Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 16:42

Samara viloyatida muhojir o‘zbeklar lageriga ko‘ngillilar yordami tashkil etildi (VIDEO-FOTO)


Kinel tumanidagi o‘zbek muhojirlari. L.Melnichenko fotosi.

Rossiyaning Samara viloyatida vatanga qayta olmayotgan o‘zbek muhojirlariga mahalliy ko‘ngillilar tomonidan yordam uyushtirildi. Kinel tumanidagi maxsus palatka qo‘rg‘onida joylashtirilgan 3 mingdan ziyod o‘zbekistonlik 5 -oktabrgacha poyezdlarda olib chiqilishi e’lon qilindi.

Samaralik ayol ko‘ngillilar guruhini tuzdi

Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi Samara viloyati Kinel tumanida bugungi kunda 3 mingdan ziyod o‘zbekistonlik mehnat muhojiri O‘zbekistonga ketish uchun poyezdlarni kutib qolmoqda.

Ko‘chada qolgan o‘zbekistonliklarga Samara viloyati hokimligi tomonidan maxsus palatka shaharchasi qurildi. Nochor ahvolda qolgan migrantlarga mahalliy aholi tomonidan oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yetkazish boshlandi.

Yordam qo‘lini cho‘zganlardan biri - asli peterburglik nafaqaxo‘r Lyudmila Melnichenko. Ozodlik bilan suhbatda Lyudmila o‘zbeklarning og‘ir ahvolda qolganini eshitib, yordamga oshiqqanini aytadi.

O‘zbek muhojirlari lagerida. L.Melnichenko fotosi.
O‘zbek muhojirlari lagerida. L.Melnichenko fotosi.

Suhbatdosh avvalga 6 mingga yaqin odam bo‘lgani, uning taxminiga ko‘ra, hozirda Kineldagi palatka shaharchasida 3 mingdan ko‘proq odam qolayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar lagerida pulsiz va ishsiz qolgan erkaklar bilan birga bolalar va ayollar ham bor.

- Men u lagerga jurnalist sifatida emas, ko‘ngilli sifatida kirib bordim. Tushundimki, pulsiz yordam ko‘rsatib bo‘lmaydi va internet orqali yordam so‘radim. Butun Rossiyadan odamlar pul jo‘natishayapti, har bir tiyini bo‘yicha hisobot Feysbuk sahifamda. Kecha o‘zbekistonlik bir odamdan 300 ming rubl kelib tushdi, hammasiga oziq-ovqat va dori-darmon olyapmiz. Hozir menga yordamga yana bir necha kishi kelib qo‘shildi samaraliklardan.

"O‘zbeklar menga qarindoshdek bo‘lib qolgan"

Lyudmila Melnichenko Kinel shaharchasiga Peterburgdan birmuncha vaqt oldin ko‘chib kelgani va ancha yillardan beri “o‘zbeklar bilan birga” ekanini aytadi.

Lyudmila Melnichenko
Lyudmila Melnichenko

- Men uzoq yillar Leningrad radiosida ishlaganman. Ota-onam shu yerda yashashgan, men ularni qarashga kelib, qolib ketganman. 2006 yilda bizda boshlangan yong‘in paytida bit o‘zbek yigiti kelib, ijaraga xona so‘rab qoldi. Shu bolaga xonalardan birini bepulga berdim, ismi Orif bo‘lgan bu yigit menga mayda ishlarda ko‘maklashardi, keyin yaqin qarindoshlarini olib kela boshladi.

Qo‘shnilarim mendan “Qo‘rqmaysanmi o‘zbeklar bilan yashashga?!”, derdi. Shu tariqa Kineldagi o‘zbeklar 10 yildan ortiq vaqt mening atrofimda jamlangan, ular menga qarindoshdek bo‘lib qolgan! Ular meni hatto o‘z yurti - Farg‘onaning Beshariq tumanidagi qishlog‘iga taklif qilishdi.

Palatkadagilar orasida kasallar ko‘paymoqda. L.Melnichenko fotosi
Palatkadagilar orasida kasallar ko‘paymoqda. L.Melnichenko fotosi

O‘zbekistonlik migrantlar Samaradan 4 poyezdda olib chiqiladi

Ayni damda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi maxsus shtabning xabar qilishicha, COVID-19 virusi bilan bog‘liq karantin cheklovlari va transportlarning respublikaga kirib chiqishiga qo‘yilgan taqiq 1 - oktabr kuni bekor qilinadi.

Hukumat 19, 23, 26 - sentabr va 5 - oktabr kunlari tashkil etilgan maxsus poyezd qatnovlari yordamida Samara viloyatida yig‘ilib qolgan muhojirlarni olib chiqishni rejalashtirgani aytildi.

