Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:37

Behzod Salomov: Tentak podshoh haqida multfilm olishga taqiq yo‘q!


Behzod Salomov
Behzod Salomov

Ozodlikda e’lon qilingan multiplikatorlarning ochiq xati va bu yuzadan taniqli rejisser Nozim To‘laxo‘jayev e’tirozlari ortidan o‘zbek zamonaviy animatsiya san’atini falajlikdan qanday qutqarish haqidagi tortishuvlar tarmoqning o‘zbek kinochilariga oid segmentida kuchaydi.

Multiplikatorlar maktubi
Multiplikatorlar maktubi

Ayni mavzuda «O‘zbekkino» MA qoshidagi “Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK direktori Behzod Salomov Ozodlik savollariga javob berdi.

Ozodlik: Biz bilan suhbatda taniqli kinoijodkor Nozim To‘laxo‘jayev multiplikatsiya sohasi tanazzulga yuz tutdi dedi. Shu soha rahbari sifatida bu gapga nima deysiz? O‘zbek multfilmi o‘ldimi? Yoki Nozim aka aytganday "bo‘yniga tosh boylab" cho‘ktirildimi?

Behzod Salomov: Yo‘q o‘lmadi. Multfilm o‘limi haqidagi gaplar bo‘rttirilgan. Hech kim multfilmni bo‘yniga tosh boylamadi. Hozir qayta tiklanish jarayoni kechyapti. Endi yangi bosqich boshlanadi. Haqiqiy raqobat bosqichi. Vaziyat juda qiyin, chunki kadrlar va moddiy-texnik baza yo‘q hisobi. Shaxsan men yaqin kelajakda ko‘p narsalar ijobiy tomonga o‘zgarishiga ishonaman. Bugun biz bolalar filmlarini ishlab chiqarish uchun yangi format - edutainment janridagi ko‘p qismli multfilmlarni joriy etishga harakat qilmoqdamiz. Bunga byudjeti «Aeroflot» byudjetidan biroz ko‘proq bo‘lgan, bolalarning sevimli multfilmi «Svinka Peppa»ni misol keltirish mumkin. Shuningdek, multiplikatsion studiyaning texnik bazasini jiddiy modernizatsiya qilish, zamonaviy multiplikatsiya sohasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ozodlik: Multfilm suratga olish uchun davlat mablag‘i davlatga oid studiyaga emas balki sohani yaxshi bilmaydigan tijoriy studiyalarga berilayotgani tanqidga sabab bo‘ldi. Nima uchun shubhali studiyalarga buyurtmalar berilgan?

Behzod Salomov: Ha, bugun biz xususiy kinostudiyalar bilan ishlashni davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz chunki, bolalarimiz yuqori sifatli multfilmlarni tomosha qilishlari uchun shunday qilishimiz kerak bo‘ladi. Milliy agentligimiz rahbariyati boshchiligida bugungi kunda sohani isloh qilish ustida ishlayapmiz. Birinchidan, tan olish kerak, bugungi kunda soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobiga davlat studiyasi tomonidan yaratilayotgan bolalar multmahsulotlari kichik yoshdagi tomoshabinlar e’tiborini torta olmayapti. Davlat studiyasida bundan buyog‘iga monopoliyaga o‘rin bo‘lmasligi kerakligini biz bugungi kunda juda yaxshi tushunib turibmiz. Yangi davrning asosiy talabi shaxsiy manfaatlar emas, balki birinchi navbatda tomoshabin, farzandlarimiz qiziqishlari, manfaatlari uchun xizmat qilishdan iborat bo‘lishi kerak. Endilikda xususiy va davlat studiyalari teng sharoitlarda ishlaydi.

Ozodlik: Multiplikatsiya sohasi vakillarining ochiq xatini qanday izohlaysiz?

Behzod Salomov: Biz multmahsulotlarni yaratishda monopoliyani o‘z qo‘lida mahkam ushlab turganlar va bolalar auditoriyasi ko‘nglini zabt etishga chog‘langan xususiy studiyalar o‘rtasidagi raqobat kurashining boshlang‘ich bosqichiga guvoh bo‘lyapmiz. Afsus bilan aytishim kerakki, bugun bolalarimiz tanlovi xorij mahsulotiga qarab qolgan.

