Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 11:15

"Bu endi postsovet hududi emas". Amerikalik ekspert "AQSH-Markaziy Osiyo" sammiti haqida


Prezident Jo Bayden Markaziy Osiyo yetakchilari bilan "C5+1" formatida birinchi marta uchrashadi.
Prezident Jo Bayden Markaziy Osiyo yetakchilari bilan "C5+1" formatida birinchi marta uchrashadi.

Markaziy Osiyo “Yevroosiyo superkontinenti yuragi” sanaladi va Vashington uchun mazkur mintaqa bilan munosabatlarni tubdan yangi strategiya asosida qurish vaqti keldi, deydi amerikalik tadqiqotchi Jennifer Brik Murtazashvili. U AQSHning Pittsburg universitetidagi Boshqaruv va bozorlar markazi direktori va uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoni o‘rganib keladi. Prezident Jo Bayden mintaqadagi besh davlat rahbari bilan uchrashmoqda. Ekspert Qo‘shma Shtatlar mintaqa bilan aloqalarni chuqurlashtiradimi yoki yo‘q va bu nimani anglatishi mumkin; inson huquqlari va ikkilamchi sanksiyalar masalalari ko‘tariladimi kabi savollarga javob beradi. Shuningdek, u mintaqadagi birorta ham davlat Rossiyaning Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonishini istamasligi sababini tushuntiradi.

“AQSH – MARKAZIY OSIYO” YIG‘ILISHI KIMGA VA NEGA KERAK?

Ozodlik: C5+1 sammiti AQSH prezidenti va Markaziy Osiyoning barcha besh davlati rahbarlarining ilk uchrashuvi bo‘ladi. C5+1 formatining o‘zi yangilik emas, deyarli 10 yildan beri Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi ushbu format doirasida uchrashib keladi. Nega bu safar mazkur uchrashuv prezidentlar darajasida o‘tkazilmoqda?

Jennifer Brik Murtazashvili: Qo‘shma Shtatlar, nihoyat, Markaziy Osiyo bo‘yicha jiddiy strategiyaga muhtojligini tushundi. Ilgari siyosat asosan Afg‘oniston yoki boshqa muammolar nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilar edi. AQSH strategiyasi go‘yo Afg‘oniston strategiyasiga shunchaki qo‘shimcha bo‘lib, Markaziy Osiyoga qaratilmagandek edi.

Ukrainadagi urush bu mintaqaning naqadar muhimligini ko‘rsatdi. AQSH oxirgi ikki yil ichida duch kelgan ikkita eng muhim tashqi siyosat muammosi (Afg‘oniston va Ukrainadagi urush) haqida gap ketganda, Markaziy Osiyo ikkalasining markazida ekanini unutmaslik kerak.

Amerikalik tadqiqotchi Jennifer Brik Murtazashvili.
Amerikalik tadqiqotchi Jennifer Brik Murtazashvili.

Ozodlik: May oyida Xitoy rahbari Si Szinpin “Xitoy-Markaziy Osiyo” birinchi sammitida Markaziy Osiyo davlatlarining besh yetakchisini qabul qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022-yil oktabrь oyida Ostona shahrida tarixda birinchi bo‘lib o‘tgan “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammiti doirasida besh davlat rahbari bilan uchrashgan edi. “AQSH-Markaziy Osiyo” sammitining o‘tayotgan vaqti va geosiyosiy konteksti haqida nima deya olasiz?

Jennifer Brik Murtazashvili: Hozir mintaqada haqiqatan ham qiziq davr, chunki biz ko‘p qutbli tizimdamiz. Demak, mintaqaviy kuchlar ko‘proq ta’sirga ega. Afg‘onistondagi urush paytida Markaziy Osiyoga ko‘pchilik AQSH-Rossiya raqobati prizmasidan qaragan edi. Endi biz Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi raqobat prizmasidan Markaziy Osiyo haqida gapiryapmiz. Bu davlatlar doimo mintaqadagi muloqot ishtirokchilari bo‘lib qoladi.

Ammo muhokamalarda Xitoy va Rossiya hukmronligiga juda ko‘p e’tibor qaratilmoqda. Mintaqadagi davlatlar tashqi siyosatda o‘z yo‘llarini tanlashga qodir ekanini tushunishimiz kerak. Bu shuni anglatadiki, ular AQSH, alohida Yevropa davlatlari yoki umuman Yevropa Ittifoqiga katta kuchlarni muvozanatlash uchun yoki ularning manfaatlariga mos kelganda yuzlanishlari mumkin.

