Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:59

Pandemiya biznesi – Xitoy kislorod konsentratorlari “Farg‘onada ishlab chiqarildi” deb taqdim etildi


Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati bu kislorod konsentratorlarining "Qo‘qon" erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarila boshlanganini iddao qildi.
Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati bu kislorod konsentratorlarining "Qo‘qon" erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarila boshlanganini iddao qildi.

15 sentabr kuni Farg‘ona viloyat hokimligi rasmiy saytida “FARG‘ONADA KISLOROD KONTSENTRATORI ISHLAB CHIQARILMOQDA»¸ degan suratli xabar e’lon qilindi.

Muallifi "Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati" deb yozilgan rasmiy xabarga ko‘ra¸ “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining 3-sexida pandemiya davrida hayot-mamot masalasiga aylangan kislorod konsentratorlari ishlab chiqarish boshlangan.

Bu jarayondan bevosita xabardor mahalliy mulozim va tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha¸ aslida rasmiy xabarda surati qo‘yilgan konsentratorlar Xitoydan tayyor holda olib kelinib¸ asl ishlab chiqaruvchi brend nomi ustiga “Great Kokand” degan yorliq yopishtirilgan, xolos.

Ozodlik bu xabarni o‘rganish davomida ko‘rinishi “Great Kokand” yorlig‘i bosilgan kislorod konsentratorlariga ayni bo‘lgan Xitoy mahsulotini topishga muvaffaq bo‘ldi. Xitoy shirkati "Farg‘onada ishlab chiqarilgan konsentratorlar"ning ustiga boshqa brend nomi yopishtirilgan o‘z mahsuloti ekanini tasdiqladi.

“Qo‘qon” EIZ ma’muriyatining Ozodlik gaplashgan mulozimi ham rasmiy xabarda “mahalliy mahsulot” deb taqdim etilgan kislorod konsentratorlarining tayyor holda Xitoydan olib kelinganini e’tirof etdi.

Farg‘onada kislorod konsentratorlari ishlab chiqarilmoqda¸ deb xabar bergan Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov esa Ozodlikning bu haqdagi yozma savoliga "Raddiya" bilan javob qaytardi.

Koronavirus pandemiyasi ortidan o‘zbekistonliklar kundalik hayotiga kirib kelgan tibbiy jihozlardan biri kislorod konsentratori bo‘ldi.

Avvallari nomini ham ko‘pchilik bilmagan bu tibbiy qurilma havodan kislorod molekulalarini ajratib olib, nafas olishga qiynalayotgan bemorga toza kislorod yetkazib beradi.

Koronavirusga chalinib¸ qondagi kislorod saturatsiyasi pasaygan bemorlar uchun konsentratlangan kisloroddan nafas olish hayot-mamot masalasiga aylandi.

Pandemiya iqtisodining "katta tantana"si

O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan bemorlar soni ortishi bilan bu qurilmaga nisbatan talab ham oshdi va bozor darrov pandemiya bilan kirib kelgan bu talabni qondirishga kirishdi.

Xitoyda o‘rtacha 150-200 dollarga sotilayotgan bu ko‘chma qurilmalar¸ pandemiya boshida O‘zbekistonda 1000 dollargacha sotildi. Bugunga kelib faqat xorijdan import qilinayotgan bu jihoz narxi 400-500 dollargacha tushdi. Bu qurilmalarni sotib olib¸ ularni ijaraga berish orqali daromad qiluvchilar paydo bo‘ldi.

Farg‘onada kislorod konsentratori ishlab chiqarilmoqda” deb nomlangan rasmiy xabar¸ sarlavhadan anglanishicha¸ konsentratorlarni O‘zbekistonda birinchi bo‘lib ishlab chiqarish "Qo‘qon" erkin iqtisodiy zonasida boshlanganini iddao qiladi.

Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan xabarda¸ bu loyiha bevosita viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga bog‘langan.

Farg‘ona viloyati hokimining tashabbusi bilan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida kislorod konsentratorini ishlab chiqarish loyihasini imkon qadar tezroq amalga oshirishga kirishildi. Bu mas’uliyatli loyiha ishlari tadbirkor Shavkatjon Hamzayev ta’sischisi bo‘lgan “Greyt Qo‘qon” MChJ tomonidan olib borildi.

Umumiy qiymati 300 ming AQSh dollarini tashkil etadigan korxonaning foydalanishga topshirilishi katta tantanaga aylandi”. (rasmiy xabardan iqtibos tugadi -tahr.)

Xabarga “katta tantana”ga aylangan jarayondan olingan suratlar ham ilova qilingan.

Ularda bo‘m-bo‘sh xonaga o‘rnatilgan uzun stol va uning ustiga terib chiqilgan tayyor kislorod konsentratorlari ko‘rinadi.

Shuningdek suratlarda¸ bir xil ish kiyimi kiygan 10 nafar yosh yigitning go‘yo bu qurilmani yig‘ayotgandek¸ orqa paneli ochilgan kislorod konsentratorlari oldida turganini ko‘rish mumkin.

«Mazkur korxonada yiliga 30 000 dona kislorod konsentratori ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, 20 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi”¸ deb tugaydi Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati yozgan rasmiy xabar.

Ayni paytda¸ 20 ta ishchining yiliga 30 ming dona konsentrator ishlab chiqish u yoqda tursin¸ uni yig‘ishiga imkon beruvchi biror texnologiya borligi suratlarda aks etmagan.

Jarayon guvohlari: Bu xabar Shuhrat G‘aniyevdan Mirziyoyevga atalgan navbatdagi “ertak”

Ozodlikka bog‘langan mahalliy mulozim va tadbirkor¸ Farg‘onada kislorod konsentratori ishlab chiqarish sexining “katta tantana” bilan ish boshlagani haqidagi xabarni “300 ming dollarlik spektakl” deb atadi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan mahalliy mulozim¸ bu yolg‘onni fosh qilish uchun rasmiy xabarga ilova qilingan suratlarga qarashning o‘ziyoq kifoya ekanini ta’kidladi.

Suratlardan ochiqchasiga ko‘rinib turibdiki¸ bu yer ishlab chiqarish emas¸ yig‘ish sexi. Yana bir muhim narsa sex ichkarisida biron-bir ortiqcha butlovchi qism yo‘q. Odatda ishlab chiqarish liniyasida ko‘plab butlovchi qismlar turadi¸ ishchilar ulardan kerakligini olib mahsulotni yig‘ishadi.

Bu yerda odatda Xitoydan keladigan tayyor uskuna qutisi va uni zarar etishdan saqlaydigan qadoq¸ xalq tilida puk deb ataladigan narsa ham turibdi. Bu tayyor konsentratorning shu yerning o‘zida korobkadan chiqarilgani isbotidir.

Yana ishlab chiqarilishi da’vo qilinayotgan kislorod konsentratorining bir nechasi yarim sochilgan holatda ehtiyot qismlari ustiga rangli qog‘oz yopishtirilgan holatda turganini ko‘rishimiz mumkin.

Bu rangli qog‘ozlar nimaga yopishtirilgan¸ dersiz? Bu qaysi zapchastning qayerdan yechib olinganini adashtirib qo‘ymaslik uchun qilingan ish. Rasmdagi yigitlar ishlab chiqaruvchi bo‘lmaganidan so‘ng¸ qaysi qismning qayerga qo‘yilishini bilmaydida!” dedi bu suratlardagi asl manzaradan yaxshi xabardor mahalliy mulozim.

Axborot xizmati Ozodlikka "Raddiya" berdi

Ozodlik mahalliy mulozim va tadbirkordan kelgan bu ma’lumotga izoh berishni so‘rab Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidovga murojaat qildi.

Rasmiy xabarda "Farg‘onada ishlab chiqarilgani" iddao qilingan kislorod konsentratorlarining 100 foiz tayyor holda Xitoydan olib kelingani haqidagi xabarni Obidov mutlaq inkor qilishga urindi.

Фарғона вилояти ҳокимлиги Ахборот хизмати Озодликка юборган "Раддия"

Ayni paytda¸ Ozodlikka yuborilgan yozma "Raddiya"da rasmiy xabarda tilga olinmagan ma’lumot - ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 40 foiz butlovchi qismlarning Xitoydan olib kelinayotgani e’tirof etilgan.

"Mazkur “Kislorod konsentratori” ni ishlab chiqarish jarayonida
“Greyt Qo‘qon” MChJ korxonasi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi o‘rtasida kelishuvlar imzolangan. Kelishuvga asosan “Kislorod konsentratori” ishlab chiqarishda konsentratorning 40 foiz qismi (kislorodni ajratuvchi filtrlar, sensorli boshqaruv tizimi va kompressor) O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaganligi sababli Xitoy Xalq Respublikasidan import qilib olib kelinmoqda. Shu bilan birga konsentratorning 60 foiz qismi ( korpuslar, turli o‘lchamdagi elektr uzatish kabellari, xavo uzatuvchi shlanglar, o‘chirib yoqish qurilmalari, suv quyish idishi va turli o‘lchamdagi bolt va shruplar, qadoqlash qutisi va pena) kooperatsiya usulida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish korxonalaridan sotib olib yig‘ilmoqda"¸ deyiladi Ozodlikka yuborilgan "Raddiya"da.

Rasmiy javob oxiriga borib¸ "Farg‘ona konsentratorlari"ni ishlab chiqarishda go‘yoki hamkorlik qilayotgan Xitoy kompaniyasi nomi ham tilga olinadi.

"Yuqoridagi sabablarga ko‘ra biz “Kislorod konsentratori”ni Xitoy Xalq Respublikasidan to‘liq sotib olib kelinganligini inkor etamiz, balki Xitoy Xalq Respublikasining “MIC Medisal Co.Ltd” kompaniyasi va “Greyt Qo‘qon” MChJ korxonalari o‘rtasida o‘zaro xamkorlik shartnomalari va kelishuvlar asosida ishlab chiqarilayotganligini ma’lum qilamiz". (iqtibos tugadi - tahr.)

Bu "Raddiya" ortidan Ozodlik nomi tilga olingan Xitoy kompaniyasini topib¸ ulardan izoh olishga urindi. Ammo ochiq manbalar¸ xususan¸ Xitoy kompaniyalari registratsiyasiga oid portallarda bunday kompaniya mavjudligiga oid biror ma’lumot topilmadi.

O‘zbekiston bilan hamkorlik kelishuvi imzolagan¸ demakki xalqaro maydonga chiqqan bu nomdagi Xitoy kompaniyasining virtual hududda nega hech qanday izi yo‘qligi - uning na rasmiy sayti¸ na savdoga qo‘yilgan mahsulotlari reestri yo‘qligiga oid hozircha Ozodlikda izoh yo‘q.

“Great Kokand”(Buyuk Qo‘qon) yorlig‘i yopishtirilgan mahsulotning asl ishlab chiqaruvchisi kim?

Ozodlik Farg‘onada ishlab chiqarilgani iddao qilingan “Great Kokand” kislorod konsentratorlarining asl ishlab chiqaruvchisini¸ bu jarayondan yaxshi xabardor tadbirkor tavsiyasi bilan¸ Xitoydan izladi.

Suratdagi ko‘rinishi “Great Kokand” yorlig‘i bosilib¸ Farg‘onada ishlab chiqarilgani tantanali xabar qilingan kislorod konsentratoriga ayni bo‘lgan mahsulotni virtual bozordan topish qiyin bo‘lmadi.

Yaqinda o‘zi ham Xitoydan ayni konsentratorlarni olib kelishga uringan o‘zbekistonlik tadbirkorga ko‘ra¸ asl ishlab chiqaruvchi Pekinda joylashgan Beijing Shenlu Medical Device Co., Ltd kompaniyasidir.

Bu kompaniya ishlab chiqarayotgan kislorod konsentratorlarining suratdagi ko‘rinishi¸ Farg‘ona viloyat hokimligi qo‘ygan suratlardagi mahsulot bilan bir xil. Yagona farq – Xitoy mahsuloti ustiga Shenlu brend nomi va logosi qo‘yilgan bo‘lsa¸ “Farg‘ona” mahsulotining aynan o‘sha joyiga “Great Kokand” yorlig‘i yopishtirilgan.

Ayni kompaniya bilan ehtimoliy xaridor sifatida so‘zlashuv olib borgan tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ Xitoydagi ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotining boshqa brend nomi bilan sotilishiga mutlaq qarshi emas.

Xitoy ishlab chiqaruvchisi o‘z mahsulotini sex fonida suratga olib¸ ehtimoliy xaridorga taqdim etdi.
Xitoy ishlab chiqaruvchisi o‘z mahsulotini sex fonida suratga olib¸ ehtimoliy xaridorga taqdim etdi.

Mahsulot narxi nechta olishga bog‘liq. Ming donadan kam olsangiz 255 dollar¸ u yog‘i qancha ko‘p olsangiz¸ shuncha arzonlashib boraveradi. Menimcha bular¸ ko‘pi bilan 200 dollardan olgan. Xitoyliklar menga ham mashina ustiga kompaniyangiz nomini ham yopishtirib beramiz¸ dedi. Bu ham mahsulot narxiga qo‘shilgan”¸ dedi Xitoy kompaniyasi bilan yozishmalarini Ozodlikka taqdim qilgan tadbirkor.

Bu tadbirkor Ozodlik so‘rovi bilan Xitoy kompaniyasi vakiliga "Farg‘onada ishlab chiqarilgan"i iddao qilingan kislorod konsentratorlari suratini yuborib¸ mahsulot ularniki ekaniga aniqlik kiritishni so‘radi.

