Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:51

Farg‘onadagi manbalar koronavirusdan rasmiy o‘lim statiskasini savol ostiga olmoqda


Farg‘onalik vrachning iddao qilishicha, so‘nggi to‘rt kun ichida o‘zi ishlaydigan To‘qimachilik kasalxonasida Covid-19 kasalligidan kamida uch bemor vafot etgan.

U aprel oyidan buyon ayni kasalxonada 14 kishining koronavirus sabab hayotdan ko‘z yumganini aytadi.

Ozodlik marhumlardan ikki nafarining yaqinlariga bog‘landi. Ular qarindoshlarining koronavirusdan vafot etgani, ammo "pnevmoniyadan o‘ldi" deb rasmiylashtirilganini aytishadi.

To‘qimachilik kasalxonasi ma’muriyati ham, Farg‘ona viloyat Tibbiyot boshqarmasi rasmiylari ham "Covid-19 dan hech kim o‘lmagani"ni bildirishdi.

Rasmiy statistikada 3.7 milliondan ortiq aholiga ega Farg‘ona viloyatida koronavirusdan faqat bitta o‘lim holati qayd etilgan.

Ozodlik bundan avval ham Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlarida koronavirusdan o‘lim xolatlari yashirilgani haqida xabar qilgan edi.

Rasmiylar esa, pnevmoniya tufayli vafot etgan, lekin vafotiga qadar koronavirus tashxisi qo‘yilmagan marhumlar statistikaga kiritilmayotganini aytishadi.

Rasmiy statistikaga qaralsa, O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusdan 521 o‘lim qayd etilgan bo‘lib, aksari Toshkent shahri va viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

53 yoshli to‘rt farzandning onasi G.O., yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, 12 -oktabr kuni Farg‘ona shahridagi To‘qimachilik kasalxonasida koronavirusdan vafot etgan.

- To‘rt kun kasalxonada yotdi. Ilgari kun, kasalxonaga yotganining beshinchi kuni, bo‘lmay qoldi. Shu kuni ertalab 7larda telefon qilib, qazo qilganini aytishdi. Morgga berib yuborishgan ekan, materialga o‘rab olib chiqishdi, peshinda qo‘yib keldik, - deydi marhumning tog‘asi.

Bu Farg‘onadagi To‘qimachilik kasalxonasida so‘nggi to‘rt kun ichida yuz bergan koronavirus bilan bog‘liq yagona o‘lim emas.

11 - oktabr kuni Quvasoy shahridan bo‘lgan 60 yoshli Y.Q. ayni kasalxonada vafot etgan.

Yaqinlari uning koronavirusdan vafot etganini Ozodlikka tasdiqlashdi.

Ishdan haydalib ketishidan qo‘rqib, ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan vrach iddaosicha, 10 - oktabrdan buyon o‘zi ishlaydigan kasalxonada to‘rtta o‘lim qayd etilgan.

- To‘rttalovi ham koronavirusdan vafot etdi, lekin o‘lim rasmiy statistikada aks etmasligi uchun yashirilyapti.

Vrach iddaosicha, kasalxonada o‘lim holatlarini yashirish uchun vafot etgan ba’zi bemorlarning yaqinlaridan "o‘z ixtiyorim bilan kasalxonadan olib ketyapman, uyda o‘zim qarataman" degan mazmunda tilxatlar olinyapti.

- Har kuni o‘lim bo‘lyapti, lekin berkitilyapti. Buning uchun yaqinlaridan "sog‘-salomat olib chiqib ketyapman" degan mazmunda tilxat olishyapti. Yozmasa mayitni bermaymiz, o‘zimiz ko‘mamiz, deb qo‘rqitishyapti.

Ozodlik suhbatlashgan ikki marhumning yaqinlari esa, ulardan bunday tilxat yozdirib olinmaganini aytishdi.

- Mayitni morgga berib yuborishgan ekan, o‘sha yerdan maxsus o‘ralgan holatda oldik va uyga olib bormasdan, qo‘yib keldik, - deydi 12 - oktabr kuni vafot etgan ayolning tog‘asi.

Farg‘onadagi To‘qimachilik kasalxonasi bosh vrachining yordamchisi kasalxonada Covid-19 dan o‘lim holatlari yashirilyotgani haqidagi iddaolarini rad etdi.

- Birinchidan, bizda koronavirusdan o‘lim holati bo‘lmagan, unaqa tilxatlar ham olinmayapti. Agar o‘lim bo‘lsa, 4-son shahar kasalxonasini orqasida Patologo-anatomiya markazi bor, o‘sha yerga o‘lik beriladi. Yaqinlari shu yerdan olishadi. Yana bir bor aytaman, koronavirusdan o‘lim holati bo‘lmagan bizda, - dedi To‘qimachilik kasalxonasi bosh vrachining yordamchisi.

Ozodlik Farg‘onadagi Covid-19 bemorlari davolanayotgan boshqa kasalxonalaridagi ahvol haqida ma’lumotga ega emas.

Farg‘ona viloyat Tibbiyot boshqarmasi rasmiylari so‘nggi bir oy ichida Covid-19 dan hech kim o‘lmaganini iddao qilishmoqda.

"Bizda o‘lim yo‘q, barcha ma’lumotlar Respublika maxsus komissiyasiga yuboriladi, har qanday savolga javobni o‘sha yerdan olish mumkin”, - dedi Ozodlik suhbatlashgan boshqarma mulozimi

Rasmiy statistikada Farg‘ona viloyati bo‘yicha koronavirusdan bitta o‘lim holati, u ham bo‘lsa, avgust oyida qayd etilgan.

Viloyatda Covid-19 yuqtirganlar soni rasmiy statistikaga muvofiq, 400 nafardan ko‘proq.

Nega rasmiy statistikada o‘lim kam?

Ozodlik bundan avval ham, joylardan olingan ma’lumotlarga tayanib, koronavirusdan o‘lim holatlari yashirilgani va rasmiy statistikada aks etmayotgani haqida xabar qilgan edi.

Jumladan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida Ozodlik bilan suhbatda bo‘lganlar koronavirus sabab qazo qilgan qarindoshlarining o‘lim holatini qayd etish haqidagi guvohnomasiga "pnevmoniya" tashxisi yozilganini aytishgan.

Navoiy viloyat Sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi mulozim tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlar bu hududda COVID-19 virusga chalinganlar soni rasmiy statistikadan bir necha baravar ko‘pligini ko‘rsatgan.

Mahalliy rasmiylar ayrim o‘lim holatlarining rasmiy statistikada aks etmayotganini Covid-19 epidemiyasi qurbonlarini hisobga olishning O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan metodikasi bilan izohlashadi.

30 - iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov faqat PZR tahlili koronavirusni tasdiqlagan bemorlar statistikaga kiritilayotganini aytgan. Oqilovga ko‘ra, pnevmoniya tufayli vafot etgan, lekin vafotiga qadar koronavirus tashxisi qo‘yilmagan marhumlar statistikaga kiritilmayapti.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida 14 - oktabrga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 61 950 nafar, o‘lganlar 512 nafarni tashkil etmoqda.

XS
SM
MD
LG