Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:33

“O‘zbekgidroenergo” Pskem GESi qurilishidagi o‘g‘riliklar haqidagi mahalliy aholi xabarini inkor qildi


Pskem GESi qurilishi 2017 yili boshlangan.
Pskem GESi qurilishi 2017 yili boshlangan.

O‘zbekistondagi barcha suv-energetika inshootlari qurilishi uchun mas’ul bo‘lgan “O‘zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilayotgan Pskem GESidan qurilish materiallarining muttasil o‘g‘irlanishi yuzasidan Ozodlikka bo‘stonliqliklardan kelgan ma’lumotni inkor qildi.

Ozodlikka kelgan ma’lumotda¸ Bo‘stonliq tumanining Ispay¸ Tepar¸ Takayong‘oq Pskom¸ Polvonak Mulalo¸ Maydontol¸ hatto Nanay va Burchmullo qishloqlarida GES qurilishidan o‘g‘irlangan sement¸shag‘al¸qum¸ armatura¸ ayniqsa¸ dizel yonilg‘isi savdosi avj olgani aytilgan.

Bu xabarni yuborgan bo‘stonliqlik guvoh¸ Sardoba texnogen falokatidan so‘ng¸ aholi ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan o‘g‘riliklar bilan qurilayotgan GES xavfsizligidan ko‘pchilik xavotirda ekanini ta’kidlagan.

Ozodlikka kelgan bu xavotir mazmuni bilan tanishgan “O‘zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati rahbari¸ qurilishda keng ko‘lamli o‘g‘riliklar bo‘layotganini inkor qildi. Ayni paytda¸ bu ma’lumotning o‘rganilishini qo‘shimcha qildi.

O‘g‘riliklar manzarasi

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan ko‘p o‘tmay¸ 2017 yil kuzida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Kurduxtar qishlog‘ida Pskem GESi qurilishi boshlandi. Qiymati 810 million AQSh dollariga baholangan bu loyiha muallifi va buyurtmachisi davlatga qarashli “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati.

Keyingi ikki yil davomida bu qurilish bilan bog‘liq vaziyatni unga yaqin qishloqlardan biridan turib kuzatayotganini aytgan Bo‘stonliq tumanida yashovchilardan biri¸ bu jarayon o‘zi va qishloqdoshlarida jiddiy xavotir uyg‘otganini bildirdi.

Pskem daryosining yuqori oqimlarida Pskem GESi qurilyapti. Shu kunlarda ish avjida. Tunnel qurish ishlari olib borilyapti. Sardobadagi voqealarni ko‘rib ham qurilishda ishtirok etayotganlar to‘g‘ri xulosa chiqarmagani kishini ajablantiradi. GES qurilish ishlari boshlanishiga ikki yildan ortiq vaqt bo‘ldi. O‘g‘riliklar avjiga chiqqan. Sementdan tortib armatura, dizel, qum, shag‘al, tosh, elektrolid¸ nimaiki sotishga yaroqli bo‘lsa sotuvda. Kamazda tashishadi, va boshqa shaxsiy yuk tashuvchi mashinalar ham bor o‘zlari olib borib berishadi aytilgan joyga mahsulotni (xizmat ko‘rsatish a’lo darajada ). Dizel va boshqa qurilish ashyolarini shaharga tashuvchi, qishloqlararo sotuvchi guruhlar¸ qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar shakllangan. Ba’zilari qo‘lga ham tushib¸ ishdan ketib ham bo‘ldi. Lekin¸ kundan kunga nahanglarning ishtahalari ochilib bormoqda”.

Ozodlikka Pskem GESi qurilishidagi o‘g‘riliklar haqida Bo‘stonliqdan kelgan xavotir maktubi.
Ozodlikka Pskem GESi qurilishidagi o‘g‘riliklar haqida Bo‘stonliqdan kelgan xavotir maktubi.

GES qurilishidagi o‘g‘riliklar jarayoniga “bevosita guvoh” ekanini aytgan bo‘stonliqliklardan biri¸ Ispay¸ Tepar¸ Takayong‘oq Pskom¸ Polvonak Mulalo¸ Maydontol¸ hatto Nanay va Burchmullo qishloqlarida paydo bo‘lgan o‘rtakashlar¸ qurilish qilayotgan xonadonlar bilan GESdan qurilish mahsulotlari o‘g‘irlab chiqayotganlar orasida vositachi ekanini iddao qildi.

Qishloqlarda o‘rtakashlar bor¸ ularni hamma taniydi. O‘shalarga borib aytsangiz¸ aytgan narsangizni o‘zlari opkelib tashlab ketadi. Dizelni ko‘proq shaharga tashishyapti. GES qurilish maydonida nazorat postlari tashkil qilingan¸ afsus ular ham bu jarayonga sherik. Keyin o‘rtada yana bir boshqa chiqish-kirish yo‘li bor¸ asosan o‘g‘irlangan mahsulotlar o‘sha yerdan chiqib ketadi”.

O‘zbekistonda Chorvoq GESidan keyingi ikkinchi eng yirik gidroinshoot bo‘lishi aytilayotgan Pskem GESi qurilishida bo‘layotgan bu o‘g‘riliklar haqidagi ma’lumotni Ozodlikka yuborgan manba¸ buning sababini shunday izohladi.

Yaqin atrofdagi qishloqlar aholisi judayam xavotir olishmoqda. Pskem GESi standartlarga javob bermagan holda qurib bitkazilsa.. Yarim mahsulotlar o‘g‘irlanib sotilyapti¸ balki undan ham ko‘proq. Tobora ortib bormoqda, qing‘irliklar. Tunnel qurilishiga misol uchun 5 dona armatura qo‘yadigan joyga 2 – 3 dona quyib ishlatishyapti, sementniku aytmasa ham bo‘ladi. Bo‘lmasa shuncha mahsulotni qayerdan ortirrib sotishyapti?! O‘lik jonlar, keraksiz shtatlar, har bir bo‘lim boshliqlarining shaxsiy shofyorlari, o‘zlashtirishning zo‘r usullari hammasi shu yerda. Xudo ko‘rsatmasin agar Pskem GESining to‘g‘oni darz ketsa¸ bir kun kelib Sardobaga o‘xshab, nima bo‘ladi? Pskem GESi 2 mlrd kub metrdan ko‘proq suv sig‘imiga ega bo‘ladi¸ deyishyapti. Shuncha suv Bo‘stonliq tumani Toshkent viloyati va Toshkent shahriga katta talafot olib kelmasligiga kim kafolat bera oladi?”

“O‘zbekgidroenergo” nima deydi?

O‘zbekistondagi kattayu kichik gidroinshootlar qurilishidan tortib¸ ularni boshqarishga qadar 2017 yilda tashkil etilgan “O‘zbekgidroenergo” AJ vakolatiga berilgan.

Pskem GESi qurilishining bosh buyurtmachisi ham aynan shu jamiyat hisoblanadi. “O‘zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati keyingi ikki yil ichida Pskem GESi qurilishining jadal borayotgani haqida qator video¸ fotoma’lumotlarni e’lon qilib kelmoqda.

Rasmiy xabarga ko‘ra¸ Pskem GESning elektr energiya imkoniyati 404 mvt.ni tashkil etadi. Kattaligi bo‘yicha Pskem GESi Chorvoq GESdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Pskem GES yiliga 900 mln. kVt elektr energiyasi ishlab chiqardi va elektr energiya yetkazib beruvchi eng kerakli manba hisoblanadi. Pskem suv ombori to‘la hajmda 520.8 mln M3 suvni tashkil qilib, undan olinadigan samarali suv kubi esa 486.5 mln M3 tashkil qiladi.

10 avgust kuni Ozodlik “O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati rahbari Ravshan Baykulov bilan bog‘lanib¸ bo‘stonliqliklardan kelgan xabar va xavotir mazmunini tushuntirdi.

Jamiyat mulozimi¸ GES hududidan qurilish materiallarining o‘g‘irlanib¸ yon atrofdagi qishloqlarda ochiqchasiga sotilayotgani haqidagi xabarlarni inkor qildi.

- Qurilish ob’yektlarimizdan hech kim sement o‘g‘irlay olmaydi. Sababini tushuntiraman. Sement 30¸ 45¸ 50 tonnalik betonovozda boradi. O‘sha joyning o‘zida aralashtirilib¸ uskunamizning ichiga to‘kadi. Uning ichidan odam ololmaydi. Tayyor qorishmadan kimdir bir-ikki chelak olishi mumkindir¸ lekin sotish darajasidagisini olish imkoni yo‘q hech qanaqa. Armaturani oboradigan zavodimiz¸ santimetrma sentimetr o‘lchangan holatda yuboradi. Ziyodi ham¸ kami ham yo‘q. Gidroproektniy institut buni nazorat qiladi. Har bir detal proyektda ko‘rsatilgan joyga tushmaguncha¸ ikkinchi etapga o‘tilmaydi. O‘g‘rilik qildi degani¸ ikkinchi etapga o‘tolmaydi¸ degani. Uchinchi jihat¸ qurilish hududi aholidan ancha uzoqda joylashgan. Aholi u yerdan ko‘chirib bo‘lingan. Eng yaqini 8 km. U yerga kunda qatnab¸ bunaqa ish qilishga imkon yo‘q. Keyin¸ 365 gektarlik joy o‘rab olingan. Kechayu kunduz ikkita oxrana turadi¸ boshidan kamera o‘rnatilgan. O‘g‘rilik bo‘lmaydi. To‘rtinchi fakt – aholi bilan GES o‘rtasida voenniy va ichki ishlarning vakili turadi. Davlatning posti bor. Oldin chegara bo‘lgan. O‘sha postdan o‘tib boriladi. Har bir odam u yerga maqsadli borib¸ maqsadli qaytadi¸ dedi “O‘zbekgidroenergo” mulozimi.