O‘z tayyor mahsuloti suratini ishlab chiqarish sexi fonida yuborgan Beijing Shenlu Medical Device Co., Ltd kompaniyasi javobi quyidagicha bo‘ldi:

"Rasmlardagi mahsulot bizniki. Faqat rebrend (boshqa brend nomi yopishtirilgan -tahr.) qilingan.Biz mahsulotimizni istalgan logoni yopishtirib sotaveramiz¸ no problem!"

“Qo‘qon” erkin iqtsodiy zonasi ma’muriyatining Ozodlik gaplashgan rasmiysi ham¸ Farg‘ona viloyat hokimligi ayni zonada ishlab chiqarilmoqda¸ deb taqdim etgan suratlardagi mahsulotning Xitoydan olib kelinganini inkor qilmadi.

Hali ishlab chiqarish boshlangani yo‘q. Rasmlarda ko‘rgan konsentratorlaringizning hammasi import. Kelajakda 40 qa 60 nisbatda mahalliylashtirish rejamiz bor. Butlovchi qismlarni o‘zimizda ishlab chiqaradiganlarni topishga harakat qilamiz”¸ dedi “ishlab chiqarish sexi” joylashgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi rasmiysi.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ Farg‘ona viloyat hokimligi Xitoydan tayyor holda korobkalarda kelgan (tepadagi suratlar bundan guvohlik beradi - tahr.) kislorod konsentratorlarini nima uchun "Farg‘onada ishlab chiqarildi" deb taqdim etganiga izoh bera olmadi.

“Farg‘onacha shou” kimga¸ nima uchun xizmat qiladi?

Ozodlikning bu savoliga javob bergan farg‘onalik mulozim va tadbirkor¸ bu savol ortida «mahalliy mahsulot ishlab chiqarish» deb iddao qilinadigan jarayonga oid qavatma-qavat sxemalar yotganini bildirdi.

«Pandemiya boshlanib¸ tadbirkorlar Xitoydan zudlik bilan kislorod konsentratorlari olib kelishga kirishdi. Qarashsaki¸ bozori chaqqon. Tepadagilar darrov buni monopollashtirish harakatini boshladi. Pandemiya davrida zarur tibbiy jihozlar import bojidan ozod qilinganiga qaramay¸ ular konsentratorlarga 20 foizlik QQS qo‘shishdi. Xitoydan arzonga kelayotgan qurilma narxi sun’iy ravishda ko‘tarildi. Importchilar rosa shikoyat qildi¸ lekin birov eshitgani yo‘q - QQS bekor qilinmadi. Bozorbop mahsulotni O‘zbekistonga olib kirish hammagamas! Daromad qilish mumkin bo‘lgan har qanday oldi-berdi bilan faqat hokimlarga qarashli¸ yoki ular himoyasidagi MChJlar shug‘ullanishi kerak. Yozilmagan qonun shunaqa! "¸ dedi Ozodlik gaplashgan tadbirkorlardan biri.

Ozodlik gaplashgan yana bir tadbirkor¸ Xitoydan mahalliy brend nomi yopishtirilgan holda tayyor kelayotgan mahsulotni mahalliy mahsulot deb taqdim etish amaliyoti ko‘pdan mavjudligi¸ ammo Mirziyoyev davrida qabul qilingan ko‘plab qarorlar bunday ko‘zbo‘yamachilik ko‘lamini keskin oshirib yuborganini ta’kidladi.

"Mahalliy ishlab chiqaruvchi" deyilayotgan kompaniyalarga behisob imtiyoz berilgan - ularga eng arzon kredit¸tekin yer berilgan¸ ular nima olib kirsa¸ boj va soliqlardan ozod. Yillar davomida har qanday soliqlardan ozod. Xitoydan tappa-tayyor olib kelinayotgan mahsulotlar¸ bojxonada mahalliy ishlab chiqaruvchiga zarur butlovchi qism deb rasmiylashtiriladi. Davlatga bir tiyin boj yoki soliq tushmaydi. Mahalliy tovar deyish uchun kamida 60 ga 40¸ ya’ni ishlab chiqarish uchun zarur mahsulotning 60 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak. Qog‘ozda bor¸ amalda yo‘q mahalliy shirkatlar bilan soxta kelishuvlar qilib¸ ana shu 60 ga 40 talabga to‘g‘rilashadi¸ bo‘ldi".

Bevosita Farg‘onada O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kislorod konsentratorlari ishlab chiqarish boshlangani haqidagi iddaoni izohlagan Ozodlik suhbatdoshlari¸ buning asosiy sababini prezident o‘tgan oy imzolagan qarordan izlashni aytdi.

