Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2020, Тошкент вақти: 02:22

Nima uchun koronavirus faqat muayyan organlarga ta’sir o‘tkazadi?


Virus inson hujayrasi ichiga kirganidan keyin, uning proteinlari tana proteinlari bilan ulanadi.

COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechganda o‘pkadan boshqa organlar, shu jumladan, yurak, jigar, buyrak hamda nerv tizimi zarar ko‘rishi mumkin.

Aftidan, koronavirusning ta’siri ushbu organlarga cheklangan. Ispaniyadagi Saragosa universiteti xodimi Ernesto Estrada virus nima sababdan muayyan a’zolarga ziyon keltirishini aniqlashga urindi.

Olim o‘tkazgan tadqiqot natijalari Chaos jurnalida e’lon qilindi. Koronavirus inson hujayralari ichiga kirish uchun angiotenzin o‘zgartuvchi ferment 2 (ACE2) deb nomlanuvchi proteinga tayanadi.

- Bu retseptor inson organlarida juda ko‘p. Shunday ekan, virus tanada aylana boshlasa, boshqa organlarga kirishi va ularga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Ammo virus faqat muayyan organlarga ta’sir o‘tkazadi, hammasiga emas. Buning sababi biz tilga olgan mexanizmlardadir, - dedi Estrada.

Virus inson hujayrasi ichiga kirganidan keyin, uning proteinlari tana proteinlari bilan ulanadi. COVID-19 faqat muayyan organlarga ta’sir ko‘rsatgani uchun Estrada virus tarqalishida boshqa omillar ham rol o‘ynashini taxmin qildi.

Buni aniqlash uchun olim o‘pkalardagi proteinlar o‘rni almashishini hamda ular boshqa organlardagi proteinlarga qanday o‘zaro ta’sir ko‘rsatishini o‘rganib chiqdi.

- Ikki protein bir-birini topib, o‘zaro ta’sir kompleksini tuzishi uchun ular hujayra ichida subdiffuz harakatlanishi kerak, - dedi Estrada.

Olim subdiffuz harakatni gavjum yerda ketayotgan mast odamga qiyosladi. Olomon mast odamga to‘siq bo‘ladi va u o‘z manziliga yetishini qiyinlashtiradi. Hujayradagi proteinlar ham bir-biriga ta’sir ko‘rsatish uchun bir necha to‘siqdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, ayrim proteinlar ayni hujayra yoki organ ichida uchraydi, boshqalarida uchramaydi.

Ushbu kuzatishlar asosida Estrada matematik model yaratib, o‘pkada boshqa organlarga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy aktivatorlar vazifasini bajaruvchi 59 protein guruhini aniqladi. Ushbu guruhda boshlanadigan o‘zaro ta’sir zanjiri boshqa proteinlarda o‘zgarishlar keltirib chiqaradi.

- Mazkur proteinlarning ayrimlarini mavjud dorilar yordamida nishonga olish o‘pkadan boshqa organlarda proteinlar o‘zgarishi oldini oladi. Bu esa bir necha organ ishdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘p holatlarda aynan shu narsa bemor o‘limiga sabab bo‘ladi, - dedi Estrada.

Olim o‘zgargan proteinlar bir organdan ikkinchisiga qay yo‘sinda yetib borishini aniqlash uchun qo‘shimcha tadqiqot o‘tkazish kerakligini aytdi.

XS
SM
MD
LG