Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 15:10

Xorazmlik 78 fermer klaster korchaloni Farhod Mamajonov bilan ishlashdan bosh tortdi


Shovotlik fermerlar norozilik bildirish uchun Uztex ofisiga borgan
Shovotlik fermerlar norozilik bildirish uchun Uztex ofisiga borgan

Xorazm viloyat, Shovot tumanidagi 78 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari “Shovot Tekstil” klaster korxonasiga qarashli “Textile Finance Khorezm” MChJ bilan ishlashdan bosh tortdi.

Ular bundan so‘ng faoliyatlarini o‘zlari tashkil qilgan “Shovot Paxta kooperatsiyasi”da davom ettirishlari haqida 14 - yanvar kuni Ozodlik muxbiriga bildirishdi.

Fermerlar ishlashdan bosh tortgan “Shovot Tekstil” va “Textile Finance Khorezm” - yirik tadbirkor Farhod Mamajonov nazorat qiladigan “Uztex Group” sho‘’ba korxonalaridir.

O‘zining rasmiy vebsaytida "MDHdagi eng yirik to‘qimachilik mahsulotlari eksportchisi" ekanini aytgan “Uztex group” Namangan va Xorazmda beshta yirik klasterga egalik qiladi.

Ozodlik paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari, 44 yashar Farhod Mamajonovdan munosabat olish uchun “Uztex”ning bir necha rasmiy vakillari bilan gaplashdi. Mulozimlar fermer va shirkat o‘rtasidagi munosabatlar "tijorat siri" bo‘lgani vajidan izoh bermasligini bildirdi.

Klaster sirtmog‘idan qutulmoqchi bo‘lgan shovotlik fermerlar
Klaster sirtmog‘idan qutulmoqchi bo‘lgan shovotlik fermerlar

"Faqat biznes..."

Ozodlik bilan suhbatda shovotlik fermer Ruslan Bekchanov paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Farhod Mamajonovning oldiga “siz bilan ishlamaymiz”, deb borishgani va Mamajonovning Rafael ismli vakili bilan uchrashganliklarini aytdi:

“25 kishi bo‘lib borib, Rafael bilan uchrashdik. Biznes bu, deb aytdi. "Siz ham tadbirkor, biz ham tadbirkor. Biz harakat qildik¸ sizlar ham harakat qiling", dedi. Xarajatlarni kamaytiring, dedi. Lekin biz xarajatni boshqa kamaytirib bilmaymiz, axir. Chunki terim pulini davlat belgilab berdi bizlarga. Men bilmayman, qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanligini. Chunki fermerning faoliyatiga hech kim aralashmaydi, deb aytiluvdi. Lekin davlat narx belgilayapti. Terimga to‘langan pul ham fermer daromadidan olinadi. Fermerning cho‘ntagidagi pulga kimdir xo‘jayinchilik etip turibdi. Nima uchun men bozor iqtisodi sharoitida o‘zim narx belgilab bilmayman? Ishchilar uchun mehnat haqini nega o‘zim belgilab bilmayman? “¸ - deydi Ruslan Bekchanov.

Fermer Ruslan Bekchanov
Fermer Ruslan Bekchanov

Mamajanov chuv tushirdi

Bundan oldin 2020 - yilning dekabr oyi oxirida shovotlik fermerlar O‘zbekiston prezidenti va “Xorazm mintaqaviy paxta terminali"ga xat yozib, paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Farhod Mamajonov “ularni chuv tushirgani”dan shikoyat qilishgandi. O‘zlarining iddao qilishicha, fermerlar kuchli administrativ tazyiq ostida amalda dehqonlarning klaster quliga aylanishini ta’minlaydigan “shartnomaga imzo qo‘yishga majburlangan” .

Norozilik maktubi
Norozilik maktubi

Ozodlikda nushasi bo‘lgan va fermer xo‘jaliklari muhri bilan tasdiqlangan ikki varaqli hujjatda Farhod Mamajonovga oid klasterning "dehqonlarni qanday aldagani" misollar bilan keltiriladi:

“Mamajanov biz bilan uchrashib, paxtani “O‘zpaxtasanoat” narxidan qimmat sotib olishga va’da berdi. Oxir-oqibat 2018 - yilgi paxtani bizdan 250 so‘m arzonga sotib oldi. Berilgan va’da bajarilishi u yoqda tursin? bizni Farhod Mamajonov 250 so‘mga chuv tushirdi. 2019 - yili esa, ming so‘mga kam haq to‘ladi. 2020 - yilda faqat bir tomon, ya’ni klaster manfaati ko‘zlangan¸ monopolistik shartlar asosidagi shartnomani tuman hokimi va qishloq xo‘jalik boshqarmasi tazyiqi ostida yana “Textile Finance Khorezm” bilan imzoladik. Shartnoma shartlariga noroziligimiz umuman e’tiborga olinmadi”, deyiladi hujjatda.

Maktubda "klaster balosi ularni qulog‘igacha qashshoqlik botqog‘iga botirgani" ta’kidlanadi:

“Endi bu ahvolda ishlab bo‘lmaydi. Ya’ni “Textile Finance Khorezm” MChJ XK bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraksiya shartnomasi tuzib, paxta yetishtirishdan bosh tortamiz”.

Maktub davomida shovotlik fermerlar “klaster sirtmog‘idan qutulish uchun” “Oilaviy pudrat usullari qo‘llangan “Shovot Paxta kooperatsiyasi tashkil qilishga qaror” qilgani aytiladi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan fermer Ruslan Bekchonovga ko‘ra¸ "Kooperatsiya, bu - fermerlarning erkin uyushmasidir"

Erkin dehqonlar uyushmasi: Utopiyami yoki reallik?

Mustaqil dehqonlar uyushmasi tuzish tashabbuschilaridan biri¸shovotlik 59 yashar fermer Ne’mat Ishchanov Ozodlik bilan suhbatda prezident va hukumatning amaldagi qarorlari erkin uyushma tuzishga izn berishini ta’kidladi.

"Shovotdagi fermerlarning yarmidan ko‘pini tashkil qilgan 78 fermer xo‘jaligi tumanipaxta tozalash zavodi qoshida «Shovot paxta kooperatsiyasi tashkil qilishga qaror qildik. Bu joriy qonunlarga va prezidentning 2020 - yil 6 - martdagi K 4633 qaroriga muvofiq keladi. Prezident qarori hamda Vazirlar Mahkamasining kooperatsiyalar tashkil etish haqidagi qaroriga biz tuzayotgan kooperatsiya mos keladi. Kooperatsiyaga birlashgan 78 fermer paxta yetishtirib, paxta tozalash zavodiga topshiradi. Ishlab chiqarilgan tolani birjada o‘zimiz sotamiz. Qozog‘istonda samara bergan usul. Pirovardida, fermerlarnig boyib ,qishloqda badavlat o‘rta sinf yaralishiga va qishloq hayoti tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan muhim omil bu".

Shovotlik fermer Ne’mat Ishchanov
Shovotlik fermer Ne’mat Ishchanov

Ayni paytda shovotlik fermerlarning tashabbusi mahalliy hokimiyat qarshiligiga uchramoqda.

Viloyat hokimligi mulozimining fermerlarga bergan xatida "Shovotdagi paxta tozalash zavodi "klasterga tekin (nega tekin berilganiga aniqlama yo‘q-tahr.) berilgani bois kooperatsiya tuzish imkoni yo‘qligi" aytiladi.

"Shovot paxta tozalash zavodi"ning Ozodlik gaplashgan mulozimi esa, zavod hech kimga sotilmagani yoki tekinga balansdan balansga o‘tkazilmaganini aytdi. Zavod ma’murlari Ozodlik bilan suhbatda "klaster changaliga tushish istagi yo‘qligini" bildirdi.

Viloyat hokimligining ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimi Ozodlikka tashabbuschilar yozgan maktub va boshqa hujjatlarni taqdim qildi.

Mulozim "o‘lsang ham, qolsang ham, klaster tuzasan" degan yuqorining bosimidan charchagani va erkin fermerlar kooperatsiyasi tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Ayni paytda mulozim "ishidan ayrilib qolmaslik uchun "manfaat guruxlari" va "qudrat markazlari" irodasiga bo‘ysunishga majburligini" ham tushuntirdi.

Fermer Ishchanov O‘zbekiston prezidentining Xorazmga tashrifi chog‘ida unga hamrohlik qilgan qishloq xo‘jaligiga mas’ul o‘nlab mulozimlar bilan uchrashib, "qishloq xo‘jaligida islohotni tushunadigan" mulozimlar yo‘q, degan fikrga kelganligini aytadi.

