Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:02

Firdavs Abduxoliqov: «Panorama» vayron qilingani yo‘q!


"O‘zbekkino" milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov
"O‘zbekkino" milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov

Toshkent markazidagi xalq orasida «Panorama» deb ataladigan Alisher Navoiy nomidagi San’at saroyi fasadiga joriy yil 17 avgustida boshlangan ta’mir doirasida alyukobond qoplana boshlangani san’atshunoslarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. "O‘zbekkino" rahbariyati bu e’tirozlar ortidan ta’mir to‘xtatilganini bildirdi.

Kanadadagi Alerte Héritage tashkiloti rahbari, tarix va me’morlik fanlari doktori Boris Chuxovich 4 sentabrkuni «O‘zbekkino» milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga ochiq xat bilan murojaat qildi.

Maktubda Boris Chuxovich «Modernizm me’morchiligi namunasi bo‘lgan binoga alyukobond qoplanishi tarixiy obida tarovatini yo‘qqa chiqarishidan» xavotir bildirgan.

Alisher Navoiy nomidagi San’at saroyi 2019 yilning oktabrida O‘zbekiston madaniyat vazirligining «Davlat muxofazasiga olingan obidalar» ro‘yxatiga kiritilgan. Bino sovet davrida ham davlat muxofazasida bo‘lgan.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati vakilining Ozodlikka bildirishicha¸ «Kinosaroy binosining 2019 yili madaniy obidalar ro‘yxatiga kiritilgani uning xususiylashtirilib qo‘ldan qo‘lga o‘tishiga monelik qilgan jiddiy omil bo‘lgan» Suhbatdoshga ko‘ra¸ «Davlat muxofazasiga olingan obidalar» ro‘yxatiga kiritilgan har bitta bino ta’miri borasida Madaniyat vazirligi yodgorliklarni saqlash departamenti bilan kelishilgan xolda olib borilishi kerak.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti mulozimining Ozodlikka bildirishicha "San’at saroyining alyukobond bilan qoplanishi haqida "O‘zbekkino" departamentga ma’lumot bermagan".

Tarix va me’morlik fanlari doktori Boris Chuxovichning Ozodlikka aytishicha¸ «Kinosaroy foyesi radikal qayta qurilgan»

Ozodlik mobil muxbiri 7 sentabr kuni San’at saroyi binosini borib ko‘rdi. Muxbirimiz olgan suratlarda binoning kirish qismida ta’mir ishlari olib borilayotgani aks etgan.

Kinosaroyda ta’mir
Kinosaroyda ta’mir

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiyev Ozodlik bilan suhbatda «Panorama kinosaroyining arzon va kitch material bo‘lgan alyukobond bilan qoplanishi¸ amalda me’moriy asarning vayron qilingani bilan tengdir» dedi.

«O‘zbekkino» milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov Ozodlik bilan suhbatda «Panorama» vayron qilingani yo‘q¸ dedi. Suhbatdoshga ko‘ra “san’atshunoslar e’tirozidan keyin qurilish ishlari to‘xtatilgan:

- Avvalo aytish kerakki "Panorama" vayron qilinmagan. U yerda olib borilgan ta’mirlash ishlari binoning asosiy qiyofasi va arxitekturasiga ta’sir yetkazmagan. Bugun bino arxitektori Sutyagin bilan uchrashishni rejalashtirganmiz. Uning o‘zi ham bunga guvoh bo‘ladi. Hozirda ta’mir ishlari to‘xtatilgan. Alyukobond esa binoning fasadiga zarar yetkazmay reklama bannerlarini osish uchun, kichkina qismga o‘rnatilgan. Alerte Heritage bilan ham aloqadamiz, ularni ham asl vaziyat bilan tanishtirdik. Hozirda bu borada tomonlar bir birini qo‘llab quvvatlamoqda. Nima bo‘lganda ham Panoramaning hozirgi ahvoli ta’mirtalab. Ta’mir ishlari mutaxassislar xulosasi bilan binoning tarixiy qiyofasiga ta’sir ko‘rsatmay davom ettiriladi¸ dedi "O‘zbekkino" rahbari.

Firdavs Abduxoliqovning gapidan binoning o‘ta kichik qismi ta’mirlanayotgani tushunildi. 2019 yilning dekabrida Firdavs Abduxoliqov Rossiyaning targ‘ibotchi nashrlaridan biriga suhbat berib « Yaqin kunlarda Alisher Navoiy nomli kino saroyi to‘la rekonstruksiya qilinishini» ta’kidlagan edi.

Kino saroyi tarixi

Alisher Navoiy nomli kinosaroy
Alisher Navoiy nomli kinosaroy

1958 yilda O‘zbekiston SSR ministrlar soveti qarori bilan «Panoramniy» kinoteatri qurish uchun Toshkent markazidan 2 gektar yer ajratilgan edi.

1964 yili o‘zbek me’mori S. Sutyagin tarafidan loyihalangan "Panoramniy" kinoteatri qurib bitkazildi.

Binoning me’moriy go‘zalligini e’tirof qilgan o‘sha paytdagi O‘zbekistonning birinchi rahbari Sharof Rashidov bu kinoteatrga «San’at saroyi» deya nomlansin deb topshiriq beradi.

1978 yili Toshkent ijroqo‘mi qarori bilan «San’at saroyi» O‘zbekiston SSR tarixiy madaniy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritiladi.

1991 yilning 20 iyunida Toshkent ijroqo‘mi qarori bilan san’at saroyiga ulug‘ shoir Alisher Navoiy nomi berilgan.

1996 yili O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan San’at saroyi «O‘zbekkino» tarkibiga kiritiladi.

Alisher Navoiy nomidagi San’at saroyi 2019 yilning oktabrida O‘zbekiston madaniyat vazirligining «Davlat muxofazasiga olingan obidalar» ro‘yxatiga kiritilgan.

Bino ba’zi hujjatlarda Cinema Palace kinoteatri deb ham yuritiladi

XS
SM
MD
LG