Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:05

«Borat» komediyasi yana qozog‘istonliklar nafsoniyatiga tegdi


"Qozog‘istonlik jurnalist Borat Sagdiyev" rolini ijro etgan britaniyalik aktyor Sasha Baron Koen
"Qozog‘istonlik jurnalist Borat Sagdiyev" rolini ijro etgan britaniyalik aktyor Sasha Baron Koen

«Borat» komediyasining davomiga Qozog‘istondagi va xorijdagi qozog‘istonliklar turlicha munosabat bildirmoqda. Ayrimlar film namoyishini taqiqlashni talab qilayotgan bo‘lsa, boshqalar ularni hissiyotlarga ortiqcha berilib ketganlikda ayblamoqda.

Film chindan ham Qozog‘iston va qozog‘istonliklarni kamsitadimi? Bu savol javobini Ozodlikning qozoq xizmati izladi.

Oktabrning boshlarida filmning treyleri «Borat qaytdi» so‘zlari bilan e’lon qilindi. Film premyerasi 23 - oktabrda Amazon Prime onlayn platformasida bo‘lib o‘tadi.

«Borat – Navbatdagi film: Bir vaqtlar ulug‘vor bo‘lgan Qozog‘iston xalqi foydasi uchun Amerika tuzumiga ulkan pora» deb nomlangan filmning birinchi seriyasi 2006 - yilda e’lon qilingan edi.

14 yil muqaddam ekranlarga chiqarilgan birinchi filmda "qozog‘istonlik jurnalist Borat Sagdiyev"ning sarguzashtlari haqida hikoya qilinadi.

Yangi filmda bosh qahramon koronavirus pandemiyasi davomida Qo‘shma Shtatlarga qaytib, virusni «o‘ldirishga» harakat qiladi va AQShdagi prezident saylovini kuzatmoqchi bo‘ladi. (AQSh prezidenti saylovi 2020 - yilning 3 - noyabrida bo‘lib o‘tadi).

Ayrim qozog‘istonliklar «Borat» parodiya filmining davomi chiqqanini xotirjamlik bilan qabul qilishdi. Ularning fikriga ko‘ra, mamlakatda boshqa dolzarb muammolar yetarli - bu film bosh qotirishga arzimaydi.

Borat rolini ijro etgan britaniyalik qiziqchi Sasha Baron Koen siyosiy jihatdan bahstalab qiliqlari bilan tanilgan.

U «Borat» filmining ikkinchi qismini yashirincha suratga olgan. Filmda AQShning haqiqiy vitse-prezidenti Mayk Pens va AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsiy advokati Rudi Juliani tasvirga olingan. Ular filmni suratga olish paytida xonada qiziqchi borligini bilishmagan va natijada politsiyani chaqirishgan.

Olmaota turg‘uni Ayjanga «Borat»ning birinchi qismi yoqqan va u yangi film premyerasini intiqib kutmoqda.

Ayjan tanishlari orasida filmdan g‘azablanganlar va film namoyishini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza uchun faol tarzda imzo to‘playotganlar borligidan hayratga tushganini aytdi.

«Men birinchi “Borat”ni ko‘rganimda 11-sinfda o‘qir edim va hayron qolgan edim. “O, Xudo, haqiqatan ham amerikaliklar [Sasha Baron] Koen ularni tasvirlagandek tor fikrlaydimi?” Shuning uchun undan xafa bo‘lish fikri o‘sha paytda ham, hozir ham xayolimga kelgani yo‘q. Premyerani intiqlik bilan kutyapman», - deydi u.

Ayjan «Borat» filmi namoyishini bekor qilishga chorlovchi ariza boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha arizalardan ko‘proq imzo to‘plaganidan «xafa» ekanligini qo‘shimcha qildi.

Film namoyishini bekor qilish talab qilingan arizalarning biri 107 mingdan oshiq imzo to‘pladi.

Chet elda yashovchi ko‘plab qozog‘istonliklar irqchilikka duchor bo‘lishmoqda va film uydirma ekanligini tushuntirishga majbur bo‘lmoqdalar. Ijtimoiy tarmoqlarda #CancelBorat (Boratni bekor qiling), #WhereBoratLives (Borat yashaydigan joy), #StopBorat (Boratni to‘xtating) kabi ko‘plab xeshteglar paydo bo‘ldi.

Ayrim qozog‘istonliklar ijtimoiy tarmoqlarda #WhereBoratLives xeshtegini yo‘lga qo‘yish orqali «haqiqiy Qozog‘istonni» ko‘rsatishga qaror qildilar. Ular mazkur xeshteg yordamida Borat yashashi iddao qilingan mamlakatning tabiati va boshqa diqqatga sazovor joylarini namoyish etishmoqda. Ushbu xeshtegni ko‘plab sayyohlik va chang‘i kompaniyalari hamda Qozog‘iston yulduzlari qo‘llab-quvvatladilar.

Ozodlik aktyor Sasha Baron Koen va Amazon Prime video platformasi vakillariga murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.