Kelib tushayotgan mablag‘larga olingan zaruriy buyumlar va oziq-ovqat.
Kelib tushayotgan mablag‘larga olingan zaruriy buyumlar va oziq-ovqat.

"Poyezdlar kelgunigacha odamlar palatka shaharchasida qolishga majbur", - deydi Lyudmila Melnichenko. U mahalliy bozorda ishlayotgan ayrim o‘zbeklar o‘z yurtdoshlariga qimmatga yegulik sotib, pul ishlayotganidan g‘azablanganini aytadi.

- 18 - sentabr kuni odamlarni qaydga olish to‘xtatildi. 5 - oktabrda oxirgi poyezd ketishi bilan lager yopilishi aytilmoqda. Ammo palatkalar yozgi, sovuq, oziq-ovqat tashkillashtirilmagan ularga! Odamlar bozorchada sotib olgan idishida o‘ziga ovqat qilyapti. Bu bozorda esa samaralik o‘zbeklar uddaburonlik qilib, Samaradan buyumlarni olib kelib, uch barobar narxda sotmoqda! Uyat-ku!

Samaralik ayol oziq-ovqat tarqatish bilan birga, bir oydan ortiq vaqt davomida yig‘ilib qolgan axlat va chiqindilarni tozalashga lagerdagi o‘zbeklarni jalb qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Poyezd kutayotgan muhojirlar dala oshxonasi.
Poyezd kutayotgan muhojirlar dala oshxonasi.

Samaralik ko‘ngilli u bilan birga boshqa tashkilot va shaxslardan ham yordam kelayotganiga guvoh bo‘lganini bildirdi.

- Mahalliy o‘zbeklar jamiyatlaridan doimiy ravishda yordam kelayotganini kuzatganim yo‘q. Poyezdga aylanma yo‘llar bilan bilet sotish boshlanganida bu yerda to‘polon ham ko‘tarildi bir. Bir marta konsul kelib ketgan ekan, odamlar noroziligini bildiribdi. Shu ishlar bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan amaldorlarning “odamlarga kunda issiq ovqat tarqatilyapti, ular joylashtirilgan, dushlari bor” degan gaplarini matbuotda o‘qib, hayron qolyapman. Unday emas! Shunga qaramasdan, men Samara viloyati rahbariyatiga, men orqali qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonliklarga yordam jo‘natayotgan oddiy odamlarga katta minnatdorchiligimni bildiraman, - dedi suhbat so‘ngida Lyudmila Melnichenko.

"Sartaroshlar ham o‘zimizdan!" L.Melnichenko fotosi
"Sartaroshlar ham o‘zimizdan!" L.Melnichenko fotosi

U odamlarga boshqirdistonlik musulmonlar, samaralik yevangelistlar, moskvalik sobiq o‘zbekistonliklar ham yordam qo‘lini cho‘zishganini qo‘shimcha qildi.

Lyudmila sovuq tushgan mahalda lagerda qolayotgan odamlar orasida kasallar soni ko‘payib borayotgani va ularga shifokor yordami zarur bo‘layotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonliklar poyezd, uchoq va avtomobillar yordamida olib chiqilmoqda

Bundan oldinroq Ozodlik Kinel shaharchasi yonidagi lagerda kun kechirayotgan bir guruh o‘zbekistonlikning O‘zbekiston hukumatiga bo‘lgan murojaatini e’lon qilgan edi.

Bugunga qadar Rossiyaning Novosibirsk va Samara viloyatlaridan 1800 chog‘li o‘zbekistonlik maxsus poyezdlar bilan vataniga olib kelindi.

O‘tgan hafta Yekaterinburg va Kineldan 1700 ga yaqin o‘zbekistonlik maxsus poezd reyslari bilan vataniga qaytarilgani haqida avval xabar qilgan edik.

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan keyin Rossiyadagi muhojirlarning ko‘pi ishsiz va pulsiz qolgan, shu vajdan ular vatanlariga qaytishga qaror qilishgan. Bahordan beri Rossiya-Qozog‘iston chegarasida uylariga yetib olish umidi bilan o‘zbekistonlik, qirg‘izistonlik va tojikistonlik muhojirlar yig‘ilib qolyapti. Ammo ular chegaradan rasmiylar Qozog‘iston orqali tranzit haqida kelishib olganlaridan keyingina o‘tkazilyapti.

Aksariyat hollarda muhojirlar yurtlariga guruh-guruh shaklida avtobus, uchoq va poyezdlarda olib chiqib ketilmoqda.

XS
SM
MD
LG