Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:42

“Bu kambag‘allikdan chiqarish emas” - kreditga qoramol olganlar qarzga botmoqda


Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi 23 yoshli Abdullajon Mamadalievning Ozodlikka aytishicha, har biri bozor narxida 7 million so‘m turadigan ikkita qoramol uchun “Agrobank” tuman bo‘limida 31 million 600 ming so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilgan.  
Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi 23 yoshli Abdullajon Mamadalievning Ozodlikka aytishicha, har biri bozor narxida 7 million so‘m turadigan ikkita qoramol uchun “Agrobank” tuman bo‘limida 31 million 600 ming so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilgan.  

O‘zbekistonda “temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga shu kunlarda imtiyozli kredit hisobidan sigir, qo‘y, echki, quyon va tovuq berilmoqda.

Hukumat ijtimoiy himoya sifatida taqdim etayotgan ushbu dastur bo‘yicha chorva ba’zi viloyatlarda bozor narxidan ikki barobar yuqori narxda rasmiylashtirilmoqda. Oqibatda kambag‘al oilalar qarz botqog‘iga botayotgani aytiladi.

Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi 23 yoshli Abdullajon Mamadaliyev har biri bozor narxida 7 million so‘m turadigan ikkita qoramol uchun “Agrobank” tuman bo‘limida 31 million 600 ming so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilganini aytadi.

“Bozorga olib chiqsangiz, 7 million so‘mga ham olmaydi. Shuni menga ikki baravar yuqori narxda rasmiylashtirishdi. Buning ustiga, uch yilga 14 foizdan ustiga to‘lab borishim kerak. Men majbur bo‘ldim olishga, chunki oilada ahvol og‘ir. Dadam 2011 - yilda o‘tib ketgan. Onam uch marta operatsiya bo‘lgan, nogiron. Uch farzandmiz, hammamiz ishsiz. “Temir daftar”da bo‘lganimiz uchun bizga shu ikkita qoramolni berishdi, 31 million 600 ming so‘m yana qo‘shimcha 14 foiz qo‘shimchasi bilan qarzga botdik. Bizning ahvolimizda mol beraman, desa xohlagan shartga ko‘narkansiz”, - deydi Mamadaliyev.

Кредитга мол - камбағални жарликка улоқтиришми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:03 0:00

Ayni tumanda yashovchi 22 yoshli Salimjon Soibjonov ham “Agrobank” krediti hisobiga 10ta qo‘yni bozor narxidan ikki barobar yuqori narxda olishga majbur bo‘lganini aytadi.

“Ikki kun bo‘ldi olganimga. Har bir qo‘yni donasini 2 million 800 mingdan hisoblashdi. Bozorda unaqa qo‘yni 1 millionga ham olmayapti. Bankga borganda imzo qo‘y, dedi, qo‘ydim. Kelib hisoblab chiqsam 28 million uch yilda 14 foizlik har yillik ustamasi bilan 40 millionga tushar ekan menga. Menga qolayotgani 10ta arriq qo‘y?, - deydi Soibjonov.

Кредитга қўй олган Салимжон Соибжонов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:44 0:00

“Molni kilosini 40 ming so‘mdan, qo‘ynikini 45 mingdan beryapmiz

Namanganlik ta’minotchi fermer Elbek Rahimov so‘nggi ikki oy ichida uch yuzdan ortiq fuqaroga ikki mingdan ortiq qo‘y, ikki yuzdan ziyod mol tarqatgan.

“Molni tirik vazndagi kilosini 40 ming so‘mdan, qo‘ynikini 45 ming so‘mdan qilib beryapmiz. Bozor qanaqa narx, bilmayman. Men shu narxda beraman, deb hokimiyatga tilxat ham berganman. Bozorda arzon bo‘lishi mumkin. Chunki bozordagilar QQS solig‘i to‘lamaydi, men to‘layman. Buning ustiga kreditga bo‘lgani uchun qjmmat bo‘lyapti. Mana mol, mana qo‘y, tayyor kredit, ol, boq deyapti, yaxshiku bu. Lekin bizga zarariga bo‘lyapti. So‘nggi o‘n kunda 100ta qo‘y, 20 mol olishdi, “Mikrokredit”, “Agrobank”dan hali pul kelgani yo‘q. Bu taraflari ham bor-da”, - deydi ta’minotchi fermer.

So‘nggi bir oy ichida Namanganning Chust tumanida “temir daftar”ga kiritilgan o‘nlab oilalarga kreditga chorva hayvonlari berilgan.

Chust tumani hokimligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylaridan biri bundan maqsad kam ta’minlangan aholini pandemiya davrida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ekanini ta’kidlaydi.

