Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 07:08

Kambag‘allarning “temir daftar”iga kirishni istovchilar keskin ko‘paydi¸ daftar ustidan nazorat ham kuchaydi


“Temir daftar” deb atalayotgan ro‘yxatga kam ta’minlangan¸ nogironligi bo‘lgan¸ yolg‘iz keksalar¸ doimiy ishsizlar¸ karantin tufayli ishsiz qolganlar va pandemiya sababli xorijdan qaytib ishsiz o‘tirganlar kabi jami 7 toifa kiritiladi.
“Temir daftar” deb atalayotgan ro‘yxatga kam ta’minlangan¸ nogironligi bo‘lgan¸ yolg‘iz keksalar¸ doimiy ishsizlar¸ karantin tufayli ishsiz qolganlar va pandemiya sababli xorijdan qaytib ishsiz o‘tirganlar kabi jami 7 toifa kiritiladi.

Prezident Mirziyoyevning 30 iyul kungi farmoniga asosan pandemiya davrida og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga bir martalik pul tarqatish jarayoni 15 avgust kuni tugallanadi.

400 mingdan oshiq oilaning 1 700 000 a’zosiga tarqatilishi belgilangan moddiy yordamning aynan kimga berilishini Mahalla vazirligining joylardagi vakillari sektor rahbarlari bilan birgalikda hal qiladi.

Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning prezident farmonida “temir daftar” deb keltirilgan ro‘yxatiga kirish jarayoni¸ Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonliklar ta’kidicha¸ shu kunlarda norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda

O‘zini pandemiya bois og‘ir ahvolga tushganini aytayotgan aholi vakillari¸ “temir daftar”ga kiritilmayotganidan shikoyat qilsa¸ bu daftarni yurituvchilar¸ borning ham¸ yo‘qning ham bir martalik pul olish uchun “to‘polon” qilayotganini aytmoqda.

Ozodlik gaplashgan mulozimlarga ko‘ra¸ bu daftarga kirish yuzasidan aholi shikoyatlarining keskin ko‘paygani ortidan¸ prokuratura va IIV bir martalik yordam pulining tarqatilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatgan.

“Temir daftar”ga kirgan oilalarga prezidentning bir martalik moddiy yordam berish haqidagi farmoni asosida jon boshiga 220 ming so‘mdan tarqatilmoqda; shu maqsadda davlat byudjetidan 350 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

“Temir daftar”ga kirish mashmashasi

Ayni kunlarda O‘zbekistondagi mahalla qo‘mitalari¸ odam eng ko‘p to‘planayotgan joylardan biriga aylangan. Sababi¸ prezident Mirziyoyevning pandemiya davrida ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga bir martalik pul tarqatish farmonining kimga tegish-tegmasligini mahallaqo‘mlar hal qiladi.

Ozodlik gaplashgan Buxoro shahridagi mahallalardan biri mas’uli¸ "prezident og‘ir ahvolda qolgan oilalarga 1 milliondan pul berarkan"¸ degan xabar chiqqandan beri¸ o‘z ofisiga kuniga yuzdan oshiq odam kelayotganini aytadi.

Boy ham kelyapti¸ kambag‘al ham kelyapti¸ “menga bir million berasiz”¸ deb. Pandemiya boshlangandan keyin 1500 ta odam yashaydigan mahallamizda 31 ta oilani “temir daftar”ga qo‘shgandik¸ daromadsiz qoldi¸ deb. Keyin karantin ochilgandan keyin 12 taga tushirdik. Tikuvchilar¸ sartaroshlar ishini boshlagandan keyin¸ ularni ro‘yxatdan chiqardikda. Prezidentning bir martalik yordam haqidagi qaroridan keyin¸ bu ro‘yxatni yana qayta ko‘rib chiqdik. Biz ro‘yxatga kiritgandan keyin¸ uni ichki ishlar bilan prokuratura qaytadan tekshiryapti. Uyiga borib¸ sharoitini ko‘ryapti. O‘ziga to‘qlar kirib qolgan bo‘lsa¸ o‘chirib tashlayapti. Ba’zilar¸ ro‘yxatga kiritasan¸ deb to‘polon qilib keladi. Uyiga borsangiz¸ hamma sharoiti bor¸ pandemiya paytida katta remont qilib¸ hamma yog‘ini tuzatgan. Bir martalik yordamga qarab qolgan joyi yo‘q. To‘polonni¸ asosan¸ shunaqalar qilyapti”¸ dedi Buxoro mahallaridan birida “temir daftar” uchun birlamchi mas’ullardan biri.

Ozodlikka murojaat qilayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklar¸ pandemiya davrida daromad manbaini yo‘qotganiga qaramay¸ davlat byudjetidan ajratilgan bir martalik moddiy yordam o‘ziga tegmayotganini aytmoqda.

400 ming so‘m pensiya olaman. Rossiyaga ketgan qizimning bitta bolasi qaramog‘imda. Qizim 8 oydan beri pul jo‘natgani yo‘q. Yordam puli so‘rasam¸ uyingda hamma sharoiting bor¸ qizing Rossiyada ishlayapti¸ “temir daftar”ga kiritolmaymiz¸ deyishyapti. Uyim yaxshi bo‘lgani bilan¸ kundalik tirikchilik uchun 400 ming so‘mdan boshqa daromadim yo‘qku! Bersa¸ qiynalganlarning hammasiga bersin¸ har xil bahona qilmasdan”¸ deydi Ozodlikka murojaat qilgan buxoroliklardan biri.

“Temir daftar”ga kimlar kiritiladi?

O‘zbekistonda koronavirus karantini o‘rnatilishi ortidan¸ hukumat pandemiya davrida daromadini yo‘qotib¸ og‘ir iqtisodiy ahvolda qolgan oilalar ro‘yxatini shakllantirishga kirishdi.

“Temir daftar” deb ataladigan bu ro‘yxatga, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ kam ta’minlangan¸ nogironligi bo‘lgan¸ yolg‘iz keksalar¸ doimiy ishsizlar¸ karantin tufayli ishsiz qolganlar va pandemiya sababli xorijdan qaytib ishsiz o‘tirganlar kabi jami 7 toifa kiritiladi.

Vazirlik mulozimiga ko‘ra¸ mahallaqo‘mlar vazifasi ehtiyojmand oilalarning “temir daftar”ini yozib chiqish bilan tugaydi – uning so‘nggi nusxasini tasdiqlash va bu oilalarga bevosita pul tarqatish sektorlar va huquq-tartibot idoralari nazoratida.

-Prezidentning 6038-sonli farmoni ijrosi bo‘yicha joylarda uchtadan shtab tashkil qilindi. Birinchisi¸ mahallalarda. Oilalardan xabar olish markazlari tashqil qilindi. Ular “temir daftar”ga kirgan va kiradigan oilalarni o‘rganib¸ yana ehtiyojmandlar bo‘lsa kiritib¸ yakuniy ma’lumotni tuman mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limlariga beryapti. Ikkinchisi¸ tuman bo‘limlari bu ro‘yxatni o‘rganib¸ sektorlarga uzatadi. Pul¸ uchinchi shtab - sektorlar orqali taqsimlanadi. Pullarni to‘lash¸ qarorda belgilangandek¸ 15 avgustgacha tugallanadi. Bir martalik moddiy ërdamni tarqatish bo‘yicha respublika ikkiga bo‘lingan. Yarmiga bizning vazir¸ yarmiga IIV mas’ul. Toshkent shahri ham ikkiga bo‘lingan¸ unga ham ikki vazir o‘rinbosari mas’ul. Qat’iy nazorat shularda. Mahallaning qo‘liga pul tegmaydi. Pul tarqatilishi uchun sektor rahbarlari¸ bank mas’ullari va iqtisodiët bo‘limlari javobgar.

