Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:28

BAA generali Interpol prezidentligiga saylandi


Interpol payshanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan xalqaro huquq-tartibot organining yillik Bosh assambleyasida Birlashgan Arab Amirliklari generalini o‘zining yangi prezidenti etib sayladi.

Birlashgan Arab Amirliklari ichki ishlar vazirligi bosh inspektori va Interpol ijroiya qo‘mitasi a’zosi general-mayor Ahmad Nosir al-Raisi to‘rt yillik muddatga saylandi, deya xabar beradi global politsiya organi. U inson huquqlari guruhlari tomonidan BAAdagi qiynoqlarga aloqadorlikda va bir qancha insonni o‘zboshimchalik bilan hibsga olganlikda ayblangan.

Yana bir bahsli nomzod, Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi xodimi Xu Binchen Interpol ijroiya qo‘mitasiga Osiyodan delegat sifatida saylandi. Xuni Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatlaydi. Eng qizig‘i, Xitoy hukumatining o‘zi ham quvg‘indagi dissidentlarni va o‘z fuqarolarini ta’qib qilish uchun global politsiya organidan foydalanganlikda gumon qilinadi.

Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, al-Raisi uch bosqichda o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra saylangan va oxirgi turda qatnashganlarning 68.9 foiz ovozini olgan.

“Interpolning navbatdagi prezidenti etib saylanganim men uchun sharaf”, deya al-Raisi so‘zlaridan iqtibos keltirgan global politsiya agentligi.

“Interpol hamkorlik asosiga qurilgan ajralmas tashkilotdir. Aynan shu hamkorlik ruhida, birdamlikda, insonlar va butun jamiyat uchun xavfsizroq dunyo yaratish yo‘lida harakat qilishda davom etaman” dedi u.

Interpolning ilk xitoylik prezidenti Meng Xunvey 2018 - yilda Xitoyga qaytish chog‘ida g‘oyib bo‘lganidan beri Interpol prezidentlik saylovi diqqat bilan kuzatiladi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Meng Xunvey poraxo‘rlik va boshqa jinoyatlarda gumon qilinib bir muddat ushlab ham turilgan.

Al-Raisi qiynoqlarda ayblangan va unga qarshi beshta davlatda, jumladan, Interpol shtab-kvartirasi joylashgan Fransiyada va saylovlar o‘tkazilgan Turkiyada jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Uning saylanishi BAAda xursandchilik bilan kutib olindi, ammo ikki britaniyalik bundan g‘azablanganini bildirdi.

"Bu xalqaro adolat va global politsiya uchun qayg‘uli kun", dedi 2018 - yilda josuslikda ayblanib, qariyb yetti oy davomida BAAda qamoqda o‘tirgan britaniyalik doktorant Metyu Hedjs. Hedjsning aytishicha, u qiynoqlarga duchor bo‘lgan va bir necha oy bir kishilik kamerada saqlangan.

2019 - yilgi futbol bo‘yicha Osiyo Kubogida BAA xavfsizlik agentligi tomonidan qiynoqqa solinganini aytgan futbol ishqibozi Ali Issa Ahmad esa shunday dedi: “Al-Raisi nazorati ostida menga bo‘lgan qiynoqlar va haqoratlar uchun, adolat uchun kurashishdan to‘xtamayman. Interpol unga boshqa odamlarni ham haqorat qilishiga yo‘l qo‘ymaydi deb umid qilaman”.

Ularning advokati Rodni Diksonning ta’kidlashicha, uning mijozlari "qiynoqlar va adolat qaror topishi uchun sa’y-harakatlarini yanada kuchaytiradi va general al-Raisi yangi lavozimida qayerga bormasin, mahalliy sudlarda ta’qib qiladi”.

Xedjs BAA prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Al‑Nahayon tomonidan avf etildi, biroq Amirlik rasmiylari hali ham Hedjs Britaniyaning MI6 razvedka agentligi uchun josuslik qilganini ta’kidlamoqda, ammo ularning da’volarini tasdiqlovchi aniq dalillar keltirilmagan. Hedjs, uning oilasi va Britaniya diplomatlari bir necha bor ayblovlarni rad etgan.

Butun dunyodan qonun vakillarini qayta birlashtirgan Xitoy bo‘yicha Parlamentlararo alyans Xu Binchenning Interpol ijroiya qo‘mitasiga saylanishidan xavotir bildirib bu Xitoyga "Interpoldan repressiv siyosati uchun vosita sifatida foydalanishga imkon" berishini taьkidladi. Rasmiy Pekin esa hozircha hech qanday izoh bermagan.

Dubay hozir Expo 2020 jahon yarmarkasi va uning tashkil etilganining 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirga mezbonlik qilmoqda. Mazkur tadbirda Amirlik rasmiylari al-Raisi g‘alabasini nishonladi. Ichki ishlar vaziri Saif bin Zoid al‑Nahayon bu "dunyoning BAAga ishonchini” namoyish etganini aytdi.

Al-Raisi BAA rahbarlarini maqtab, “o‘z yo‘l-yo‘riqlari va tajribalari bilan BAA dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlardan biriga aylandi” dedi. U Interpol texnologiyasini modernizatsiya qilish, ayollarni rag‘batlantirish va iqlim o‘zgarishi va koronavirus pandemiyasi kabi yangi muammolarga e’tibor qaratishga va’da berdi.

“Shuningdek, men kasbimizning asosiy tamoyilini yana bir bor ta’kidlayman – politsiyaning har qanday turdagi suiiste’moli yoki yomon munosabati jirkanch va chidab bo‘lmasdir. Interpol va global huquqni muhofaza qilish organlarining ishonchliligi va obro‘si bizning eng muhim boyligimizdir” degan u o‘z veb‑saytidagi bayonotida..

Bahrayn Huquq va demokratiya instituti faoli Sayid Ahmad Alvadayi al-Raisining saylanishiga to‘xtalib, “avtoritar rejimlar xalqaro politsiyaga ta’sir o‘tkaza oladigan xavfli davrning boshlanishi” haqida ogohlantirdi.

Al-Raisi Meng Xudan keyingi vaqtinchalik prezidentlik qilgan janubiy koreyalik Kim Chen Yan o‘rnini egalladi.

Interpol Bosh kotibi Interpolni boshqarsa‑da, prezident politsiya organi ishini nazorat qilish va uning umumiy yo‘nalishini boshqaradi. Shuningdek, prezident Interpolning umumiy assambleyalari va Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishlariga raislik qiladi. Ma’lumot o‘rnida, Interpolning ayni paytdagi bosh kotibi Germaniyalik Yurgen Stokidir.

XS
SM
MD
LG