Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:19

Rossiyadan o‘qishini ko‘chirayotgan talabalarga imtihon haqida uch kun qolganda xabar berildi


Rossiya oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish haqida ariza bergan talabalar o‘zlarining imtihon topshirishlari haqida unga uch kun qolganda chaqiruv oldi.

O‘qishni davom ettirish uchun imtihonni O‘zbekistonda topshirish so‘ralgan talabalarning ko‘pchiligi charter reysga bilet berilishini kutib Rossiyada qolmoqda.

Ayni paytda¸ hukumat qarori bilan o‘qishini imtihonsiz ko‘chirishga ruxsat berilgan talabalar ham imtihon topshirish haqida ogohlantiruv xati olganini bildirmoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2020-2021 yili o‘qishini O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida davom ettirish uchun dunyoning turli davlatlarida o‘qiyotgan 13 mingdan ortiq talabadan ariza tushgan.

Namanganlik talaba: Rossiyadan qayta olmayapman...

Tatariston respublikasidagi Qozon federal universiteti, Lingvistika bo‘limi 1-kursini tamomlagan namanganlik 19 yashar Sarvinoz To‘xtaqo‘ziyeva Namangan davlat universitetiga o‘qishini ko‘chirish uchun hujjat topshirgan.

2 sentabr kuni Ozodlik gaplashgan bu talaba, 17 iyul kuni transfer.edu.uz sayti orqali hujjatlarini onlayn tarzda topshirganini aytadi.

Imtihonda qatnashish uchun talabalarga berilgan onlayn ruxsatnoma
Imtihonda qatnashish uchun talabalarga berilgan onlayn ruxsatnoma

- Koronavirus pandemiyasi boshlanib ketgani uchun qaytishga majbur bo‘ldim. 15 iyuldan 5 avgustgacha onlayn hujjat topshirishga e’lon berishganida, topshirdim. 6 avgust kuni arizangiz ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi, yakuniy qaror ma’lum qilinadi, degan javob keldi. Lekin, 2 sentabr kuni, Toshkent vaqti bilan kechasi soat 2 da onlayn shaxsiy kabinetimga imtihonga ruxsatnoma jo‘natishibdi - 5 sentabr soat 9 da imtihonga keling, deb. Men Qozondaman hozir. 3 kun ichida, bunaqa pandemiya paytida, qanday qilib boraman?!

Sarvinoz bu xabarni ko‘rishi bilan oilasiga xabar berganini aytadi.

Unga ko‘ra, ota-onasi Oliy ta’lim vazirligiga bog‘langan, u yerdan : "Qizingiz imtihonda qatnashishi shart, unga yetib kelish masalasi - o‘zining muammosi" mazmunida javob olishgan.

- Shu yilning iyulidan beri charter reysga navbat kutyapman. Qozondagi O‘zbekiston konsulligi orqali ro‘yxatga turganman. Lekin haliyam navbatim kelmadi. Reyslar bo‘lmasa, imtihonda qatnashish qanday qilib mening muammoim bo‘ladi?! Buning ustiga, Vazirlar Mahkamasining qarori bor , halqaro reytingda birinchi mingtalikka kirgan universitetdan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirsa, talabadan imtihon olinmaydi. Qozon federal universiteti Oliy ta’lim vazirligi saytida e’lon qilingan QS World University Rankings reytingida 370-o‘rinda. Lekin nega mendan imtihon olishmoqchi, nega 3 kun qolganda buni xabar qilishdi - bu savollarimga aniq javob ololmayapman.

Jizzaxlik talaba: 3 kun qolganda imtihonga chaqirishdi

Sibir davlat tibbiyot universitetining 2- kursini tamomlagan jizzaxlik talaba ham shu yilning iyulida o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish uchun Oliy ta’lim vazirligiga onlayn tartibda hujjat topshirgan.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan talabaga ko‘ra, o‘sha kezda unga dunyoda eng yaxshi universitetlar mingtaligiga kiritilgan oliy o‘quv yurtlaridan kelayotgan talabalar imtihonsiz o‘qishini ko‘chirishi mumkinligi aytilgan.

- Men o‘qigan universitet - Sibir davlat tibbiyot universiteti Three University Missions Ranking reytingida birinchi mingtalikka kiritilgan. Bu dunyodagi ikkinchi nufuzli reyting. Vazirlar Mahkamasining qarorida shunaqa xalqaro reytingga kirgan Rossiya universitetlaridan O‘zbekistonga o‘qishini ko‘chirganlar imtihonsiz ko‘chiradi, deyilgan. Men hujjat topishrganimda, kutib turinglar, o‘qish boshlanishi bilan ma’lum qilamiz, deyilgandi. Mana Internetga kirib o‘qisam, 5 sentabrda imtihon topshirasizlar, deyishibdi. 3 kun qolganda, tayyorgarliksiz qanday imtihon topshirish mumkin? - deydi bu talaba.