«Mulozimlar qishloq xo‘jaligini klaster sirtmog‘iga solmoqchi bo‘lganlar bosimi va ta’siri ostida qolganday tuyuldi menga. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov bilan uchrashdim. O‘sha mashxur «go‘sht ko‘p yedik» degan gapni aytgan amaldor. Hayitov «faqat klaster bo‘lishi kerak» degan mujmal gapni takrorlashdan nariga o‘tmadi. Men bu mulozimlarning kooperatsiya¸ erkin bozor munosbatlari va umuman, prezident islohotlari haqida tasavvuri ham yo‘q, degan xulosaga keldim»¸ - deydi Ishchanov

Tanlash huquqi yo‘q

O‘tgan yili shovotlik fermerlar “Shovot Tekstil” klaster korxonasi va tuman hokimligi ularni fermerlar manfaatiga zid keluvchi shartnomani imzolashga majbur qilayotgani haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

Fermerlar imzolash uchun tavsiya qilinayotgan shartnoma shartlari faqat klasterning manfaatiga xizmat qilishi, majburiy sug‘urta shartlari adolatsizligi, mineral o‘g‘it va yonilg‘i narxlari balandligi, fermerning esa klaster tanlash huquqi yo‘qligidan norozilik bildirishgan.

“Shovot Tekstil” klaster korxonasiga qarashli “Textile Finance Khorezm” MChJ rahbari ​ Ravshan Hayitboyev fermerlar iddaolarini inkor qilib, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar "a’lo darajada" ekanini iddao qilgan.

Fermer klasterning mahriga tushgan emas


O‘zbekistondagi paxta sanoatida huquq buzilishlarini 10 yildan beri kuzatib kelayotgan Germaniyadagi “O‘zbek forumi” vakili Lin Shvaysfurt (Lynn Schweisfurth) Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek fermerlarining klaster quliga aylantirilganidan tashvishda ekanini aytdi:

“O‘zbekistondagi dehqonlar paxtani yetishtirish narxini belgilab beradigan va fermerlarni qarzga botirib, qashshoq qiladigan yagona klaster qo‘l ostida qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Erkin bozor iqtisodiyotining butun konsepsiyasi tanlov va "erkin" tadbirkorlikka asoslangan. Bu fermerlarga ham, klasterlarga ham tegishli. Agar dehqonlar kooperativ tuzmoqchi bo‘lsa va bu ular uchun paxta yetishtirishning eng foydali usuli bo‘lsa, ular bunda erkinlikka ega bo‘lishlari kerak. Uztex kabi klasterlarga fermerlarni o‘zlarining ekspluatatsiya qiluvchi biznes modellariga qaram qilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. “

Butun respublika bo‘ylab klaster qopqonlari

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar klaster korxonalarini shartnoma shartlarini buzish, bo‘nak puli va yonilg‘i-mineral o‘g‘it bilan ta’minlamaslik hamda hosil pulini to‘lashni kechiktirishda ayblab keladi.

Klaster korxonalarining aksariyati o‘z kamchiligini tan olgan bo‘lsa, ba’zilari fermerlar iddaolarini rad etib keladi.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga uch yil to‘lishiga qaramay, ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

Klaster va shubhali sxemalar

O‘zbekistonda ilgari davlat nazoratida bo‘lgan paxtachilik tarmog‘i korxonalari 2018 - yildan boshlab mahalliy kompaniyalar va xorijiy investorlar tasarrufiga berila boshlandi.

Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett va O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamkorligida tayyorlangan tadqiqotda O‘zbekistondagi klasterlar tizimi tanqid qilinadi.

O‘tgan yili e’lon qilingan hisobotda “Uztex Group” rahbari Farhod Mamajanov “shubhali sxemalarga aralashgani” aytilgan.

O‘zbekistonda paxta yetishtirish xanuz isloh talab soha bo‘lib qolmoqda
O‘zbekistonda paxta yetishtirish xanuz isloh talab soha bo‘lib qolmoqda

Professor Lasslettga ko‘ra¸ o‘tgan asrning 90-yillarida ota-o‘g‘il Faxriddin va Farhod Mamajonovlar tomonidan tashkil etilgan UZTEX Group Mirziyoyev hukumati paxta sektorida boshlagan xususiylashtirish jarayonining “yuzi”ga aylangan.

2020 - yilning 1 - iyul kuni Shveytsariyaning Tages-Anzeiger nashri UZTEX Group mulkdori Farhod Mamajonov¸ xususan, uning Rieter kompaniyasi bilan hamkorligi ko‘pdan Shveysariya prokuraturasi nazarida ekani haqida yozgan.

Mamajonovlar¸ 2007 - yilda tashkil etilgan Infinbank¸ to‘liq nomi «Invest Finance Bank» bo‘lgan xususiy bank mulkdori hamdir.

XS
SM
MD
LG