Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2021, Тошкент вақти: 01:48

Bayden: AQSh hech qachon Qrim anneksiyasini tan olmaydi


AQSh prezidenti Jo Bayden

26 - fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi qo‘llab-quvvatlashda davom etishini va hech qachon Qrim anneksiyasini tan olmasligini aytdi.

Moskva Qrim yarim oroli bosib ola boshlanganiga yetti yil to‘lgani munosabati bilan nutq so‘zlagan Bayden:

«Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning yarimorolni anneksiya qilib olganini tan olmay keladi va hech qachon tan olmaydi. Biz Rossiyaning tajovuzkor harakatlariga qarshi Ukraina bilan birga turamiz. Rossiyani Ukrainadagi aralashuvi va tajovuzkorligi uchun javobgarlikka tortish uchun ish olib borishda davom etamiz», - dedi.

Ukrainaga qarashli Qrim yarimoroli 2014 - yili Rossiya tomonidan anneksiya qilingan edi. Xalqaro hamjamiyat Qrimni Ukraina hududi, deya hisoblaydi. Shuningdek, Moskva Ukraina sharqidagi qurolli to‘qnashuvlarda ayirmachilarni dastaklab keladi. Mazkur mintaqada 2014 - yil aprelidan beri 13 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan.

2009 - yildan 2017 - yilgacha Obama ma’muriyatida vitse-prezident bo‘lib ishlagan Bayden AQSh Ukrainani dastaklay boshlashida muhim rol o‘ynagan edi. Vitse-prezident o‘laroq Bayden mintaqaga kamida besh marta xizmat safari bilgan borgan.

O‘tgan hafta Myunxen xavfsizlik anjumanida Bayden AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini takrorladi. AQSh prezidenti 19 - fevral kuni so‘zlagan nutqi davomida Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti Vashington va Bryussel uchun «muhim ahamiyatga ega» ekanini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Baydenga ushbu bayonoti uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Haqiqiy strategik sheriklik mana shunday bo‘ladi. Ukrainlar #AQSh qo‘llovini yuqori baholaydilar: hududiy yaxlitlikdan tortib, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va islohotlarni amalga oshirishga qadar. Biz birga tik turamiz, bo‘linsak yiqilamiz», - deb yozdi u Twitterda.

Bayden 20 - yanvar kuni hokimiyat tepasiga kelganidan beri hali Zelenskiy bilan yuzma-yuz uchrashgani yo‘q.

Zelenskiy Bayden ma’muriyati bilan yaqin munosabat o‘rnatishga umid qilishini aytgan. Moskva bilan munosabatlarni yaxshilashga intilgan sobiq prezident Donald Tramp hukmronligi davrida AQSh–Ukraina aloqalari tang ahvolga tushib qolgan edi.

2018 - yilda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Tramp Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida hech qachon tan olmasligini aytishdan bosh tortdi. Biroq uning qo‘lida ishlagan davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh yarimorolning qo‘shib olinganini tan olmasligini bir necha bor takrorladi.

25 - fevral kuni Zelenskiy Oksana Markarovani Ukrainaning Vashingtondagi yangi elchisi etib tayinladi. Sobiq moliya vaziri Markarova islohotlar tarafdori bo‘lgani uchun Vashington e’tiboriga sazovor bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG