Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:37

“Chala harbiylar”. Ukrainada jang qilgan ko‘ngilli askarlar qanday aldanishmoqda?


Ukraina urushida Rossiyaning nafaqat xizmatdagi harbiylari, balki “ko‘ngillilar” ham ishtirok etishmoqda. Yozgacha ularni “BARS” (boyevoy armeyskiy rezerv strani – mamlakatning jangovar armiya zaxirasi) batalyonlari orqali jo‘natishgan bo‘lsa, keyinroq Rossiya hududlarida alohida batalyonlar tuzila boshlandi. Frontdan qaytgan ilk ko‘ngillilar o‘zlarini aldangan deb his qilayotganlarini tan olishmoqda.

Aytishadiki, ularga faqat oylik ish haqi to‘lashgan – boshqa moddiy rag‘batlantirish bo‘lmagan, bunaqa harbiylar halok bo‘lganda to‘lanadigan rasmiy tovon puli esa shartnoma asosida jang qilgan ko‘ngillilarnikidan ikki baravar kam ekan. Ozodlikning tatar-boshqird xizmati – “Idel.Realii” Ukrainadan qaytgan erkaklar bilan suhbatlashib, “BARS” batalyonlari, hukumat ularni “haqiqiy harbiy” deb tan olishni istamasligi sabablari haqida so‘rab-surishtirdi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan barcha ko‘ngillilarning ismlari o‘zgartirilgan. “Idel.Realii”ga ularning chin ismlari ma’lum, ular Ukrainada jang qilishganini tasdiqlovchi dalillar tahririyatda mavjud.

VIKTOR

“BARS” batalyonlaridan biriga mansub ko‘ngillilarni mashinalarda Rostov viloyatidagi harbiy qismgacha eltib qo‘yadilar, Ukrainada ikki oy xizmat qilgan ko‘ngillilar u yerda hujjatlarini olib, uylariga qaytishlari kerak. Ular tushishgach, mashinalar darhol jo‘nab ketadi.

Harbiy qism trassadan taxminan 10 chaqirim narida, ovloq yerda joylashgan, tevarakda biron qishloq yo‘q edi.

Qismdan ofitser chiqadi. U ko‘ngillilarga yelimxaltalarga solingan telefon, pasport va harbiy guvohnomalarni topshiradi.

– Rostovga qanday yetib olsa bo‘ladi? – so‘raydi Viktor.

– Katta yo‘l ho‘ anov yoqda, – to‘ng‘illaydi ofitser va ortiga buriladi.

Yigitlarda naqd pul yo‘q, trassa uzoq. Ammo nachora. Ancha yayov yurib, trassaga chiqadilar va o‘tkinchi mashina ushlash ilinjida katta yo‘l yoqalab ketaveradilar. Ko‘p o‘tmay biqiniga Z harfi tushirilgan harbiy yuk mashinasi to‘xtaydi.

– Ha, yigitlar, Rostovgami? Qani, sakranglar, – deydi haydovchi.

Bu haydovchi harbiy qismdan Rostov-Don shahriga tomon yayov yo‘lga chiqqan askarlarga birinchi marta duch kelmaganiga Viktorning ishonchi komil.

– U bizni Rostovgacha eltib qo‘yolmadi, ammo loaqal “sivilizatsiya”ga yetkazdi. Bir joyda VTB bankomatini topdik. Ayrimlarning kartasi qup-quruq edi. Bank xodimlari batalyondagi biror o‘n kishining rekvizitlarini yo‘qotgan, deb aytishgandi. Mening kartamda bir necha ming rubl bor edi. Shuni naqdlashtirib, baham ko‘rdik va uy-uyimizga yetib oldik. Mana shunaqa munosabat. Vokzalga oborib qo‘yishganida ham mayli edi, – achchiqlanadi Viktor. – Armiyaga yordam bergani o‘z ixtiyorimiz bilan borgan edik, armiya esa qadrimizga yetmadi.

“Idel.Realii” muxbirlari so‘zlashgan deyarli barcha ko‘ngillilar bunaqa munosabatni kutmaganlarini tan olishdi.

