Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:21

Eksponatlari o‘g‘irlangani aytilgan Farg‘ona muzeyi direktori ishdan bo‘shatildi


Farg‘ona tarixi va madaniyati davlat muzeyi
Farg‘ona tarixi va madaniyati davlat muzeyi

Respublikadagi eng eski muzeylardan biri bo‘lgan Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Bahodir Xoshimov 8 sentabrda Farg‘ona viloyat prokuraturasi taqdimnomasiga binoan ishdan bo‘shatildi.

Bahodir Xoshimovni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq matnida «Jamiyat mulkiga nisbatan halol munosbatda bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘paygani» va muzeyda «qonun buzilish holatlariga muntazam yo‘l qo‘yilgani» ishdan bo‘shatish sababi sifatida ko‘rsatilgan.

Farg‘ona viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i B. Sultonov imzolagan buyruq matnidan (Ozodlikda buyruq nusxasi bor) unga Farg‘ona viloyat prokuraturasining joriy yil, 15 avgustda boshqarmaga kelib tushgan taqdimnomasi asos bo‘lgani tushuniladi va buyruqda «muzey ichidagi talon-torojga moyil muhit yuzaga kelgani” ta’kidlanadi.

Bundan oldin muzey bosh muxofizi Zumrad Ahmedova muzeyga oid Kirim kitobini uyda saqlaganlik va qadimiy qozixona yozishmalaridan iborat osori atiqalarni sotganlikda gumonlangan edi.

2019 yilning 29 dekabrida Farg‘ona shahar IIO FMB “Qozixona xujjati Ahmedovaning shaxsiy mulki bo‘lgani bois, bu harakatlarda jinoyat alomati yo‘q" deb topadi.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan hujjatda bosh muxofiz Zumrad Ahmedova bilan bog‘liq DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasi o‘tkazgan tezkor tadbir tafsilotlari aks etgan.

Muzeydagi ahvol yuzasidan taqdimnoma
Muzeydagi ahvol yuzasidan taqdimnoma

Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi boshlig‘i¸ mayor A. Sotvoldiyev imzo chekkan va joriy yilning 31 yanvarida Farg‘ona viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sultonovga jo‘natilgan taqdimnomada muzey eksponatlari sotilgani haqida gap boradi.

“Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyiga tegishli bo‘lgan 26 varaqdagi qozixona hujjatlari Z. Ahmedova tarafidan sotib yuborilgani aniqlangan” deyiladi hujjatda.

Ayni hujjatda ta’kidlanishicha¸ muzeyda saqlanishi shart bo‘lgan muzeyga oid 5 dona Kirim kitobi Bosh muxofizning uyidan topilgan.

Taqdimnoma ortidan joriy yilning 11 fevralida viloyat madaniyat boshqarmasi Bosh muxofiz bilan mehnat shartnomasini bekor qiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining 20 maydagi ochiq majlisi qarori bilan Bosh muxofiz ishga qayta tiklanadi.

Ammo muzeyda saqlanishi zarur va shart bo‘lgan kitoblarning nega Bosh muxofiz uyida bo‘lgani haqidagi savol javobsiz qoladi.

Bu savolga javob topish maqsadida shu kunlarda muzey kolleksiyasini inventarizatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruh faoliyat olib bormoqda.

Bu ishchi guruhning vazifasidan yaxshi xabardor san’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha¸ muzeydagi eksponatlarning soxtasiga almashtirilgani va har bir eksponatning inventar kitobga muvofiqligi tekshirilmoqda.

“Inventar kitobini qoidaga zid tarzda uyida saqlagan Bosh muxofiz Axmedovaning advokati inventarizatsiyani to‘xtatish va ishchi guruh tekshiruviga barham berishni so‘radi. Agar Ahmedovaning qo‘rqadigan yeri bo‘lmasa¸ nega u inventarizatsiyani to‘xtatishni talab qildi. Xolbuki inventarizatsiya jarayoni Vazirlar mahkamasi so‘rovi¸ Madaniyat vazirligining 01.11.10915 sonli xati asosida muzey direktori buyrug‘iga binoan o‘tkazilmoqda. 2002 yildan beri Bosh muxofiz lavozimida ishlayotgan Zumrad Sharafiddinovna nega bu ishchi guruhning inventarizatsiya qilishidan xavotirlanib advokat tutib inventarizatsiyani to‘xtatishga uringani biz uchun xavotirli signal” , - deydi san’atshunos.

O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi esa Ozodlik bilan suhbatda Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi eksponatlarida kamomad bor yo‘qligi va ularning soxtalariga almashtirilgani borasidagi iddaolarga inventarizatsiya tugaganidan keyin javob berishini bildirdi.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha, Farg‘ona muzeyidagi 90 mingdan ortiq eksponatlarnig ma’lum qismi soxtasi bilan almashtirilib qo‘yilgani haqida jiddiy gumon bor. Suhbatdoshga ko‘ra¸ ayniqsa mato buyumlari kolleksiyasi bilan bog‘liq muammolar bor:

“Bu gumon va savollarga ishchi guruhning yakuniy xulosasidan keyin javob chiqadi. Bu ishchi guruhni tugatish uchun yozib-chizishlar esa muzeyda salbiy atmosfera vujudga keltirdi. 8 sentabr kuni muzey direktorinig ishdan bo‘shagani haqidagi hujjatda salbiy muhit haqida aytildi. Direktor ketgani bilan salbiy muhit yaxshilangani va eksponatlarni qo‘riqlash yaxshilangani yo‘q”.

Muzey tarixi

Farg‘onadagi muzeyga 1894 yilda asos solingan. Muzeyning tashkil etilishi­ga doktor A. Smirnovning shaxsiy kolleksiyasi va shu yili o‘tkazilgan Qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasi uchun yig‘ilgan ashyolar turtki bo‘lgan.

Bugungi kunda muzey fondlarida turli davrlarga mansub buyumlarning boy kolleksiyasi yig‘ilgan. Umumiy hisobda muzey eksponatlarining soni 90 mingdan ortiq. Ular o‘nta bo‘limga taqsimlangan bo‘lib, 700 dan ortiq noyob eksponatlardan tarkib topgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11-dekabrdagi 975-sonli qaroriga asosan Farg‘ona muzeyi “Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi” nomiga o‘zgartirilgan.

XS
SM
MD
LG