14-sentabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova lavozimidan iste’fo berishini e’lon qildi.
Bu haqda u parlamentda e’lon qilgani yo‘q, balki o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirdi.
“Yuzaga kelgan vaziyat tufayli Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimidagi o‘z faoliyatimni to‘xtatayotganimni ma’lum qilaman”, deb yozdi Aliya Yunusova Feysbukdagi postida.
Yunusova o‘z faoliyati davomida o‘zi bilan hamkorlik qilgan barchaga, xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev hamda BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzade va uning jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.
Mahalliy huquq faollari va jurnalistlar O‘zbekistonda matbuotga ochiq kam sonli rasmiylardan bo‘lgan Yunusova faoliyati davomida pedofiliya doxil bolalar huquqlariga doir muammolarni hal qilishga astoydil harakat qilganini e’tirof etishadi.
Ozodlik iste’fo tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Aliya Yunusova bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo uning mobil telefoni o‘chirilgani bois javob ololmadi. Ozodlik suhbatlashgan mahalliy faollar ham Bolalar ombudsmanining qo‘l telefoni o‘chirilganini aytishdi.
Ammo ayni paytda Yunusovaning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda hamdardlik va minnatdorchilik izhor qilgan kasbdoshlariga tashakkur izhor qilingan post va izohlarni qoldirmoqda.
“Menimcha, Aliya Tuyg‘unovna bolalar Ombudsmani istiqbolini ko‘ra olmagani uchun ishdan ketdi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda avvalroq Oliy Majlisda o‘tgan yig‘in ishtirokchilaridan biri.
2021-22-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili institutiga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar miqdori 3,5 milliard so‘mdan oshmagan. 2023-yilgi byudjet parametrlarida bu miqdor birdaniga 16,8 milliard so‘mga oshirilgan.
Ammo Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu qo‘shimcha mablag‘lar Bolalar Ombudsmanigacha yetib bormagan. Huquq faollari Ombudsman o‘nlab shtat birliklari, transport vositalariga ega bo‘lgani holda Bolalar ombudsmani Ombudsmanning oddiygina o‘rinbosari bo‘lib qolganini aytishadi.
Aliya Yunusova Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga 2020-yil fevral oyida tasdiqlangan edi. 2005-yildan beri Oliy majlis deputati sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Aliya Yunusova, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, deputatlikka qadar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo‘lim mudiri, undan oldin esa¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada I darajali mutaxassis, bosh mutaxassis bo‘lib ishlagan.
Shov-shuvli tergov va sud jarayonlari
O‘zbekiston Oliy Majlisi Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova o‘z iste’fosi sabablarini izohlagani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda uning ishdan ketishi turli talqinlarga sabab bo‘ldi.
Jurnalist Ilyos Safarovning yozishicha, Aliya Yunusova bolalar ombudsmani sifatida "yaxshi ishlamadi, ishlolmadi".
“Ayni uning davrida bolalar zo‘ravonligi bilan bog‘liq sodir qilingan jirkanch jinoyatlarni hali esdan chiqarganimiz yo‘q. Qolaversa, shu kunlarda endi Andijondan pedofiliya bilan bog‘liq dahshatli xabarlar kelmoqda.
Ammo, shularga qaramay, mavjud og‘ir vaziyatni his qilolgani, mard bo‘lib postni topshirgani uchun Yunusovaning oldida shlyapamni yechishga tayyorman. Qani endi, hech narsani eplolmayotgan bo‘lsa-da, amal kursisini boshqalarga bermay kelayotgan amalparastlar ham undan o‘rnak olsa”, deb yozdi Ilyos Safarov.
O‘zbekiston Parlamentining sobiq deputati Rasul Kusherbayev: “Shaxsan men uchun Aliya Yunusova hurmatga loyiq, bilimli va tajribali inson. Uning o‘z ixtiyori bilan ishdan ketishga majbur bo‘lgani bola huquqlarini ta’minlash sohasida jiddiy muammolar saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi”, deya qayd etdi.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Aliya Yunusova o‘z hamkasblari orasida jonkuyar huquq faollaridan biri edi.
“Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova xorazmlik pedofilllar ishiga nihoyatda jonkuyarlik bilan yondashganidan xabardorman. Bu borada yetimxona qizlarini zo‘rlagan Adliya boshqarmasi boshlig‘i, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbarini javobgarlikka torttirish bo‘yicha Aliya opa ko‘p harakat qildi. Bosh prokuratura, sud rahbarlari bilan munozaraga bordi. Ammo natijaga erisha olmadi” , deydi Abdurahmon Tashanov.
Tashanovga ko‘ra, mazkur ishni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqishi jarayonida shu yilning avgustida qo‘shimcha ayblovlar bilan to‘ldirishni so‘rab, Xorazm viloyati prokuraturasiga bir oylik muddat bilan qayta tergovga qaytardi.
Ammo Xorazm viloyati prokuraturasi pedofillarga nisbatan ayblovlarni o‘zgartirishsiz qoldirgan.
"Jinoyat ishida nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, fohishaxona tashkil qilish alomatlari bo‘lsa-da, sudlanuvchilarning jinoyatlariga ko‘z yumildi.
Alal-oqibat pedofillar ishi yana Toshkent sudiga eski ayblovlar bilan qaytdi. Jamoatchilik orasida shov-shuv bo‘lgan kunlari pedofillarning protsessual tartibda qamoqqa olingani aytilgandi, bu ham yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Shu yilning 19-sentabr kuni ish yana Toshkent sudida ko‘rila boshlaydi va katta ehtimol bilan, pedofillar yana jazolanmay qoladi. Aliya opa bu kabi adolatsizliklardan bezdi, deb o‘ylayman”, deydi Abdurahmon Tashanov.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili idorasining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan xodimiga ko‘ra, Aliya Yunusova shu paytga qadar Bolalar Ombudsmani uchun atigi 2 ta shtat birligi ajratilgani, va’da qilingan kotibiyat, xodimlar, transport va ofis berilmaganini aytdi.
O‘zbekistonda bola huquqlari bo‘yicha yangi institut
Aliya Yunusova tark etgan lavozim O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari borasidagi nisbatan yangi institutlaridan biri. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining 2021-yil 28- oktabrdagi qo‘shma qarori bilan tashkil qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi, bu borada hisobotlar tayyorlaydi.
Parlament qaroriga ko‘ra, Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida institut va uning Kotibiyati xodimlari mehnatiga haq to‘lash fondini moliyalashtirish amalga oshirishi lozim edi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat ko‘rsatish va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qo‘mitasining raisiga tenglashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan binodan Bolalar ombudsmani va uning Kotibiyatiga xonalar ajratilishi ko‘zda tutilgandi, ammo Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu va’dalar bajarilmagan.