Chunonchi, Viktorga, o‘zi aytishicha, ikki oylik xizmati uchun 330 ming rubl to‘lashibdi. Holbuki 410 ming va’da qilishgan. “Men keyinroq permlik, novgorodlik quroldoshlarim bilan qo‘ng‘iroqlashdim: ayrimlari sariq chaqa ham ololmapti, ba’zilariga atigi 20 ming pul berishibdi”, deydi u.

Viktor avval ham xizmat qilgan – jangovar tajribasi bor. Deydiki, ilgari hech qayerda bunaqa munosabatga duch kelmagan.

– Tavba, hatto bo‘linmalar rahbarligiga asl harbiylarni qo‘yishmaydi! Bizning rota komandiri sobiq “ment” edi, jang qilish tugul qo‘liga qurol ushlamagan, boz ustiga militsiyadan haydalgan kimsa edi. U jang taktikasini qayerdan bilsin!?. Mana shular kasofatiga ko‘p talafot berdik! Boshqa batalyonlar askarlari bilan gaplashib turardik – ularda ham ahvol xuddi shunaqa edi.

Rota va hatto kattaroq bo‘linmalarga jangovar tajribasi yo‘q odamlar qo‘yilishini “BARS” batalyonlarida xizmat qilgan boshqa ko‘ngillilar ham tasdiqlashdi.

Bu – ko‘ngilli askarlar to‘qnash kelgan yagona muammo emas. Ular tuzukroq ust-bosh, qurol va askariy anjom yo‘qligidan, kunlik va qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlarini ololmaganlaridan ham yozg‘irishadi.

Buning sababi, o‘z so‘zlariga ko‘ra, ularni haqiqiy harbiy deb sanashmasligida. Muhim masala – ular bilan harbiy qismda tuzilgan shartnoma va shartnomaga ikkinchi tomon sifatida kim qo‘l qo‘ygani. Suhbatdoshlar bu savolga aniq-tiniq javob bera olishmadi.

Viktor shartnoma Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan, deb o‘ylaydi. U Tatariston shaharlaridan biridagi harbiy komissariatga borganini va Ukrainaga borish yo‘l-yo‘rig‘ini, qanday cheklovlar borligini surishtirganini aytadi. Voyenkomat uni va respublikaning boshqa tumanlaridan kelgan boshqa ko‘ngillilarni Qozon shahriga jo‘natibdi. “U yerda 40 kishini avtobusga o‘tqizib, Rostov viloyatiga yo‘llashdi”, deydi u.

Rostovga borishgach, mahalliy polkovnik ular bilan suhbat qiladi. So‘ngra ko‘ngillilar shartnoma imzolaydilar va VTB kartalarini oladilar.

Viktor “ish haqimizdan urib qolinishida Tataristondagi voyenkomatning aybi yo‘q, bunga avvalo Rostovdagi harbiy qism aybdor”, deb biladi.

– Shartnomalar Rostovdagi poligonda tuzilib, imzolangan edi. Biz shartnomani Mudofaa vazirligi bilan tuzdik, deb o‘yladik. Hujjatda ham, adashmasam, aynan shunday ko‘rsatilgan edi. Bizni boshlab borgan podpolkovnikka shu to‘g‘rida savol berganimda u: “Senlar Qurolli kuchlarga daxldor emassanlar, senlar partizansanlar”, deb javob berdi. Bundan chiqadiki, biz “Ahmat” batalyoniga o‘xshagan tuzilma ekanmiz. “Ahmat” jangchilari ham Qurolli kuchlarga mansub emas, ular ham ko‘ngillilar sanaladi, – deya mulohaza qiladi Viktor.

ALEKSANDR

Boshqa bir “BARS” batalyoni ko‘ngillilari Rostov viloyatiga qaytishgach, pullarini to‘liq ololmaganlaridan va harbiy rahbariyat o‘zini noprofessional tutayotganidan g‘azablanishadi. Ular generalni chaqiradilar va federal trassani to‘smoqchi bo‘ladilar.

– Biz 30 chog‘li edik, ayrimlarda qurol bor edi. Ukrainadan keyinroq qaytganlar ham bizga qo‘shilib, haqlarini talab qila boshlashdi. O‘shanda bizga may oyi maoshini berishdi, ammo jang kunlari va unvonga yarasha ustama haqlarini baribir undira olmadik, – deydi “BARS”da xizmat qilgan Aleksandr.

U ham Tataristonda tug‘ilgan. “Idel.Realii” bilan suhbatda u oylikning o‘zini to‘lashganidan noroziligini aytadi.

– Oyiga 205 ming rubl to‘lashdi, jang kunlari uchun kuniga 8 mingdan maxsus to‘lov bor – uni berishmadi. Unvon uchun ustama ham ololmadik. Yuqoriga arz qildik, biroq foyda bo‘lmadi – biz ular uchun nolmiz, hech kimmiz. Odamga alam qiladi, – davom etadi u.

Aleksandr urushga qanday borganini eslaydi.

– Ko‘ngilli sifatida Ukrainaga borish shartlarini bilish uchun voyenkomatga boruvdim. Bizni hatto tibbiy komissiyadan ham o‘tkazishmadi: kasalmi, sog‘mi – olaverishdi! So‘ng qo‘limizga bittadan xalta tutqazishdi va Novocherkasskka olib ketishdi. O‘sha yerda armiyaning eski-tuskisi bilan kiyintirishdi, zang bosgan avtomatlarni tarqatishdi. Biz bu qurollarni rosa moylab, artib epaqaga keltirdik. Yetti kun u yerda bo‘lib, keyin frontga jo‘nadik. Shartnomalarni Novocherkasskda imzolagan edik, lekin hujjatni o‘qishga vaqt berishmagan, shoshirishgan: biz ham orqa-oldiga qaramay qo‘l qo‘yganmiz, – deya hikoya qiladi Aleksandr.

U bunaqa bo‘ladi deb sira o‘ylamaganini aytadi.

– Kim bilibdi deysiz! Frontda qornimiz ovqatga to‘ymasdi, sigaret va boshqa oddiy maishiy ehtiyojlarimizni qondirishmasdi. Ammo o‘q-dori bemalol edi, rost. Bir o‘rtog‘im ilk kuniyoq halok bo‘lgan edi. Bugun eshitdimki, oilasiga hech qanaqa yordam berishmapti. Bechoralar o‘likni ham o‘z yonlaridan ko‘mishgan. Tovon pulini to‘lashmagan.

BORIS

“BARS”da jang qilgan Boris ismli boshqa bir ko‘ngilli halok bo‘lgan ko‘ngillilarning oilalaridan ayrimlari tovon puli olishganini, ayrim oilalarga esa bir chaqa ham to‘lanmaganini aytadi:

– Eshitdim, yaqinda Tataristonga “BARS” jangchilaridan yana birining jasadini olib kelisharkan. Uning qarindoshlari 7 mln rubl tovon puli olish uchun hujjatlarni topshirishibdi, boshqa bir halok bo‘lgan jangchining oilasi esa hech vaqo ololmadi. Bir narsaga aqlim yetmayapti: gap mulozimlardami yoki tartib-qoida chalkashmi.

Keyinroq u “Idel.Realii” bilan suhbatda Tataristonda “BARS” ko‘ngilli askarining o‘limi uchun 7 mln rubl tovon puli to‘lanayotganini, ayni chog‘da shartnoma asosida xizmat qiluvchi harbiy o‘limi uchun tovon puli ikki karra ko‘p – 14 mln rubl ekanini aytdi. Biroq vaziyat hududga ham bog‘liq: bu tartib qayerdadir ishlayapti, qayerdadir – yo‘q.

Borisning so‘zlariga ko‘ra, “shartnomada ikkinchi tomon nomi ko‘rsatilmagan”. Mudofaa vazirligidan hech qachon pul olmadim, deydi u.

– Hujjatlarni imzolaganimizda shartnoma “shapka”si bo‘sh edi, ya’ni kim bilan imzolayotganimiz ko‘rsatilmagandi, keyin ular istaganini yozib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Rasvo bo‘ldi, kimning yoqasidan olishni ham bilmaysan. Har bir jang qilgan kunimiz uchun to‘lov berishmagani yomon alam qiladi, – arz qiladi Boris.

