Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:55

Afg‘oniston elektrdan qarzlarini uzish uchun BMTdan yordam so‘radi. Kobul Toshkentdan salkam $10 mln qarzdor


O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beruvchi muhim ta’minotchi hisoblanadi.
O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beruvchi muhim ta’minotchi hisoblanadi.

Afg‘onistonning DABS energetika shirkati qo‘shni davlatlardan sotib olingan elektr quvvati bo‘yicha qarzdorlikni yopish uchun BMTning Afg‘onistonga ko‘mak ko‘rsatish missiyasi – UNAMAdan 90 million dollar moliyaviy ko‘mak so‘radi.

Bildirilishicha, Afg‘oniston elektr energiyasi uchun Erondan 25 million dollar, Tojikistondan 11,2 million dollar va O‘zbekistondan 9,9 million dollar, Turkmanistondan 5,1 million dollar qarz bo‘lib qolgan.

Avalroq mazkur shirkat qo‘shni davlatlardan qarzdorlik uchun elektr energiyasi ta’minotini uzib qo‘ymaslikni iltimos qilgan edi.

O‘shanda DABS energetika shirkati umumiy qarzdorlik 62 million dollarga yetganini, bu qarzni to‘lab berish uchun Tolibon hukumatida mablag‘ yo‘qligini bildirgandi.

DABS rahbari Safiulloh Ahmadzay matbuotga bergan intervyusida Afg‘oniston qarzni to‘lash niyatida sobit ekanini bildirgan va qo‘shni davlatlardan elektr quvvati yetkazib berishni to‘xtatmaslikni iltimos qilgandi.

Bunga javoban O‘zbekiston va Tojikiston, qarzdorlikka qaramay, qish mavsumida Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmasliklarini ma’lum qilgan.

TASSning xabar berishicha, DABS qarzni to‘lash uchun 90 million dollarlik yordam so‘rab UNAMAga murojaat qilgan.

“ UNAMA yordam berishdan bosh tortsa, elektr energiyasi uchun haq to‘lamagan iste’molchilardan qarzlarni yopishni talab qilamiz”,-deb aytgan TASS manbasi.

Afg‘onistonda Tolibon 15 - avgustda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng gumanitar inqiroz yuzaga kelmoqda.

Afg‘oniston aholisining asosiy qismi to‘yib ovqatlanishdan mahrum bo‘lgan va elektr energiyasi uchun qarzdorlikni to‘lash imkoniyatiga ham ega emas.

Bildirilishicha, Kobulda shu kungacha elektr energiyasidan kamida 600 dollar miqdorida qarz bo‘lib qolgan xonadonlar mavjud. Bu esa Afg‘oniston sharoitida juda katta puldir.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beruvchi muhim ta’minotchi hisoblanadi. 2020 - yil avgust oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik yangi shartnoma imzolangan edi.

Osiyo taraqqiyot banki o‘zining so‘nggi hisobotlaridan birida qayd etilishicha, Afg‘oniston elektr energiyaning 73 foizini import qiladi. Uning 57 foizini O‘zbekiston yetkazib beradi. Elektr energiyasining qolgan 22 foizi Eron, 17 foizi Turkmaniston, 4 foizi Tojikistondan keladi.

2009 - yilda O‘zbekistondan Kobulga 500 kilovolt quvvatga ega elektr uzatish liniyasi ishga tushar ekan, OTB Afg‘oniston poytaxtiga ilk marotaba “turg‘un elektr energiyasi” yetkazib berila boshlaganini ta’kidlagan edi.

O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yuboriladigan Guzar – Surxon elektr liniyasini qurishga taxminan 93 million dollar sarflangan. Bu xarajatlarning bir qismi Islom taraqqiyot banki kreditlari hisobidan qoplangan. Ayni damda O‘zbekiston elektr energiyasi Afg‘oniston uchun juda zarur.

2018 - yilda Surxondaryodan Kobul shimolidagi Puli Xumriga boradigan 500 kilovolt quvvatli elektr uzatish liniyasining 260 kmlik qismini qurish ishlari boshlangan.

Kelishuvga binoan, taxminan 150 million dollarga baholangan loyiha uchun O‘zbekiston 32 million dollar ajratadi, qolgan qismi esa Afg‘oniston OTBdan olingan 110 million dollarlik ssuda bilan qoplaydi.

Surxondaryodan Puli Xumriga elektr liniyasi qurib bitirilgach, O‘zbekistonning Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti qariyb 70 foizga oshishi kutilmoqda. Loyiha yakunlanishiga qancha qolayotgani aniq emas.

Afg‘oniston elektr energiyasi importi uchun qancha to‘layotgani haqida turli taxminlar mavjud. Aksar taxminlarga ko‘ra, mamlakat yiliga 300 million dollar sarflaydi. Bu to‘lovlarning yarmidan ko‘pini O‘zbekiston oladi.

XS
SM
MD
LG