"Temir daftar" Bosh prokuratura nazoratida

“Temir daftar”ga kirish¸ demakki davlatdan moddiy yordam olish jarayonidagi poraxo‘rlik¸ tanish-bilishchilik va jarayonning shaffof emasligi haqidagi shikoyatlar ko‘paygani ortidan unga turli tizim rahbarlari¸ xususan¸ Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham munosabat bildirdi.

Senat raisi «temir daftar»ni shakllantirish va yuritish tizimi ayrim hududlarda aholi noroziligiga olib kelayotganini aytib o‘tdi. «Temir daftar» tizimi ochiq, shaffof bo‘lishi va ajratilgan mablag‘larni taqsimlash jarayonida inson omilini maksimal darajada qisqartirishi kerakligi bildirildi. Buning uchun tizimga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish muhimligi qayd etildi”¸ deb ëzdi Gazeta.uz.

Aholi shikoyatlari ko‘paygani ortidan¸ Bosh prokuratura va IIV “temir daftar” ustidan nazorat kuchaytirilganini bildirdi.

"Bosh prokuratura tomonidan mazkur farmon ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida maxsus shtab tuzilib, aniq tadbirlar belgilandi hamda hududiy prokurorlarga alohida topshiriqlar yuborildi.

Prokuratura organlari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan belgilangan pul mablag‘larining to‘liq va o‘z muddatida manzilli yetkazilishi alohida nazoratga olindi, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi"¸deyiladi Bosh prokuratura e’lon qilgan rasmiy bayonotda.

Bayonotda shuningdek¸ "bunday holatlar kuzatilgan taqdirda fuqarolardan tegishli hudud prokuraturasiga murojaat qilish so‘ralgan" va har bir viloyatdagi telefon raqamlari taqdim etilgan.

“Temir daftar” temir emas...

Ozodlik gaplashgan Mahalla vazirligi¸ qolaversa¸ hududlarni boshqarish topshirilgan sektor mulozimlari nomi temir deyilganiga qaramay¸ bu daftarga kirish va chiqishning har oy o‘zgarib turishini bildirdi.

Har bir sektor bo‘yicha “temir daftar” bor. Uni mahalla raislari sektor rabarlari bilan hamkorlikda tuzadi. Lekin “temir daftar” ga kiritilgan kam ta’minlangan fuqaro o‘zi ariza yozib bermasa¸ uni ro‘yxatdan majburan chiqarish mumkin emas. Fuqarolar o‘zlari ish topgan bo‘lsa¸ “meni temir daftardan chiqaring”¸ deb ariza yozib berishi kerak”¸ deydi vodiy viloyatlaridan biridagi sektor mulozimi.

Ozodlik gaplashgan buxorolik mahallaqo‘m ham¸ “temir daftar”ning temir emasligi¸ u har oy qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Karantin tugab¸ ishiga qaytganlarni chiqaramiz¸ ish topib berilganlarniyam chiqaramiz. Birorta mol-hol berilsa¸ ularniyam ro‘yxatdan chiqaramiz. “Temir daftar” har oy o‘zgaradi”.

11 avgust kuni gazeta.uz nashri hukumatdagi manbasiga tayanib¸ “sektor rahbarlarining tavsiyasi va ushbu oilalarning yozma roziligi bilan 160 ming atrofidagi oilalar «temir daftar»dan chiqarilgani va ularning o‘rniga yana shuncha ehtiyojmand va moddiy ko‘makka muhtoj oilalar kiritilgani”ni xabar qildi.

Ro‘yxatga yangi kiritiladigan taxminan 150 mingta oila bir martalik moddiy yordam olishini ma’lum qildi. Buning uchun davlat byudjetidan qo‘shimcha ravishda 300 mlrd so‘mdan ziyodroq mablag‘ ajratiladi”¸ deb yozdi mahalliy nashr.

XS
SM
MD
LG