Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:43

MIB xodimlari uyidan majburlab chiqarmoqchi bo‘lgan namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘ldi (VIDEO)


Namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yishidan 13 daqiqa avval ustiga benzin sepib, MIBchilarni ogohlantirgan
Namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yishidan 13 daqiqa avval ustiga benzin sepib, MIBchilarni ogohlantirgan

Namangan shahar, Istiqbol MFYda istiqomat qilgan 35 yashar yolg‘iz ayol Gulandom Dedabayeva 29 - sentabr kuni o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘ldi.

Yaqinlariga ko‘ra, Gulandom ikki yarim yil avval sotib olgan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga shu tariqa o‘z noroziligini izhor qilgan.

Oila-a’zolarining Ozodlikka bildirishicha, shifokorlar 29 - sentabr kuni kechqurun kasalxonada jon taslim qilgan ayolning 95 foiz kuyish jarohati olganini aytishgan.

Ozodlikka yuborilgan videoda Gulandom Dedabayeva o‘ziga o‘t qo‘yishi haqida MIB va organ xodimlarini bir necha bor ogohlantiradi.

Hatto ustiga bir baklajka benzinni sepganidan keyin ham 13 daqiqa gapiradi, lekin hech kim uning o‘zini yoqib yuborishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Namangan shahar va viloyat MIB mulozimlari hodisaga izoh berishdan bosh tortdi.

МИБ ходимлари уйидан мажбурлаб чиқармоқчи бўлган наманганлик аёл ўзига ўт қўйиб ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:30 0:00

Yonayotgan ayol

Namangan shahrining Istiqbol MFY, Bog‘i Eram ko‘chasi, 9-uyida 11, 15 yashar o‘g‘li va 58 yashar onasi bilan yashagan Gulandom Dedabayeva 29 - sentabr kuni tush payti ustiga bir baklajka benzin quyib, o‘t yoqib yubordi.

O‘sha zahoti kasalxonaga olib ketilgan bu ayol oradan besh soat o‘tib, vafot etdi. Doktorlar uning tanasi 95 foizi kuyganligini qayd etgan.

Ozodlikka yuborilgan 1 soatu 23 daqiqa davom etadigan videoda Gulandom Dedabayevaning uyi oldida uning MIB xodimlari bilan janjali aks etgan.

Janjal Gulandom Dedabayeva 2018 - yilda 13 ming AQSh dollariga sotib olgan uy haqida boradi.

Uyning asl egasi boshqa kishi ekanligi, o‘sha uyda yashab turgan uy egasining qarindoshi F. N. aldov yo‘li bilan hujjatlarni qalbakilashtirib, Gulandomga sotgani bu ishni ko‘rgan Namangan shahar Jinoyat ishlari sudining hukmida aytilgan.

2020 - yilning 9 - iyunida bo‘lib o‘tgan bu sud F.N.dan Gulandom Dedabayevaga 131 million so‘mni uch oy muddatda to‘lash va javobgarni 4 yilu 2 oy uy qamog‘ida saqlash haqida hukm chiqargan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining hukmi nusxasi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining hukmi nusxasi

Sud hukmining boshqa varaqlari nushasi Ozodlikda bor.

Ammo oradan uch oy o‘tgan bo‘lsa ham, javobgar tomon Gulandom Dedabayevaga pulning bir so‘mini ham to‘lamaydi. MIB sudning bu qarorini, ya’ni pulni undirib bermay turib, oilani uydan haydab chiqarmoqchi bo‘lgan.

Bunga esa, uy egasining sudga murojaat qilishi va sud ularni uydan chiqarish haqidagi qarori asos bo‘lgan.

Uy F.N.a va uning qarindoshlari o‘rtasidagi janjal obyekti bo‘lgan.

Uy Gulandom Dedabayevaning onasi Muhabbat Dedabayeva nomiga soxta hujjatlar asosida, janjalli uy ekani yashirilib sotilgan. Bu harakatlar sud hukmida aytilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining Gulandom Dedabayevaga pulini undirib berish haqidagi hukmi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining Gulandom Dedabayevaga pulini undirib berish haqidagi hukmi

"Hozir o‘zimni yoqib yuboraman, uvolimga qolib ketasizlar..”

Ozodlikka yuborilgan videoda 29 - sentabr kuni Gulandom Dedabayeva MIB xodimlari avval uning pulini undirib berganidan so‘ng uydan chiqishini talab qiladi.

Ijroni qoldiringlar deganman, qoldiringlar. Hozir o‘zimni yoqib yuboraman, uvolimga qolib ketasizlar

“Men bu uyni 13 ming dollar sanab berib olganman. Mening boshqa boradigan joyim yo‘q. Meni, onamni, ikkita bolamni boqadigan hech kim yo‘q. Meni majbur qilmanglar. Pulimni undirib beringlar, mana hozir beringlar besh minutda bu uyni tashlab chiqaman. Zo‘r O‘zbekiston deysizlar, qani u O‘zbekiston. Pulimni qaytarib bersin, MIBning ham keragi yo‘q, mahallaning ham keragi yo‘q, o‘zim chiqib ketaman. Ijroni qoldiringlar deganman, qoldiringlar. Hozir o‘zimni yoqib yuboraman, uvolimga qolib ketasizlar”, - deydi Gulandom Dedabayeva.

Qariyb bir yarim soat davom etgan videoda Gulandom Dedabayeva bir baklajka benzinni yarim soatga yaqin goh qo‘lida ko‘tarib yuradi, goh yerga qo‘yib qo‘yadi. Lekin hech kim baklajkani olib qo‘ymaydi.

Videoning 1 soatu 10chi daqiqasida darvoza oldida tor doira vujudga keladi. IIB va MIB xodimlari Gulandom Dedabayevaga yaqin keladi.

“O‘zimga o‘zim o‘t qo‘yib yuboraman. Yomon jonga tegib ketdinglar. Odamning ko‘nglini zada qilish shunchalik bo‘ladimi?”

Bu gaplarni aytgan Gulandom Dedabayeva ustiga bir baklajka benzinni sochib yuboradi. Bu holatni kuzatib turgan IIB va MIB xodimlaridan hech biri reaksiya bildirmaydi. Faqat uyni Gulandom Dedabayevaga sotgan F.N. borib, uni bu yo‘ldan qaytarishga harakat qiladi.

“Opa, siz manga tegmang, men o‘zimni, bollarimni himoya qilyapman. Men sizdan himoya qilyapman(MIB xodimiga qarab - tahr). Jonimga tegib ketdingiz.(videoda bir muddat ovoz yo‘qolib qoladi-tahr). Qani qonun, qani haqiqat? Bu yerdan ketinglar, men bu uydan chiqmayman..”

Gulandom Dedabayeva ustiga benzin quyilgan va qo‘lida o‘t yondirgich(zajigalka) tutgan holda yana 13 daqiqa gapiradi. Lekin fojia bo‘lishiga hammani aqli yetib turgan bo‘lsa ham, hech kim ehtiyot chorasini ko‘rmaydi.

MIB xodimi Jobir Sobitxonov uning yoniga yaqinlashayotganda, ayol o‘t yondirgichni chaqnatib yuboradi va u gurros alanga ichida qolib, avval darvozaga o‘zini uradi.

Keyin jon holatda ko‘chaga yugurib borib, devorning ostiga yiqiladi. IIB xodimlaridan biri choyshabni olib borib ustiga yopadi va olovni o‘chiradi.

Gulandom Dedabayevaning onasi Muhabbat Dedabayevaning iddao qilishicha, MIB xodimi Jobir Sobitxonov uning qiziga "o‘zingni yoqolmaysan", deb "provokatsiya" qilgan.

“Men darvozaning orqa tomonida o‘tirgan edim. Bolajonimni MIBdagi bola joniga qasd qilishga majbur qildi. Qizim, bir qadam qo‘ysang o‘zimni yoqvoraman, dedi. MIBchi bola yoqolmaysan, deb oldiga kelayotgan edi, yoqib yubordi”, - deydi marhumaning onasi.

Gulandom Dedabayeva 30 - sentabr kuni dafn etildi. Uning 15 va 11 yashar o‘g‘li buvisining qo‘lida qoldi.

Gulandom Dedabayevaning akasi Ismoil Nishonovning aytishicha, firibgarlik tuzog‘iga tushib qolgan singlisi ikki yildan beri bergan pulini ololmay sarson bo‘lgan.

Buning aybi nima, uyni notarius onasining nomiga rasmiylashtirib bergan, kadastr qilamiz deganda uyning egasi boshqa odam ekanligi ayon bo‘lgan.

“Sud firibgarlardan pulni undirib berish haqida qaror chiqardi. Lekin MIB xodimlari bu pulni undirib berish o‘rniga, uni ikki bolasi va onasi bilan uydan haydab chiqarishga zo‘r berishdi. Buning aybi nima, uyni notarius onasining nomiga rasmiylashtirib bergan, kadastr qilamiz deganda uyning egasi boshqa odam ekanligi ayon bo‘lgan. Qancha joyga murojaat qildi, lekin hech narsa bo‘lmadi. Bu menga o‘gay singil bo‘ladi. Otasi onasi bilan ajrashib uyidan chiqarib yuborganidan keyin bular bir umr ijarama ijara yashadi. Singlim musofir yurtlarda ishlab, uy qilaman deb, misqollab pul yiqqan edi. Bu ham unga nasib qilmadi. Kecha janozasi, bugun fotihasi o‘tdi. Na mahalla xodimlari na hurmatli prokuratura huzuridagi MIB vallomatlari ko‘ngil so‘rashga keldi. Na o‘sha kuni o‘ziga o‘t yoqquncha tomoshabin bo‘lib kutib turgan IIB vallomatlari qorasini ko‘rsatdi”,- deydi Ismoil Nishonov.

"MIB xodimi ikkita asosiy qoidani buzgan!"

Ozodlikka yuborilgan videoni ko‘rib chiqqan, ismi sir qolishini so‘ragan MIB xodimlaridan birining aytishicha, bu o‘rinda uydan chiqarish protsedurasi qo‘pol ravishda buzilgan.

MIB ikkita qoidani buzgan, birinchisi, o‘t o‘chiruvchilar chaqirilmagan, ikkinchisi uydan chiqarilayotgan ayol affekt holatiga tushayotgan va ustiga benzin quyib yana 10-15 minut gapirib turgan bo‘lsa ham, ijroni to‘xtatmagan

“Bu yerdagi eng asosiy narsa, muammoni muhokama qilish, MIBning vakolatiga kirmaydi. MIB sudning qarorini bajaruvchi. Uydan chiqarishda, qarzdor bilan undiruvchi deb yuritiladi terminda, taraflarga ogohlantirish beriladi. Masalan, o‘n kun muddat, maksimal bir oy. O‘sha muddatda agar qarzdor uydan chiqmasa, keyin ikkinchi etapga o‘tiladi. Bunda nizom bo‘yicha IIB, tez yordam va o‘t o‘chiruvchini albatta jalb qilishi shart. Aslida yoqib yuborishgacha olib borish kerak emas. Agar MIB xodimi u odamni o‘zini yoqib yuborishga ko‘zi yetib turgan bo‘lsa, bu jarayonni noma’lum muddatgacha to‘xtatish vakolati bor. Ijroni to‘xtatib, xolislar yordamida dalolatnoma tuzib, ma’muriy jarimani qo‘llab, ijro muddatini yana surishi mumkin. Lekin men videoda, MIB ikkita qoidani buzganini ko‘rdim. Birinchisi, o‘t o‘chiruvchilar chaqirilmagan, ikkinchisi uydan chiqarilayotgan ayol affekt holatiga tushayotgan va ustiga benzin quyib yana 10-15 minut gapirib turgan bo‘lsa ham, ijroni to‘xtatmagan. IIB xodimlari ham tomoshabin bo‘lib turganiga javob berishi shart”, - deya izoh beradi ismi oshkor etilishini istamagan MIB xodimi.

MIB mulozimlari savollarga javobdan bosh tortdi

Ozodlik Namangan shahar MIB boshlig‘i Ilhom Qodirov bilan bog‘lanib, xodimlarining bu harakatiga izoh so‘radi. Ammo Qodirov Ozodlik muxbiri o‘zini tanishtirishi bilan aloqani uzib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Namangan viloyati MIB boshlig‘i o‘rinbosari Husanboy Tursunov Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilinayotganini eshitgandan so‘ng, o‘zi qaytib chiqishini aytdi. Lekin kun davomida Tursunovdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi MIBning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limining telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

Ozodlik ixtiyorida bir insonning o‘limi bilan tugagan hodisa yuzasidan biron tekshiruv boshlangani yoki jinoyat ishi ochilgani haqida rasmiy ma’lumot hozircha mavjud emas.

MIB va aholi ziddiyati

O‘tgan uch yil davomida O‘zbekistonda MIB xodimlarining harakatlariga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yish, osish bilan o‘z joniga suiqasd qilgan odamlar haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan.

2018 - yil 6 - noyabrda Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Navro‘z shaharchasida yashagan fermer 33 yashar Sanjar Baratov 7 - noyabr MIB xodimlari mol-mulkni musodara qilish maqsadida uyga bostirib kirgan va uy egalariga g‘ayriinsoniy muomala qilganidan so‘ng o‘z omborxonasida osilgan holda topilgan edi.

2018 - yil Toshkent viloyati Qibray tumani hokimi boshchiligida 14 - dekabr kuni ertalab fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tayotgan paytda, 29 yashar Nozima Ergasheva o‘ziga o‘t qo‘ygandi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, ayol MIB xodimlari uning gaz quvurini asossiz kesib tashlagani, ikki oydan buyon uning arz-dodlariga hech kim quloq solmayotganiga shu tariqa norozilik bildirgan.

2019 - yil 18 - may kuni Samarqand viloyat, Tayloq tumanidagi Sochak mahallasida yashovchi uch bolaning otasi, 33 yashar yigit noqonuniy ravishda qurilgan deya topilgan uyini buzish uchun kelganlarga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yib, shifoxonada vafot etgan edi. Yigitning onasi uni qutqarish uchun olov ichida qolgan o‘g‘lining ustiga o‘zini tashlab, og‘ir kuyish jarohati olgan edi

2020 - yil 21 - yanvar kuni Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi 31 yashar Xushnud G‘oyibnazarov uyini musodara qilishga kelgan Majburiy ijro byurosi xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yuborgandi.

2020 - yil 19 - fevral kuni ertalab Muqaddas Mustafoyeva uyini buzayotganlarga qarshi Qashqadaryo viloyat prokuraturasi binosi oldida ustiga benzin sepib, o‘t qo‘ygandi. O‘tni o‘chirish paytida uning otasi, 60 yoshli Olim Mustafoyev kuyish jarohatlari olgan edi.

XS
SM
MD
LG