Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 10:49

Ukraina urushi va migrantlar. Moskvadagi o‘zbek diasporasi rahbariyati o‘zgardi


O‘zbekiston va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari, ekspertlarga ko‘ra, Rossiyadagi eng huquqsiz qatlam bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari, ekspertlarga ko‘ra, Rossiyadagi eng huquqsiz qatlam bo‘lib qolmoqda.

Moskva shahridagi O‘zbek milliy madaniy avtonomiyasining yangi rahbariyati o‘zbekistonlik migrantlarning muammolari bilan faolroq shug‘ullanishni va’da qilmoqda. O‘zbekiston va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari, ekspertlarga ko‘ra, Rossiyadagi eng huquqsiz qatlam bo‘lib qolmoqda.

Ammo Rossiya poytaxtidagi o‘zbeklar diasporasini birlashtirgan tashkilotning shu yil 19- noyabr kuni Moskvaning Strogino mavzesidagi mehmonxonalardan birida o‘tgan konferensiyasi o‘zbek diasporasining boshqa vakillari va faollar tomonidan turlicha qarshi olindi.

Konferensiyada Moskva shahri va viloyatida istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari – tadbirkorlar, shifokorlar, madaniyat va sport sohasi namoyandalari, quruvchilar va jamoatchilik faollari ishtirok etgani aytildi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov va Moskva shahri milliy madaniy avtonomiyasi rahbari Habib Abdullayev ham ishtirok etdi.

Ozodlik bilan suhbatda Habib Abdullayev endi Moskva shahri milliy madaniy avtonomiyasi boshqaruvi yurist Bahrom Ismoilovga o‘tganini tasdiqladi.

- Oxirgi yillarda Moskva shahri O‘zbek milliy madaniy avtonomiyasining rahbarligidan uzoqlashib qoldim, chunki kontrakt asosida O‘zbekistonda Navoiy erkin iqtisodiy zonasini boshqarib kelyapman. Moskvada kam bo‘lyapman va juda ko‘p kuch sarflangan bu tashkilot ishini to‘xtatmaslik uchun uni yurist sifatida biz bilan hamkorlik qilib kelgan Bahrom Ismoilovga topshirishga qaror qildik. Migrantlar huquqlari himoyachisi, yurist va shaharda yaxshi tanish-bilishga ega Ismoilov bu tashkilotni boshqarishiga ko‘zim etadi.

"Moskva shahrining o‘zbek milliy madaniy muxtoriyati" majlisi tashabbuschisi Bahrom Ismoilov tashkilot qo‘l ostida “Sahovat” jamg‘armasi, O‘zbeklar harbiy-tarixiy jamiyati, Rossiyadagi o‘zbek biznesmenlarini birlashtirgan “Sharq” ishbilarmonlar klubi, “O‘zbekiston qurilish-montaj tashkilotlari uyushmasi”, “UzMEDIC” Moskva tibbiyot klubi, “Imkon” ayollar biznes klubi va avtonomiyaning mintaqaviy bo‘limlari birlashganini bildirdi.

"Biz taklif qilinmadik..."

Ozodlik so‘roviga O‘zbekiston Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu tuzilma faoliyatida va birinchi konferensiyasida ishtirok etmaganini ma’lum qildi.

Biroq, Moskvada anchadan beri faoliyat yuritayotgan boshqa o‘zbek tashkilotlari O‘zbek milliy madaniy muxtoriyati ishiga jalb qilinmaganidan norozi. Xususan, «Vatandosh» Mintaqalararo o‘zbeklar jamoatchiligi rahbari Usmon Baratov iddaosicha, uning konferensiyada ishtirok etish haqidagi arizasi rad etilgan.

- Bu tashkilot tuzilganida ham men qatnashish uchun ariza berganman. O‘shanda ham meni qo‘yishmagan. O‘sha paytda boshqa elchi edi, "elchilik qarshilik qilyapti" degan bahona bilan. Hozir ham ariza berdim, yarim oy yozishdik. Har- xil bahonalar bilan meni forumga qo‘yishmadi. Sababini bilmayman. Bilishimcha, bu elchixonaning xohishi, - deydi Usmon Baratov.