Rossiya va Xitoy rahbarlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan uchrashdi. Qo‘shma Shtatlar buni biroz kechikib bo‘lsa ham amalga oshirayotgani yaxshi, lekin bundan ham muhimi, nafaqat mintaqaviy, balki ikki tomonlama uchrashuvlar ham barqaror asosda o‘tkazilishida. Agar AQSH yetakchilaridan biri Markaziy Osiyoga tashrif buyursa, shunday bo‘ladi, ammo unday hozircha bo‘lmadi.

Ozodlik: Ayrim ekspertlar fikricha, sammitdan maqsad Rossiya va Xitoyga ma’lum signallar berish. AQSHning ushbu sammitdan asosiy manfaati nima?

Jennifer Brik Murtazashvili: Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi o‘yinchi ekanligini, uning roli muhimligini ko‘rsatish. Lekin u ham taqlidga o‘xshaydi: Putin, Si Szinpin, endi esa AQSH. Albatta, signallar bo‘ladi. Ammo signal ishonarli bo‘lishi uchun unga amal qilish kerak. Ushbu harakatlarning aksariyati ikki tomonlama asosda bo‘ladi, chunki [mintaqada] ko‘p tomonlama tashkilotlar mavjud emas.

O‘tgan yil oktabrida Ostonada bo‘lib o‘tgan “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammitida [Tojikiston prezidenti Emomali] Rahmon Putindan qattiq ranjiganini ko‘rsatgan edi. G‘arbda ba’zilar Rahmon Rossiya haqida yomon gapiryapti, deb o‘ylashdi. Lekin unday emas, u «C5+1» formatini masxara qildi, hozir bu format hammada bor: AQSH, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya. Rahmon: “Yetar. Biz bilan ikki tomonlama munosabatlar asosida gaplashing. Birga bir" dedi. U Putinga bizni shaxs sifatida ko‘ring, bizga guruh sifatida qarash kerak emas, demoqchi edi.

Shunday ekan, AQSH barcha yetakchilar bilan uchrashgani yaxshi, ammo ikki tomonlama jiddiy choralar ko‘rilishi kerak. Gap Markaziy Osiyo Rossiyani yoki Xitoyni yoqtirmasligida emas. U biror davlatga qaram bo‘lishni xohlamaydi. Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmaganda, variantlar kerak bo‘ladi. Qancha ko‘p variant bo‘lsa, shuncha yaxshi. Qo‘shma Shtatlar bunda yordam berishi mumkin.

“Қандай ҳукуматга эга бўлиш-ўзбек халқининг иши”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:47 0:00

Ozodlik: Markaziy Osiyo davlatlari bu sammitdan qanday manfaatdor?

Jennifer Brik Murtazashvili: O‘ylashimcha, bu yerda Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlari – o‘tgan hafta (Dushanbeda) bo‘lib o‘tgan maslahat uchrashuvida ham ayon bo‘ldi – iqtisodiy integratsiya bilan bog‘liq.

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyalashsa, hatto savdo yoki xavfsizlik masalalarida ham samaraliroq bo‘lishlarini tushunib turishibdi. [Dushanbeda] o‘tgan maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mintaqada savdo va ta’minot zanjirlari to‘g‘ri ishlashini ta’minlash qanchalik murakkabligi haqida gapirgani juda qiziq bo‘ldi. Yig‘ilishda hozir bo‘lgan Ozarbayjon Prezidenti tomonidan ham xuddi shunday savollar ko‘tarildi.

Agar Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy hamkorlikdagi to‘siqlarni bartaraf eta olsa, bu ularning xalqaro miqyosdagi umumiy ta’sirini kuchaytiradi. Ular hech bir davlat asosiy o‘yinchiga aylanmasligini tushunishadi, lekin birgalikda ular ko‘proq ta’sirga ega bo‘lishlari mumkin. O‘ylaymanki, Qo‘shma Shtatlar aqlli ish tutsa, mintaqa davlatlari bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qiladi.

MARKAZIY OSIYODA IQTISODIY INTEGRATSIYA IMKONIYATI BORMI VA AQSH BUNDA QANDAY ROL O‘YNASHI MUMKIN?

