Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 15:13

Akasi molxonaga qamab qo‘ygani aytilgan namanganlik ayol ruhiy shifoxonaga yotqizildi


Yulduzxon Ziyatovani yaqinlari ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketmoqda - Namangan shahri, 23 -noyabr. 2020

Ijtimoiy tarmoqlarda rezonans uyg‘otgan video qahramoni – molxonaga qamab qo‘yilgan namanganlik ayol 23 - noyabr kuni viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi.

Bu haqda Ozodlikka Namangan shahar Xalq qabulxonasi mulozimi ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1973 - yilda tug‘ilgan ayolni yaqinlari molxonaga ataylab qamab qo‘ymagan - ularning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan.

Voqea yuzasidan Namangan shahar, Davlatobod tuman hokimligi axborot xizmati videosyujet tayyorladi. Rasmiylar Ozodlikka taqdim etilgan videolavhada dastlabki videodagi bir muhim detalga e’tibor berilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy hafta boshida tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan bir daqiqali videoda omborga yoki molxonaga o‘xshagan qurilma ichidan bir ayolning chiqishga urinayotgani aks etgan.

"Molxonaga qamab qo‘yilgan ayol"

Videodagi ayolning tashqariga chiqishga urinayotgani uning harakatlari va yig‘lamsirab chiqarayotgan ovozidan anglashiladi. Ba’zi kanallarda “qamab qo‘yilgan ayol qo‘lida kosa bilan ovqat so‘rayotgani” aytildi.

Ayol tashqari chiqishga urinar yoki ovqat so‘rar ekan, qo‘rquvli ovoz chiqarish bilan cheklanayotganidan, muayyan so‘zni talaffuz qilmayotganidan uning sog‘lom emasligi to‘g‘risida xulosa qilish mumkin.

Videoga ilova qilingan kichik matnda bu voqea Namangan shahar Yuqori Roviston MFY hududida bo‘lgani, “aqli noraso qiz o‘z akasi tomonidan molxonada saqlanayotgani” aytildi.

Tutqun ayolning shaxsi aniqlandi

Ayolning 1973 - yilda tug‘ilgan Yulduzxon Ziyatova ekani 26 - noyabr kuni ma’lum bo‘ldi. Bu ma’lumotni Ozodlik Namangan shahar xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi G‘ofirjon Umurzoqovdan oldi.

Xalq qabulxonasi mulozimi videoda aks etgan voqea shahar hokimi sektoridagi mahallada yuz bergani, video chiqishi bilanoq shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan birgalikda voqea joyiga borib, o‘rganganini bildirdi.

Xalq qabulxonasi mutaxassisi G‘ofirjon Umurzoqovning Ozodlikka aytishicha, II guruh nogironi Yulduzxon Ziyatova akasi Erkinboy Ziyatovning uyida, uning qaramog‘ida yashaydi. Yulduzxonning o‘zini boshqarish imkoniyati cheklangan, ota-onasi vafot etgan, turmush qurmagan. U akasining oilasi bilan birga unga ajratilgan bir xona uyda yashab kelgan.

“O‘rganish jarayonida fuqaro Yulduzxon Ziyatova uyda hech kim bo‘lmagan vaqtda, omborxonaga kirib, u yerdan chiqolmay qolgani, oila a’zolari atayin shu joyga kiritmagani aniqlandi”, - dedi G‘ofirjon Umurzoqov.

Xalq qabulxonasi mutaxassisining Ozodlikka bildirishicha, videoni qo‘shni qiz suratga olib tarqatgani aytilmoqda.

“Yulduzxon Ziyatova 23 - noyabr kuni Namangan viloyat ruxiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi”, - dedi mulozim.

Hokimlik: Akada ayb yo‘q!

