Ozodlik surishtiruvi Xitoydan butun yoki qismlarga ajratilgan holda sotib olingan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kelishda “Zamin” fondining vositachilik rolini o‘rtaga chiqardi.
Rasman xalqaro grantlar va xayriyalar hisobiga faoliyat yuritadigan ”Zamin” fondiga prezidentning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva raislik qiladi.
Surishtiruv jarayonida “Zamin” fondi logosi bilan kislorod konsentratorlari ishlab chiqargan Xitoy kompaniyasi hamda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib “mahalliy kislorod konsentratorlari” ishlab chiqargani iddao qilingan “Great Kokand” MChJning xitoylik hamkori ayni kompaniya bo‘lib chiqdi.
Bu esa Hong Kongda ro‘yxatga olinib¸ Guangdongda ishlab chiqarish zavodiga ega Foshan MIC medical Technology Co, Ltd.dir
Hozircha Ozodlik Ziroat Mirziyoyevaning prezident qarori bilan ulkan imtiyozlar berilgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy hududida joylashgan “Great Kokand” MChJsi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi borligi haqida ma’lumotga ega emas.
“Zamin” fondi uchun kislorod konsentratorlari
O‘zbekistondagi turli biznes tizimlarining o‘z kompaniyasi ishlab chiqarayotgan kislorod konsentratorlariga qiziqishi haqida gapirgan Foshan MIC medical Technology Co, Ltd. namoyandasi Ozodlikka avgust oyida “Zamin” fondiga o‘z logosi yopishtirilgan ayni mahsulotni yetkazib berganini bildirdi.
Bu kompaniya o‘z mahsulotini MICiTECH brend nomi bilan sotuvga chiqaradi.
“Hukumatlar ko‘pincha ishlab chiqaruvchidan mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olmasdan¸ uchinchi tomonni yollaydi. Biz o‘tgan oy “Zamin” fondi orqali O‘zbekiston hukumatiga kislorod konsentratorlari yetkazib berdik”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Foshan MIC medical Technology Co, Ltd kompaniyasi vakili.
Bu bayonotiga suhbatdosh¸ mazkur oldi-berdini tasdiqlovchi suratlarni ham ilova qildi.
Ularda O‘zbekistonga jo‘natishga tayyor konsentratorlar va ular qutisiga Xitoy kompaniyasi brend nomi bilan yonma-yon Zamin Foundation degan yorliq yopishtirilgani ko‘riladi.
Xitoy kompaniyasi vakili “Zamin” fondining bu konsentratorlarni hukumat buyurtmasi bilan sotib olganiga ishonishini bildirdi.
Ozodlik ixtiyorida "Zamin" fondi ushbu xaridni amalga oshirganini bevosita tasdiqlovchi rasmiy hujjat hozircha yo‘q.
Fond o‘zining rasmiy saytida taqdim etilgan elektron pochtaga Ozodlik tahririyatidan yuborilgan savollarga hozircha javob bermadi.
“Zamin” qanaqa fond?
“Zamin” xalqaro jamoat fondi joriy yil aprelida “mamlakatning barqaror rivojlanishi va aholi turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shish” iddaosi bilan ta’sis etilgan.
Faoliyati “uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalardan iborat 4 yo‘nalishga asoslangan”i aytilgan “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi prezident Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Mirziyoyevadir.
4 - sentabr kuni fond saytida qo‘yilgan yangilikda¸ fondning "Nafas ol, O‘zbekiston!" aksiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “COVID-19 tashxisi bor bemorlarni davolash uchun tibbiyot anjomlari va kislorod konsentratorlarini 29 -iyuldan 9 - avgustgacha bo‘lgan davrda yetkazib bergani” yozilgan.
Ayni xabarga ko‘ra¸ jami 1035 ta kislorod konsentratoridan 132 tasi Muruvvat va saxovat uylariga o‘rnatilgan, 55 tasi "Xizmat beminnat" ko‘ngillilar harakatiga foydalanishga topshirilgan. Qolgan 848 ta kislorod konsentratorining qayerga ketgani xabarda aytilmagan. Xitoy shirkatining “hukumat buyurtmasi” haqidagi ma’lumotidan kelib chiqilsa¸ qolgan kontsentratorlar davlat kasalxonalariga tarqatilgan bo‘lishi mumkin. Bu konsentratorlar kasalxonalarga bepul tarqatildimi¸ yoki sotildi¸ bu haqda Ozodlik ixtiyorida hozircha ma’lumot yo‘q.
Statusiga ko‘ra "xalqaro jamoat fondi" bo‘lgan "Zamin" fondi saytida jamoatchilik yoki matbuot vakillari bog‘lanishi uchun birorta telefon raqami berilmagan.
Rasmiy saytida "Zamin" fondining “xalqaro tashkilotlarning grantlari”¸ xalqaro va mahalliy tashkilotlarning xayriya mablag‘lari va jismoniy shaxslarning xayriyalari” hisobidan faoliyat yurgizishi aytilgan.
“Shaffoflikni ta’minlash maqsadida har bir kislorod konsentratori fond logotipi va maxsus raqam bilan belgilangan”i ta’kidlangan fond bayonotida kislorod konsentratorlarining qayerdan¸ qanchaga olib kelingani haqida ma’lumot yo‘q.
Shunchaki tasodif?
Ziroat Mirziyoyeva boshqaradigan fond avgust oyida 1000 dan oshiq kislorod konsentratorini Xitoyning Guangdong sanoat hududida joylashgan Foshan MIC medical Technology Co, Ltd kompaniyasidan sotib olgan.
Xitoyda kislorod konsentratorlari ishlab chiqaradigan yuzlab kompaniya bor. Foshan MIC medical Technology Co, Ltd bu mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyalar sirasiga kirmaydi¸ hatto uning o‘z sayti ham yo‘q.
Sentabr oyida Farg‘ona viloyat hokimligi e’lon qilgan hujjatga ko‘ra¸ “Qo‘qon” erkin iqtisodiy hududida faoliyat yurg‘izadigan “Great Kokand” MChJning “mahalliy” kislorod konsentratorlari ishlab chiqarishdagi hamkori aynan shu Foshan MIC medical Technology Co, Ltd kompaniyasidir.
Ozodlik surishtiruvlari davomida “Great Kokand” yorlig‘i bilan taqdim etilgan kislorod konsentratorlarining aslida Xitoydan tayyor olib kelingani oshkor bo‘ldi.
Qo‘qonlik Ziroat Mirziyoyeva raislik qiluvchi “Zamin” fondi¸ undan keyin esa, “Buyuk Qo‘qon” MChJning kislorod konsentratorini Guangdongdagi tanilmagan Foshan MIC medical Technology Co, Ltddan sotib olishi tasodifmi-yo‘qmi¸ Ozodlikda bu savollarga oydinlik kiritadigan ma’lumot hozircha yo‘q.
Registratsiya hujjatlariga ko‘ra¸ 2018 - yil 30 - aprel kuni ta’sis etilgan “Great Kokand” MChJ 100 foiz xususiy shirkat. MChJ aksiyalarining qariyb 60 foiziga Shavkat Hamidovich Hamzayev va unga qarashli Abu Dabi Plastiks shirkati egalik qiladi. Qolgan aksiyalar Ayubxon Sodiqov va Ma’mur Xoliqovga tegishli.
Greatkokand.uz saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ bu MChJ hozirgacha faqat stretch plyonka¸ skotch va guldor plastik paketlar ishlab chiqarib kelgan.
O‘zbekistonda birinchi bo‘lib “mahalliy kislorod konsentratori” ishlab chiqargani iddao qilingan “Great Kokand” o‘z o‘tmishida biror tibbiy jihoz yoki elektronika mahsuloti ishlab chiqargan emas.
Pandemiya davrida qaynoq tovarga aylangan kislorod konsentratorlarining “mahalliy ishlab chiqaruvchisi”ga aylangan “Great Kokand” MChJsi¸ 1 -noyabrdan boshlab davlat kasalxonalariga konsentrator yetkazib beruvchi hozircha yagona korxonaga aylanishi mumkin.
Prezident Mirziyoyev o‘tgan oy imzolagan qarorga ko‘ra¸ kapitalida davlat ulushi bor har qanday tizim o‘ziga zarur mahsulot va xizmatni¸ bunday mahsulot va xizmatni taklif qiluvchi mahalliy kompaniya mavjud bo‘lsa¸ faqat undan olishga majbur.
Bu esa¸ davlat kasalxonalarining “Great Kokand” Xitoydan o‘z yorlig‘ini yopishtirib olib kelayotgan konsentratorlarni u aytgan narxda sotib olishini anglatadi.
Tepasida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning shaxsan o‘zi turgani aytilgan bu loyiha haqidagi rasmiy xabarda¸ “Great Kokand” kislorod konsentratorlarining yaqin orada nafaqat Farg‘ona¸ balki butun respublika kasalxonalariga “yetkazib berilishi” yozilgan.
Fondsevar Birinchi xonimlar
Postsovet respublikalari prezidentlari rafiqalarining o‘zlariga har-xil xayriya fondlari ochishi yangilik emas. SSSR qulaganidan beri aksar postsovet Birinchi xonimlari “xalqaro jamoat fondi” degan maqomda ochilgan turli fondlarga rahbarlik qiladi. Ularning ko‘pchiligi o‘zlarining qudratli erlari imijini xotin-qizlar orasida yaxshilash maqsadida asosan yetim va nogiron bolalarga yordam berish¸ xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari bilan har-xil loyihalarni amalga oshirib keladi.
Xususan, Qozog‘iston Birinchi prezidentining rafiqasi og‘ir xasta bolalarga yordam berishi iddao qilingan “Bobek” fondi ochgan bo‘lsa¸ Qirg‘iziston Birinchi prezidenti xotini Mayram Aqayeva “Meerim” fondi ochib¸ yetim bolalarni o‘z himoyasiga olganini bildirgan edi.
O‘zbekistonning sobiq Birinchi xonimi Tatyana Karimova ham kenja qizi Lola Karimova orqali rasman xuddi shunday maqsadni ko‘zlagani aytilgan “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasi tashkil etgan edi.
Ammo Birinchi xonimlarning bunday “xayriya” fondlari erlari prezidentlikdan ketishi ortidan korrupsiya janjallari markazida qolib ketgan holatlar ko‘p.
Xususan, Mayram Aqayeva fondi faoliyati bilan bog‘liq 30 dan oshiq jinoyat ishi ochilgan.
Sobiq Birinchi xonimga "davlat idoralari va xususiy tashkilotlarni o‘z fondiga mablag‘ o‘tkazishga majburlaganlik” va 2 million dollarga yaqin xayriya mablag‘ini o‘zlashtirganlik ayblari qo‘yilgan.
Ukrainaning o‘tgan yil prezidentlikdan ketgan sobiq prezidenti Petro Poroshenkoning xotini Marina Poroshenko ham katta korrupsion janjal markazida qolmoqda.
Petro Poroshenko xayriya fondi va Ukraina madaniyat fondiga raislik qilgan Marina Poroshenkoning nogiron bolalarga AQSh¸ Yevropa hukumatlari va Soros fondi ajratgan yuzlab million dollarlik gumanitar yordamni o‘zlashtirishga aloqadorligi o‘rtaga chiqqan.
Marina Poroshenko hozirga qadar Luxembourg Herald jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruv xulosasiga biror shaklda e’tiroz bildirmagan.