Ochiq xatda bayon etilgan hissiyotlar va shikoyatlardan tashqari, yana ikkita masala mavjudki, men bu haqda batafsilroq to‘xtalmoqchiman:

Bir yildan beri 30 ta rejissyor, rassom va animatorlarning ishsiz va tirikchilik uchun mablag‘siz qolishi masalasi va ikkinchidan davlat studiyasida bironta ham animatsion film namoyish etilmaganligi masalasi. Men bugun bemalol rasmiy ravishda aytishim mumkinki, bu ochiq xat milliy animatsiya sohasining tanazzuli to‘g‘risidagi balandparvoz gaplar yig‘indisi xolos. Uni yozganlarda rivojlanishga intilish, o‘z ustida ishlash va yangiliklarni o‘zlashtirish istagining yo‘qligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Ochiq xatni o‘qing — hissiyotlar va asossiz arzlardan boshqa hech narsa topmaysiz.

Ozodlik: Ochiq xatda aniq raqamlar va isbotlar keltirilgan.

Behzod Salomov? Men siz bilan suihbatga aniq faktlar bilan keldim va ularni birinchi marta, oshkora e’lon qilmoqchiman. Ozodlikda e’lon qilingan e’tirozli maktubda multiplikatsion studiyada faoliyat yurgizgan ayrim xodimlarining 2020 - yilgi ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar buzib ko‘rsatilganligi va bu ma’lumotlar aslida 2019 - yil uchun oldindan to‘lanmay qolgan ish haqi ma’lumotlari ekanligi haqida xabar qilingan. Bu yana bitta yolg‘on. Uzr, men boshqa so‘z topolmayapman. Studiya ishchilarining daromadlari to‘g‘risida «O‘zbekkino» milliy agentligining rasmiy bayonotida allaqachon aytib o‘tilgan. Atigi 7 kishi 362 million so‘m pul olgan. 2019 - yil ma’lumotlariga kelsak, bu yerda quruq so‘zlar emas, raqamlar va faktlar ham juda muhim sanaladi. Bizda bunday faktlar bor. Masalan, rejissyor Nozim To‘laxo‘jayev 2019 - yilda 35 million so‘m olgan. Sahnalashtiruvchi rejissyor Dmitriy Vlasov 2019 - yilda 81,6 million so‘m olgan. Sahnalashtiruvchi rejissyor Azizbek Muhamedov 2019 - yilda 123,4 million so‘m olgan. Rassom yordamchisi Hamidulla Mahmudxo‘jayevga o‘tgan yilining o‘zida 95 million so‘m to‘lab berilgan. Ro‘yxatni shu tarzda davom ettirish mumkin. Ko‘rib turganingizdek, «O‘zbekkino» o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan. Multiplikatorlarning o‘ziga kelsak, ular ishlab chiqargan multfilmlarining sifati havas qilgulik emas. Biz buni ro‘yi-rost tan olishimiz kerak.

Ozodlik: Taniqli kinoarbob Nozim To‘laxo‘jayev radiomiz orqali chiqish qilib 8 oy uchun 27 million so‘m – kun kechirishga yetmaydigan mablag‘ ekanini aytdi. Oyiga 120 AQSh dollari bu mavqedagi kinochi uchun rostdan ham ozku?

Behzod Salomov: Men Nozim akani juda hurmat qilaman, lekin bu yerda u quvlik qilyapti. Nozim To‘laxo‘jayev multiplikatsion loyihalarda faol ishtirok etmoqda va amaldagi rejissyor sanaladi. Birovning cho‘ntagidagi pullarni sanash istagim yo‘q, lekin yolg‘onga qarshi fikrimni bildiraman va faqat fakt bilan javob qaytaraman. Masalan, bu yil u «O‘zbekkino» buyurtmasiga ko‘ra «O‘zbekfilm» tomonidan suratga olingan «Tanho qayiq» filmini topshirdi. Vijdonan gapiriladigan bo‘lsa, u kishi jamoatchilikka multstudiyaning gonorarlaridan tashqari ushbu film uchun 55 million 800 ming so‘m olganligini ham ro‘yi-rost aytishi kerak edi. Bu ham «O‘zbekkino»ning puli-ku? Qolgani esa oddiy arifmetika. Yillik daromadni sarhisob qilish, menimcha, unchalik qiyin bo‘lmaydi. Shu bilan ham shikoyat qilish durust ish emas.

Ozodlik: Hammasi siz aytganday, "olam guliston" bo‘lsa¸ nima uchun Nozim aka va hamkasblari bunchalik norozilik bildirishmoqda?

