Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:38

Tolibon Afg‘onistonda "sunniy Eron" yaratishni istaydimi?


Tolibon vakillari o‘tgan oy Dohada bo‘lgan tinchlik muzokaralarida.
Tolibon vakillari o‘tgan oy Dohada bo‘lgan tinchlik muzokaralarida.

Afg‘oniston hukumati va Tolibon jangari guruhi tinchlik shartnomasini imzolashdan oldin fuqaroviy erkinliklar, ayollar huquqlari va mamlakat nomi va bayrog‘i kabi qator masalada kelishuvga erishishi lozim bo‘ladi.

Taraflar muhokama qilayotgan eng muhim masala esa Afg‘onistonning bo‘lajak siyosiy tizimidir.

Afg‘oniston g‘arb demokratiyasi prinsiplari asosida tuzilgan islomiy respublikadir. Tolibon esa Afg‘onistonni teokratiyaga aylantirishni xohlaydi. Jangarilar mavjud tuzumni AQSh «okkupatsiyasi» mahsuli o‘laroq ko‘radi.

Kobuldagi hukumat mavjud konstitutsion tuzumni, jumladan, ayollar huquqlari, so‘z erkinligi hamda saylovlarni saqlab qolishga urinmoqda.

Tolibon islomiy amirlikni qaytara olmasligini anglab turibdi. Tolibon hukmronligi davrida (1996 – 2001) mamlakatning rasmiy nomi aynan shunday edi.

12 - sentabrda Qatarda boshlangan tinchlik muzokaralarida Kobuldagi hukumat pozitsiyasi zaif ekanligi ko‘rindi.

Mutaxassislar mamlakatdan AQSh qo‘shinlari olib chiqib ketilayotgani Tolibon pozitsiyasini mustahkamlaganini aytishmoqda.

Jangari guruh mamlakat hududining deyarli yarmida boshqaruvni qo‘lga olgan yoki hukmronlikka da’vogarlik qilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati tinchlik o‘rnatish uchun yirik konstitutsion o‘zgarishlarga roziligini berishga majbur bo‘ladi.

Vashingtondagi Global siyosat markazi tashkiloti direktori Kamron Boxariy Afg‘onistonda Tolibonning «O‘rta asrlarga xos sunniy ideali va zamonaviy, g‘arbiy stildagi hukumat qorishmasi» yaratilishi mumkinligini aytdi.

Boxariyning so‘zlariga ko‘ra, taraflar kelishuv imzolasa, mamlakatda «Eron Islomiy Respublikasining sunniy, afg‘on versiyasi» tuzilishini kutish mumkin.

AQSh hamda Tolibon harakati shu yil fevral oyida xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishini ko‘zda tutgan kelishuvga erishdi.

Unga binoan, AQSh 2021 - yilning mayiga qadar mamlakatdan barcha Amerika askarlarini olib chiqib ketadi. Buning evaziga Tolibon Afg‘onistonda terror guruhlariga boshpana berishni to‘xtatishi va Kobuldagi hukumat bilan muzokara olib borishi kerak.

Kobullik siyosiy tahlilchi Rahmatulla Amiriy AQSh rasmiylari va Tolibon yetakchilari bildiruvlaridan muzokaralar davomida «tuzumni o‘zgartirish» masalasi muhokama qilinayotganini xulosa qilish mumkinligini aytdi.

12 - sentabr kuni muzokaralar boshlanar ekan, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo hukumat va Tolibon vakillariga «qanday siyosiy tizim tanlash qarorini o‘zingiz chiqarasiz», dedi.

Kotib Vashington Afg‘onistonga ko‘rsatadigan yordam ko‘lami Afg‘onistonning yangi siyosiy tizimiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi.

Tolibon uchun ham, Kobuldagi hukumat uchun ham Islom muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatning 2004 - yilda qabul qilingan konstitutsiyasida «hech qanday qonun muqaddas Islom dini e’tiqodlari va qoidalariga zid bo‘lishi mumkin emas», deyiladi.

Tolibon mamlakatni "amir ul-mo‘min", ya’ni mo‘minlar yetakchisi boshqarishi kerak, hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG