G‘arb nashrlari ushbu haftada AQSH prezidenti Jo Bayden hamda Markaziy Osiyoning besh mamlakati liderlari o‘rtasida kechajak muzokaralar mavzulariga doir o‘z taxminlarini bayon qilmoqda.
AQSHning xavfsizlik, tashqi siyosat va inson huquqlari muammolarini yorituvchi Joint Security platformasi AQSH prezidenti Jo Bayden bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari bilan bo‘lajak muzokaralarda nimalar muhokama qilinishi mumkinligi haqida yozdi. Oq uy rahbari Markaziy Osiyodagi besh mamlakat liderlari bilan shu hafta Nyu-Yorkda o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi doirasida ilk daf’a uchrashadi.
“Amerika siyosatchilari mintaqaga yana qiziqish bilan qaray boshladiki, bu Rossiya Ukrainaga noqonuniy bostirib kirganidan so‘ng Markaziy Osiyoda Xitoy ta’siriga qarshi turish va mintaqa liderlarining ko‘ngliga yo‘l topishga urinish bo‘lsa ehtimol”, deb hisoblashmoqda maqola mualliflari – Saferworld xalqaro nohukumat tashkiloti katta maslahatchisi Jordan Strit hamda tashkilotning Markaziy Osiyoda xavfsizlik va mintaqaviy mojarolar bo‘yicha maslahatchisi Ilya Jons.
AQSH mintaqaning Xitoy bilan iqtisodiy kelishuvlaridan va Rossiya Markaziy Osiyo orqali sanksiyalarni chetlab o‘tayotganidan tashvishga tushgan. Vashington Ukraina masalasida ko‘proq dastak olish uchun yanada ko‘proq mamlakatlar bilan diplomatik aloqalarni mustahkamlash zarurligini tushunadi. Mualliflar fikricha, sammit chog‘ida muhim mavzularda darhol siljish bo‘lishi ehtimoli kam, biroq uchrashuv uzoq vaqt Vashington tashqi siyosatida ikkinchi darajali bo‘lib qolgan mintaqaga dalda beruvchi ramziy ishora bo‘la oladi.
Strit va Jons “Bayden ma’muriyati Markaziy Osiyo bilan iliq aloqalar qurishga jiddiy kirishgan bo‘lsa, mintaqada faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlamasligi, balki ikki tomon manfaatlarini muvozanatga keltirishga intilmog‘i lozim”ligini urg‘ulaydi. Mualliflarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar sammitda uch ustuvor masalani muhokama qilishi kerak, bular: hududiy yaxlitlik va mintaqaviy hamkorlikka ikki tomonlama qiziqish, fuqarolik jamiyatini qatag‘onlardan himoya qilishning ahamiyati hamda umumiy xavfsizlik sohasida hamkorlikning eng foydali shakllariga e’tibor qaratish zarurligi.
Qo‘shma Shtatlarning mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi ko‘magi sammitda muhokama qilinishi mumkin, biroq, mualliflar fikricha, Vashington bu borada ehtiyot bo‘lishi kerak, zero uning faolligi Rossiya va Xitoy manfaatlari mavjud Markaziy Osiyoda bezovtalik paydo qilishi mumkin.
Strit va Jons Moskvaning tobora tahdidli ritorikasi manzarasida Vashington o‘zini ishonchli hamkor sifatida namoyon etib, mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek iqlim o‘zgarishi, bozorlarga kirish, yangi savdo yo‘nalishlarini ochish, transmilliy infratuzilma loyihalari kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlashi juda muhim, deb hisoblashmoqda.
Ayni paytda AQSH mintaqa mamlakatlari inson huquqlari va erkinliklari sohasida muayyan kafolatlar berishiga erishmog‘i shart. Bu borada mualliflar Vashington fuqarolik jamiyati tashkilotlariga ko‘proq yordam berish, ta’limga hamda yoshlar ishtirokidagi loyihalarga ajratilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish orqali vaziyatni yaxshilashi mumkinligini qayd etishgan.
“Bayden ma’muriyati ushbu sammitga 2022-yil oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va 2023-yil mayda Xitoy rahbari Si Szinpin mintaqa mamlakatlari liderlari bilan o‘tkazgan sammitlarga muqobala qilish uchun o‘ziga xos mashq deb qaraydigan bo‘lsa, adashadi. Bayden ikki tomonlama manfaatli sohalarni topishi, ayni chog‘da harbiy majburiyatlarda Rossiya va Xitoyni ortda qoldirishga urinib o‘zini tuzoqqa tushirmasligi lozim”, deyiladi maqolada.