Prezident Mirziyoyev 24 avgust kuni chiqargan "Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga ko‘ra¸2020 yil 1 noyabridan davlat ulushi bo‘lgan kompaniyalarning barchasi o‘zi uchun zarur mahsulot O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa¸ uni mahalliy ishlab chiqaruvchidan sotib olishi shart.

Bu qaror chet eldan ayni turdagi arzon va sifatli mahsulotni tanlash imkoni borligiga qaramay¸ ayni tovarni mahalliy kompaniya ishlab chiqarayotgan bo‘lsa¸ uni mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llash iddaosi bilan bir necha baravar qimmatiga olishga ruxsat beradi.

"Xitoydan olib kelingan kislorod konsentratorlarini "Farg‘onada ishlab chiqarildi" deb sotish bu bozor¸ birinchi galda esa¸ davlat buyurtmalarini monopollashtirishni bildiradi. Endilikda O‘zbekistondagi kasalaxonalarning hammasi yoppasiga G‘aniyevning mahsulotini g‘iring demay olishi shart. "Great Kokand" aytgan narxini qo‘yadi¸ chunki unga hozircha "mahalliy raqobatchi" yo‘q"¸ deydi O‘zbekistonga kislorod konsentratorlari olib kirish urinishi muvaffaqiyatsiz tugagan tadbirkor.

Xitoydan kelgan "Great Kokand" konsentratorlari kasalxonalarga sotiladi

Farg‘onalik mahalliy mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ hozirda viloyat kasalxonalariga O‘zbekistonda ishlab chiqarildi¸ degan soxta hujjat va logo bilan Xitoydan tayyor holda kelgan konsentratorlarni sotish boshlangan.

"Hokim G‘aniyev buyrug‘i bilan Tibbiyot birlashmasi bularni olishga majbur. Xitoyda arzon bo‘lgan bu mashinaning davlat kasalxonalariga qanchadan sotilayotganini sir tutishadi. Kamida 300 dollarga o‘tkazayotganlari aniq. O‘rtadagi farqdan qancha daromad qilishlarini hisoblab olavering!”

Ozodlik Farg‘onada ishlab chiqarilgani iddao qilingan konsentratorlarning aslida Xitoydan kelgan import mahsulot ekanini tasdiqlagan “Qo‘qon” EIZ vakilidan¸ ularning qayerda¸ qanchadan sotilayotganini ham so‘radi.

Hokim G‘aniyev topshirig‘i bilan bu konsentratorlar birinchi bo‘lib viloyat Tibbiyot birlashmasiga beriladi. Soni ko‘paygandan keyin¸ do‘konlarga ham chiqariladi. Birlamchi narxi¸ adashmasam¸ 290 dollar. Lekin bolnitsalarga qanchadan berilishini biz bilmaymiz”¸ dedi EIZ vakili.

Farg‘ona viloyat Tibbiyot boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ mahalliy deb taqdim etilgan kislorod konsentratorlaridan kamida 1000 donasi viloyat kasalxonalaridagi COVID-19 bemorlari uchun sotib olinishini tasdiqladi.

Hali birorta bunday mahsulot olinmaganini aytgan bu mulozim ham¸ “mahalliy ishlab chiqaruvchi” deb iddao qilinayotgan “Great Kokand” MChJsidan bu konsentratorlarning qanchaga olinishiga aniq javob bermadi.

Tibbiyot birlashmasining Ozodlik bog‘langan boshqa bir mulozimi¸ bunday xarid haqidagi buyruqqa shaxsan hokim G‘aniyevning o‘zi qo‘l qo‘yishi va davlat byudjetidan qancha pul o‘tkazilishi “sir tutilishi”ni bildirdi.

Farg‘ona viloyati hokimligi rasmiy saytidagi xabarda "viloyat hokimining o‘rinbosari M.Abdurahmonov bugungi kunda talabi yuqori bo‘lgan mazkur tibbiy jihozning ishlab chiqarilishi, avvalo, viloyatimiz va respublika tibbiyot muassasalarini kislorod konsentratori bilan to‘liq ta’minlash imkonini berishini" ta’kidlagani yozilgan.

Bundan esa¸ prezident qaroridagi davlat buyurtmalarini faqat mahalliy ishlab chiqaruvchidan sotib olish talabi kuchga kiradigan 1 noyabrdan boshlab "Great Kokand" logosi yopishtirilgan Xitoy kislorod konsentratorlarining butun O‘zbekiston kasalxonalarini to‘ldira boshlashini kutish mumkin.

XS
SM
MD
LG