Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:54

Botkendan O‘zbekistonga noqonuniy gaz sotilayotgani to‘g‘risidagi iddao inkor qilindi


Burgandidagi konlardan biri.
Burgandidagi konlardan biri.

Qirg‘izistonning Botken viloyatidan O‘zbekiston va Tojikistonga tabiy gaz noqonuniy sotilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘rgangan ishchi guruh bunday shubhaga asos yo‘q degan qarorga kelgan. Bu haqda 11 - mart kuni Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga Botken viloyat hokimiyati ma’lum qildi.

Rasman bildirilishicha, viloyat hokimiyati vakillari “O‘shGaz” idorasining mutaxassislari bilan birga Qadamjoy tumani Aqtupraq qishlog‘iga borib, O‘zbekiston hududidagi gaz omborlarini ko‘zdan kechirgan. Mazkur omborlarda gaz yoki neft maxsulotlari yo‘qligi aniqlangan.

Rasman bildirilishicha, bu hududda delimitatsiya ishlari to‘la tamomlangan, biroq gaz va neftь obyektlari shu kungacha Qirg‘izistonga o‘tkazib berilmagan, ularni o‘zbek tomoni qo‘riqlab turibdi.

11 - mart kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ham Botken viloyati hududidan O‘zbekiston va Tojikistonga noqonuniy ravishda gaz sotilayotgani to‘g‘risidagi iddaolar haqiqatga zid ekanini bildirgan edi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, shu yilning 1 - martidan boshlab Qirg‘izistondan neft va gaz mahsulotlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlarga sotishga vaqtincha ta’qiq qo‘yilgan.

Qirg‘iziston parlamenti deputati Beyshenali Nurdinov 9 - mart kuni Botken viloyatining Aqtupraq qishlog‘idagi uchta gaz quvuri orqali O‘zbekiston va Tojikistonga tabiy gaz noqonuniy ravishda sotilayotgani haqida gapirgan edi. Unga ko‘ra, mahalliy blogerlarning bu ma’lumotiga viloyat hokimiyati e’tibor qaratmagan.

Deputat bu ma’lumotni olganidan so‘ng o‘zi ham Aqtupraq hududiga borganini va u yerdagi Burgandi massivida gaz burg‘alovchi 278ta stansiya ishlayotganini “o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani”ni iddao qilgan.

Burgandi massivida O‘zbekistonning “Farg‘onaneft” shirkati 1950 - yildan 2011 - yilgacha gaz va neft qazib olar edi. Bu konlarda asosan Rishton tumaniga qarashli Cho‘ng‘ara qishlog‘i aholisi ishlab kelgan.

Burgandi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan hududdir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston uzoq yillar foydalanib kelgan “Shimoliy So‘x” va “Cho‘ng‘ara-G‘alcha” erosti gaz omborlari qo‘shni Qirg‘izistonning Botken viloyati hududida joylashgan.

Qirg‘iziston parlamenti 2011 - yil 13 - mayda bu ikki gaz omborini Qirg‘iziston nazoratiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Biroq shu kungacha bu qaror ijrosi ta’minlangan emas.

Ma’lumotarga ko‘ra, Botken viloyatida O‘zbekiston Sovetlar zamonidan beri gaz va neft qazib kelgan 1270 gektar yer bor.

Qirg‘iziston hukumatining nuqtai nazaricha, bu yerlarni O‘zbekiston o‘tgan asrning 50-yillarida Moskva ko‘rsatmasi bilan ijaraga olgan.

XS
SM
MD
LG