Moskvada faoliyat yuritayotgan boshqa jamoatchilik tashkilotlari vakillari ham Konferensiya to‘g‘risida eshitganlarini bildirishdi.

- Bu narsani eshitib, men xursand bo‘ldim bir tomondan. Nimagaki, diasporalar birlashsa katta kuch bo‘ladi. Migrantlarimiz haq-huquqlari har qadamda poymol bo‘layotgan bir paytda yordam beradi deb, men ham o‘sha ro‘yxatdan o‘tdim. Afsuski meni taklif qilishmadi... Diaspora tuzadigan kishilar migrantni puliga qarab emas, uni qo‘llab quvvatlash uchun tuziladi. Ko‘p diasporalarni kuzatamiz, migrantni oxirgi pulini olish uchun ko‘zbo‘yamachilik qilishadi, - deydi Ozodlik suhbatlashgan migrant faollardan biri.

2022-yilning may oyida jamoat jamoat faoli va huquqshunos Bahrom Ismoilov "Moskva shahrining o‘zbek milliy madaniy muxtoriyati" tashkilotining yangi rahbari bo‘lganini e’lon qilgandi.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan Bahrom Ismoilovning faoliyati qator o‘zbek jamoatchilik vakillari tomonidan tanqid qilingan.

Ayrim blogerlar uni o‘zbek muhojirlarini o‘z Telegram-kanallari orqali urushga yollayotganlik va Rossiya bosqinini oqlashga urinayotganlikda ayblashgan.

Ukrainadagi urushning ilk kunlari tarmoqlarda tarqalgan videoda Ukrainaga hujumda ishtirok etayotganini aytgan haydovchi bu ishni Rossiyada yurgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida ommalashgan UzMigrant sayti orqali topganini aytgandi.

"O‘zbeklar ikki tomonda ham urushyapti"

UzMigrant kanali egasi Ismoilov YouTube tarmog‘idagi chiqishida Rossiya armiyasida shartnoma asosida xizmat qilish Rossiya fuqaroligini 3 oyda olish imkonini berishi haqida e’lon ham bergan.

Ushbu e’londan so‘ng Rossiyadagi migrantlar orasida UzMigrant o‘zbekistonliklarni oyiga 500-600 dollarlik maosh bilan Ukraina sharqida - haydovchilik, harbiy texnika servisi va gumanitar yuk tashish ishlariga yollayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan "Moskva shahrining o‘zbek milliy madaniy muxtoriyati" yangi raisi o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlar asossiz ekanini ta’kidladi.

- 20-fevralda biz kanalimizda bir videoloyiha chiqarganmiz. Unda Rossiya fuqaroligini olish uchun yangi qonun chiqqani haqida ma’lumot berganmiz. Bu qonun armiyada xizmatdan o‘tib, Rossiya pasportiga ega bo‘lishingiz haqida ekani to‘g‘risida ma’lumot yetkazib berganmiz. 4 kundan keyin, hech kim bilmagan holda, Ukrainada shunday voqealar boshlanib ketgan. Albatta, odamlar "biz urushga jalb etyapmiz" deb o‘ylaganini tushunaman. Bu voqealardan keyin Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham ancha tekshiruvlar bo‘ldi. Rasmiy vakolatxonalar bayonotlar berishgan bu haqda. Ko‘rib turibmizki, Ukraina tomonida ham, Rossiya tomonida ham o‘zbeklar bor, lekin ko‘p odamlar ommaviy bormayapti - bundan biz juda xursandmiz, - deydi Ismoilov.

Bugunga kelib Rossiyaning har bir mintaqasi va yirik shaharlarida ayrim hollarda bir nechtadan o‘zbek jamoalari, diasporalari va milliy madaniy markazlari faoliyat yuritib keladi.

2010-yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida o‘zini o‘zbek millatiga mansub deb hisoblovchi 290 mingga yaqin shaxs qaydga olingan. Bundan tashqari, mamlakatda doimiy ravishda 2 millionga yaqin mehnat muhojiri yashab keladi.

XS
SM
MD
LG