“Idel.Realii” o‘xshash mazmundagi hikoyalarni yana bir qancha kishidan eshitdi – amin bo‘ldikki, “haqiqiy harbiy xizmatchi”ga oid imtiyoz va to‘lovlardan quruq qolganidan norozi bo‘lib yurgan ko‘ngillilar oz emas ekan.

Tahririyat suhbatdoshlardan biron shartnoma nusxasini olishga muvaffaq bo‘lmadi – ularning qo‘lida hujjat yo‘q ekan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa “Idel.Realii” savollariga javob berganicha yo‘q.

HARBIY KOMISSARIAT

8-iyul kuni Tataristonda ko‘ngilli bo‘lib Ukrainaga jo‘nayotgan shartnoma asosida xizmat qiluvchi askarlar Qozondagi Tankchilar bilim yurtiga to‘planishdi. “Alga” (“Olg‘a”) batalyoniga olingan bu jangchilar urushdan oldin “maxsus ta’lim olish uchun” Orenburgdagi poligonga yuborildi.

O‘sha kuni tasvirga olingan foto va videolarda ularga yap-yangi ust-bosh, zirhli nimcha, shlem, snaryad parchalaridan saqlovchi ko‘zoynak va boshqa anjom-aslaha ulashilganini ko‘rish mumkin.

OAVlar xabariga ko‘ra, o‘sha kuni tantanali miting bo‘lgan va olti oq avtobus harbiy marshlar sadosi ostida yo‘lga chiqqan.

***

“BARS” ko‘ngillilari urushga bunaqa izzat-ikrom bilan kuzatilmagandi. Nega bunday bo‘lganini tushunish uchun “Alga”, “Timer” kabi batalyonlarning “BARS” batalyonlaridan farqini o‘rganish kerak bo‘ladi.

10-iyun kuni Tatariston davlat OAVlarining rasmiy pabliklarida “Qozon harbiy komissariati muqaddam armiyada xizmat qilgan 49 yoshgacha erkaklarni xizmatga taklif qilayotgani” haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. E’londa ko‘ngillilarga “ixtisosligiga qarab 205 dan 270 ming rublgacha barqaror ish haqi” va turli bonuslar va’da qilingan, “Yoz davomida bir million rublgacha pul ishlab olishingiz mumkin!” deyilgandi.

Bu Tataristonda ko‘ngillilar batalyonlariga askarlikka olish boshlangani haqidagi ilk xabar edi. Taxminan bir paytda boshqa hududlarda ham batalyon tuzish boshlandi.

Batalyonlarga kirishga talabgor tataristonliklarga (darvoqe, “Alga” allaqachon shakllanib bo‘lgan va frontga jo‘nash oldidan mashg‘ulotlarga yo‘llangan) 260 ming rublgacha oylik, shuningdek kuniga 53 dollardan “kafolatli” to‘lov, faol jang harakatlarining har bir kuniga 8000 rubldan maxsus haq, “bekam-ko‘st ust-bosh va aslaha”, “kattagina nafaqa va sug‘urta, qarindoshlar uchun moddiy yordam, umrbodlik imtiyozlar” va’da qilishmoqda.

Bu hali hammasi emas. “Jangovar yutuqlar” uchun alohida mukofot bor. Masalan, “dushman”ning yo‘q qilingan har bir uchog‘i uchun 300, vertolyoti uchun 200, droni uchun 50 ming, tanki uchun 300 ming rubl mukofot beriladi.

“BARS” safida jang qilib qaytgan bir necha ko‘ngilli hozirda Tatariston harbiy komissariatlari “BARS”ga emas, aynan “Alga” va “Timer” (“Temir”) batalyonlariga yozilishni taklif qilishayotganini aytdi. “Idel.Realii” muxbiri ushbu ma’lumotni tekshirish maqsadida Tatariston Harbiy komissarligiga sim qoqib, o‘zini frontga jo‘nashga talabgor o‘laroq tanitdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bungacha respublika byudjetidan birato‘la to‘lash va’da qilingan 260 ming pirovardida yangi sxema bo‘yicha – to‘rt hafta, har juma 15 ming rubldan, qolgan 200 ming esa batalyon Ukraina hududiga kirishi bilanoq to‘lab beriladigan bo‘libdi. Tatariston hukumat idoralari ham ayni mazmunda javob berishdi.

– Chegaradan o‘tganingizdan so‘ng Mudofaa vazirligi sizga barcha harbiy xizmatchilari qatorida oylik to‘laydi. Konditsioner o‘rnatilgan zamonaviy chodirlarda yashaysiz. Shart-sharoit yomon emas. Ust-bosh va anjomlar respublika g‘aznasidan. Yangi harbiy texnika, har xil dronlar, ust-bosh – hammasi sifatli, chet elniki, – dedi komissariat xodimi “Idel.Realii” muxbiriga. Va ortidan qo‘shimcha qiladi: “Batalyonga sudlanmagan, gihyovand bo‘lmaganlar olinadi. Eng asosiysi – tibbiy komissiyadan o‘tish. Hammasi joyida bo‘lsa, sizni qabul qilamiz: “Alga”ga olinsangiz – Orenburg viloyatiga, “Timer”ga tushsangiz Nijegorodskka mashq qilgani jo‘naysiz”.

Xodim muxbirning “nomli batalyonlarga kirgan ma’qulmi yoki oddiy ko‘ngilli bo‘lib ketishmi?” degan savoliga qat’iy qilib, batalьonlarga kirish eng ma’quli ekanini aytdi.

– “Alga” yoki “Timer” safiga qo‘shilsangiz, siz ko‘ngilli emas, shtatdagi harbiy xizmatchi sanalasiz. Xizmat davringizga yarasha ustamalar, sug‘urta puli olasiz... Vazifa bir xil. Ko‘ngillilar, bilishimcha, tibbiy komissiyadan o‘tkazilmaydi. Ular ariza yozib berishadi, davlat batalyonlar jangchilariga beradigan ijtimoiy yordamni ko‘ngillilarga bermaydi. Boz ustiga, batalyonlarga Tataristondan gumanitar yordam borib turadi. Davlat ularga zarur hamma narsani, hatto jangovar dronlargacha sotib olib beryapti. Ta’minot a’lo darajada, – deydi u ishonch bilan.

– Biz urushda oldingi marrada bo‘lamizmi? – so‘raydi muxbir.

– Ha, albatta. Front orqasidagi yumushlarni bajarib yuraman deb o‘ylamang. Bu batalyonlar naq oldingi safda jang qilishga yuborilyapti.

Tatariston batalyonlari Ukrainaga jo‘natilganicha yo‘q. Shu bois va’da qilingan pullar to‘lanadimi, yo‘qmi; ular frontda aynan nima qilishadi – bularni aniqlash imkoni bo‘lmadi. Ammo “BARS” batalyonlari ko‘ngillilariga “sizlar front ortida xo‘jalik-ta’minot ishlarini bajarasizlar, lekin haqiqiy harbiy maqomida bo‘lasiz”, deb va’da berishgan ekan. Lekin Ukrainaga jo‘nash oldidan, harbiy qismda hamma narsa o‘zgaribdi.

***

Tataristonning Menzeli tumani harbiy komissari Sergey Vladimirov to‘rt turg‘unni “Alga” batalyoniga kuzatar ekan, “sizlarning suratlaringiz hurmat taxtasida turishi kerak, bu adolatli ish bo‘ladi”, deydi, shuningdek, “1941-yil, taxminan shu kunlarda menzelilik 30 kishidan iborat ilk otryad xuddi shu alfozda frontga jo‘nagan”ini esga oladi.

– Bu safar ham g‘alaba bizniki bo‘ladi, – qo‘shib qo‘yadi u.

Videodagi kadrlarda to‘rt ko‘ngillining yuzlari shuvab tashlangan – shaxsini sir tutish uchun. Ammo internetda yuzlar shuvalmagan fotosuratlarni topsa bo‘ladi. Umuman, ko‘ngillilar va yollanma askarlar ko‘pincha yuzlarini niqob bilan to‘sishadi. “Idel.Realii” suhbatdoshlariga ko‘ra, askarlar Ukrainada jang qilganlarini birov bilishini xohlamas ekanlar.

“CHAQIRSALAR, YANA BORAMAN”

“Idel.Realii” suhbatdoshlari orasida xizmatdan, u yerdagi shart-sharoitdan mamnun bo‘lganlar ham bor ekan, ulardan biri hatto ismini yashirishga urinmadi. Nijekamsklik 56 yashar Fergat Bagautdinov frontga “g‘oya uchun borgan”i, “sira ruhini tushirmagan”i, “chaqirsalar, yana borishi”, “g‘alaba yaqin”ligi va “qora kuchlarni mag‘lub qilish kerak”ligidan bahs etdi. Boshqa ko‘ngillilardan bunaqa gaplar chiqmagan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Bagautdinov batalyonlarga qo‘shilmasdan oddiy ko‘ngilli bo‘lib ketgan, ammo jang qilmagan – oshpaz bo‘lgan ekan.

U rasmiylar va’da qilgan oylik va ta’minotni ololmagan sobiq ko‘ngillilarning barcha shikoyatlarini “Ukrainada tinchlik yo‘q”ligi bilan izohladi:

– Tinchlik, osoyishtalik yo‘q. Biz shuning uchun bordik – aholiga yordam beramiz, tinchlikka qarshi bo‘lgan yomonlarning jazosini beramiz deb. Xudo xohlasa, hammasi iziga tushadi tez orada.

Biroq u “Rossiya bostirib kirgunicha Ukraina notinch edimi?” degan savolga javob berishga qiynaldi.

Boris esa Bagautdinovga shunchaki omad kulib boqqanini aytadi. “Yoshi katta ekan, jangovar tajribasi bor-yo‘qligi ham noma’lum. Bunaqalarni oldingi marraga jo‘natishmaydi, xo‘jalik ishlarida ishlatishadi”, deydi u.

QONUNDAN UMIDVORLIK

“Idel.Realii” suhbatdoshlaridan biri – Viktor yana Ukrainaga ketmoqchi: bu gal “Alga” batalyoni safida.

– Hozir yangi polklar tuzilyapti... Aftidan, biz kabi ko‘ngillilar kerak emas ularga. Shu bois Ramzan Qodirovga o‘xshab, o‘zlari batalyon tuzib, kiyintirib-qurollantirib, urushga yo‘llashyapti. Men yana ketmoqchiman, “Alga” batalyoniga kirishni maslahat berishyapti. Hademay tibbiy komissiyadan o‘taman, bu batalyon askarlarini bizga o‘xshab uch kun emas, bir oy tayyorlasharkan, urushda ham uch oydan ortiq bo‘lishmas ekan. Ko‘pchilik pul uchun emas, vatan uchun boryapti. Munosabat ham shunga yarasha bo‘lishi kerak... Ahvol o‘zgarsa kerak. Harbiylarni ayblamayman. Hamma charchagan. Bu Checheniston yoki Afg‘oniston emas, ancha jiddiy urush... – deydi Viktor.

Viktor, boshqalardan farqli o‘laroq, bu anglashilmovchiliklar qandaydir bir tarzda barham topishidan umidvor edi.

– Oldingi marrada sutkalab qolib ketdik, artilleriya o‘t-oloviga o‘zimizni tutib berdik, shunga qaramay ko‘ngillilarga yolchitib haq to‘lashmadi. Boshida bizga front orti ishlarini bajarishimizni aytishgandi, ammo Ukrainaga borganimizda “ta’minot bo‘linmalariga o‘tishni xayolingizga ham keltirmang”, deyishdi. Voyenkomatlarning o‘zi ham bilmagan bunday bo‘lishini. Umid qilamanki, veteranlarga doir qonunni o‘zgartirishadi va unda “ko‘ngilli” degan tushuncha paydo bo‘ladi, – deya so‘zini tugatadi Viktor.

XS
SM
MD
LG