Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:39

AQSh Belarusni prezidentlik saylovini erkin va adolatli tarzda o‘tkazishga chorladi


Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixonovskaya tarafdorlarining Minsk shahridagi mitingi, 30 iyul, 2020 yil
Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixonovskaya tarafdorlarining Minsk shahridagi mitingi, 30 iyul, 2020 yil

30 iyul kuni AQSh Belarusda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovini g‘arb davlatlari vakillari kuzatmasligi yuzasidan afsus izhor qilib, Minskni saylovni erkin va adolatli tarzda o‘tkazishga chorladi.

Belarusda 9 avgust kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Tahlilchilar saylovda mamlakatni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozonishi bu gal har doimgidek juda oson bo‘lmasligini aytishmoqda.

Belarusda 1990 yillardan beri o‘tkazilgan birorta saylovni g‘arb davlatlari kuzatuvchilari adolatli yoki erkin deb topmagan. Mamlakat bu yilgi saylov arafasida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) kuzatuvchilarini o‘z vaqtida taklif qilmadi.

AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jorj Kent:

- YeXHT saylovga kuzatuvchi yubora olmasligidan chuqur afsusdamiz, - dedi.

Kent AQSh saylovga kuzatuvchi yuborish hamda saylov erkin va adolatli o‘tishini ta’minlash masalasini ko‘targanini aytdi.

Saylovoldi kampaniyasi davomida Lukashenko muxolifatga bosimni kuchaytirdi. Keyingi oylarda mamlakatda yuzlab odam, jumladan, faollar, blogerlar va prezidentlikka nomzodlar hibsga olindi.

Bunga qaramasdan, muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya 30 iyul kuni Minskda o‘tkazgan ralliga o‘n minglab odam keldi.

Tixanovskaya prezidentlikka nomzodini qo‘ygan eri Sergey Tixanovskiy qo‘lga olinganidan keyin o‘zi nomzod bo‘lishga qaror qilgan.

Kent Vashington jurnalistlarga o‘tkazilayotgan bosimdan xavotir izhor qilganini va bu masalasini Belarus rasmiylari bilan uchrashuvlar davomida ko‘targanini aytdi.

- Bu masalalarni ko‘taramiz, chunki ular har qanday muvaffaqiyatli jamiyatning asosi, deb o‘ylayman, - dedi.

Kent matbuot erkinligini ta’minlash juda muhim ekanligini qo‘shimcha qildi.

Saylov qanday o‘tishi va uning natijasi Belarusning xorij davlatlari, jumladan, AQSh bilan munosabatlariga yirik ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Vashington Belarusda inson huquqlari ahvoli ayanchli bo‘lgani uchun 2000 yillarda mamlakatga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy qilgan edi.

Belarusda siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilganidan keyin, ayrim sanksiyalar bekor qilindi. Ammo Kent ularni butunlay bekor qilish uchun Belarus demokratiya yo‘lida qo‘shimcha choralarni ko‘rishi hamda aholiga o‘z fikrini izhor qilish imkonini berishi kerakligini aytdi.

Sanksiyalar bekor qilingani uchun joriy yil boshida AQSh Belarusga o‘zining ilk neft tankerini yubordi. Ayni damda ikkinchi tanker mamlakatga yo‘lga olgan.

Keyingi oyda esa AQSh va Belarus 12 yilda ilk marotaba bir-biriga elchi yuborishi kutilmoqda.

Belarusning AQShdagi elchisi avgust oyi o‘rtasida AQShga boradi. AQSh Senati esa Juli Fisherni AQShning Belarusdagi elchisi etib tayinlashi kutilmoqda.

Belarus iqtisodi Rossiyaning arzon nefti va gaziga tayanib keladi. Ammo Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olganidan keyin, Minsk va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar sovidi.

Shu sababdan Minsk Moskvaning ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy ittifoq tuzish to‘g‘risida 20 yil oldin tuzilgan rejasi amalga oshishiga to‘sqinlik qilib keladi.

Kent AQSh Belarus suveren mamlakat bo‘lib qolishini istashini, Minskda o‘z geosiyosiy yo‘lini tanlash bo‘lish huquqi bo‘lishi kerakligini aytdi. Siyosatchi Belarusning AQSh va Amerika hamkorlari bilan yaqin aloqa o‘rnatishi mamlakatning Rossiya bilan munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini qo‘shimcha qildi.

- AQSh o‘zaro munosabatlarimizni normallashtirish uchun kurashib kelayotgan bo‘lsa-da, Belarusni G‘arb yoki Sharq o‘rtasida bittasini tanlashga bosim o‘tkazmoqchi emasmiz, - dedi Kent.

XS
SM
MD
LG