Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:03

Afg‘on generali: "Vagner" guruhi sobiq afg‘on harbiylarini Ukraina urushiga yollamoqda


AQSh kuchlari Afg‘oniston milliy armiyasi qo‘mondonlarini tayyorlamoqda. Kobul, 22-mart, 2011-yil.
AQSh kuchlari Afg‘oniston milliy armiyasi qo‘mondonlarini tayyorlamoqda. Kobul, 22-mart, 2011-yil.

Kreml bilan yaqin aloqaga ega "Vagner" xususiy harbiy shirkati Tolibon kelganidan keyin Eronga qochib o‘tgan afg‘on qo‘mondonlari va boshqa harbiy kuchlarni Ukrainadagi urushga yollamoqda, deya ma’lum qildi sobiq afg‘on harbiy qo‘mondoni.

Bir vaqtlar Afg‘oniston Mudofaa vazirligi mulozimi va 207- Zafar armiya bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan general Abdul Rauf Arg‘andivalning so‘zlariga ko‘ra, 15 ga yaqin sobiq afg‘on qo‘mondonlari allaqachon Vagner guruhiga qo‘shilgan va yana minglab kishilar Eron ko‘magida Ukrainada jang qilish uchun yollanishi mumkin.

“Vagner" birinchi bosqichda 1000 kishini, ikkinchi bosqichda yana 1000 kishini urushga jalb qilish va bu jarayonni bosqichma-bosqich davom ettirishni rejalashtirgan”, dedi Arg‘andival Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

"Yollanganlarning taqdiri, ularning Kiyevga yetib borgan yoki yo‘qligi borasida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q", dedi Arg‘andival.

Rossiyaning ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyin Ukraina janubi va sharqiy qismida front chizig‘ini saqlab qolishga urinishlari Kremlni "Vagner" va chechen qo‘shinlarining yollanma askarlariga tobora ko‘proq tayanishga majbur qildi.

Arg‘andival uning "yuzlab" sobiq askarlari yollanganidan shaxsan xabardor ekanini bildirdi.

Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng, Afg‘oniston armiyasining ko‘plab harbiylari, politsiya zobitlari hamda avvalgi hukumatga sodiq harbiy va razvedka zobitlari Tolibon qasos olishidan qo‘rqib Eron, Pokiston va boshqa mamlakatlarga qochgandi.

AQShning Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha maxsus inspeksiyasi may oyida Tolibon kelishidan oldin ham “yuqori martabali zobitlar va piyoda askarlardan iborat 3000 ga yaqin afg‘on xavfsizlik kuchlari harbiy texnika va mashinalari bilan birga Eron chegarasini kesib o‘tganinini xabar bergan. Tolibon umumiy amnistiya e’lon qilganidan keyin ko‘pchilik Afg‘onistonga qaytgan.

Tolibon hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, Eron afg‘on armiyasida xizmat qilganini isbotlay oladigan afg‘onlarga vaqtinchalik vizalar taklif qilgani xabar qilingan edi.

Avgust oyida Respublikachilar boshchiligidagi AQSh Kongressi o‘tkazgan tekshiruvdan so‘ng, Eronga qochib o‘tgan sobiq afg‘on kuchlari “AQShning harbiy va razvedka taktikasidan xabardorligi, texnikalarini bilishi AQSh uchun xavf tug‘dirishi mumkin” degan xulosaga kelingan.

Arg‘andivalning aytishicha, Eron hukumati mamlakatga kelgan sobiq afg‘on harbiylariga yo Afg‘onistonga qaytish yoki Ukrainada Rossiya uchun jang qilish uchun ultimatum qo‘ygan.

Ozodlik radiosi Arg‘andivalning da’volarini mustaqil ravishda tekshira olmadi.

"Assoshieyted Press" agentligining xabar berishicha, afg‘on maxsus kuchlari a’zolari oyiga 1500 dollar va oila a’zolari uchun xavfsiz boshpana va’dasi bilan yollanmoqda. Nashrning Eronda bo‘lib turgan sobiq afg‘on qo‘mondonidan iqtibos keltirishicha, 400 ga yaqin jangchilar Vagnerga qo‘shilish haqida o‘ylamoqda va bu yanada ortishi ham mumkin.

Sobiq qo‘mondonning aytishicha, ko‘plab afg‘on askarlari Vashington tomonidan tashlab ketilganidan ko‘ngli qolgan hamda o‘zi va Afg‘onistondagi oilasi uchun Rossiya vizasini taklif qilayotgan Vagnerga qo‘shilishi mumkin.

Yuqori malakali va maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan afg‘on jangchilarining Ukrainadagi urushga ta’sir ko‘rsata olishi hozircha bahsli mavzu. Afg‘oniston xavfsizlik xizmatining sobiq yuqori martabali xodimi Foreign Policy nashriga afg‘on jangchilarining Rossiya-Ukraina urushiga kirishi Kreml uchun urush tizginini o‘zgartirishi mumkin, deya fikr bildirdi.

Rossiya Fanlar akademiyasining Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari Sergey Danilov:

"Ular tayyorgarlikdan o‘tgan, ammo hech qanday motivatsiyaga ega emas. Ular biror xavf tug‘diradi deb o‘ylamayman. Ayrimlari Pokiston va Eronga qochgan va endi boshqa joyga ketishadi. Ammo, ular hatto bir necha mingtaga ham bormaydi” deya ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG