Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:00

Voljskiy masjidiga joylashtirilgan muhojirlarni O‘zbekistonga jo‘natish boshlandi (VIDEO)


Voljskiy shahar ma’muriyati tashabbusi bilan vokzalda boshpanasiz qolgan o‘zbekistonlik muhojirlar qurilishi hali bitmagan masjidga joylashtirildi.
Voljskiy shahar ma’muriyati tashabbusi bilan vokzalda boshpanasiz qolgan o‘zbekistonlik muhojirlar qurilishi hali bitmagan masjidga joylashtirildi.

O‘zbekistonga ketolmay qolgani ortidan Voljskiy shahrida qurilishi chala holdagi masjidda tunagan mehnat muhojirlari 29 - sentabr kuni vataniga qayta boshladi.

Voljskiy shahar muftiyati¸ shuningdek¸Volgograd Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Ozodlikka bildirishicha¸ 27 - sentabr kuni masjidga joylashtirilgan 200 ga yaqin muhojir charter poyezd va avtobuslarda O‘zbekistonga jo‘natilmoqda.

Ayni paytda, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Qozog‘iston chegarasining 1 oktabrdan ochilishi to‘g‘risida tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlarni inkor etdi.

27 - sentabr kuni Volgograd viloyatining Voljskiy shahrida yangi qurilayotgan masjid binosiga o‘z yurtiga ketolmasdan qolgan 200ga yaqin o‘zbek muhojiri joylashtirildi.

- Bizga joylashtirilgan 200 tacha odamdan 40 tasi ayollar, ayrimlarida bolalari ham bor. Shahar ma’muriyati tashabbusi bilan ularni sovuq boshlanganidan keyin Zeleniy orolidagi masjid binosiga joylashtirishga qaror qildik¸ dedi Ozodlik gaplashgan Volgograd viloyati Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi rasmiy vakili Murodhoji Absamatov.

Masjidga joylashtirilgan 200 kishidan 40 tasi - ayollardir.
Masjidga joylashtirilgan 200 kishidan 40 tasi - ayollardir.

-O‘zbekistonliklarni joylashtirganimizga uch kun bo‘ldi, boshida qiynaldik, chunki buncha odamni eplolmasdan qoldik. Keyin shahar ma’muriyati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi ko‘magida hamma zaruriy narsalar olib kelindi, odamlarga issiq ovqat tashkil qilindi. Buncha odamni birdan faqat bizni binomiz qabul qila olarkan. Keyin yordamga oddiy musulmonlar va volgogradliklar qo‘shildi.

Voljskiy aholisi ko‘rpa-to‘shak olib kelmoqda.
Voljskiy aholisi ko‘rpa-to‘shak olib kelmoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Volgograd oblasti ma’muriyati ko‘magida o‘zbek musofirlariga ko‘rpa-to‘shak olib kelingan va ularga vaqtinchalik yashash uchun sharoitlar yaratilgan.

Muhojirlar tushlik paytida.
Muhojirlar tushlik paytida.

Muftiyat vakili hozirda Voljskiy vokzalida boshpanasiz qolgan o‘zbek muhojirlari yo‘qligini aytdi.

Murodhoji Absamatov 29 - sentabrdan boshlab qolgan o‘zbekistonliklarni vataniga jo‘natish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.

- Bugun 16:30 da birinchi, 17:30da ikkinchi va 18:30da uchinchi avtobus reyslarida odamlar olib ketiladi. Yana bitta zahiradagi avtobusda qolganlar olib chiqiladi. Shu tariqa, masjidimizda birorta o‘zbekistonlik bugun kechga qolmaydi - hammasini jo‘natamiz, Inshalloh! Yana vokzalga kelayotgan odamlar bo‘lishi mumkin. Lekin oldin kelib joylashganlarni biz kamchiliksiz joylashtira oldik¸ dedi Murodhoji Absamatov.

O‘zbek migrantlariga ko‘rpa-to‘shak berildi.
O‘zbek migrantlariga ko‘rpa-to‘shak berildi.

Muftiyat vakili¸ o‘zbekistonliklarni vataniga jo‘natish bilan bir paytda¸ Voljskiyga uyiga qaytishga urinaëtgan yangi muhojirlar oqimi kelishda davom etayotganini inkor qilmadi.

Bundan ikki kun oldin Volgograd bosh muftiysi Bata Kifoh Muhammad (Abdullo Hoji) kelayotgan odamlar soni keskin ko‘payib borayotgani sabab, muftiyat qiyinchiliklarga uchrayotganini bildirgandi.

Volgograd viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 29 - sentabr kuni Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ boshpanasiz qolgan muhojirlar uchun Voljskiy temir yo‘l vokzalida chodir qurish rejasi yo‘qligini bildirdi,

Tarmoqlarda Voljskiy shahridan Toshkentga temir yo‘l koridori ochilishi to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘lishi ortidan pandemiya cheklovlari bois vataniga qaytolmayotgan minglab o‘zbek muhojiri shu yerda to‘plana boshladi.

Voljskiydagi o‘zbeklar avtobus va poyezdlarda olib chiqiladi.
Voljskiydagi o‘zbeklar avtobus va poyezdlarda olib chiqiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tezkor shtabi 29 - sentabr kuni Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasining 1 - oktabrdan ochilishi va o‘zbekistonliklarning Qozog‘iston orqali vataniga qaytishi mumkinligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan xabarlarni "yolg‘on" sifatida inkor qildi.

XS
SM
MD
LG