Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:03

Zangiotada tez yordamchilarga berilgan Usmonovning xayriya pullari yarmi "xatolik tufayli" qaytarib olindi


Zangiota tumani "Tez yordam" xizmati xodimlari hayriya pullari qaytarib olingani ularda tushkun kayfiyat yaratganini aytishadi.
Zangiota tumani "Tez yordam" xizmati xodimlari hayriya pullari qaytarib olingani ularda tushkun kayfiyat yaratganini aytishadi.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi "Tez yordam" xizmati xodimlariga milliarder Alisher Usmonov ajratgan xayriya mablag‘i hisobidan avgustda berilgan pulning yarmi qaytarib olingani ma’lum bo‘ldi.

"Tez yordam" feldsherlarining Ozodlikka aytishicha, o‘tgan oy ularning plastik kartalariga "Usmonovning hayriyasi", deya 4 mln. so‘mdan tushirib berilgan.

Pul tushgan kunning ertasiga xayriya puli olgan tibbiyot xodimlarining bank plastik kartalari bloklanib, berilgan pulning yarmi yechib olingan.

Xayriya pulini kartaga tushishi bilanoq sarflashga ulgurganlarning avgust oyligidan pul ushlab qolingan.

Zangiota tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi rasmiylari 10 sentabr kuni Ozodlik savollariga javob berarkan, tibbiyot xodimlariga xayriya pullarini tarqatishda xatolik bo‘lgani, shu xatolik tufayli ko‘proq berib yuborilgani sabab, pullarning ortiqcha qismi qaytarib olinganini aytishdi.

Shu yilning iyulida rossiyalik (asli o‘zbekistonlik) milliarder Alisher Usmonov O‘zbekistondagi "Tez tibbiy yordam" brigadalari xodimlari uchun 100 mlrd. so‘m (qariyb 10 mln AQSh dollari) miqdorida xayriya ajratgan edi.

O‘zbekiston hukumati ham tez yordam xodimlarini bir martalik rag‘batlantirish uchun davlat byudjetidan 100 mlrd. so‘m beradigan bo‘lgan.

Vazirlar mahkamasi qarorida ushbu 200 mlrd so‘mni "Tez yordam" xizmati vrachlariga 5 mln. so‘m, feldsherlar va sanitarlarga 4 mln. so‘m, haydovchilarga 3 mln. so‘mdan bo‘lib berilishi belgilangan edi.

Ammo, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi "Tez yordam" xizmati ayrim xodimlariga berilgan xayriya pulining yarmi qaytarib olingan.

"Tez yordam" xizmatining ismi ochiqlanishini istamagan feldsheri Ozodlikka bunday dedi:

- O‘tgan oy boshida plastik kartalarimizga "Usmonovning xayriyasi", deb 4 mln. so‘mdan tushirib berishgandi. Xursand bo‘lgandik. Ertasi kuni plastik kartochkalarimizni bank orqali bloklab, 2 mln. so‘mini yechib olishdi. Ba’zilar pul tushgan kuni pulini chiqarib olgan ekan, ularning avgust oyligidan ushlab qolishdi. Bu Usmonovni ko‘zini bo‘yash uchun qilinayotgan maynavozchilikmi? Bular unga mana 4 mln. ming so‘mdan o‘tkazib berdik, deb bu yoqdan yarmini qaytarib olyaptimi? Pullar qaytarib olingani sababini kim tushuntirib beradi bizga?

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yigirmadan ortiq tibbiyot xodimiga berilgan yordam pulining yarmi qaytarib olingan.

Ayrim shifokorlar plastik kartalaridan pullar ularning roziligisiz yechib olinishiga norozilik bildirib, shu oy boshida Zangiota tumanidagi "Savdogarbank" oldida to‘planishgandi.

“Тез ёрдам” ходимлари: 4 млн сўм мукофот пулининг ярми қайтариб олинди”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00
Бевосита линк

Nega tibbiyot xodimlariga 4 mln. so‘mdan berildiyu, ertasi yarmi qaytarib olindi?

Bu savol bilan Ozodlik Zangiota tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limiga bog‘landi.

Bo‘lim mas’ullaridan biri xayriya pullarini tarqatishda xatolik bo‘lgani, shu xatolik tufayli ayrim xodimlarga yordam puli ko‘proq berib yuborilganini aytdi.

- 5 avgust kuni 155 nafar xodimga bir marotabalik moddiy yordam tarqatildi. Shu kuni kechasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 4 avgustdagi ko‘rsatma xati kelib tushdi. Shu xatda yordamlar xodimlarning stavkasiga qarab berilishi aytilgandi. Yarim stavkada ishlaydigan tibbiyot xodimlariga shu yordam pulini yarmi berilsin, degan joyi bor ekan. Shuning uchun xato ketib qolgan, pullarni qaytarib olishga to‘g‘ri keldi. Xodimlarning plastik kartalari muzlatildi. 32 million so‘mdan oshiqroq pul qaytarib olindi, - dedi Zangiota tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limining ismi ochiqlanishini istamagan mas’uli.