Behzod Salomov: Men buni tushuntirishga harakat qilaman. Ilgari Badiiy kengashning eski tarkibi multstudiyaning mahsulotlariga «ko‘z yumib kelgan». Balki ular ziddiyatlar chiqishini istamagandir yoki undan boshqa sabablari ham bordir, men bundan bexabarman. Xuddi shu holat bugun filmlar borasida ham paydo bo‘ldi. Joriy yilning may oyida «O‘zbekkino» MA bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi agentlik Badiiy kengashi bir qancha kinoloyihalarni, shu qatorda qattiq tanqidga uchragan ayrim multiplikatsion loyihalarni qayta ko‘rib chiqdi. Badiiy kengash va animatorlar o‘rtasidagi bahslarni bartaraf etish uchun hatto tarkibiga taniqli kinoshunoslar, ekspertlar, rejissyorlar, ssenariy mualliflari, rassomlar va boshqa mutaxassislar jalb etilgan maxsus ekspertlar komissiyasi ham tuzildi. Ushbu komissiya tomonidan o‘sha paytgacha allaqachon 80 foizi tayyor bo‘lgan, «Sehrli tanbur», «Zaxcha», «Samarqand noni», «Charxpalak», «Qaldirg‘och va mayna» multfilmlarga majburiy o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘rsatmalar ham berildi. Masalan, badiiy kengash a’zosi, rejissyor Bahodir Odilov «multfilmlarda o‘zbek ertaklaridagi qahramonlarning yo‘qligi, ba’zilarida esa hatto badiiy mantiq yetishmasligi»ni ta’kidlagan bo‘lsa, kinoshunos Nigora Karimova «O‘zbek multiplikatsiyasini qayta ko‘rib chiqish va uni rivojlantirishning yangi konsepsiyasini yaratish kerak»ligini aytib o‘tdi, aktyor, rejissyor va ssenariy muallifi Rashid Malikov esa “biz dunyo tendensiyalaridan ancha orqada qoldik va, fikrimcha, ularga endi hech qachon yetisha olmaymiz. Mening nabiralarim G‘arb multfilmlarini tomosha qilishni yaxshi ko‘radilar, biz esa hamon ularga 50-60 yil oldingi qahramonlarni namoyish etmoqchimiz», deya ta’kidlab o‘tdi. Bunday sharhlar juda ko‘p va umuman olganda biz, «O‘zbekkino»da faoliyat olib borayotganlar tushunamizki, bugun ish uslubini o‘zgartirish vaqti kelgan va shunga ko‘ra multiplikatorlarga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgargan. Boshqacha qilib aytganda, islohotlar boshlandi. Eski uslubda yashashni istaganlar esa katta miqdordagi gonorarlarni oladilaru, ammo tayyorlagan mahsulotlari uchun tomoshabin oldida javobgarlikni his qilmaydilar. Endi ular ham bunday davrlar tugaganligini anglashi va murosaga kelishlari kerak.

Ozodlik: Siz sanab o‘tgan multfilmlardan biri «Sehrli tanbur» ustidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yilning 21 - sentabrida jinoyat ishi ochgan. Hujjatlar Ozodlikda bor. Bu xujjatlarda davlat mulkini talon-toroj qilish haqida gap boradi. Nima bo‘ldi shu ish? Rejissyorni qamashmadimi?

Behzod Salomov: Yo‘q qamashmadi. Ish tarkibida jinoyat unsuri bo‘lmagani bois to‘xtatildi. Kinochilar «Sehrli tanbur» uchun davlatdan pul olib pandemiya bois oxiriga yetkaza olishmagan. Shu bois muammo chiqqan edi. Ammo joriy haftada bu muammo yechim topdi. Film tugallanib Bosh prokuratura tergovchisiga taqdim qilindi.

Ozodlik: 2019 da va joriy yilning 10 oyida nechta multiplikatsion film suratga olindi? Va bunga davlatning qancha mablag‘ sarflandi?

Behzod Salomov: 2019 - yilda jami 5 ta multiplikatsion film ishlandi. Ular orasida «Mening go‘zal yashil rangim» 455,9 million so‘mga, «Par yostiq» 472,6 million so‘mga, «Qo‘zichoq, nay va qaroqchilar» 86,7 million so‘mga olingan filmlar bor. Shuningdek, xususiy studiyalar bilan hamkorlikda «Sayyoh» 3D 499,8 million so‘m, «Avtosarguzashtlar» 499,7 million so‘m pul xarjlab suratga olindi. 2020 yilda, pandemiya holatiga qaramay, biz 15 ta multfilmni ishlab chiqarishga harakat qildik. Ular orasidagi to‘rtta multfilm ustida 2019 - yilda ish boshlangan va 2020 yilda ham davom etmoqda.