“Prezidentimizning 6038-sonli farmoni chiqqan, shu bo‘yicha “temir daftar”ga kirgan oilalarga imtiyozli kreditlar asosida mol, qo‘y berilyapti. Xohlasa oladi, xohlamasa olmaydi. Qancha narxda berilayotganini bilmayman, bu ma’lumotni banklardan olasiz, odamlar xohlayaptiki olishyapti”, - deydi hokimlik rasmiysi.

Ammo kreditga berilayotgan chorva hayvonlari nega bozor narxidan qimmatga tushyapti?

Hokimlik rasmiysi buni banklardan so‘rash kerakligini aytdi. Ammo bu borada banklardan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Bundan oldin Buxoro, Jizzax, Andijon viloyatlarida ham kam daromadli oilalar qo‘y, quyon, tovuqqa kredit olib, qarzga botganliklari haqida Ozodlikka xabarlar kelgan.

Qashqadaryoda esa kam ta’minlanganlarga qo‘y sotgan ta’minotchi bank pulini to‘lamagani haqida arz qilgandi.

“Prezident nazoratiga olsin!”

Namanganlik bloger Dostonbek Mamajonov hokimlik va bankda o‘tirganlar kambag‘allarning vaziyatidan foydalanib pul qilishayotgan bo‘lishlarini nazardan qochirmaydi.

“Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi deyishadiku. Bular mana 32 million so‘mlik imtiyozli kreditga ikkita mol yo 10ta qo‘y deyapti. Ilojsiz odamlar nima qilyapti, kreditni to‘lashni ham o‘ylamay, ikki baravarga bo‘lsa ham borib olyapti. Nima bo‘lsa bo‘ldi, qamasa qamar, deb olyapti Lekin olganidan keyin tushunib qolyapti. Bu kambag‘alni qashshoqlikdan qutqarish emas, uni jarga uloqtirish bo‘lyapti, ularni ahvolidan foydalanib, hokimlikda o‘tirgan, bankda o‘tirgan ba’zilar pul qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun men muhtaram prezidentimiz kreditga chorva berish ishlarini o‘z nazoratiga olishlarini so‘rayman”, - deydi Dostonbek Mamajonov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 - yil 30 - iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6038-son Farmoniga muvofiq kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti to‘rt yil avval ham kam ta’minlangan oilalarning turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida chorva, parrandachilik bilan shug‘ullanishni tavsiya etgan edi.

“100 ta tovuq eng kamida kuniga 50 ta tuxum beradi. 10 tasini o‘zi yeb, har kuni 40 tadan tuxum sotsa, kam ta’minlangan oila bo‘lmaydi. Bu ertangi iqtisodiyotimizning barqarorligi", deb aytgandi Shavkat Mirziyoyev 2017 - yil Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida.

Shundan so‘ng qator viloyatlarda kredit evaziga oilalarga tovuq, jo‘jalar tarqatildi.

Ammo Mirziyoyevning tovuqboqarlik tashabbusi odamlarni qashshoqlikdan qutqara olmadi. Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan chorvadorlar katta qarzga botganliklarini aytishgan.

Mirziyoyevning tovuqdan keladigan daromad haqidagi gaplaridan ruhlanib yuzta tovuq boqishga qiziqib ko‘rgan andijonlik ismi ochiqlanishini istamagan fermerning aytishicha, odamlarga berilayotgan tovuqlarning aksariyati yo kasalmand, yo tuxumdan qolgan. Aholi esa daromad topaman, deb kamomadga kirib qolganini aytadi.

“Sababi tovuqlarni olayotganda tanlash imkoni berilmadi, oshig‘ich narxda baholab, mablag‘ni ta’minotchiga o‘tkaziishdi, ular qanday tovuq berishsa shuni boqishga majbur bo‘ldik. Oqibati nima bo‘ldi, 50 ta tovug‘im o‘lib qoldi. Qolgan tovuqlarni qaytarib berdim. Bir so‘m daromad olganim yo‘q, davlatdan olgan 8 million qarzni hozir ham to‘lab o‘tiribman”, - deydi fermer.

Boshqa xo‘jaliklarda ham kreditga berilgan tovuqlar o‘la boshlagach banklar 2017 - yil oxiriga kelib tovuqchilik uchun kredit berishni bir muddat to‘xtatib qo‘ygandi.

Aholining kreditlardan qarzdorligi borasida aniq raqamlar yo‘q, ammo mutaxassislarga ko‘ra, aholining to‘lov qurbi pastligi bois imtiyozli kreditlar tijoriy banklar uchun jiddiy muammoga aylangan. Joylarda kreditlarni qaytarish uchun bank xodimlari bilan birga byudjet tashkilotlari xodimlari ham safarbar etilgani haqida xabarlar olingan.

XS
SM
MD
LG