Jizzaxlik talaba ham Vazirlar Mahkamasi qaroriga ishonib, o‘qishini imtihonsiz ko‘chirishni kutgani, ammo kutilmaganda undan imtihon topshirish so‘ralayotganiga e’tiroz bildirib, Oliy ta’lim vazirligiga murojaat qilgan. Ammo hozircha bu murojaatiga biror shaklda javob berilmagan.

Vazirlar Mahkamasining qarori

Ozodlik gaplashgan talabalar tilga olgan hujjat - Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 27 aprelda qabul qilgan "Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi 360-sonli qarordir.

Qarorning 23-1 qismida shunday deyilgan:

"Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi".

Vazirlar Mahkamasi qarorida O‘zbekistonda tan olinadigan xalqaro reyting Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriligi saytida berilishi aytilgan. Vazirlik saytida faqat QS World University Rankings 2020 haqida ma’lumot berilganidan¸ O‘zbekistonda shu reytingning e’tirof etilgani tushuniladi.

Ukrainadagi talaba: 3 kun qolganda imtihonga chaqirish - maynavozchilikdir!

Ozodlikka Ukrainadan bog‘langan o‘zbekistonlik talaba Ukraina Tibbiyot universitetining 3 kursiga o‘tganini bildirdi.

Ozodlikka yozishicha, oilaviy ahvoli og‘irlashgani hamda Ukrainada koronavirus yoyilib, vaziyat yomonlashgani bois, u o‘qishini vataniga ko‘chirish uchun ariza yozgan:

"Ukrainada bizni yotoqxonalarga qamab tashlashdi, chunki talabalar va yotoqxonada yashayotganlar orasida 100dan ortiq koronavirusga chalinish hollari aniqlandi. Qo‘shni davlatlardan talabalar imtihonsiz o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirdi. Biz esa yoz boshidan beri ma’lumot kutayotgan edik - bizga imtihonlar bo‘ladimi, bo‘lsa qanday o‘tkaziladi - hech qanday ma’lumot berishmadi. Imtihon onlayn topshiriladi, degan gaplarni ham aytishdi. Endi bo‘lsa, 5-6 sentabrda imtihon bo‘ladi, deyishyapti. Atigi ikki kun qolganda. Biz endi imtihonlarga hech qanaqasiga ulgurmaymiz, chunki qaytib borsak ham, 10 kun karantinda o‘tirishimiz kerak. Bu shunchaki maynavozchilik".

Shu yilning fevral oyida, O‘zbekiston hukumatining qarori bilan, qo‘shni 3 davlat - Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi talabalarga o‘qishini imtihonsiz ko‘chirish uchun bir martalik imkon berildi.

O‘z vaqtida O‘zbekiston hukumati bu maxsus qaror sabablarini ochiqlamagan.

Ozodlikka ijtimoiy tarmoq orqali bog‘langan va ismini oshkor qilmagan talaba, qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan vatandoshlariga berilgan bu imkoniyat, nega endi boshqa xorijiy davlatlarda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklarga berilmayotgani sabab bilan qiziqmoqda.

Sentabrda Ozodlikka o‘nlab talabadan murojaat keldi

Asosiy qismi Rossiya hamda boshqa postsovet o‘lkalaridan yo‘llangan murojaatlarda, o‘qishini ko‘chirish uchun hujjat topshirgan talabalar imtihon kuni kutilmaganda, atigi 3 kun qolganda xabar qilinganidan norozi bo‘lib yozmoqda.

Ularning murojaatlarida tilga olinayotgan asosiy muammo, koronavirus pandemiyasi bois aviaqatnovlar to‘xtagan bir paytda, O‘zbekistonga qayta olmayotganidir. Bunday talalabalarning aksari charter reysga navbat kelishini 1-2 oydan beri kutmoqda.

Qisqa muddat ichida, O‘zbekistonga qaytish imkonini qilgan taqdirda ham, dastlabki 10 kunlik karantin muddatini uyi yoki mehmonxonadan chiqmay, o‘tashiga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, Moskvadan Ozodlikka maktub yozgan talaba, yurtiga qaytishni istovchilar soni 100dan ortganini tilga olgan:

"Men hozir Moskvadaman. Menga 5 sentabr kuni imtihon bo‘lishi haqida bugun xabar keldi. Mening biletim - 6 sentabrga. Imtihonni sal orqaga surishning imkoni yo‘qmikin? Rossiyadan qaytmoqchi bo‘lgan talabalar 100 nafardan ko‘pmiz, hech birimiz imtihonga ulgurmaymiz. Iltimos, bizga yordam berib, imtihonni sal kechiktirishlarini so‘raymiz".

