Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:47

Andijonda IIB xodimlari fermerlarni qimmat urug‘lik kartoshka sotib olishga majburlamoqda


Andijon viloyat, Andijon tumani fermerlari Rossiyadan keltirilgan urug‘lik kartoshkani bozor narxidan ikki baravar qimmatga sotib olishga majburlanyapti

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan fermerlarning aytishlaricha, tuman IIB xodimlari fermerlardan kartoshka sotib olish va ekish haqida tilxat yozdirib olmoqda.

Fermerlarning aytishicha, narx qimmatligidan tashqari, Rossiyadan keltirilgan urug‘likning 30 foizi chirigan va kartoshka yetishtirish uchun suv yo‘q.

Tuman fermerlar kengashi raisi, suv muammosi borligini tan olar ekan, urug‘lik kartoshka sifatli ekanligini aytdi.

Hokimlik tomonidan tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, ayni paytda ularga kartoshka urug‘ligi majburlab sottirilmoqda:

Urug‘lik olaman, kartoshka ekanman deb, tilxat yozib berdik.

“IIB boshlig‘i o‘rinbosari rahbarligida bir guruh organ xodimlari dalaga fermerlarni yig‘ib, kartoshka urug‘ligi kelgani, har bir fermer kamida bir gektar yerga ekishi haqida tilxat yozdirib oldi. Ko‘pchilik fermerlar, bug‘doydan bo‘shagan yerga allaqachon takroriy ekinni ekib bo‘lishgan, yerning o‘zi yo‘q. Urug‘lik olaman, kartoshka ekaman deb, tilxat yozib berdik. Milisaning fermerlarga nimanidir ekishni majburlashdan boshqa ishi yo‘qmi? Yana bizning hudud IIB boshlig‘i sektoriga qarashli degan fikrga bormang, bizning sektorning rahbari tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning o‘zlari”.

Fermerlarning aytishicha, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari ulardan kartoshka olish va ekish haqida tilxat olmoqda.
Fermerlarning aytishicha, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari ulardan kartoshka olish va ekish haqida tilxat olmoqda.

Fermerning aytishicha, urug‘lik kartoshka qayerdan olib kelingani, qaysi firma sotayotgani haqida ma’lumot berilmagan:

Bir kilosi 5200 so‘mdan ekan. Shuncha pulga olsak, uning 30 foizi axlatga chiqib ketsa, bizga qanchadan tushadi?

“Rossiyskiy urug‘lik deyishyapti. Nega bizga buni tiqishtirishyapti, bilmaymiz. Har bir to‘rqopdan qariyb 30 foiz chirigani chiqyapti. Rasmda ham buni ko‘rishingiz mumkin. Bir kilosi 5200 so‘mdan ekan. Shuncha pulga olsak, uning 30 foizi axlatga chiqib ketsa, bizga qanchadan tushadi? Qariyb 7 ming so‘mdanmi? Bozorda esa saralangan urug‘lik potologi 3000 so‘m. Bozordan ikki baravar qimmatga tushib ketyaptiku.?! Shuni bila turib, fermerlarga olasan, ekasan deb, majburlashyapti. Yuqorida turgan qaysi bir korchallonning cho‘ntagi qappayadi, fermerning esa sho‘ri quriydi. Bor gap shu”.

Andijonlik fermerlar kartoshka urug‘ini saralaganda 30 foizi chirigan chiqmoqda.
Andijonlik fermerlar kartoshka urug‘ini saralaganda 30 foizi chirigan chiqmoqda.

“O‘zbekiston” massivida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, ularning yeriga kartoshka ekish manfaatli emas:

Bu kartoshkani ekkan taqdirimizda ham unga suv topib berolmaymiz.

“Hozir kun qaynab yotibdi. Bizning yerlar shag‘al, tosh aralash. Kartoshka yaxshi bo‘lmaydi. Kartoshka yumshoq yerlarda yuqori hosil beradi. Barcha fermerga bir boshdan kartoshka ekasan deb majburlanishi, ana shu urug‘likni sottirib pul qilish uchun bo‘lyapti. Buning ustiga bugun bizda suv muammo bo‘lib qoldi. Massivlar navbat bilan suv olyapti. Bu kartoshkani ekkan taqdirimizda ham unga suv topib berolmaymiz. Bular qachon fermerni o‘z ixtiyoriga qo‘yib, sharoitga qarab o‘zi xohlagan ekin ekishiga yo‘l beradilar ekan? Karimov davridan beri bu holat bizda davom etib kelyapti”.

Andijon tumani Fermerlar kengashi raisi Nurbek Qosimov Ozodlik bilan suhbatda fermerlarga urg‘lik kartoshkani qaysi firma sotayotganini bilmasligini aytdi:

Men 2-3ta fermernikini ko‘rdim, har yilgidan sifatli. Chirigan narsa yo‘q.

- Men o‘zim ham fermerman. Urug‘lik kartoshka olmaganim sababli qaysi firmaniki ekanligini bilmayman. Men 2-3 ta fermernikini ko‘rdim, har yilgidan sifatli. Chirigan narsa yo‘q. Suv har yilgidaqa zo‘r emasu, lekin suv bor. Bozorda 5200 so‘mdan bor deyishdi, o‘zim borib topolmay keldim. Agar 5500 so‘mdan bozorda urug‘ bo‘lsa o‘zim ham olib ekaman.

Ozodlikning “nega siz bozordan izlaysiz, ana 5200 so‘mdan Rossiyadan keltirilgan urug‘lik bor ekanku, o‘shandan olmaysizmi”, degan savoliga Nurbek Qosimov shunday deb javob berdi:

- Men kreditga kombayn olganman. Schetimda pul yo‘q. Urug‘lik kartoshka esa kreditga oformleniye bo‘lyapti. Bank kreditim borligiga qo‘shimcha kredit bo‘lmaydi, dedi.

Andijon tuman hokimligi mulozimi hokimlik axborot xizmati rahbarining o‘zi biz bilan bog‘lanishini aytib, telefon raqamlarimizni yozib oldi. Ammo kun davomida hokimlikdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Andijon tumani IIB boshlig‘i Jasurbek Xudoyberganov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda fermerlarga chirigan va bozor narxidan ikki baravar qimmat urug‘lik kartoshka majburlab sotilgani holatlari haqida bundan avval mahalliy matbuot ham xabar bergan edi.

Kun.uz Telegram kanali 16 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilgani haqida yozgan edi. Fermerlar «Agrobank»ning yillik 24 foizlik krediti asosida, har gektariga 3 tonna hisobida tarqatilayotgan bu urug‘ning 70 foizi yaroqsiz ekanligidan shikoyat qilgan edilar.

XS
SM
MD
LG