Ozodlik: Sizningcha, Qo‘shma Shtatlar mintaqa integratsiyasiga yordam bera oladimi?

Jennifer Brik Murtazashvili: AQSH qo‘llab-quvvatlashi, resurs bilan ta’minlashi mumkin edi. Bu ko‘p tomonlama tashkilotga ega bo‘lmagan dunyodagi kam sonli mintaqalardan biridir. Ajablanarlisi shundaki, Markaziy Osiyoda hatto nufuzli iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ham mavjud emas. Shuning uchun, ehtimol, Qo‘shma Shtatlar yordam berar, ammo bu uning tashabbusiga o‘xshab qolmasligi kerak. Bu mintaqa davlatlarining o‘z sa’y-harakati bo‘lishi kerak. Menimcha, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu masalada yetakchilar o‘zaro manfaatdor ekani ko‘rindi.

Ozodlik: Biroq mintaqada hamkorlikda muammolar bor. Ayrim davlatlar munosabati tarang. O‘tgan yozda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo sammitida ikki davlat Turkmaniston va Tojikiston qo‘shma deklaratsiyani imzolamagan edi.

Jennifer Brik Murtazashvili: Turkmaniston hech narsaga imzo chekmaydi. Rossiya Tojikistonga bosim o‘tkazmoqda. Mamlakatlar turli manfaatlarga ega. [Ko‘p tomonlama tashkilot] yaratish qiyin bo‘ladi. Yevropa Ittifoqidagi kabi to‘liq iqtisodiy integratsiya yoki umumiy bozor bo‘lmaydi. Ammo bu yerda qandaydir imkoniyat, qandaydir institut bo‘lishi kerak, unda mamlakatlar bojxona va ikki tomonlama asosda yuzaga keladigan boshqa masalalar haqida gaplashishi mumkin. Lekin, ayni paytda, ta’minot zanjirida o‘ziga xos jihatlar borki, bu ko‘p tomonlama munosabatlarni murakkablashtiradi.

Ozodlik: Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Markaziy Osiyo orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishidan jiddiy xavotirda. O‘tgan yozda Vashington bir o‘zbek shirkatiga sanksiyalarni chetlab o‘tishdagi roli uchun, joriy yil yozida esa xuddi shu sababga ko‘ra qirg‘iz shirkatlariga qarshi ikkinchi darajali sanksiyalar kiritgan edi. Bu mavzu kun tartibiga kiritiladimi? AQSHdan ogohlantirishlar yoki signallar bo‘ladimi?

Jennifer Brik Murtazashvili: Bu mavzu kun tartibida bo‘lishiga ishonchim komil. Muhokama ochiq yoki yopiq tarzda o‘tadimi, bu boshqa masala. Bu muhim mavzu va Markaziy Osiyoni juda og‘ir ahvolga solib qo‘ymoqda. Bir tomondan, Qozog‘iston kabi davlatlar urushdan unchalik xursand emas va u tufayli o‘zini juda zaif his qilmoqda. Boz ustiga, sanksiyalar haqiqiy zarar keltiradi va ularning iqtisodiy imkoniyatlariga tahdid soladi.

Sanksiya masalasi Markaziy Osiyo uchun juda og‘riqli, chunki Afg‘oniston janubdan, Eron janubi-g‘arbdan, hozir esa Rossiya shimoldan sanksiyalar ostida qolgan. Bundan tashqari, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ham yomonlashgan. O‘rta Osiyoda dengizga chiqish imkoni yo‘q ekan, savdo qilish uchun qo‘shnilar kerak. Aholi kambag‘al, iqtisodiy o‘sish kerak. Atrofingizdagi barcha davlatlar Amerika sanksiyalariga duchor bo‘lganda, iqtisodiy omon qolish uchun nima qilish kerak?

Menimcha, Markaziy Osiyo davlatlari sanksiyalarga rioya qilishni istaydi, lekin ular juda og‘ir iqtisodiy sharoitda hozir. Mintaqadagi hech bir davlat Rossiyaning Ukrainada muvaffaqiyat qozonishini, bu urushda g‘alaba qozonishini istamaydi, lekin iqtisodiy jihatdan ular juda katta zarar ko‘ryapti.

DEMOKRATIYA VA INSON HUQUQLARI YOKI XAVFSIZLIK MASALASI?