Ozodlik: Qimmat ekan multfilm degani. Siz aytgan «Avtosarguzashtlar» filmi AQShda suratga olingan «Mashinalar» filmining vizual g‘oyasini bezbetlarcha o‘g‘irlagan deya hamkasbingiz Nozim To‘laxo‘jayev ayb qo‘ydi. Umuman plagiat va o‘g‘rilik butun sohani qamrab olgan deyildi. Nima deysiz shunga?

Behzod Salomov: Konkret «Avtosarguzashtlar» filmi haqida gapirsam bu yerda plagiat emas balki ijodiy ilhom olish degan holat bor. Umuman mashinalar temasi animatsiyada deyarli bir uslubda olinadi. «O‘zbekavtoprom» buyurtmasi bilan olingan "Avtosarguzashtlar" filmida kinoya va tanqid yetishmasligini tan olaman.

Ozodlik: Nozim To‘laxo‘jayev biz bilan suhbatda senzura haqida gapirdi. Masalan multfilmda shoh obrazi tentak va zolim bo‘lmasligi borasida qat’iy ko‘rsatma bor ekan. Nega tentak podshoh haqida multfilm olish taqiqlangan?

Behzod Salomov: Bunday taqiq ilgari bo‘lgan. Xozir senzura yo‘q. Bemalol tentak va ahmoq podshoh haqida tanqidiy multfilm olaveramiz. Cheklov yo‘q. E’tiroz faqat badiiylik yuzasidan bo‘ladi. Davlat mablag‘lari hisobidan suratga olingan va badiiy saviyasi tuban bo‘lgan filmlarning eng yorqin namunasi - «Samarqand noni» multfilmi sanaladi. Uning byudjeti 587 million so‘mni tashkil etgan. O‘ta jo‘n va arzon texnologiyada olingan. Perekladka degan texnologiya. Bog‘cha bolalari o‘ynaydigan texnologiya. Bu multfilm muhokama qilishga ham loyiq emas.

Ozodlik: Texnologiya eskirgani masalasiga ham to‘xtalsak. O‘zbek multfilmlardagi personajlarning cho‘loqlanib yurishini o‘zbek qiziqchilari ham hajv qilgan. Multfilmlar nafaqat badiiy¸ balki texnik jihatdan ham oqsaydi. "Tog‘ sichqon tug‘di"degan ibora bor. Ya’ni tog‘day pul sarflab sichqonday ish qilinadi. Oddiy havaskor ikki sentga qiladigan animatsiya uchun “Multiplikatsion filmlar studiyasi» millionlab byudjet pulini sarflagan. Masalan «Xasis baqqol» multfilmi uchun 787 million so‘m sarflanibdi. Multfilm o‘ta jo‘nligi va bolalar uchun qiziq emasligi bilinib turibdi.

Behzod Salomov: Javobim aniq. Multiplikatorlar o‘zlari ustida ishlashlari va shaxsiy manfaatlarini unutib, tomoshabinlarning talablariga mos tarzda ijod qilishlari kerak. Axir, 2D formatidagi multfilmlar uzoq 60-yillarda qolib ketdi, shu o‘rinda bizning multiplikatorlarimiz aytayotgan festival formatiga keladigan bo‘lsak, bu format ham festival uchun, ham keng auditoriya uchun mos kelmaydi. Sizga avval aytganimdek, men nafaqat raqamlar bilan, balki takliflar bilan ham kelganman. Men hozir o‘zim bilan «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK tomonidan yaratilgan 4 ta multfilm va «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan xususiy studiyalar tomonidan yaratilgan 4 ta multfilmni olib kelganman. Marhamat Ozodlik kanalida namoyish qiling. Odamlar o‘zlari ko‘rishsin, ovoz berishsin va nimani yoqtirishlarini o‘zlari tanlashsin. Bu obyektiv yondashuv bo‘ladi. Rahmatli otam rassom Bahodir Salomov sevgan qo‘shiqchi Viktor Soy kuylagan kabi biz o‘zgarish bo‘lishini istaymiz.

Suhbatdoshimiz to‘g‘risida:

«Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUKga 2020 yilda rahbarlikka tayinlangan Behzod Salomov 47 yoshda. Benkov nomidagi rassomlik bilim yurti haykaltaroshlik bo‘limi va Toshkent moliya institutini tugatgan.

Salomov o‘zi asos solgan «Futurist» xususiy studiyasida qator filmlarni prodyuser sifatida ishlab chiqarishda ishtirok etgan.

«Futurist» studiyasida suratga olingan «Superkelinchak»¸ «Shabbona»¸ «Ichkuyov» filmlari O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tomoshabinlari tarafidan qiziqish bilan tomosha qilingan.

Ozodlik o‘zbek kinolari borasidagi muhokamalarini davom ettiradi.

XS
SM
MD
LG