Ozodlik voqeani o‘rganayotgan bir paytda Namangan shahar, Davlatobod tuman hokimligi axborot xizmati aynan shu voqea yuzasidan 5 daqiqali videosyujet tayyorlagani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlikka taqdim etilgan videosyujetda axborot xizmati xodimlari Yulduzxon Ziyatova yashayotgan xonadonga borib, xonadon egalari, mahalla faollari bilan gaplashgani aks etgan. Videoda Yulduzxon Ziyatovaning o‘zi ham ko‘rinadi. Akasining aytishicha, Yulduzxon uning oilasi bilan 2017 - yildan buyon yashaydi. 47 ga kirgan singlisi 2017 - yilgacha qayerda va kim bilan yashaganini aka aytmagan.

Erkinboy Ziyatov singlisi Yulduzxon qamalib qolgan o‘tinxonani ko‘rsatadi, uning o‘tinxonadan eshikni ochishga aqli yetmagani uchun chiqa olmay qolganini tushuntiradi.

Videoda Yuqori Roviston MFY raisining Ziyatovlar xonadoni to‘g‘risidagi ijobiy fikrlariga ham o‘rin berilgan.

Davlatobod tuman hokimligi axborot xizmati tayyorlagan syujetda viloyat asab va ruhiy kasalliklar shifoxonasi vrachi (ismi aytilmagan) fikri ham berilgan. Vrachning so‘zlariga qaraganda, Yulduzxon Ziyatova shu paytgacha ruhiy xasta sifatida qaydda turmagan. Vrach 23 - noyabr, soat 19 larda kasalxonaga keltirilgan Ziyatovaning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, uning tug‘ma oligofreniya kasalligining og‘ir shakli bilan og‘rishi aniqlanganini aytadi. Vrachning so‘zlariga ko‘a, bunday bemorlar davlatning ijtimoiy himoyasidagi bemorlar bo‘lib, ularni ruhiy kasalliklar shifoxonasi yoki Muruvvat uylariga joylashtirish maqsadga muvofiqdir.

Davlatobod tuman hokimligi axborot xizmati tayyorlagan syujetdan bir necha savol paydo bo‘ldi:

Mahalla faollarining aytishicha, Yulduzxon Ziyatova yashab kelgan akasining xonadoni o‘ziga to‘q, yaxshi oila. Bas, shunday ekan, Yulduzxonni yana stressga tushirib, kasalxonaga joylashga qanday zarurat bor edi?

Bu savolni berish uchun vrach bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Davlatobod tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Telegram orqali jo‘natilgan savollarga hozircha javob bermadi.

Videosyujetdan tushib qolgan muhim jihat

Yulduzxon Ziyatova qamalib qolgani aks etgan videoni diqqat bilan ko‘rgan kishi uning ortida och jigarrang gulli mato yopilgan narsani ko‘radi. Narsa – ko‘rinishidan qo‘lbola karavotga o‘xshaydi va ayol shu joyda, ya’ni o‘tinxonada yashaydi, deb taxmin qilish mumkin.

Har holda ijtimoiy tarmoqlarda voqeaga o‘z munosabatini bildirganlar aynan shu detalga e’tibor qaratdi. Biroq Davlatobod tuman hokimligi axborot xizmati bu detalni ko‘rmagan yoki ko‘rmaganga olgandek tassurot paydo bo‘ladi. Har holda, keyingi videosyujetda Yulduzxonning akasi videooperatorni olib kirgan o‘tinxonada dastlabki videodagi karavotga o‘xshagan narsa ko‘rinmaydi. Nega yo‘qolib qoldi o‘sha narsa o‘tinxonadan? Ozodlik kun davomida bu savolga javob topa olmadi.

Ruhiy xastalar jamiyatning eng himoyasiz qatlami vakillaridir. Ularning og‘ir taqdiri to‘g‘risida Ozodlik bir necha marta xabar qilgan. 2019 - yilning 30 - aprelida Ozodlik ruhiy xasta bemorni sanitar vrach yerga bosib bo‘g‘ayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan edi. Bu material ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligi xizmat tekshiruvi o‘tkazgan.

Ruhiy xastalar ahvoliga mamlakat prezidenti bundan uch yil muqaddam e’tibor qaratgan, 2017 - yilning 26 - iyunida Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasini borib ko‘rgan prezident shifoxonaning eski binolarini yangilash ishlari, bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan edi.

XS
SM
MD
LG