Qariyb 1 milliard dollarlik loyiha ham ota-o‘g‘il tandemiga berilgan

"O‘zbekgidroenergo" AJ e’lon qilgan rasmiy xabarlardan ma’lum bo‘lishicha¸ Pskem GESi qurilishi 810 million dollarlik loyiha.

GES qurilishi buyurtmachisi “O‘zbekgidroenergo” AJ. Davlatga qarashli bu AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovdir.

Pskem GESini qurish bosh pudratchisi “O‘zbekgidroenergo” rasmiy xabarlariga ko‘ra¸ To’palang HPD Holding xususiy shirkati tarkibiga kiruvchi To'palang HPD Water Construction kompaniyasidir.

To'palang HPD Holding tarkibiga kiruvchi shirkatlar ro‘yxati.
To'palang HPD Holding tarkibiga kiruvchi shirkatlar ro‘yxati.

Bu holding bosh aksiyadori esa¸Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra¸ Abdug‘ani Sanginovning 25 yashar kenja o‘g‘li Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonovdir.

To'palang brendi ostidagi ettita alohida xususiy shirkatga egalik qiluvchi holding bosh aktsiyadori Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘lidir.
To'palang brendi ostidagi ettita alohida xususiy shirkatga egalik qiluvchi holding bosh aktsiyadori Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘lidir.

10 avgust kuni bunday tandemni izohlagan "O‘zbekgidroenergo" AJ mulozimi¸ O‘zbekistonda gidroinshoot qurish sohasida Sanginov asos solgan To'palang HPD Holdingidan ko‘ra tajribaliroq kompaniya yo‘qligini iddao qildi.

- To'palang HPD Water Construction yerlarni¸ suv kirib-chiqishini shunga moslaydigan platinalarni quradi. Prezident qarorida bu imennoy keltirilgan. O‘zbekistonda bunaqa boshqa kompaniya yo‘q¸ imkoniyat doirasi bo‘yicha. Agar chetdan shu ishlarni birorta kompaniya qilsa¸ 100 minglik ish 200 mingga tushadi. Pskemdagi 810 million dollar ikki baravar ko‘payib ketardi. Xalqimizga zarar bo‘ladi. Buning ustiga¸ bular o‘zimizning xalq¸ o‘zbekistonlik ig‘chilarni ishlatadi¸ dedi Pskem GESi loyihasining Sanginov oilasiga tegishli xususiy kompaniyaga berilganini izohlagan "O‘zbekgidroenergo" mulozimi.

Sardoba to‘g‘onining yorilishiga qurilishdagi o‘g‘riliklar asosiy sabab sifatida ko‘rilmoqda

Ozodlikka Bo‘stonliq tumanidan kelgan xabarda Sardoba fojiasidan keyin¸ aholining bunday gidroinshootlar xavfsizligi jiddiy tashvishga solayotgani alohida ta’kidlangan.

Joriy yilning 1 may kuni erta tongda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirildi va atrofdagi minglab aholi uylari¸ ekin yerlarini suv bosdi.

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirligida uning tashabbusi bilan qurilishi boshlangan Sardoba suv ombori¸ u prezidentlikka kelgach¸ muddatidan oldin ekspluatatsiyaga topshirildi.

Qiymati 400 million dollardan oshiq bu suv omborining uch yil yilga yetmay¸ ishdan chiqqani¸ aholi va davlatga yuzlab million dollarlik ziyon yetkazgani jamoatchilikni junbushga solmay qo‘ymadi.

Bu texnogen falokat ortidan fojia uchun kim mas’uliyatni zimmasiga oladi¸ degan savol kun tartibiga tushdi.

Ozodlik o‘tkazgan jurnalisti surishtiruv davomida aniqlangan ma’lumotlar bu qurilish tepasida hozirda “O‘zbekgidroenergo” AK boshqaruvi raisi va senator Abdug‘ani Sanginov ham davlat buyurtmachisi maqomida¸ ham uni qurgan xususiy pudratchi sifatida qatnashganini ko‘rsatdi.

O‘zbekistondagi milliardlab dollarlik gidroinshootlarning ota-o‘g‘il tandemiga topshirilgani mamlakatda davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvining yana bir yorqin misoli ekaniga oid e’tirozlarga qaramay¸ Pskem GESi qurilishiga oid rasmiy ma’lumotlar bu tandemning o‘zgarishsiz qolayotganini ko‘rsatadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati o‘tgan oy “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va buning oqibatida katta hajmdagi yer maydonlarini suv bosishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan ekspertiza xulosasini e’on qildi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishiga:

1. Loyiha hujjatlaridagi xato va kamchiliklar;

2. Qurilishdagi xato va kamchiliklar;

3. Ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar sabab bo‘lgan.

Bu ish doirasida hozirgacha jami 9 shaxs hibsga olindi. Tergov jarayonidan bilvosita xabardor mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ qamalganlar orasida¸ Sanginovning To’palang brendi ostidagi shirkatlari boshqaruvida ishlagan 4 shaxs ham bor.

Dastlabki tergov muddati iyul oyida Bosh prokuratura tomonidan yana 5 oyga uzaytirildi.

XS
SM
MD
LG