Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:10

AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Rus diplomatlari chiqarib yuboriladi


Moskvadagi AQSh elchixonasi - 15 - aprel, 2021
Moskvadagi AQSh elchixonasi - 15 - aprel, 2021

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 15 - aprel kuni Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etdi.

Bayden hozirlagan farmonga muvofiq, AQSh banklariga Rossiya banki, Moliya vazirligi hamda Milliy farovonlik jamg‘armasidan davlat obligatsiyalarini sotib olish taqiqlab qo‘yildi. Bu esa sarmoyachilarni Rossiya obligatsiyalaridan qochishga undashini kutish mumkin.

Bundan tashqari, AQShdan 10 nafar rossiyalik diplomat badarg‘a qilinadigan bo‘ldi. Ulardan ayrimlari Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi hamda AQSh davlat muassasalari va mudofaa korporatsiyalari kompyuter tizimlariga qilingan hujumlarga aloqadorligi aytilmoqda.

Sanksiyalar e’lon qilinishi ortidan Bayden Vashington Moskva bilan barqaror, oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan munosabatda bo‘lishni istashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiyaga qarshi keng qamrovli sanksiyalar orqali «eskalatsiya va mojaro siklini boshlashni» xohlamaydi.

Ayni choqda, Bayden «agar Rossiya demokratiyamizga aralashishda davom etsa, javob berish uchun qo‘shimcha chora ko‘rishga tayyorman» deya ogohlantirdi.

Baydenning aytishicha, u prezident Vladimir Putin bilan suhbat chog‘ida Rossiya AQSh saylovlariga aralashgani va SolarWinds kiberhujumini amalga oshirgani uchun Vashington «mutanosib ravishda» javob berishi haqida ogohlantirgan.

Bayden AQSh Rossiyaning bu harakatlariga javoban yanada kuchliroq chora ko‘rishga qodir ekanini, ammo eskalatsiya oldini olish uchun bunday qilmaganini aytdi.

Moskva darhol sanksiyalarni qoraladi va javob qaytarishi haqida ogohlantirdi.

Yangi sanksiyalar Rossiya Ukraina bilan chegaradosh hududda qo‘shin to‘playotgani hamda muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqqa uloqtirilgani uchun G‘arb va Rossiya o‘rtasida ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Ammo Baydenning aytishicha, AQSh va Rossiya «birgalikda ishlashi mumkin va lozim bo‘lgan» masalalar ham bor. Xususan, prezident ikki mamlakat strategik yadroviy qurollarga oid New START shartnomasini uzaytirishga kelishib olganini bunga misol o‘laroq keltirdi.

Xabarlarga ko‘ra, yozda Bayden va Putin sammit o‘tkazishi mumkin. Sammit ikki mamlakat o‘rtasida qurollarni nazorat qilish va xavfsizlik sohasida hamkorlikni davom ettirish masalasida muzokaralar boshlanishiga yo‘l ochishi mumkin.

«Biz Rossiya va Qo‘shma Shtatlar hamkorligini talab qiladigan muhim global muammolar, shu jumladan, Eron va Shimoliy Koreya tug‘diradigan yadroviy tahdid, global miqyosda tarqalgan pandemiyaga barham berish va insoniyatga tahdid soluvchi iqlim o‘zgarishi kabi muammolarni hal qilishimiz mumkin», - dedi AQSh prezidenti.

Bayden, shuningdek, AQSh Yevropadagi ittifoqchilari va hamkorlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi hamda Rossiya Ukraina chegarasida va bosib olingan Qrimda harbiy to‘playotganidan xavotirda ekanini ta’kidladi.

«Deeskalatsiya vaqti keldi. Mulohazali muloqot va diplomatik jarayonlar orqali oldinga qadam tashlashimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi prezident.

AQSh Davlat kotibi Antoni Blinken ham sanksiyalar haqida alohida bayonot e’lon qildi. Blinken o‘z bayonotida Navalniy taqdiridan xavotir bildirdi.

NATO va Yevropa Ittifoqi AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiya joriy qilish qarorini qo‘lladi.

«AQSh 15 - aprel kuni Rossiyaning beqarorlashtiruvchi faoliyatiga javob choralari haqida e’lon qilgani munosabati bilan shuni ma’lum qilamizki, NATO ittifoqchilari AQShni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatga birdamlik izhor qiladi», deyiladi alyans e’lon qilgan bayonotda.

XS
SM
MD
LG