Ozodlik: Mutaxassislar fikricha, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo respublikalaridan inson huquqlari va asosiy erkinliklar sohasida ma’lum kafolatlar olishga intilishi kerak, chunki bu soha barcha beshta davlatda abgor ahvolda. Prezident Bayden buni ko‘taradimi?

Jennifer Brik Murtazashvili: Inson huquqlariga ustuvorlik beradigan tashqi siyosat muammosi shundaki, xavfsizlik masalalari doimo ustunlik qiladi. Men buni USAIDda va Amerika hukumatida demokratiyani rivojlantirish uchun ishlagan odam sifatida aytaman. 20 yil oldin men O‘zbekistonda ishlaganman, inson huquqlari haqida gapirganman, hukumat bilan demokratiya masalalarida ishlaganman, keyin esa AQSH O‘zbekistonda harbiy baza tashkil qildi.

Inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmadi, balki hatto yomonlashdi. AQSH xavfsizlik masalalarini har doim hamma narsadan ustun qo‘ysa ham, ayni paytda inson huquqlari haqida gapirishda davom etadi. Menimcha, bu mintaqa davlatlarini bezovta qilaveradi.

Nazarimda, rahbarlarimiz qadriyatlarga asoslangan tashqi siyosat yuritmoqchi. Ammo reallik bu niyatlar qanchalik kuchliligini sinovdan o‘tkazmoqda. Ko‘pincha demokratiya g‘alaba qozonmaydi. Albatta, Bayden bu masalalarni ko‘tarishini kutamiz. Albatta, u bularni eslaydi. Bunday uchrashuvlarda doim shunday bo‘lgan, lekin bu muloqotning asosiy mavzusi emas.

Ozodlik: Markaziy Osiyo xavfsizlik muammolari, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va qurg‘oqchilikka duch kelmoqda. AQSH mintaqaga yordam berishdan manfaatdormi?

Jennifer Brik Murtazashvili: Agar Qo‘shma Shtatlar ijodiy yondashsa va Markaziy Osiyo eng ko‘p yordamga muhtoj sohalarda hamkorlik qilsa, unda imkoniyat bor. Mintaqa uchun juda muhim bo‘lgan ta’lim, fan-texnika, ekologiya sohalarida o‘zaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud.

ROSSIYA «ZAIFLASHYAPTI», XITOY «KUCHAYMOQDA», G‘ARB SIYOSATI QANDAY BO‘LISH KERAK?

Ozodlik: Mutaxassislar aytishicha, ayni paytda Ukrainadagi urush tufayli Rossiya Markaziy Osiyo ustidan nazoratni qo‘ldan chiqarmoqda, Xitoyning mintaqaviy ambitsiyalari esa o‘smoqda. Rossiyaning Markaziy Osiyodagi mavqei zaiflashyaptimi? Xitoyning ta’siri haqiqatan ham kuchaymoqdami?

Jennifer Brik Murtazashvili: Ha, rivojlanish trayektoriyasiga nazar tashlasangiz, so‘nggi 20 yil ichida aynan shunday bo‘ldi degan bo‘lardim. Bu nafaqat Ukrainadagi urush, balki mintaqadagi iqtisodiy dinamika bilan ham bog‘liq. Xitoy ta’siri kuchaymoqda. U tashqi dunyoga ko‘proq yo‘nalgan. O‘n yil avval Xitoy Markaziy Osiyoda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ilgari surgan edi.

Lekin Xitoy iqtisodiy manfaatlarni hamma narsadan ustun qo‘ysa ham, Markaziy Osiyoga xavfsizlik va chegaralar nuqtai nazaridan qaraydi. Shu ma’noda Xitoy AQSH yoki Rossiyadan unchalik farq qilmaydi. Lekin u, albatta, mintaqaga katta miqdorda sarmoya kiritgan, ayniqsa, iqtisodiy yo‘laklar va transport yo‘nalishlariga.

[Rossiya] ta’siri pasaymoqda. Bu asta-sekin bo‘ladi. Rossiya til va migratsiya tufayli uzoq vaqt davomida ta’lim, madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohasida Xitoyga qaraganda kattaroq ta’sirga ega bo‘ladi: Rossiyada Markaziy Osiyodan juda ko‘p muhojir ishlaydi.

Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo davlatlari o‘zini Rossiya oldida juda zaif his qildi. Tojikiston juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak edi – u Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shildi, Rossiyaga katta imtiyozlar berdi, chunki u mehnat muhojirlari yuborgan pulga juda qaram edi.

