Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2023, Тошкент вақти: 05:39

"Bo‘yinturuq ilish yo‘li" – ijtimoiy tarmoqlar Putinning uch tomonlama ittifoq taklifi haqida


Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev. Toshkent, 19-oktabr, 2018.

1-2-dekabr kunlari Samarqandda Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuv doirasida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Bosh vazir Abdulla Aripov va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

Bu Mishustinning 2020-yil yanvarida Rossiya bosh vaziri etib tayinlanganidan buyon O‘zbekistonga birinchi tashrifidir.

Mishustin 28-noyabr kuni Moskvada Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashgan va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni muhokama qilgandi. Ushbu uchrashuv ortidan Toqayev Moskva O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan "uch tomonlama ittifoq" tuzishni taklif qilayotganini aytgan.

Toqayevning bayonotidan bir kun o‘tib, Rossiya va Qozog‘iston prezidentlarining matbuot kotiblari so‘z "gaz ittifoqi" haqida borayotganini aytishdi.

Toqayev taklifni ma’qullagan, ammo qozoq tomoni uni har tomonlama o‘ylab ko‘rish kerakligini bildirgan.

O‘zbekiston hozircha Putinning "gaz ittifoqi" haqidagi taklifiga rasman munosabat bildirgani yo‘q. 30-noyabr kuni prezident Mirziyoyev prezident Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida "istiqbolli hamkorlik loyihalari"ni muhokama qilgani bildirildi.

Samarqanddagi muzokaralar O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasiga aniqlik kiritishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

"Qopqon"

G‘arbning misli ko‘rilmagan sanksiyalariga uchragan Rossiya tomonidan ilgari surilgan ittifoq taklifi o‘zbekistonlik tahlilchilar hamda ijtimoiy tarmoq faollarida keskin e’tirozlarni uyg‘otdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov uni “bo‘yinturuq ilish yo‘li” deb baholadi.
Ekspertga ko‘ra, Moskva to‘rt bosqichli strategiya orqali Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati energetika tarmog‘i jilovini butkul o‘z qo‘liga olmoqchi. Birinchi bosqichda energetika tizimining barcha zanjirlariga rossiyaparast shaxslar joylashtirilsa, keyingi bosqichda tarmoqni modernizatsiyalash shiori ostida Rossiyadan mo‘l-ko‘l kredit olinadi. Uchinchi bosqichda boshqariladigan inqiroz yuzaga keltiriladi. Pirovardida esa, sun’iy bo‘hron orqali energetika tarmog‘i ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

“XXI asrda mamlakatni nazoratga olish uchun qo‘r to‘kib qo‘shin tashlash shart emas. Bosqinchilar mafkurasi bilan parvarishlangan sotqin, ochko‘z va qo‘rqoqlar bilan ham maqsadga erishish mumkin”, deb yozadi O.Bakirov.
Ekspert bu usul allaqachon Qirg‘iziston va Armanistonda sinovdan o‘tganini aytgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham gaz ittifoqi zamirida buyuk davlatchilik maqsadi yotibdi, deb hisoblaydi.

“Ishonchim komil, O‘zbekiston bu ittifoqqa qo‘shilmaydi. Sabablari ko‘p. Birinchidan, O‘zbekiston o‘zining energetik oldi-sotdisini Rossiya bilan muvofiqlashtirsa, energetik va geosiyosiy mustaqilligini tep-tekis joyda qisqartirgan, toraytirgan yoki yo‘qotgan bo‘ladi. Ikkinchidan, ihotalangan Rossiyaga energetik va savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy munosabatlar ustidan monopoliyani saqlab qolishda, o‘z manfaatlarini qurbon qilib bo‘lsa-da yordam bersa, shimoliy imperializmning yashovchanligini uzaytirgan bo‘ladi. Qolaversa, ikkilamchi sanksiyalarga o‘zini ataylab duchor qilgan bo‘ladi”, deb yozadi K.Rabbimov.

Boshqa bir siyosatshunos Hamid Sodiq fikricha, Rossiya va’daga vafosiz hamkorlar sirasiga kiradi.

“Rossiya uchun har qanday shartnoma buzish uchun tuziladi. “Shimoliy oqim-1” va “Shimoliy oqim-2” loyihalarini eslashning o‘zi kifoya”, deya ogohlantiradi u.

Aksar faollar nazdida, Ukraina bosqini ortidan “yakkamoxov”likka mahkum etilgan Rossiya bilan apoq-chapoq bo‘lish boshini kunda qo‘yish bilan barobardir.

