Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:41

Quvalik vrachlar: COVID-19 markazida navbatchilikka turmaganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda


Begat qishlog‘ida yangi tashkil qilingan COVID-19 markazi
Begat qishlog‘ida yangi tashkil qilingan COVID-19 markazi

Farg‘ona viloyati Quva tumanidan Ozodlikka bog‘langan shifokorlar Begat qishlog‘ida yangi tashkil qilingan COVID-19 markazida navbatchilik qilishga majburlanayotganidan shikoyat qilishdi.

Shifokorlarning iddaosicha, tuman tibbiyot birlashmasi mulozimlari navbatchilik qilishdan bosh tortganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, markazda tibbiyot xodimlari uchun sharoit yo‘q va koronavirusdan himoyalovchi tibbiy vositalar yetishmasligi bois navbatchilikka turishni istashmaydi.

Ayni paytda Quva tuman tibbiyot birlashmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi shifokorlar iddaosini inkor qilib, sharoitlar yaxshiligini ta’kidladi.

Shifokorlar: Bizni navbatchilikka majburlashmoqda

Quvaning Begat qishlog‘idagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan kasalliklar shifoxonasi bir hafta avval koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumonlangan bemorlarni davolash markaziga aylantirildi.

Hozirda ushbu markazga tumanning boshqa hududlaridan tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida jalb qilinmoqda.

Quvalik vrachlar Begat qishlog‘idagi shifoxonada sharoit yomonligini aytyapti.
Quvalik vrachlar Begat qishlog‘idagi shifoxonada sharoit yomonligini aytyapti.

Ozodlikka bog‘langan quvalik tibbiyotchilar iddaosiga ko‘ra, ular o‘z istaklariga qarshi ravishda COVID-19 markazida ishlashga majburlanmoqda.

"Tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlari tumandagi har bir tibbiyot xodimi bir oyda 4 kundan Begatdagi Kovid markazida navbatchilikka turishini talab qilyapti. Agar navbatchilikka bormasak, ishdan bo‘shatishni aytishdi. Hamma ishini yo‘qotishdan qo‘rqqani uchun rozi bo‘lyapti”, dedi xavfsizlik sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan quvalik vrach.

Boshqa bir quvalik shifokor ham ishdan haydalishdan qo‘rqib, navbatchilikka rozi bo‘lganini aytdi:

“Men bir sutka navbatchilikka turdim. “Yo‘q”, deyishga qo‘rqdim. Darrov “Arizangni yoz”, deyishadi. Lekin endi o‘zim kasallik yuqtirmagan bo‘lsam, bo‘ldi. Isitmam bor”.

Ozodlikka bog‘langan quvalik tibbiyotchilarga ko‘ra, ular COVID-19 markazida sharoit yo‘qligi sabab u yerda ishlashdan qo‘rqishmoqda.

“Men navbatchilikka turgan kunim bitta perchatki berishdi. Bir sutka shu perchatkida yurdim. Maska umuman berishmadi. O‘zim olib borgan maskani taqdim. Maxsus kiyim berishdi. Lekin ochki taqmadim. Bir marta taqishga mo‘ljallangan ochki qayta-qayta taqilaverib, iplari ham uzilib ketgan ekan. Sharoit juda ham chatoq. Har 3 soatda almashtirish lozim bo‘lgan tibbiy buyumlar bir sutka davomida ishlatilsa, kasallikni yuqtirish ehtimoli juda katta-ku. Sharoitini qilib qo‘yishsa, ishlaymiz. Lekin hozir ham o‘zimizni, ham oilamizni xavfga qo‘yyapmiz”, dedi COVID-19 markazida navbatchilik qilgan yana bir vrach.

Begat qishlog‘idagi shifoxona. Hamshiralar xonasi.
Begat qishlog‘idagi shifoxona. Hamshiralar xonasi.

Mulozim: Shifokorlar iddaosi yolg‘on

Quva tuman tibbiyot birlashmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi shifokorlar iddaosini butunlay rad qildi.

Hech kim majburlanmayapti. Bu ishlashni istamagan, Gippokrat qasamiga amal qilishni istamagan dangasalarning shikoyati. Sharoit ham yaxshi. Tibbiy himoya vositalari bilan ham to‘la ta’minlangan. Koronavirus infeksiyasi boshlanganidan buyon Quvada birorta ham shifokor ish payti ushbu kasallikni yuqtirmagan. Shuning uchun shikoyatchilarning "kasallik yuqadi", degan da’vosi ham o‘rinsiz”, deya iddao qildi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Begat qishlog‘idagi shifoxona xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 21 sentabr kuni shifoxonada jami 37 bemor bo‘lib, ularning 4 nafari jonlantirish bo‘limida yotibdi, 20 sentabr kuni bir bemor ikki tomonlama zotiljam tashhisi bilan olamdan o‘tgan.

Begat shifoxonasida koronavirus yuqtirganlikda gumonlangan bemorlar davolanmoqda.
Begat shifoxonasida koronavirus yuqtirganlikda gumonlangan bemorlar davolanmoqda.

Pandemiya boshlanganidan buyon o‘zbekistonlik shifokorlar koronavirus bemorlari bilan ishlashga "majburlanayotganliklari" borasida Ozodlikka ko‘p bora shikoyat qilishgan.

O‘tgan hafta Toshkentning Yunusobod tumanidagi "O‘zekspomarkaz" bazasida tashkil qilingan COVID-19 ga chalingan bemorlar davolanadigan markazdan Ozodlikka bog‘langan tibbiyot xodimlari 14 kunlik ishlari nihoyasida yana ikki hafta ishlashga majburlanayotganliklarini aytishgandi.

XS
SM
MD
LG