Линклар

Шошилинч хабар
12 июл 2025, Тошкент вақти: 06:42

Jahongir Ortiqxo‘jayev brendi bilan 3,5 million xonadonga majburan o‘rnatilayotgan gaz hisoblagich xavfsizligi savol ostida


Andijonda o‘rnatilganidan 2 soatcha o‘tib-o‘tmay portlagan gaz hisoblagichi Osten brendidagi qurilmadir.
Andijonda o‘rnatilganidan 2 soatcha o‘tib-o‘tmay portlagan gaz hisoblagichi Osten brendidagi qurilmadir.

24 - sentabr kuni Andijon shahrining "Shimoliy kichik daha" kichik nohiyasidagi 77-uy 15-xonadonda "aqlli" gaz hisoblagichi o‘rnatilgandan 2,5 soat o‘tib, portlab ketdi.

Voqea guvohlarining yozishicha¸ portlash oqibatida¸ baxtli tasodif tufayli¸ hech kimga ziyon yetmagan.

Bu gaz hisoblagichni o‘rnatishga mas’ul davlatga qarashli “Hududgazta’minot” AJ 25 - sentabr kuni portlash sabablarini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruhi tuzilganini ma’lum qildi.

Ayni paytda davlat kompaniyasi ishchi guruh xulosasini kutib o‘tirmay¸ gaz hisoblagichda ayb yo‘qligi¸ portlash uchun “gaz tarmoqlari va qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalangan” iste’molchi aybdorligini iddao qildi.

Andijondagi portlash

Andijon shahridagi xonadonda yangi gaz hisoblagich portlagani haqidagi xabar 24 -sentabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi vodiyliklar guruhida paydo bo‘ldi.

"Bu "Texnopark" MChJning "aqlli" gaz hisoblagichi. O‘rnatilgandan 2,5 soat o‘tgach portladi. Yaxshiyamki hech kim zarar ko‘rmagan. Agar portlash natiijasida parcha ko‘zga tushganda-chi? Agar gaz sizishi sababli katta portlash yuz berganda-chi?"deb yozdi voqea haqida xabar bergan birlamchi manba.

Portlash haqidagi xabarga¸ gaz hisoblagich o‘rnatilgan oshxona¸ qolaversa¸ butun kvartirada yuzaga chiqqan manzara suratlari ilova qilindi.

Suratlardan gaz hisoblagichning xolodilьnik¸ kir yuvish mashinasi¸ gaz plitasi va mikroto‘lqinli pechka turgan kichik oshxona devoriga o‘rnatilgani ko‘riladi.

Rasmlardan birida¸gaz hisoblagichning portlash zarbidan uchib ketgan Osten brend nomi yozilgan qismi ham ko‘rinadi.

“Hududta’minotgaz” Osten himoyasida...

Portlash haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lishi ortidan ”Hududta’minotgaz” Axborot xizmati bayonot chiqardi.

Rasmiy xabarda “gaz tarmoqlari va qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida, favqulodda texnogen hodisa ro‘y bergani¸ dastlabki talqinga ko‘ra, o‘lchash moslamasining ichida gaz-havo aralashmasidan chaqnash paydo bo‘lishi, uni ishdan chiqishiga olib kelgani” bildirildi.

Voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tashkil etilgani aytilsada¸ “Hududta’minotgaz” portlash uchun darhol xonadon egalari va qo‘shnilarni aybdorga chiqardi.

Gaz uskunalari va gaz tarmog‘i ichidagi gaz-havo aralashmasining paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri, bu gaz hisoblagich o‘rnatilishidan avval, xususan, qo‘shni xonadonlardagi gaz tarmoqlari uchun mo‘ljallanmagan rezina shlangni ulash natijasida (uchta xonadonda mavjudligi aniqlandi) gaz quvuriga atmosfera havosining kirishidir”¸ deyiladi “Hududta’minotgaz” AJ rasmiy bayonotida.

Gaz hisoblagichlarni o‘rnatayotgan “Hududgazta’minot” matbuot xizmati ishchi guruhi xulosasini ham kutmasdan:

Hisoblagich tarmoqdagi yuqori bosimdan ishdan chiqqan degan talqin haqiqatga mos kelmaydi”¸ degan qat’iy bayonot qildi.

Tarmoqdagi e’tirozlar

Davlat kompaniyasining iste’molchi emas¸ gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchisi himoyasiga chiqqani ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbekistonliklar e’tiroziga uchramay qolmadi.

Faqat -gaz bosim o‘zgarish oqibatida, xonadon egasining noto‘g‘ri gazdan foydalanishi oqibatida so‘zlaridan foydalanmay¸ hisoblagich haqida ham aniqlik kiritilgan laboratoriya xulosalarini olib tanisharsiz. Hammamiz ham oilamiz xavfsizligi tarafdorimiz”¸ deb munosabat bildirdi Andijon “Hududgaz”i bergan baënotga Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Qizg‘in muhokamalarda hukumat qarori bilan majburan Osten brendidagi gaz hisoblagichga o‘tkazilayotgan iste’molchilar¸ bu loyiha ijrochilarini "davlatni sog‘ish va xalqni qiynash" da aybladi¸ ishlab chiqaruvchi (“Texnopark” MChJ) ni ham¸ uni o‘rnatayotgan(“Hududgazta’minot” AJ)ni ham sudga tortish talabini o‘rtaga qo‘ydi.

Ayni paytda¸rasmiylarning gaz hisoblagich himoyasiga shoshilgani ijtimoiy tarmoqda hajv qilinmoqda.

Xususan¸ O‘zbekistonda “aqlli” gaz va elektr hisoblagichlarga o‘tkazish jarayoniga oid yangiliklarni tarqatayotgan Telegram kanallarida bu mavzudagi satira va memlar tarqadi.

“Biz kutgandik¸ biz bilgandik”....

25 - sentabr kuni Ozodlik gaplashgan gaz sohasi mutaxassislari Andijondagi portlashning loyiha boshidanoq kutilgan voqea ekanini bildirdi.

Jamoatchilikka Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvdagi ayrim muhim faktlarni yana bir bor eslatish kerak. Gaz hisoblagichlar bo‘yicha hukumat tenderi 2020 - yil 17 - fevralida e’lon qilingan. Bu tender e’lon qilingach¸ “Texnopark” Osten brendini sertifikatlashtirgan. Tender e’lon kilingan sana va “Texnopark” sertifikat olgan sanasini bir solishtiring!

"Texnopark" MChJ Osten brendida gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchi sifatida davlat reestriga tender e’lon qilinganidan 10 kun o‘tib kiritilgan.
"Texnopark" MChJ Osten brendida gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchi sifatida davlat reestriga tender e’lon qilinganidan 10 kun o‘tib kiritilgan.

Tender hujjatida “mahsulot sifatida qo‘yiladigan talablar”degan joy bor edi. 3¸5 million dona buyurtma beriladigan elektron pribor sifatini 3 kunda aniqlash mumkinmi? Har bir o‘zbekistonlik uyiga o‘rnatiladigan gaz hisoblagichni o‘tmishda birorta bunday qaltis qurilma ishlab chiqarmagan korxonaga berish mumkinmi?”

“Texnopark” orqasiga yashiringan Osten. Unisi ham¸ bunisi ham Jahongir Ortiqxo‘jayevniki!

Andijondagi xonadonda portlagan “aqlli gaz hisoblagich” ishlab chiqaruvchisi “Texnopark” MChJ.

Bu MChJning qog‘ozdagi egasi¸Ozodlikdagi hujjatlarga ko‘ra¸ Toshkent shahar hokimligi.

Portlagan gaz hisoblagich brendi Osten.

Bu brendning 100 foiz egasi J-United Group. J-United Group holdingining 100 foizlik egasi esa¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdir.

O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasining asosan maxfiy¸ yoki jamoatchilikka ochiqlanmagan qarorlari bilan jami qiymati 555 million dollarlik “aqlli gaz hisoblagich”ga o‘tish loyihasi joriy yil aprel oyida Jahongir Ortiqxo‘jayevga oid tizimlarga berildi.

“Hududgazta’minot” davlat kompaniyasi Ortiqxo‘jayev brendi bilan o‘rnatilayotgan 3¸5 milliondan oshiq gaz hisoblagich pulini Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi imtiëzli krediti¸ xorijiy moliya tizimlaridan davlat kafolati bilan olinadigan qarzlar hisobidan to‘laydi.

Bu pullarni qaytarish esa¸ oxir-oqibat soliq to‘lovchi yelkasiga tushadi - yangi gaz hisoblagichning puli iste’mol qilinadigan har bir kub metr gaz ustiga qo‘shiladigan 17 so‘mlik ustama orqali xalqdan oshig‘i bilan chiqarib olinadi. Inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiya qilinadigan bu ustama qiymati har yili oshib boradi.

Joriy yil may oyida Ozodlik O‘zbekistondagi tabiiy gaz iste’molchilarini yoppasiga Osten gaz hisoblagichiga o‘tkazish jaraënining maxfiylik¸ manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya fonida amalga oshirilayotganiga oid jurnalistik surishtiruvni e’lon qilgan edi.

Surishtiruv davomida Ozodlik gaplashgan gaz sohasi mutaxassislari¸ “Texnopark” 2020 - yil fevralidan ishlab chiqarishni boshlagan Osten gaz hisoblagichlari sinovdan o‘tmagani iste’molchilar hayoti va xavfsizligiga jiddiy tahdid bo‘lishidan ogohlantirgan edi.

Ertaga¸ uzoq muddati sinovdan o‘tmagan va asosan Xitoydan olib kelingan butlovchi qismlardan tayyorlanayotgan bu hisoblagichlar bilan bog‘liq falokatlar ro‘y bersa¸ kim javob beradi¸tovonini kim to‘laydi?”¸ degan edi may oyida Ozodlik gaplashgan mutaxassislardan biri.

Andijondagi portlash ortidan Ozodlik qayta bog‘langan bu mutaxassis¸ "qonunda talab qilingan sifat standratlariga javob bermaydigan¸ uzoq muddatli texnik sinovdan o‘tkazilmagan" bu gaz hisoblagichlar bilan bog‘liq haqiqiy muammoning qish mavsumida boshlanishidan xavotir bildirdi.

"Hali gaz tarmoqlarida jiddiy bosim boshlanmadi. Boshlansa¸ bu hisoblagichlarning portlab¸ ko‘p odam hayotiga zomin bo‘lish tahdidi kuchli"¸ dedi O‘zbekiston Energetika vazirligining gaz bo‘yicha mutaxassisi.

Ozodlik surishtiruvda keltirilgan fakt va ma’lumotlarga hozirga qadar na bu jarayon tepasida turgan Vazirlar Mahkamasi¸ na davlat buyurtmachisi rolidagi “Hududta’minotgaz”¸ na Jahongir Ortiqxo‘jayev rahbar bo‘lgan Toshkent shahar hokimligi va na uning bu loyihaga aloqador xususiy biznes strukturalari biror shaklda munosabat bildirgan emas.

XS
SM
MD
LG