Zangiota tuman "Tez yordam" xizmati xodimlari esa bu xatolik ularda tushkun kayfiyat va sarsongarchilik yaratganini aytishdi.

- Yarim stavka ishlasak ham hayotimizni xavfga qo‘yib koronavirus bemorlarga xizmat qilib yuribmiz. Lekin, ularning bu ishi yaxshi bo‘lmadi. Undan ko‘ra hech narsa bermasin edi. Kayfiyatimiz buzilgani qoldi, - dedi "Tez yordam" xizmati xodimi.

O‘tgan oy Ozodlikka O‘zbekistonning bir qator viloyatlaridagi "Tez tibbiy yordam" bo‘limlari xodimlari Ozodlikka videomurojaat yo‘llab, Alisher Usmonovning hayriya pullari taqsimlanishida nohaqliklar bo‘lgani, pullar belgilanganidan kam berilayotganidan shikoyat qilishgandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov 5 sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida shifokorlarga bir marta beriladigan rag‘batlantirish to‘lovlari haqida bunday degan:

"Bir martalik rag‘batlantirish adolat nuqtai nazardan to‘g‘ri bo‘lsin deb, stavkadan kelib chiqib beriladi. Chunki 1 stavkada to‘liq ishlagan va 0,25 stavkadan ishlaganlar bir xil mablag‘ olsa, bunda ham norozilik kelib chiqishi mumkin. Og‘ir sharoitda ishlayotgan har bir xodimning mehnatini qadrlaymiz va ularga rahmatlar aytamiz. Lekin bu qarorda faqat vrachlar, o‘rta tibbiy xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) va haydovchilar bir martalik moddiy rag‘batlantirilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Sababi, bu xodimlar javobgarligi yuqoriligi bilan birga, ular bevosita bemorlar bilan to‘qnashadilar va kasallik yuqtirib olish xavfi mavjud. Shu omillar hisobga olingan", - degan Shorahmedov.

Ba’zi kasalxonalarda esa shifokorlar koronavirusga chalinganlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davolashda ishtirok etganlarga va’da qilingan prezident rag‘batlantirish pullari ham berilmayotgani haqda arz qilishgan.

O‘zbekiston prezidentining 26 martda imzolangan 4652-sonli qarorida koronavirus yuqtirib olgan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, ular joylashtirilgan obyektlarda hamda infeksiyani aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga har 14 kunlik mehnati uchun 5 million so‘mdan 25 million so‘mga qadar rag‘batlantirish pullari berilishi ko‘zda tutilgan.

Zangiota tumanidagi "Tez yordam" xizmati xodimi prezidentning rag‘bat pullari berilmaganini aytdi.

- Prezident qaroriga ko‘ra 6 foizlik ustama bizga ham berilishi kerak. Lekin, berilmadi. Biz koronavirus bemorlari bilan muloqotda bo‘lmas ekanmiz. Har kuni koronavirus tashiymizku, - deydi "Tez yordam" xizmati xodimi.

Zangiota tumani Tibbiyot birlashmasi mas’uli ular koronavirus bemorlarini davolashga ixtisoslashmaganliklari sabab xodimlariga ustama berilmasligini aytishdi.

- Bu rag‘bat puli koronavirus bemorlari bilan muloqotda bo‘lgan shifokorlarga beriladi, bizni shifoxona unday bemorlarga ixtisoslashmagan, - dedi birlashma mas’uli.

Namanganning Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi xodimlari 6 sentabr kuni Ozodlikka murojaat qilib, prezident va’da qilgan rag‘bat pullarini olmaganliklarini aytishgan.

- Har kuni maskada yopiq karantinda ishlaymiz. Buning uchun hali bir tiyin qo‘shimcha pul olganimiz yo‘q, - degandi chortoqlik shifokor.

Jizzax shahar Yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi ham: "Biz 25, 15, 10 million so‘m so‘rayotganimiz yo‘q. Aslida shuni so‘rashga haqlimiz . Hech bo‘lmasa prezident va’da qilgan rag‘bat pulini berishsin!", deb yozgandi 8 sentabrda Ozodlikka.

Ozodlik nega xavfli koronavirus yuqtirib olgan bemorlarning sog‘ligi uchun o‘z hayotini xatarga qo‘ygan shifokorlarga va’da qilingan rag‘bat pullari berilmayotgani yuzasidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan izoh ololmadi.

Vazirlik matbuot xizmati qo‘ng‘iroqlarga javob bermayapti.

XS
SM
MD
LG