Oliy ta’lim vazirligi izohi

Oliy ta’lim vazirligidan 2 sentabr kuni olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalarning barchasiga imtihon yoki suhbat o‘tkaziladigan kun va manzil haqidagi xabarlar 2 sentabr kuni yo‘llangan.

Vazirlikning o‘zini tantishtirmagan rasmiysi, bunday xabar imtihon topshirishi shart bo‘lgan talabalarga yo‘llanganini bildirdi.

Mulozim ta’kidicha¸ Vazirlar Mahkamasining 360-sonli qarorida ko‘zda tutilgan toifalar - xorijdagi oliy o‘quv yurtidan o‘qishini test sinovlarisiz O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkin bo‘lgan talabalar ishi bo‘yicha Davlat komissiyasi buyruq chiqarishi lozim.

"Bu qaror asosida xalqaro reytingda birinchi mingtalikka kirganlar imtihonsiz qabul qilinadi, baribir. Shuning uchun, ular o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan oliy o‘quv yurti qabul hay’atiga murojaat qilishsa, aniq javob olishadi", dedi vazirlik rasmiysi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Prezident qaroriga binoan, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha qaror Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi raisi O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovdir, komissiya tarkibiga mamlakat hukumat idoralari rahbarlari va vazirlardan iborat 17 a’zo kiritilgan.

Xorijda qolib ketgan talabalar bo‘yicha aniq javob yo‘q

Oliy ta’lim vazirligining Ozodlik gaplashgan mulozimi, pandemiya sharoitida hanuz xorijdan qayta olmayotgan talabalar murojaatlaridan vazirlik xabardorligini aytdi.

Ayni paytda¸ bu borada konkret qanday chora ko‘rilayotgani haqida biror ma’lumot bera olmasligini ta’kidladi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan vatandoshlar, shu jumladan o‘qishini vataniga ko‘chirayotgan talabalardan, o‘zlari yashab turgan davlatlardagi elchixona va konsulliklarga murojaat qilib, ro‘yxatga turishni so‘ragan.

Maxsus ro‘yxat asosida O‘zbekistonga charter reys bilan qaytish uchun navbat kutayotganlar¸ Ozodlik 2 sentabr kuni gaplashgan talabalarga ko‘ra, juda ko‘p.

- Men masalan iyulning boshida ro‘yxatga yozildim. Nechanchi bo‘lib yozilganimni ham aytishmadi. Haliyam kutyapman, dedi Sarvinoz.

Jizzaxlik talabaning aytishicha, Rossiyadan qaytmoqchi bo‘lgan tengdoshlari, navbat kutishdan tashqari, chiptalarning oshib borayotgan narxidan ham xavotirda:

-Chunki, biletlar 51 ming rublga (qariyb 700 AQSh dollari - tahr.) chiqib ketdi. Men imtihonda qatnashsam ham, tayyormasman. O‘ta olmay qolsam, orqaga ham qayta olmayman bunaqada. Chunki, oilada katta farzandman, pul topadigan odam - faqat dadam. U ham doktor, koronavirus yuqib, ikki oy ishlay olmadi. Judda qattiq kasal bo‘ldi. Ya’ni, iqtisodimiz juda og‘ir hozir, Rossiyaga ketishga ham sharoitim yo‘q endi. Hozir bu yerda ham, u yerda ham o‘qishdan ayrilib qolamanmikin, deb qo‘rqib o‘tiribman.

Xorijdagi 13 mingdan ortiq talaba ariza topshirdi

Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, 2020-2021 yilgi o‘quv yilida ta’lim olishni davom ettirish uchun dunyoning turli davlatlarida o‘qiyotgan 13 mingdan ortiq talabadan ariza tushgan. O‘qishni ko‘chirishni istovchilar hujjatlari shu yilning 15 iyulidan 5 avgustiga qadar onlayn tarzda qabul qilib olingan.

Oliy ta’lim vazirligi, o‘qishni ko‘chiruvchilar uchun imtihonlar - test sinovlari yoki suhbat tarzida 5 - 6 sentabr kunlari maxsus belgilangan maskanlarda bo‘lib o‘tishi haqida 2 sentabr kuni ma’lum qildi.

Xorijdan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirayotgan talabalar imtihonni o‘z yashash manzili bo‘yicha ajratilgan joyda topshirishi kerak.

XS
SM
MD
LG