Filmning treylerida Qozog‘istonning davlat ramzlari va qozoq tilidagi ba’zi yozuvlardan foydalanilgan.

Treyler chiqarilishidan oldin filmning PR jamoasi Qozog‘iston hukumatining soxta akkauntini yaratdi. Akkaunt AQSh prezidenti Trampni maqtab, uni Qozog‘istonning bosh vaziri deb atadi. Qiziqchi Sasha Baron Koen ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida ushbu akkauntga linkni ulashdi. (Bu orada akkaunt o‘chirildi – tahr.)

Qozog‘iston rasmiylari bu safar filmga ancha sipo munosabat bildirishdi. Bosh vazirning matbuot xizmati faqat bir marta «soxta» sahifalarning «Qozog‘iston Respublikasi hukumati faoliyati to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini» aytdi.

Sport va madaniyat vazirligi Liter.kz tahririyatining savoliga javoban «filmni namoyish qilishni taqiqlay olmasligini» bildirdi.

«Agar film faqat Internetda namoyish etilsa, unda biz hech narsa qila olmaymiz. Vazirlik buni nazorat qilmaydi. Biz faqat kinoteatrlarda film namoyishini taqiqlashimiz mumkin», deyiladi vazirlik matbuot xizmati bildiruvida.

AQShning Eurasianet portali film ijodkorlari premyera oldidan «Qozog‘istonning g‘azabni keltirishga umid qilishganini», ammo «[Qozog‘iston hukumati] tegishli xulosalarni chiqargan bo‘lishi mumkinligini» taxmin qildi.

Birinchi film chiqqanidan keyin Qozog‘iston hukumati keskin javob qaytargan edi. O‘shanda filmni Qozog‘iston kinoteatrlarida namoyish etishga norasmiy taqiq qo‘yilgan edi.

Sotsiolog Kamila Kovyazina Qozog‘iston jamiyati mamlakatda ko‘plab «hal etilmagan jiddiy muammolar» mavjud deb o‘ylaydiganlarga va «haqiqatning ko‘ziga tik qarash kerak» deb hisoblaydiganlarga bo‘lingan, deb hisoblaydi.

Ayni paytda, Kovyazina g‘arbda «madaniy apropriatsiya» harakati kuchayib bormoqda va «Borat» filmida ushbu holatning elementlari bor, deb hisoblaydi.

«[Madaniy apropriatsiya] bu – bir ijtimoiy guruhga – ko‘pincha etnik guruhga – mansub odam boshqa ezilgan guruh madaniyati elementlarini o‘zlashtirishidir. Bu holatda Sasha Baron Koen Buyuk Britaniya fuqarosi, oq tanli odam o‘laroq Qozog‘istonning ramzlari va nomidan foydalanmoqda va boshqa mamlakatning butun aholisi haqida salbiy tasavvur yaratmoqda. Bu esa bizga nisbatan turli joylarda munosabatga u yoki bu yo‘l bilan ta’sir qiladi. Tasavvur qiling, hozir hindlar yoki afrikaliklar haqida xuddi shunday komediya suratga olinganida [nima bo‘lardi]. Black lives matter [harakati]dan («Qora tanlilarning hayoti ham muhim») keyin bunday qilish ijodiy suitsid bo‘lardi, deb o‘ylayman», - dedi sotsiolog.

Nazarboyev universiteti professori, tarix, falsafa va dinshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi doktor Kler Griffin Kovyazina fikriga qo‘shildi.

«Agar film ma’lum bir mamlakat odamlari tomonidan suratga olinadigan bo‘lsa, unda haqiqiy mamlakatlarning bunday «kulgili» tasviri muhim san’at turi bo‘lishi mumkin. Ammo bunday filmlarni ushbu mamlakatdagi voqelikni umuman bilmaydigan yoki yaxshi tasavvur qila olmaydigan autsayderlar (begonalar – tahr.) suratga olganda, ular stereotiplarga tayanadilar va mamlakatdagi haqiqatni buzib ko‘rsatadilar. “Borat” filmida muammo bor-yo‘qligini tekshirish uchun mana bu savolni berib ko‘rish mumkin: “Agar [Sasha] Baron Koen o‘zini qozoq emas, qora tanli afrikalik sifatida ko‘rsatganida, biror kishi filьmni yaxshi deb topgan bo‘larmidi?” Yaxshi deyishlariga ishonchim komil emas», - deydi Griffin.

«Borat» filmi shu kungacha qadar nafaqat qozog‘istonliklar orasida, balki xorijda ham turli reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Ayrimlar ingliz qiziqchisiga tahdid qilgan bo‘lsa, boshqalar «hech bir tajovuzsiz» unga «haqiqiy Qozog‘istonni» ko‘rsatishga harakat qilmoqda.

Biroq, sotsiolog Kamila Kovyazinaning so‘zlariga ko‘ra, «qozog‘istonliklarning g‘azabi mamlakatdan tashqariga chiqmaydi va katta salbiy to‘lqin keltirib chiqarmaydi».

XS
SM
MD
LG