Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:17

Karantinga qaramay odamlar banklar oldida yana navbatga tizildi (VIDEO)


Navoiy viloyatida "Xalq banki" oldida navbat.
Navoiy viloyatida "Xalq banki" oldida navbat.

O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini bank bo‘limlaridan olish yana qiyinlashdi.

Ozodlikka kelgan video va fotosuratlarda koronavirus karantiniga qaramay, o‘nlab kishi "Kapitalbank", "Ipoteka bank", "Hamkorbank"ning Surxondaryo, Samarqand, Navoiy hamda Toshkent viloyatlaridagi bo‘limlari oldida xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini olish uchun navbatda turganini ko‘rish mumkin.

Surxondaryoning Denov tumanidagi "Kapitalbank" oldida navbatda turgan bank mijozi 10 avgust kuni 170-inchi bo‘lib navbatga yozilgani, bir kun o‘tib ham navbati kelmaganini aytdi.

Andijon va Farg‘ona viloyatlarining ayrim shahar va tumanlarida esa mijozlar bankomatlardan ham naqd pul olib bo‘lmayotgani haqda Ozodlikka bildirishdi.

O‘zbekiston Markaziy bankining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi ayrim bank bo‘limlarida naqd pul muammosi yuzaga kelganini tan oldi.

Ismi ochiqlanishini istamagan bank mulozimi koronavirus karantini oqibatida iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi bank kassalariga naqd pul tushumlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganini aytdi.

Xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini olish uchun “Kapitalbank”ning Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi bo‘limi oldida o‘nlab odam navbat kutmoqda.

Деновдаги "Капиталбанк" олдида навбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00

10 avgust kungi bu manzarani videoga tushirib Ozodlikka yuborgan surxondaryolik Shoxruh ikki kundan beri Rossiyadan otasi jo‘natgan pulni ololmay sarson bo‘layotganini aytdi:

- Kecha, 10 avgust kuni 170-inchi bo‘lib navbatga yozilgandim. Bugun ham navbatim kelmadi. Odamlar o‘tgan haftadan buyon navbatda turishibdi. Bank oldida odam to‘planishining​ oldini olish o‘rniga banklar vaziyatni qiyinlashtiryapti.

Surxondaryo viloyatidagi boshqa banklar oldida ham shu ahvol:

- Hammayoq koronavirus bo‘lib yotgan bir paytda bular bizni bir joyga to‘planishga majbur qilishyapti. Biz farzandlarimiz Rossiyada peshona teri bilan topgan pulini so‘rayapmiz, - deydi Surxondaryoning Termiz shahridagi "Hamkorbank" bo‘limi oldida turgan bank mijozi.

Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi "Kapitalbank" oldida navbat.
Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi "Kapitalbank" oldida navbat.

Ozodlik Surxondaryo, Samarqand, Andijon, Jizzax viloyatlaridagi "Hamkorbank", "Agrobank", "Xalq banki", "Asaka bank" bo‘limlari bilan bog‘landi.

Bank xodimlari karantin davrida pul tushumi kamaygani sabab naqd pul yo‘qligini tasdiqlashdi.

Lekin, mijozlar xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini so‘rashyaptiku? Kimningdir qarindoshi Rossiyadan pul jo‘natsayu O‘zbekistonda olisholmasa, buni qanday tushunish mumkin?

Termizdagi "Hamkorbank" xodimi Ozodlikning bu savoliga javob berar ekan bunday dedi:

- U yoqdan kimdir pul jo‘natsa, shu zahoti qo‘limizga tushadi degani emasku?! Naqd pul bo‘lsa bera olamiz. Lekin, berilmayotgani yo‘q, beriladi, - dedi bank xodimi.

"Bankomatlarda ham pul yo‘q"

O‘zbekistonning ayrim shaharlarida mijozlar bankomatlardan ham pul yechib bo‘lmayotganini aytishdi.

Andijon shahri markazidagi bankomatlardan naqd pul olib bo‘lmayapti.
Andijon shahri markazidagi bankomatlardan naqd pul olib bo‘lmayapti.

Andijonlik tadbirkor Habibulla "Uzcard" tizimidagi plastik kartalaridan naqd pul olib bo‘lmayotganini aytdi:

- Bugun shahar markazidagi hamma bankomatlarni aylanib chiqdim, ko‘pchiligi ishlamaydi, ishlayotganlarida naqd pul yo‘q.

Andijon shahri markazidagi bankomat "vaqtincha ish faoliyatida emas".
Andijon shahri markazidagi bankomat "vaqtincha ish faoliyatida emas".

O‘zbekiston Markaziy bankining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi ayrim bank bo‘limlarida naqd pul muammosi yuzaga kelganini tan oldi.

Ismi ochiqlanishini istamagan bank mulozimi koronavirus karantini oqibatida iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi bank kassalariga naqd pul tushumlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganini aytdi.

- Hozir ayrim joylarda naqd pul yetishmovchiligi bo‘lyapti. Bu karantin cheklovlari bilan bog‘liq. Karantin cheklovlari naqd pullarning banklarga oqimini sekinlashuviga sabab bo‘lyapti. 15 avgustdan karatin yengillashtiriladi, hammasi joyiga tushadi, deb umid qilyapmiz, - dedi O‘zbekiston Markaziy bankining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

Mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalarini olishda banklarning hamma viloyat va shaharlardagi bo‘limlarida kechikish bo‘layotgani yo‘q.

Poytaxt Toshkent shahrida pul jo‘natmalari vaqtida berilyapti

“Hamkorbank”, "Ipoteka bank"ning Toshkent shahar bo‘limi mulozimi, pul jo‘natmalarini olishda umuman muammo yo‘qligini aytdi.

Xorijdan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari asosan "Western Union", "Unistream", "MoneyGram" tizimlari orqali o‘tkaziladi.

“MoneyGram – pul jo‘natmalari” tizimi orqali pul O‘zbekistonga uzog‘i bilan 5 minutda borib tushishi mumkin.

O‘zbekistondagi banklar esa omonatlarni egalariga vaqtida berishga mas’uldir.

Ozodlik bundan oldin ham O‘zbekistonning ba’zi bank bo‘limlarida xorijdan pul jo‘natmalarini olish qiyinlashgani haqda xabar bergandi.

XS
SM
MD
LG