Hozir esa Rossiya juda qiyin ahvolda. U urushda qatnashgan yoki halok bo‘lgan ko‘plab erkaklarini yo‘qotdi. Bu Markaziy Osiyolik muhojirlarni Rossiya uchun yanada kerakli qilib qo‘yadi va mintaqadagi ayrim davlatlar Rossiya tahdidlari oldida o‘zini bardamroq his qilishi mumkin.

Ozodlik: Agar Rossiya zaiflashib, Xitoy ta’siri kuchayib borayotgan bo‘lsa, yangi sharoitda G‘arbning pozitsiyasi qanday bo‘ladi?

Jennifer Brik Murtazashvili: Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyodagi xavfsizlik haqida ko‘p gapira olmaydi. Ular Afg‘onistonni tark etgandan keyin bu haqda gapirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi. Menimcha, AQSHning mintaqada xavfsizlikni ta’minlash qobiliyatiga unchalik ishonch yo‘q.

Bu nimani anglatadi? Albatta, har bir davlat chegaralar, xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash va shu kabilar haqida gapiradi. AQSH har doim harbiylar bilan ishlagan, ularni o‘qitgan, texnika bilan ta’minlagan va hokazo. Bu ishlar davom etishiga ishonaman. Lekin menimcha, xavfsizlik bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlik davom etmaydi. Bundan tashqari, Xitoy mintaqada Amerika qo‘shinlarining bo‘lishini istamasligini ochiq aytdi. Buni Rossiya ham aniq bildirgan.

Albatta, AQSH Markaziy Osiyoga harbiy xizmatchilarni yubormasin degan talab yo‘q, lekin uning mintaqada xavfsizlikni ta’minlashdagi ishtiroki keskin o‘zgardi: agar ikki yil avval bu yerda Amerika harbiy bazalari bo‘lgan bo‘lsa, hozir yo‘q. Shuning uchun men Qo‘shma Shtatlar xavfsizlik nuqtai nazaridan [hamkorlik] masalasini ko‘taradi deb o‘ylamayman. Ular boshqa sohalarni ko‘rib chiqishlari kerak.

Ozodlik: Ayrim ekspertlar fikricha, Rossiya zaiflashib borayotgan bir paytda AQSH Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini yangilashi kerak. Agar Qo‘shma Shtatlar fursatdan foydalanmasa, bu imkoniyat qo‘ldan boy berilishi mumkin. Mintaqa va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlik chuqurlashishini kutish mumkinmi?

Jennifer Brik Murtazashvili: Menimcha, bo‘lajak uchrashuv shunday bo‘lishini ko‘rsatadi. Yangi strategiya uchun vaqt keldi. Markaziy Osiyoni boricha ko‘rish vaqti keldi. Bu endi postsovet hududi emas. U Yevroosiyo . Men Markaziy Osiyoga postsovet prizmasi orqali qarab kelingan deb o‘ylayman, unga Yevroosiyo superkontinentining yuragi sifatida qaralmadi.

AQSHning mintaqa bo‘yicha strategiyasi nafaqat tor xavfsizlik manfaatlariga, Ukraina yoki Afg‘onistondagi urushga, balki bu kichik davlatlar o‘z kuchlarini yirikroq raqiblar va iqtisodlarga qarshi qanday ishlatishini tushunishga qaratilishi kerak.

Bundan tashqari, AQSH [mintaqadagi] qashshoqlikni katta muammo deb bilishi kerak. Mamlakat rahbarlarini nima tashvishga solmoqda: qashshoqlik muammosini qanday hal qilish kerak? Oxirgi 25 yil davomida yagona echim Rossiyaga mehnat migratsiyasi bo‘ldi. Hozirda iqtisodiy rivojlanish muammolarining boshqa yechimi yo‘q, chunki mintaqa rahbarlari hech qachon iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi strategiyalarni amalga oshirmagan.

Hozir O‘zbekistonda o‘zgarishlarni ko‘ryapmiz. Men Qirg‘iziston yoki Tojikistonga nisbatan juda optimistik emasman, lekin umid qilaman. Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiy dvigatellari iqtisodiy integratsiya va hamkorlik orqali mintaqani ko‘tarib, qashshoqlik muammosini hal qilishiga umid qilaman.

XS
SM
MD
LG