharqidagi urush o‘rtasida bog‘liqlik bor yoki yo‘qligi ma’lum emas edi.

Ammo joriy yilning 17 - aprel kuni Chexiya rasmiylari portlashlar bilan GRU – Rossiya harbiy razvedka agentligi, xususan, 29155-qism deb nomlanuvchi bo‘lim o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ma’lum qildi. Xorijiy nashrlarga ko‘ra, 29155-qism suiqasd va boshqa qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirib keladi.

Praganing ushbu bildiruvi G‘arbning Moskva bilan munosabatlarini yanada murakkablashtirishini kutish mumkin. Rossiya Ukraina bilan chegaradosh hududda harbiy to‘play boshlagani hamda AQSh 10 nafar rossiyalik diplomatni badarg‘a qilishi ortidan G‘arb davlatlari va Rossiya o‘rtasida keskin tanglik yuzaga kelgan.

17 - aprel kuni Chexiya bosh vaziri Andrey Babish tunda matbuot anjumani o‘tkazib, "Rossiyaning GRU razvedka xizmati zobitlarining o‘q-dori ombori portlashiga aloqadorligi to‘g‘risida aniq dalillar mavjud", dedi.

Vazir Pragadagi Rossiya elchixonasining 18 nafar xodimi mamlakatdan quvilishini qo‘shimcha qildi.

"Chexiya suveren davlat va ushbu misli ko‘rilmagan yangiliklarga munosabat bildirishi kerak", dedi vazir.

Chexiya Senati prezidenti Milosh Vistrchil portlash "davlat terrorizmi" o‘laroq ko‘rilishi mumkinligini ta’kidlab, "Bunga aniq, ishonchli va qattiq javob qaytarish kerakligini" aytdi.

Chexiya hukumati ushbu e’lon bilan nafaqat Ukraina sharqidagi urush, balki Bolgariya poytaxtida Emilian Gebrev ismli qurol sotuvchi zaharlanishi o‘rtasida bilvosita aloqa borligiga shama qilishdi.

Chexiya rasmiylari portlashlar va Gebrev o‘rtasidagi aloqani ochiqchasiga e’lon qilmadi, ammo "Czech Radio" kanali va "Respekt" nashri ochiqlanmagan xavfsizlik manbalariga tayangan holda Gebrevning portlashlarga aloqasi borligi haqida xabar berdi.

Chexiya ichki ishlar vaziri va aprel oyidan beri tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Yan Gamachek portlashlar va Bolgariya o‘rtasida bog‘liqlik borligiga shama qildi.

Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali sobiq xodimi Ozodlik radiosi ukrain xizmatiga bergan intervyusida Kiyev 2014 - yilda o‘q-dori sotib olish masalasida Gebrevdan yordam so‘raganini tasdiqladi.

Rossiya rasmiylari bu ayblovlarni rad etmoqda. Praga ko‘rgan choraga javoban Moskva ham chexiyalik diplomatlarni badarg‘a qildi.

29155-qism nima?

Agar o‘q-dori omborlaridagi portlashlar bilan Gebrevning zaharlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlik tasdiqlansa, 29155-qism haqida tobora ortib borayotgan dalillar yanada ko‘paygan, GRUning butun Yevropadagi faoliyati haqida yangi tafsilotlar qo‘lga kiritilgan bo‘ladi.

26165 va 74455-qismlar bir nechta xalqaro xakerlik tekshiruvlari markazida bo‘lgan. AQShning maxsus prokurori Robert Myuller 2016 - yilda AQSh siyosiy partiyalari kompyuterlariga qilingan xakerlik hujumlari bo‘yicha olib borgan tergovi hisobotida ushbu ikki bo‘limni tilga olgan edi.

Bu qismlar, shuningdek, Butunjahon antidoping agentligi va Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga qilingan xakerlik hujumlari ortida turgani aytiladi.

Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti "Novichok" va shunga o‘xshash Rossiyada ishlab chiqilgan asabni falajlovchi moddalardan foydalanilgan holatlarni tergov qilishda muhim rol o‘ynab keladi.

29155-qism esa Gebrev zaharlanganidan keyin taxminan uch yil o‘tgach, keng miqyosda tanildi. Bunga 2018 - yilda Britaniyaning Solsberi shahrida sobiq rossiyalik josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal to‘satdan keskin xastalanishi turtki bo‘ldi.

Britaniya rasmiylari Skripal va uning qizi sovet davrida ishlab chiqilgan "Novichok" moddasi bilan zaharlanganini xulosa qilishdi. London hujumni turli ismlardan foydalangan, jumladan, Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov ismlarini qo‘llab kelgan rossiyalik harbiy agentlar amalga oshirganini xulosa qildi.

"Bellingcat" va "The Insider" nashrlari surishtiruv o‘tkazib, Petrov va Boshirovning haqiqiy ismlari Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkin ekanini aniqladi. Buni keyinchalik Britaniya rasmiylari ham tasdiqladi.

17 - aprel kuni Chexiya politsiyasi Mishkin va Chepiga 2014 - yil 11 - oktabridan 16 - oktabriga qadar, ya’ni portlashlar sodir bo‘lgan paytga yaqin kunlarda Chexiyada yurganini ma’lum qildi. Politsiya bu ikki shaxsni qidiruvga berdi.

Bolgariya bilan aloqa

2015 - yil 28 - aprelda Gebrev, uning o‘g‘li hamda Gebrevning qurol-yarog‘ savdosi bilan shug‘ullanadigan EMCO kompaniyasi direktori og‘ir xastalandi. Gebrev komaga tushib qoldi, ammo omon qoldi. Bolgariyalik tergovchilar Skripallar zaharlanguniga qadar Gebrevning xastalanishi sababi yoki aybdorlarni aniqlay olmagandi.

Bolgariya rasmiylari AQSh Federal qidiruv byurosi, Buyuk Britaniya razvedkasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda Gebrevga tegishli avtomobil eshigi tutqichiga noma’lum modda surtib ketilganini xulosa qildi.

"Bellingcat" Skripal zaharlangan paytda Angliyaga sayohat qilgan rus agenti Bolgariyaga ham bir necha bor sayohat qilganini aniqladi. Bu agent 29155-qismning a’zosi ekaniga ishoniladi.

2020 - yil yanvar oyida Bolgariya prokuraturasi uchta rossiyalikni Gebrevni zaharlashga urinishda aybladi.

Ozodlik radiosi Bolgariya xizmatining Gebrevdan izoh olish urinishlari samara bermadi.

Chexiya ishi

Chexiyadagi portlashlar bo‘yicha tergov qariyb uch yil davomida dalil yetarli bo‘lmagani uchun to‘xtab qoldi. Ammo 2018 - yil Solsberida Skripallar zaharlanishi ortidan bu ishda siljish kuzatildi.

Chexiya prezidenti Milosh Zeman Moskva bilan yaqin aloqalar tarafdori bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda Praga – Moskva munosabatlari murakkablashdi.

2020 - yil boshida Praga shahar ma’murlari Ikkinchi Jahon urushi qahramoni haykalini buzib tashlab, Rossiya elchixonasi oldidagi maydonni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy muxolifi va tanqidchisi bo‘lgan marhum Boris Nemsov nomi bilan atadi.

Rossiyaning koronavirusga qarshi "Sputnik V" vaksinasini olish masalasi ham so‘nggi oylarda Chexiya hukumatini ikkiga bo‘lib yubordi.

Chexiya rasmiylari nima uchun faqat bugunga kelib Rossiyaga qarshi chora ko‘ra boshlagani va o‘z ayblovlarini jamoatchilikka e’lon qilishga qaror qilgani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

"Respekt" xabar agentligiga ko‘ra, o‘tgan yili chex tergovchilari portlashlar to‘g‘risida yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan. Chexiya hukumatining razvedka qo‘mitasi esa ushbu ishni atigi ikki hafta oldin ko‘rib chiqqan.

XS
SM
MD
LG