“Cening boyliklaringni talon-toroj etayotgan, qo‘shningga tajovuz qilgan, o‘g‘ri-kissavurlarcha muomala ortidan butun dunyo bilan “sen-men”ga borgan davlat bilan qanday ittifoq tuzish mumkin?!” – deya ritorik savol qo‘yadi iqtisodchi Abdulla Abduqodirov.

“Ezvorarkanda bular ham. “Bular” deganiga hadeb mana shunaqa shilqimlik qilaveradigan putinoidlar ham, bu shilqimliklarga chidab, jim turaveradigan jabrdiydastonlar ham tushaveradi. Oxiri zo‘ravonlikka aylanib ketishi mumkin bo‘lgan bunaqangi shilqimliklardan mudofaa qiladigan himoya orderi kerak”, deya tagdor luqma tashladi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

Rusiyzabon jurnalist va bloger Nikita Makarenko esa prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, Kreml taklifini rad etishga undadi.

Buyuk Britaniyada faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov Putinning taklifini qopqondagi pishloqqa muqoyasa etgan. Unga ko‘ra, gaz ittifoqi orqali Moskva Toshkentni harbiy-siyosiy hamkorlikka, pirovardida, o‘z yo‘rig‘iga yurishga majburlamoqchi. Bu borada esa prezident Toqayev dastyorlik qilayotgan bo‘lishi mumkin.

“Yaqingacha Moskvadan uzoqroq bo‘lishga uringan Toqayev nega uch tomonlama ittifoqdan gap ochib qoldi. Menimcha, u Ukrainadagi muqarrar mag‘lubiyatni ortga surish uchun dabdurustdan Rossiyaga harbiy ko‘mak ko‘rsatishga qaror qilgan Pekinning talabi bilan shunday yo‘l tutmoqda”, deb yozadi A.Ilhomov.
Ayni choqda, nomaqbul tashabbus mintaqa birlashuvi g‘oyasiga “janoza o‘qishi” qayd etilgan.

“Shu tariqa mintaqaviy davlatlar Markaziy Osiyo integratsiya aravasini safdan chiqarmoqda. Tole kulmaydigan ko‘rinadi. Bu masalada mustaqil siyosat yuritishga jur’at qila olishmaydi, zotan, o‘ta zaif va kuchsiz ular”, deb taassuf izhor etadi u.

Hozirgi vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun xavotirli ekanini urg‘ulagan jurnalist Ilyos Safarov ham Pekin omiliga e’tibor qaratgan.

“Xitoy ham Markaziy Osiyo davlatlariga bo‘layotgan ushbu bosimlarda zimdan ishtirok etmoqda. Chunki ittifoq ortida uning ham ulkan manfaatlari yashirin bo‘lishi mumkin. Masalan, hozir Rossiya qo‘lga kiritgan energiya resurslarini iqtisodiy cheklovlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilolmayapti. Endi Xitoy unga vositachi rolini bajarishi mumkin”, deb yozadi u.

"Holdan toygan ajdar"

Aksar ijtimoiy tarmoq faollari Rossiya Ukraina urushida holdan toygan hozirgi pallada Toshkent mustaqil siyosat o‘zanini kengaytirishga urinmog‘i lozim degan fikrda.

“Shimoliy imperializmning yashovchanligini qisqartirish uchun qulay paytdan foydalanish kerak. Chunki bugun Rossiyaning ikkinchi front ochishga imkoniyati yo‘q bo‘lsa, kelgusida bunaqa imkoniyat paydo bo‘lishi hech gap emas. Holdan toygan ajdarning boshini yanchish kerak”, deb hisoblaydi Abbos Asad.
“Mustaqil milliy mafkura asosida siyosat olib bormas ekanmiz, biz yoki Shimol, yoki G‘arb, yoki Sharqning quli bo‘lib yashashga majburmiz”, deya fikr bildirdi boshqa bir foydalanuvchi.

Qozog‘istonlik iqtisodchi Aydar Aliboyevning “Nastoyashcheye vremya”ga bergan intervyuda aytishicha, qozoq jamoatchiligi ham Yevropa Ittifoqi “terrorizm homiysi” deb e’lon qilgan mamlakat rahbariyati taklifini ochiq xavotir bilan kutib olgan. Yomonotliq bo‘lgan davlatning pinjiga kirish katta muammolar tug‘dirishini ta’kidlagan mutaxassis rasmiy Ostona va Toshkentni favqulodda donishmandlik bilan ish tutishga da’vat etgan.

Jamoatchilikning tanqidlari ortidan Qozog‘iston tashqi siyosat mahkamasi uch tomonlama gaz ittifoqi borasida hali qaror qabul qilinmagani, Ostona aksilrossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etmasligi haqida bayonot berdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa rasmiylar bu borada munosabat bildirganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG